Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Yosh o’qituvchilarga boshlang’ich ma’lumot

Yosh o’qituvchilarga boshlang’ich ma’lumot

Ilk bor 2011-yilda umumiy o’rta ta’lim maktabiga ishga kirgan vaqtimda o’qituvchilikning qanchalar mashaqqatli ish ekanligini birinchi marta his qilganman. Dars o’tish mashaqqatidan tashqari o’qituvchilar yuritishi talab etilgan me’yoriy xujjatlar bilan ishlashda bir qator muammolarga duch kelganman. Xujjatlarni yuritishda qiynalishimning birinchi sababi avval hech qachon xujjat bilan ishlamay, tajribasizlik qilganim bo’lsa, ikkinchisi mening yonimda hammasini sodda usul bilan tushuntirib beradigan o’rgatuvchi bo’lmagan. Mana yillar o’tib maktab o’qituvchilari xujjatlarini yuritishni ham o’rganib oldim. Hozir menda bugun O’zbekistonga internet orqali fikrimni yetkazish imkoni mavjud. Shu imkondan foydalanib endigina o’z ish faoliyatlarini maktablarda o’qituvchilikdan boshlayotgan yoshlarga kerak bo’ladigan tavsiyalarimni bermoqchiman. Balki men kabi kimdir xujjatlarni yuritishga qiynalayotgandir, kimningdir tajribasizligi pand berayotgandir, yana kimdir o’qituvchilikning ilk qiyinchiliklaridan qo’rqib bu sharafli kasbni tashlab ketishga shaylanayotgandir. Ularga men berayotgan tavsiyalar, yo’l-yo’riqlar oz bo’lsa-da ko’mak bo’lsa, o’zimni hammadan baxtli his qilgan bo’laman! Maqolada qand etilganlardan tashqari savollaringiz bo’lsa, fikr bildirish bo’limida yozib qoldiring, albatta javob qaytaraman!

Maktab o’qituvchisi yuritishi kerak bo’lgan asosiy xujjatlar:

1. Sinf jurnali (faqat faningizga doir qismni keraklicha yuritishga mas’ulsiz);

2. Ish reja (bir yillik dars soatlaringiz, mavzular, uyga vazifalar va darslarning o’tkazilish vaqtlari yoziladi);

3. Dars konspekti (sana, o’tiladigan dars haqida axborot va darsning borishi mukammal yozilishi kerak);

4. Dars tahlili daftari (boshqa o’qituvchilarning darslarida kuzatuvchi sifatida qatnashib ularning darsda qo’llagan metodikasini kuzatasiz va o’zingizga kerakli bo’lgan jihatlarini olasiz).

Bulardan tashqari o’qituvchida «O’z ustida ishlash yig’ma jildi» (unda yangi metodik yangiliklar, Siz foydalanadigan ilg’or texnologiyalar yig’indisi, umuman o’qituvchining mukammal dars o’tishida kerak bo’ladigan boshqa ma’lumotlar jamlangan bo’lishi kerak), «To’garak daftari» (darsdan tashqari o’quvchilar bilan qo’shimcha shug’ullanish daftari – unda to’garak jadvali, jurnali va konspektlari jamlanadi) hamda boshqa bir qator ikkinchi darajali xujjatlar bo’lishi kerak.

Maktabda o’qituvchi sifatida ishlashni boshlagan ekansiz, quyidagilarga rioya qiling:

  • darsga har doim konspekt bilan kiring, uni darsdan bir kun oldin yozib qo’ying;
  • o’quvchilar oldida o’zingizni yo’qotib qo’ymang, behuda gap gapirmang, juda jiddiy yoki juda quvnoq bo’lmang;
  • o’quvchilarga qo’l ko’tarmang, hech qanday jismoniy jazo belgilamang, o’quvchi sha’niga yomon gap aytmang;
  • dars boshlanishida jurnalga mavzuni yozib, dars oxirida o’quvchilarni baholang;
  • baho – bu rag’bat. Unutmang!
  • imkon qadar dars vaqti o’tirmang, tik turgan holda xonada yurib dars o’tishga odatlaning;
  • tarbiyasi og’ir o’quvchilarga boshqalarga nisbatan yaxshiroq gapirishga harakat qiling – ular o’tish davrida bo’lishi va Sizning har qanday yomon gapingiz ularga juda og’ir botishi mumkin;
  • darslarga kechikmay keling;
  • yosh bolalarga dars o’tayotganingizda ularning yoshiga xos muomala qilishni unutmang;
  • kompyuterdan foydalanishni bilsangiz, dars konspektlarini kompyuterda yozing;
  • bugungi ishni ertaga qoldirmang – hech qachon xujjatlarni yozishni orqaga surmang;
  • dars jarayonida faningizga oid yangi ma’lumotlarni o’quvchilarga aytib o’tishga harakat qiling. Yangiliklarni esa internetdan yoki televideniyada ko’rganlaringizdan olishingiz mumkin;
  • boshqarmaga nisbatan xurmat bilan muomalada bo’ling. Bilaman, boshida ularni tushunishingiz qiyin bo’ladi, ammo faoliyatingiz davomida hammasi o’z iziga tushib ketadi;
  • maktab ichki qoidalariga rioya qilishni boshlashdan avval o’zingizni xurmat qilishni o’rganing;
  • har doim izlanishda bo’ling, Siz tengi o’qituvchilardan bilim jihatidan bir qadam oldinda bo’ling;
  • o’tadigan faningizdan qat’iy nazar kompyuterda ishlashni, klaviaturaga qaramay matn yozishni, printerdan chop etishni va internetdan foydalanishni o’rganing;
  • chet tillarini o’rganing. Imkoningiz boricha bir nechta tilni o’rganing. Rus, tojik yoki boshqa tillar Vatanimizda gapirilganli sababli ular xorijiy til hisoblanmaydi. Ingliz, Nemis, Ispan yoki boshqa yevropa tillarini o’rganing;
  • qotib qolmang – o’qituvchilik faqat birinchi bosqich ekanligini unutmang – Siz hali buyuk ishlar qilishingiz kerak!
  • faningizga oid kitob yozishga harakat qiling – hech bo’lmaganda kichik qo’llanma chiqarishga urinib ko’ring. Faningiz yoki biror mavzuga oid TV ko’rsatuv, radio eshittirish, sayt yoki biror saytda maqola chiqarishingiz o’zingiz uchun juda yaxshi bo’ladi;
  • darsga xiyonat qilmang!!! Bizning ustozlarimiz o’z darslariga, shu qatorda bizga ham xiyonat qilishmaganligi sababli biz hozir shunday ulug’ darajada ekanligimizni unutmang. Kelajak avlod bizdan ham ulug’ bo’lsin. Darsning bir daqiqasiga ham xiyonat qilmang – oylik maoshingizni halol qilib oling;
  • sinf rahbarining ruxsatisiz hech bir o’quvchining ketishiga ruxsat berib yubormang;
  • tanlovlarda qatnashing va o’qituvchilik malakangizni oshiring;
  • o’qituvchilikda vaqtincha ishlayotgan bo’lsangiz ham, kasbingizga abadiy sodiq qoladigandek yondoshing;
  • har bir soatlik darsni muqaddas biling!

Hozircha aytmoqchi bo’lganlarim shulardan iborat. Qaysidir jihatdan savollaringiz bo’lsa, o’qituvchilik faoliyatingizni muvaffaqiyatli boshlab olishingizda yordamim kerak bo’lsa, Sizga yordam berishdan har doim xursand bo’laman! Kasbingizni seving, chunki u chindan ham juda sharafli!

Yosh o’qituvchilarga boshlang’ich ma’lumot” maqolasida 21 fikr

  1. Laylo

    Mahbuba ustoz, to’garak ish rejasini tayyor internetdan olish yaramaydi. Uni o’qituvchi o’zi ishlab chiqsa maqsadga muvofiq bo’lardi.(Bu mening shaxsiy fikrim albatta)

    Javob berish

  2. Kamola

    Xudo xohlasa bu yil ilk bor umumiy o’rta ta’lim maktabida ish boshlayman… Juda hayajondaman, rejalarim, niyatlarim katta… Do’stona maslahatlaringizni kutaman.

    Javob berish

  3. Sitora

    Assalomu alaykum! Tògarak ishlanmasi, jurnali konspektlarini tòldirib, tartibga solib qòygan edim, yil oxirida tògarak xisoboti yozish kerak ekan, uni qanday yozish kerakligi haqida òqituvchilardan sòrab ma’lumot topa olmadim. Bu yil birinchi yil ishlashim, bilsangiz yòl-yòriq kòrsatvoring iltimos.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan