Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Yolg’iz ishlashning 14 ta qulayligi

Yolg’iz ishlashning 14 ta qulayligi

Yolg’iz ishlash deganda mustaqil, hech kimga bog’liq bo’lmagan holda, boshqalar bilan hamkor-sherik bo’lmasdan ishlashni nazarda tutayapman. Albatta, jamoaviy harakat qilish yaxshi. Ba’zan bir kishi uddalay olmaydigan ishni jamoa amalga oshirishi mumkin. Ikki yoki undan ortiq o’xshash fikrlash va dunyoqarashga ega bo’lgan kishilardan ajoyib jamoa chiqishi mumkin va ular juda ko’p muvaffaqiyatlarga birgalikda erisha olishadi. Ammo bu maqolada yolg’iz ishlashning jamoaviy faoliyatdan ustun jihatlari haqida yozmoqchiman.

Yolg’iz ishlashning nimasi yomon?

Bizga bolalikdan jamoaviy harakat qilish afzalliklari haqida uqtirishgan. Xalqimizda yolg’iz harakat qilishdan qaytarib, birlashishga undovchi maqollar, masallar va hikmatli so’zlar ham yetarlicha. Shu sababli bo’lsa kerak, tasavvurimizda yolg’izni har doim yoki bo’ri yoki ayiq yeydi. Albatta, jamoaviy faoliyatning ustunliklari ko’p. Ammo bu yolg’iz ishlash yomon, degani emas.

Yolg’iz bo’lmaslik har doim atrofdagilardan yordam olish, ularning ko’magi asosida faoliyat yuritish jihatidan foydali hisoblanadi. Boshqalardan ajralib qolgan shaxs umumjamoaviy manfaatlardan chetda qoladi. Ko’pchilik bo’lib harakat qilganda erishish mumkin bo’lgan marralarga, tabiiyki, yolg’izlikda erishish qiyin. Faqat shu tomonni hisobga olgan holda yolg’izlikni yomon, deyishimiz mumkin. Tanganing ikkinchi tomonini o’ylab ko’rganimizda esa, yolg’izlikning quyida bayon etilganlari kabi juda ko’p ijobiy xususiyatlari ham bor.

1. O’zingizga o’zingiz boshliq bo’lasiz

Men har doim o’z qarorlarimdan kelib chiqqan holda harakat qilishni xohlaganman. Kimlar uchundir yuqorida boshliqning bo’lishi, qachon nima qilish kerakligi haqida ko’rsatma berib turilishi muhim bo’lishi mumkin, ammo men uchun emas. Shu sababli eng birinchi xususiyatni aynan shunday nomladim. Yolg’iz ishlasangiz hech kim sizga buyruq bermaydi, barcha qarorlarni o’zingiz qabul qilasiz va to’g’ri ma’noda o’zingiz o’zingizning boshlig’ingizga aylanasiz!

2. Savobi ham, uvoli ham o’zingizniki

Mayli, yolg’iz ishlashni maqtab turganimizda «uvol» qismi haqida gapirmaymiz. 🙂 Yakka holda faoliyat yurtisangiz har bir natijaning to’g’ridan-to’g’ri egasi o’zingiz bo’lasiz. Erishilgan yutuqlarning har bir bosqichi, har bir tomoni sizniki bo’ladi. Albatta, bu qaysidir jihatdan bir oz hudbinlikdek tuyulishi mumkin. Lekin yutuqning to’liq sharafi faqat sizga tegishli bo’lsa, o’zingizga bo’lgan ishonchingiz ancha oshadi. Jamoaviy yutuqlarda bu narsa kuchli ta’sir qilmasligi mumkin. Mag’lubiyat ehtimolida ham aynan shunday. Omadsizlikka uchrasangiz boshqalarni ayblab yig’lash o’rniga hamma ayb faqat sizda bo’lganligini tan olib, kurashda davom etasiz.

3. Qarorlar osonroq qabul qilinadi

Jamoaviy tarzda ishlaydigan qaysidir tashkilotning majlisida qatnashib ko’rganmisiz? Ba’zan yechimi oddiy bo’lgan muammolar soatlab muhokama qilinadi. Chuqur mushohada etilib, keyin qaror qilinishi kerak bo’lgan masalalar esa soniyalarda hal etilishi mumkin. Bunday yig’inlar ko’pincha yaxshi tashkil etilmaydi. Natijada kimdir u yoqqa tortsa, boshqasi bu yoqqa tortadi. Yolg’iz ishlasangiz barcha qarorni o’zingiz qabul qilasiz. Hech kimga suyanmagan holda faqat o’zingiz keyingi harakatlar yo’nalishini belgilaysiz.

4. O’zingizga bo’lgan ishonchingiz ortadi

Yolg’iz ishlasangiz hech kimdan yordam kutmaysiz. Mustaqil bo’lasiz. Bu esa o’z ustingizda ko’proq ishlashingizga turtki bo’lishi mumkin. Barcha harakatlar uchun yolg’iz o’zingiz javobgar ekanliginizni his qilsangiz, ogohligingiz oshib boradi. Har bir muvaffaqiyat ortida o’zingizga bo’lgan ishonch ortishi barobarida har bir mag’lubiyat bilan yanada kuchliroq bo’la borasiz. Ishoning, ko’pchilik bo’lib harakat qilinadigan jamoalarda ishlab o’zingizga bo’lgan ishonchni asosiy rolda emasligingiz ortidan yoki kuchsizlantirib qo’yasiz, yoki butunlay yo’qotasiz. O’zingizga ko’proq ishonishingiz uchun mustaqil bo’lishingiz shart.

5. Tashqi bosim yo’qoladi

Xohlaysizmi, yo’qmi jamoa bo’lib ishlaganda ma’lum qoidalarga rioya qilishingizga to’g’ri keladi. Ba’zan ishni belgilangan ma’lum vaqtda tugatish kerak bo’lib qoladi. Yoki ishning sifatini ma’lum darajaga yetkazish majburiy bo’lishi mumkin. Bunday holatlarda Siz oxirgi natijaga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’rsata olmaysiz. Sizning mehnatingiz albatta boshqalarning harakatiga bog’liq holda baholanadi. Hamma kechiksa, Sizning o’z vaqtida bajargan ishingiz ko’rinmaydi. Hamma sifatsiz ishlasa, Sizning sifatli ishingiz yo’qqa chiqadi. Yolg’iz ishlaganingizda bu kabi bosimlarga duch kelmaysiz.

6. Vaqtni tejaysiz

Yolg’iz ishlaganingizda juda tez harakat qila olasiz. Hech kim Sizni ushlab qolmaydi, yoki sekinlashtirmaydi. Kimnidir kutmasangiz, kimgadir yetib olish uchun harakat qilmasangiz, ishlaringiz jamoaviy harakat qilgandan ko’ra ancha tezroq bitadi.

7. Vaziyatdan to’liq xabardor bo’lasiz

Jamoa bo’lib ishlayotganlar har doim ishning qaysi bosqichi qay ahvolda ekanligi haqida sheriklariga ma’lumot berib turishga majbur bo’lishadi. To’g’ri, buning uchun hozirgi vaqtda maxsus qulayliklar yaratilgan. Ammo inson faktorini hisobga olgan holda jamoaviy ish holatidan faqat o’zingiz ishlayotgan ish haqida bilganingizcha ma’lumotga ega bo’la olmaysiz, deyish mumkin. Yolg’iz ishlash xabardorlik jihatidan ancha tartibli hisoblanadi.

8. Izchil rivojlanish

Yolg’iz ishlash kishiga ko’proq mashaqqat yuklashi mumkin. Ammo aynan shu holatda harakat qilsangiz jamoa tarzida ishlaganga nisbatan bir necha barobar ko’proq rivojlana olasiz. Siz doim o’z ustingizda ishlaysiz, boshqalardan ortda qolmaslik uchun harakat qilasiz. Tinimsiz rivojlanishga harakat qilish ortida har doimgidan ham tezroq rivojlanasiz.

9. Ishni bo’lish shart emas

Bitta katta ish jamoa a’zolari o’rtasida taqsimlanadi. Har kim o’z qobiliyati, mutaxassisligi va tajribasidan kelib chiqib ishning turli bosqichlarini hal qilish mas’uliyatini oladi. Yolg’iz ishlasangiz ishni boshidan oxirigacha o’zingiz bajarasiz. Albatta, bunday holatda ishni bo’lib chiqish, tarqatish va keyinchalik bo’laklarni o’zaro maslab birlashtirish tashvishlaridan halos bo’lasiz.

10. Xatolarni topish oson bo’ladi

Ishning qaysidir bosqichida xatolik yuz bersa, uning aynan qayerida salbiy tomonga og’ish boshlanganligini aniq bilasiz. Harakatning boshidan oxirigacha o’zingiz asosiy rolda bo’lsangiz, qayerda nima sodir bo’lganligini tezroq va aniqroq topa olasiz. Bu esa xato sodir bo’lganda hammaning ichini qayta-qayta ko’rib chiqaverishdan ancha osonroq.

11. Yaxshiroq dam olasiz

Mehnat qilayotgan kishi uchun sifatli dam olish muhim ahamiyatga ega. Jamoaviy tarzda ishlasangiz har doim dam olishingizni buzadigan holatlar topilib turadi. Jamoa bo’lib ishlashdagi chalkashliklar, boshqalarning Sizga uzviy bog’liqligi, Siz bo’lmasangiz hal bo’lay qoladigan muammolarning topilishi yaxshi dam olishingizga to’sqinlik qilishi mumkin. Yolg’iz ishlaganingizda bunday muammolardan yiroq bo’lasiz. Har doim o’zingiz xohlagandek dam olish imkoniyatini qo’lga kiritasiz.

12. Qulay sharoitda ishlaysiz

Frilanserlarning ish sharoitiga e’tibor bering. Ular har doim o’zlari xohlagan muhitda ishlay olishadi. Yolg’iz ishlash Sizga o’zingiz xohlagan sharoitda ishlash erkinligini ham taqdim etadi. Bu holatda Siz qaysidir joyga borib ishlashga majbur bo’lmaysiz.

13. Adolatli bo’lishni o’rganasiz

Jamoaviy ishlarda qaysidir ish omadsizlik bilan yakunlansan, har doim bu omadsizlikda ayblanadigan shaxs osongina topiladi. Balki oshkora ko’rinadigan sabablar bo’lganda bu ayblov o’rinli bo’lishi mumkin. Ammo aksincha bo’lsachi? Boshqalarning harakatsizligi oqibatida aybdor bo’lib qolgan jamoa a’zolarining uchrab turishi tabiiy hol. Yolg’iz ishlaganingizda adolatsizlik qilib qo’yish, yoki adolatsiz hukm chiqarayotganlar tomonida bo’lib qolish xavfidan uzoqlashasiz. Har bir harakatingizning yaqqol natijasini ko’raverasiz. Yaxshi ishlaganda quvonasiz, yomon ishlasangiz hafa bo’lasiz. Yolg’iz ishlab hayotda har bir narsa adolatli tarzda sodir bo’lishiga ko’proq guvoh bo’lasiz.

14. Tajribalar o’tkazishda ilg’or bo’lasiz

Erkingiz o’z qo’lingizda bo’lgan holat Siz uchun istaganingizcha tajribalar o’tkazish imkonini beradi. Qaysidir ishni o’zingiz istagan, noodatiy usulda bajarib ko’rishingiz mumkin. Nimanidir boshqalar farqli ravishda amalga oshirishga urinib ko’rishingiz mumkin. Jamoa a’zosi sifatida Sizda bu erkinlik har doim ham bo’lmasligi mumkin. Yolg’iz ishlaganda esa, har bir ish uslubini o’zingiz yaratasiz va tanlaysiz.

Agar Siz dasturchi bo’lsangiz, yuqoridagilarni hisobga olgan holda, Siz uchun frilanser bo’lib ishlash qulayroq ekanligini xulosa qilishingiz mumkin 😉

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan