Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Yashashning uch darajasi

Yashashning uch darajasi

Ushbu maqolada kishining muvaffaqiyatli hayot kechirishini hal qilib beradigan uch darajadagi hayot tarzi yoritilgan. Bu darajalarni yaxshi anglab yetgan holda umringiz yo’lini “to’liq muvaffaqiyatsizlik”dan “doimiy muvaffaqiyat” sari burib yuborishingiz mumkin.

Boshqaruv ilmi daholaridan biri Piter Drakerning aytishicha, biz o’lchay olmaydigan narsalarimizni tasavvur qila olmaymiz. Nimanidir tushunib, tasavvur eta olishimiz uchun albatta shu narsaning o’lchovi haqida aniq tasavvurga ega bo’lishimiz muhim. Muvaffaqiyatimiz qanday yashashimizga, qanday fikrlashimizga bog’liq ekan, yashash va fikrlash darajamiz haqida aniq tasavvurga ega bo’lish uchun uni aniq o’lchovlar misolida o’rganib chiqishimiz kerak.

3-DARAJADAGI YASHASH. Bu hayot tarzida kishi o’z umrini to’liq muvaffaqiyatsizlikka bag’ishlagan bo’ladi. Ba’zan bunday kishilarni ko’rib butun dunyo tashvishi yig’ilib, ularning boshiga tushgan, degan xulosaga kelasiz. Ular har doim hayotdan hafa. Eng achinarlisi, ular o’z holat-sharoitlarini o’zgartirish uchun harakat qilish o’rniga o’zlariga o’zlari “ertak” aytishdan to’xtashmaydi. Ular har doim hozirgi yomon ahvollaridan nolishadi. Agar kimdir ularga “Orqangni divandan ko’tarib, hayotingni yaxshilash uchun harakat qilsang-chi!”, deb maslahat bergudek bo’lsa, ular doim “Oila-ro’zg’or tashvishlaridan ortib, hayotimni yaxshilashga harakat qilishga kuchim yo’q”, “Sog’ligim yo’l qo’ymaydi”, “Ko’rib turibsizku, qanday sharoitdaman! Bunday ahvolda harakat qilishga ilojim yo’q!”, deb faqat o’zlarini dunyodagi eng bechora hol odamlar qilib ko’rsatishadi. Ular o’zlarining bu ahvollarida har doim ota-onalari, oilalari, atrofdagilar va hatto hayot, taqdir va Xudoni ayblashadi. Ammo aybni o’zlaridan qidirishga kelganda – ular har doim beozorgina bechora!

2-DARAJADAGI YASHASH. Bu darajada yashovchi odamlarda qisman rivojlanish bo’ladi. Ular ba’zan tushkunlikka tushib, o’tmishi, hozirgi sharoiti va kelajagi haqida o’zlariga o’zlari “ertaklar” aytib o’tirish holatiga tushib qolishsa-da, ayrim hollarda taqdirlarini o’zgartirishga qodir ekanliklari, hayotlarini o’zgartirish o’z qo’llarida ekanligi eslariga tushib qolib, harakat qilishga o’tishadi. Ammo bu harakat ham faoliyat o’rtasida uchrab turadigan “ertaklar” tufayli yo’qqa chiqadi yoki oxiriga yetmaydi. Ular hayotning bir jabhasida muvaffaqiyatli bo’lib ko’rinishsa ham, boshqa jabhada oqsoq ekanliklarini namoish etib qo’yishadi. Ularning “Kasbim, ishlarim, biznesim juda yaxshi, ammo afsuski oilaviy hayotim juda achinarli”, yoki “Men hayotimni har tomonlama yaxshi tomonga o’zgartira olmayman, ammo mana shu aniq bir muammoni bartaraf etish mening qo’limda emas, taqdir ekan!”, deb taslim bo’lishlari ularning bor muvaffaqiyatlarini yarim yo’lda qoldirib, harakatlarining samarasi butunlay yo’qqa chiqishiga olib keladi.

1-DARAJADAGI YASHASH. Birinchi darajali hayot tarzida yashovchilar to’liq muvaffaqiyatli kishilar hisoblanishadi. Ular o’zlariga bog’liq bo’lmagan voqealarni o’ylab boshlarini qotirishmaydi va o’zlari bajarayotgan har bir kichik ish uchun o’zlarini 100% mas’ul his qilishadi. Ular yoki yechim, yoki muammoning bir qismi bo’lishlarini, uchinchi tanlov yo’q ekanligini yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham, har doim yechimning bir qismi bo’lishga harakat qilishadi. Ular ham xato qilishadi, kamchiliklarga duch kelishadi, ammo natija har qanday tusda bo’lmasin, o’zlari bajargan ish uchun mas’uliyatni o’z zimmalariga olishadi. Xato natijada xulosa chiqarishadi, muvaffaqiyatli natijadan ibrat olishadi. Nima bo’lganda ham, bir joyda to’xtab qolib, bir natijaga ko’z tikib o’tirishmaydi. Aynan mana shunday insonlar butun fikrlarini bajarayotgan ishlariga qaratib, natijaga e’tibor bermagan holda hayotdagi muvaffaqiyatli marralarni zabt etishadi.

Siz ham bugundan boshlab hayotingizni yaxshi tomonga o’zgartirmoqchi bo’lsangiz, imkon qadar 1-darajadagi yashash tarzini o’zingizda mujassamlashtirishga harakat qiling. Buni qanday amalga oshirish mumkin?

1. O’zingizni o’zingiz aldamang. Hayotdagi ertaklarda hamma charchagan. Siz buni juda yaxshi bilasiz. Atrofingizdagilar Sizni aldagani yetmagandek, o’zingizni o’zingiz aldaysizmi? O’zingiz bilan yuzma-yuz turib, barcha xato va kamchiliklaringizni tan oling va ularni tuzatishga, kelajakda takrorlamaslikka qaror qiling.

2. Samarali fikrlashni o’zingizga odat qilib oling. Yodingizda bo’lsin, samarali fikrlash shunchaki odat emas, balki hayot tarziga aylanmagunicha, muvaffaqiyatga erisha olmaysiz. Muvaffaqiyatli amallarga faqat muvaffaqiyatli fikrlash orqali erishish mumkinligini unutmang!

3. Hayotda katta maqsadlar bilan yashang. Genri Ford “To’siqlar – maqsadimizdan nigohimizni uzganimizda ko’rinadigan narsalardir”, deb aytgan edi. Agar faqat maqsadga qarasak, undan ko’zimizni uzmasak, unga olib boradigan yo’ldagi to’siqlar bizga ko’rinmaydi. Maqsadga qaragan vaqtingizda ham to’siqlar ko’rinayaptimi? Demak, to’siqlar maqsadingizdan kattaroq ekan. Bu holda maqsadingizni kattarog’iga almashtiring! Shunday maqsad tanlangki, unga qaraganingizda ko’zingizga hech qanday to’siq ko’rinmasin!

4. Hayotimiz o’zgarishi uchun eng avval o’zimiz o’zgarishimiz kerakligini unutmang!

5. Ertaklardan vos keching. O’tgan ishlardagi aybingizni oqlash uchun o’zingizga ertak aytib, kelajakdagi bajara olmaydigan ishlaringizda Siz emas, boshqalar aybdor ekanligini aytib o’zingizga ertaklar so’zlamang! Bo’lar ish bo’ldi. Oldinda kelajak – nima bo’lsa bo’ladi! Unutmang, hamma narsa o’z harakatingizga bog’liq. Kelajagingiz o’tmishingiz bilan teng emas! Unuting. Kechiring. Tavba qiling va yangidan yashashni boshlang!

6. Faqat oldinga qarang. Orqa tomonni ko’rsatib turuvchi oynalarni sindirib tashlang! Siz faqat oldinga harakat qilishingiz kerak. Faqat olg’a!

Agar hayotingizni o’zgartirishga o’zingizda kuch topa olsangiz, bir necha yildan so’ng bu qarorni qilganingiz uchun o’zingizga o’zingiz rahmat aytasiz! Aks holda kelajakda afsuslanishingiz mumkin. Bugun – yangi hayot boshlashingiz uchun oxirgi imkoniyat bo’lishi mumkin. Mudrab qolmang!

Yashashning uch darajasi” maqolasida 2 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan