Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / Xabarnomalar uchun birinchi raqamli plagin

Xabarnomalar uchun birinchi raqamli plagin

Bugun O’zbekiston davlat jahon tillari universitetining 25 yilligiga bag’ishlangan maxsus xabarnomani saytning 300 ta obunachisiga yuborishimizga to’g’ri keldi. Xabarnomalarni WordPressning ichidan turib boshqarish, yuborish va tahrirlash uchun ma’qul keladigan bir necha plaginlarni sinovdan o’tkazdik. Barcha talablarimizni faqat Newsletter plagini to’liq qanoatlantira oldi va aynan shu plaginga kelajakdagi xabarnomalarimizni doimiy yuborish vazifasini ishonib topshirdik.

Newsletter plagini bepul, ammo uning ba’zi qo’shimcha imkoniyatlari to’lov asosida harid qilinadigan kengaytmalar asosida ochilishi mumkin. Plaginning bepul versiyasi bilan ajoyib ko’rinishga ega xabarnomani hech qanday cheklovlarsiz yubora oldik.

Plaginning maxsus vidjeti ham bor. Saytingizning old tomonida email obuna formasi istalgan shaklda ko’rsatilishi mumkin. Obunachilardan qanday ma’lumotlar so’rash, obuna bo’lganlarni qanday guruhlash va qay holatda ularga xabarnomalar yuborish to’liq nazoratingiz ostida bo’ladi.

Xabarnomalar tayyorlash oson. Plagin bir necha dizaynlarni andoza sifatida taklif qiladi. Ularni o’zgartirishingiz va ma’lumotlarini o’zingizniki bilan almashtirishingiz mumkin. Butunlay yangi dizayndan foydalanuvchilar uchun Raw HTML tanlovi ham mavjud. Xabarnomalar ichida foydalanish mumkin bo’lgan teglar turli vaziyatlarda ishlatilishi mumkin bo’lgan iboralar, ismlar va linklarni oson boshqarish imkonini beradi.

Xabarnomalar avtomatik tarzda saytingizda chop etilgan maqolalardan tuzilib, belgilangan vaqtda obunachilarga yuborib turilishi mumkin. Bundan tashqari, albatta qo’lda yozish mumkin bo’lgan, istalgan vaqtda jo’natiladigan xabarnomalar yaratish ham mumkin.

Newsletter plagini serverning cron imkoniyatidan foydalanar ekan. Ba’zan plagin yo’riqnomasi asosida xabarlar jo’natilishini hosting panelingizga kirib moslab qo’yishingiz talab etilishi ham mumkin.

Tajribamiz davomida xabarnomani tashqi muharrirda yaratishni ham sinab ko’rdik. SendPulse.com saytida xabarnomalar dizaynining ajoyib jamlanmasi bor ekan. SendPulse muharriri bilan ishlash ancha oson bo’lganligi sababli xabarnomamizning ba’zi elementlarini aynan ularning muharririda tayyorladik.

WordPress saytida sayt obunachilarini yig’ish, ularga xabarnomalar yuborish rejasida bo’lganlarga Newsletter plaginidan foydalanishni tavsiya etaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*