Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

WordPressni o’zbek tiliga tarjima qiling

WordPressni o’zbek tiliga tarjima qiling

WordPress dunyo bo’yicha eng ko’p foydalaniladigan bepul CMS hisoblanadi. Buni tizim tarjima qilingan o’nlab xalqaro tillar misolida ko’rishimiz mumkin. Shular jumlasidan WordPress o’zbek tiliga ham tarjima qilinmoqda. WordPressning o’zbek tilidagi tarjima ishlari nihoyasiga yetgandan so’ng o’zbek tili ham boshqa xalqaro tillar qatorida WordPressning kelajakdagi relizlaridan biriga qo’shiladi.

Hozirgi vaqtda kamina va boshqa bir necha WordPress tizimiga qiziquvchi shaxslar tizimni o’zbek tiliga tarjima qilayapmiz. Hali tarjima qilinishi kerak bo’lgan minglab stringlar bor. Agar Siz ham WordPressni ingliz tilidan o’zbek tiliga tarjima qilish orqali o’zbekcha WordPressning dunyoga kelishida ishtirok etishni xohlasangiz, buni hozirdanoq amalga oshirishga kirishishingiz mumkin. Ushbu maqolada WordPressni qanday qilib tarjima qilish haqida fikr yuritamiz.

WordPress tarjimalari translate.wordpress.org sayti orqali amalga oshiriladi. Bu saytda tarjimonlar uchun juda qulay interfeys tashkil etilgan. Tarjima qilishni istalgan saytga a’zo foydalanuvchi amalga oshirishi mumkin. Agar WordPress.org saytida a’zoligingiz bo’lmasa, mana bu sahifa orqali saytga a’zo bo’lishingiz mumkin.

Saytga a’zo bo’lib, translate.wordpress.org sahifasiga kirganingizda WordPress tarjima qilinayotgan tillar ro’yxati alifbo tartibida ko’rsatiladi. O’zbek tilini ro’yxatning oxirida topishingiz mumkin:

Ko’rib turganingizdek, o’zbek tilidagi tarjimaning yarmidan ko’proq qismi nihoyasiga yetkazilgan va hozirgi vaqtda 32 nafar tarjimon tizimni tarjima qilayapti. Siz ham tarjimonlarga qo’shilib, tizimni tarjima qilishga kirishishingiz uchun «Contribute Translation» tugmasini bosing.

Bunda Sizga WordPressning joriy 4.2.x versiyasini yoki uning development versiyasini tarjima qilish tanlovi beriladi:

Joriy versiya raqami ko’rsatilgan loyiha tarjimasi hozirgi kunda ishlatilib turgan, eng so’nggi versiyadagi WordPress tizimini anglatadi. Uni tarjima qilsangiz, ayni vaqtda ishlatilayotgan va boshqa o’zgartirish kiritilmaydigan versiyadagi tizimni tarjima qilayotgan bo’lasiz. Development versiya esa kelajakda WordPressning 4.3.x versiyalari uchun ishlatiladigan tizim tarjimasini o’z ichiga oladi. Developmentni tarjima qilsangiz, keyinchalik kelajakda chiqadigan tizim fayllarini tarjima qilgan bo’lasiz. Joriy versiya tarjimasiga yangi stringlar qo’shilmaydi, ammo development versiya stringlariga yangilari qo’shiladi va tarjima qilish uchun ko’proq va ko’proq qatorlar paydo bo’la boradi. Qaysi bir loyihani tarjima qilishga kirishishingizning hech qanday farqi yo’q. Shaxsan men Development versiya tarjimasi bilan mashg’ulman va Sizga ham Development tarjimasi ustida ishlashni masalahat beraman. Chunki tarjimalar tugaguniga qadar qancha bo’lsa ham vaqt o’tadi va development versiya tarjima tugash davriga borib joriy versiyaga albatta o’tkaziladi.

Har bir tanlovning pastki qismida veryalarning tarjimadagi ahvoli haqida ma’lumotlar bor. Masalan, yuqoridagi rasmga qarasangiz, 4.2.x versiyaning rasmdagi holatida 7 ta tizim kichik loyihalari borligi, ularning tasdiqlanmagan 0 ta stringi borligi va jami 69% loyiha tarjima qilib bo’linganligi ko’rsatilgan. Developmenda ham 7 ta kichik loyihalar bor, ularning 11 ta stringi kimlardir tomonidan tarjima qilingan va katta administratorning tasdiqlashini kutayapti hamda 67% loyiha tarjima qilib bo’lingan.

Tavsiyamga ko’ra WordPressning development versiyasi tarjimasiga kirishamiz. Buning uchun tanlovning Development qismidagi «Translate Project» tugmasini bosamiz. Bunda Sizga quyidagicha jadval ko’rsatiladi:

Birinchi ustunda tarjima qilinishi kerak bo’lgan kichik loyihalar va ularning qanchalik darajada tarjima qilib bo’linganligi foiz hisobida ko’rsatilgan. Ikkinchi ustudan «Translated«, ya’ni tarjima qilingan stringlar soni berilgan. Uchinchi ustunda «Fuzzy«, ya’ni mujmal, noaniq tarjimalar soni ko’rsatilgan. To’rtinchi ustunda «Untranslated«, ya’ni tarjima qilinmagan jami stringlar sonini ko’rishingiz mumkin. Oxirgi, beshinchi ustunda esa «Waiting«, ya’ni tasdiqlanishi kutilayotgan tarjimalar soni ko’rsatilgan.

WordPress tizimining Development kichik loyihasi yaqinda to’liq tarjima qilib tugatildi. Keyingi tarjimaga muxtoj loyihalar ustida esa faol ish olib borilmoqda.

Continents and Cities loyihasida qit’alar, davlatlar va shaharlar kabi joy nomlarini o’zbek tiliga tarjima qilishingiz mumkin. Bu tarjima turi nisbatan ancha oson. Shunchaki, «Netherlands» -> «Nederlandiya» ko’rinishidagi tarjimalar bilan yordam berishingiz mumkin.

Adminsitration loyihasi WordPress tizimining administratorlarga ko’rinadigan qismlari tarjimasini o’z ichiga oladi. Bu loyihani tarjima qilsangiz WordPressning backend qismini o’zbekchalashtirishga yordam bergan bo’lasiz.

Network Admin loyihasi WPMU tizimida ishlaydigan tizim qismlari tarjimasini o’z ichiga oladi. Bunda multisayt tizimini o’zbekchlashtirishingiz mumkin.

Keyingi Twenty Thirteen, Twenty Fourteen va Twenty Fifteen loyihalari esa WordPress tizimi bilan birga o’rnatiladigan shablonlar tarjimalari hisoblanadi.

O’zingizga mos, o’zingiz xohlagan loyihani oching va tarjima qilishni boshlang. Har bir tarjima qilingan qator, har bir tarjimaga ega string WordPress tizimini o’zbekchalashtirishda juda katta yordam beradi.

Misol uchun, administration loyihasini ochamiz va quyidagi ko’rinishga guvoh bo’lamiz:

Ko’rib turibsizki, tarjima qilingan va tasdiqlangan stringlar sariq rang bilan ajratilgan. Ularni tarjima qilish shart emas, ammo xato tarjima qilingan, ammo tasdiqlangan stringni ko’rsangiz, uni albatta qayta tarjima qiling – o’zingiz to’g’riroq deb topgan tarjima variantini taklif qiling.

Faqat tarjima qilinmagan stringlarni ko’rish uchun jadvalning yuqori qismidagi Untranslated linkini bosamiz va quyidagicha ko’rinishga guvoh bo’lamiz:

Faqat tarjima qilinmagan stringlar ko’rsatildi. Endi ularni tarjima qilishga kirshamiz. Tarjimalarni boshidan oxirigacha, tartib bilan olib borish juda yaxshi. Ammo majburiy ham emas. Shunday ekan, o’zingiz uchun qulay, oson bo’lgan tarjimalarni yozib ketishingiz ham maqsadga muvofiqdir. Misol tariqasida yuqorida ko’rsatilgan «Better Passwords» stringini tarjima qilamiz. Buning uchun shu sting ustida sichqoncha tugmasini ikki marta bosamiz va quyidagicha holatni ko’ramiz:

«Better Passwords» stringi uchun yangi tarjima yozish joyi ochildi. Unda stringning o’zbek tilidagi tarjimasini yozamiz va «Suggest new translation» (Yangi tarjimani taklif etish) tugmasini bosamiz. Shundan so’ng biz tarjima qilgan string administrator tasdig’i uchun saqlanadi va keyingi string tarjimasi uchun forma avtomatik tarzda ochiladi:

Shu tariqa WordPress tizimining loyihalari uchun tarjimalarni birma-bir taklif etishingiz mumkin. To’g’ri tarjimalar administratorlar tomonidan albatta tasdiqlanadi va asosiy tarjimalar qatoriga qo’shiladi.

Tarjima qilishning ham o’ziga xos qoidalari bor. WordPress tarjimalarining to’liq yo’riqnomasi bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.

Tarjima qilayotganingizda imkon qadar tabiiy tildan foydalanishga harakat qiling. Kitobiy tarjima kerak emas. Unutmang, Siz tarjima qilgan stringlar kelajakda WordPressni o’zbek tilida ishlatuvchi foydalanuvchilarga ko’rsatiladi. Ular rus yoki ingliz tillarini bilmasliklari mumkin, tizimdan esa birinchi marta foydalanayotgan bo’lishlari mumkin. Bunday holatda tabiiy tarjimalar ularga tizimni to’g’ri tushunib olish va boshqarishga yordam beradi. Shunday ekan, ba’zan bizning WordPress tarjimasi holatimizda «Samoloyot» so’zini to’liq o’zbekchalashtiraman, deb «Uchoq», yoki «Tayyora» deyish shart emas. Shunchaki uni «Samolyot» holida tarjima qilishimiz yaxshiroq 🙂

WordPressni o’zbek tiliga tarjima qiling” maqolasiga bitta fikr bildirilgan

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan