Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

WordPress uchun shablon yaratish qanchalik qiyin?

WordPress uchun shablon yaratish qanchalik qiyin?

Bir necha oylik to’xtalishdan so’ng saytimga e’tiborni yana kuchaytirishga qaror qildim. Guvohi bo’lib turganingizdek, sayt dizayni to’liq o’zgardi. Ilgari foydalanilgan Jarida shablonidan to’liq vos kechdik. Kelajakda sayt orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan barcha loyihalar uchun qulaylik yaratadigan maxsus shablon tayyorlandi. Ushbu maqola shunchaki «Sayt dizayni o’zgardi!», mazmunidagi zerikarli xabarga aylanib qolmasligi uchun yangi shablonning tayyorlanishi, WordPress uchun shablon yaratish, aynan shu shablonning tayyorlanishida nimalarga alohida ahamiyat qaratganim haqida qisqacha texnik ma’lumot yozmoqchiman.

Yangi dizayn nega kerak edi?

Saytlar tayyorlash va web dasturlash sohasida hozirgacha yig’a olgan tajribamdan bir narsani aniq tushundim: ko’plab yangi imkoniyatlarni qo’shaverish orqali emas, balki ortiqcha bo’lgan jihatlarni olib tashlash, uni imkon qadar soddalashtirish orqali mukammallashirilar ekan. Eski dizayndagi asosiy muammolardan biri ortiqcha narsalarning ko’payib ketganligi edi. Bu, o’z navbatida, saytning bo’g’iq ko’rinishga ega bo’lishiga, biz istagandan sekinroq yuklanishiga sabab bo’lardi. Yangi dizaynda biz eskisining kamchiliklarini bartaraf etib, unda mavjud bo’lmagan yangillik va oddiylikni taqdim etishga urindik.

Albatta, Google PageSpeed natijalari, ularning eski shablon yuzasidan bir necha salbiy xulosalari ham yangi dizaynga o’tish vaqti kelganligini ochiq namoyish qildi. Google PageSpeed ko’rsatkichlarini ayni maqola yozilayotgan davrda juda yaxshi deb bo’lmaydi (mobil va desktop uchun o’rtacha 50-60 ball), ammo yangi shablon bilan tezlikni 100/100 darajaga olib chiqish niyatidamiz. Har jihatdan yangi shablonga o’tganimiz saytning kelajakda faqat rivojlanishiga xizmat qilishi rejalashtirilgan.

WordPress uchun shablon yaratish qiyinmi?

Saytingiz WordPress asosida ishlasa, unga yangi ko’rinish, yangi imkoniyatlar beradigan, o’zingiz istaganday shablon tayyorlash juda oson! Saytimizning yangi ko’rinishini yaratishda biz ishni osonlashtiruvchi, har jihatdan qulay bo’lgan qulayliklardan foydalandik. Siz ham ular yordamida yangi shabloningizni osonlik bilan tayyorlay olasiz.

Yangi shablonning dizayn (ko’rinish) g’oyasini TProger saytidan oldim. Qaysidir jihatlar to’laligicha ko’chirildi, qayerlaridir o’zimizga moslab tayyorlandi. Bizga ma’qul bo’lmagan tomonlardan esa andoza olmaslikka harakat qildik.

Saytning frontend asosini Bootstrap 4 tashkil etadi. Headerning andozasini TProgerdan ilhomlangan holda Offcanvas template asosida yasadik. Bootstrap bilan ishlash ancha oson. Juda ko’p ish qilingan, tayyor imkoniyatlardan foydalanib LEGO bilan uycha yasagandek ishlashingiz mumkin.

Bootstrapning odatiy dizayni chiroyli. Ammo biz saytning yangi shabloni uchun Bootstrap UI Kit ishlatishga qaror qildik. Bizga yoqqanlari ichida ko’rinishi zamonaviy dizayn tamoyillariga asoslangan va 100% tekin bo’lgan Shards UI Kit tanlandi.

Saytning old tomoni tayyor bo’lgandan so’ng uni WordPressga kiydirish ishlarini boshladik. WordPress dasturchilariga yaxshi tanish bo’lgan Underscores (_s) starter shabloni asosida yaratilgan, Bootstrap uchun moslangan UnderStrap starter shabloni e’tiborimizni tortdi. Har jihatdan zamonaviy, so’nggi versiyadagi Bootstrap ishlatadigan, WordPress rasmiy jamoasi tomonidan tayyorlangan Underscores shabloniga asoslangan va eng muhimi TEKIN (!!!) bo’lgan shablondan foydalanishni ma’qulladik.

Shunday qilib, Bootstrap 4 (Shards UI Kit) + UnderStrap asosida yangi shablon yuzaga keldi. Shablonni imkon qadar so’nggi web trendlariga asoslanib shakllantirishga harakat qildik. Ko’pchilik qatori men ham jQuerydan vos kechib Vue.js asosida ishlashni boshlamoqchi edim. Hatto «Saytimning yangi shabloni Vue imkoniyatlarini ishlatadi. Ham o’rganaman, ham yangi texnologiyani saytimga olib kiraman», degan fikr ham bor edi. Ammo bilimsizligim shu yerda ham pand berib qo’ydi (har doimgidek 🙂 ).

Vueni o’rganishga vaqt ajratish kerak, sayt shablonini esa tezroq yangilash zarur. Juda kam bo’lgan bo’sh vaqtimdan foydalanib saytimga e’tibor qilib qolmasam, navbatdagi ishga ko’milib ketish davrlarida saytni yangi shablonga o’tkazish orzu bo’lib qolaverishi mumkin edi. Uzoqdagi Vuedan yaqindagi jQuery afzal, degan maqolga amal qilgan holda Bootstrapni o’z holicha ishlatishga qaror qildim.

Amalga oshirilgan va kutilayotgan loyihalar

Sayt tayyorlash narxi hisoblagichi, elektron kitoblar (tekin yuklab olish, balki kelajakda pullilarini sotish bo’lishi ham mumkin), sifatli maqolalar, email orqali maxsus yozilgan xabarnomalar obunasi.

Sayt tayyorlash narxini hisoblaydigan kalkulyator bilan tanishib chiqqan bo’lishingiz kerak. Qilinadigan ishlari ko’p, ammo hozircha xizmatning tahminiy narxini to’g’ri hisoblab bera oladi. Kelajakda uni o’zim havas qilgan ba’zi hisoblagichlar kabi alohida domenga olish, alohida loyiha sifatida ishlatish rejam ham yo’q emas.

Nimalar rejalashtirilgan?

Yangi shablon asosida, yangi ko’rinishda saytimni qayta jonlantirishdan ko’zlangan bir necha maqsadlarim bor:

  • «Sayt tayyorlash», «sayt yaratish» kalit so’zlari bo’yicha Google qidiruv natijalarimni yuqoriroqqa ko’tarish;
  • SEOga alohida e’tibor qatargan holda sayt foydalanuvchilarini ko’paytirish;
  • Email xabarnomalarga jiddiyroq e’tibor qaratish;
  • Ijtimoiy tarmoqlarda sayt imidjini rivojlantirish;
  • Saytning yashin tezligida yuklanishiga erishish;
  • Uchta asosiy yo’nalishim: web dasturlash, ingliz tili va shaxsiy rivojlanish bo’yicha imkon qadar ko’proq ma’lumotlarni yaratish va tekin tarqatish;
  • Sayt orqali keladigan daromadimni oshirish.

Kelajakni bilmayman, ammo ayni hozirdan kelajak uchun rejalar qilinganda saytimni rivojlantirishni, uni asosiy daromad manbasiga aylantirishni faqat va faqat foydlanuvchilarni birinchi o’ringa qo’yish orqali amalga oshira olaman, deb hisoblayman. Saytga tashrif buyurgan har bir kishi uning qulayligi, mehr bilan tayyorlanganligini his eta olsa, ijobiy natijalar o’z-o’zidan shakklanaveradi.

Yuqoridagilardan xulosa qilgan holda maqola sarlavhasidagi savolga javob bersak bo’ladi: web uchun dasturlash juda oson. Hozirgi kunda tayyor imkoniyatlar yetarlicha. Faqat ularni o’rganib, to’g’ri ishlata olsak bo’ldi. Saytimizning yangi shabloni osonlik bilan tayyorlanganligi haqida o’qidingiz. Haqiqatdan ham, WordPress uchun shablon yaratish juda oson!

WordPress uchun shablon yaratish qanchalik qiyin?” maqolasida 5 fikr

  1. DarkShade

    Azamat aka doimgidek blogingiz juda zo’r.
    Yana bloglar kutib qolaman. WP ga plagin o’rnatish va uni ishga tushirish to’g’risida ko’proq va batafsilroq tushuntirilgan blog yossangiz degandim

    Javob berish

  2. Alisher

    Salom hammaga Wordpres (WP) Shablon yaratish web site yaratishdan 10 hattoki 100 barobar qiyin . Shablondan foydalanib web site qilish oson lekin shablonning uzini yaratish juda qiyin online marketda templatemonster.com va boshqa marketlarda WP shablonlar sotiladi , shablon yaratuvchilar juda katta pul topishadi misol uchun WP Avada shablonini yaratgan gruppa (2 kishi yaratgan ) bugungacha $ 27.887.460 ishlab topgan . shu Web site mualifiga maslahatim web shablon yaratish oson debsiz bunaqa deb foydalanuvchilarga notugri tushuncha bermang shablondan foydalanib web site qilish oson lekin shablonni uzini yaratish juda va juda qiyin buni shablon yaratuvchilar bilishadi . Shablon yaraitshda web designer, Typography designer, Web developer ishlashadi.

    Javob berish

  3. Hacker Web Developer

    Salom Azamat aka. Yordamiz kerak edi. Man yangi sayt ochgandim. Faqat internet-magazin qilmoqchiman saytni. Tayyor wordpress ni Ecommerce temalardan foydalanganman. Faqat uni shablonni demo versiyasida ko’rsatilgan shaklda qila olmayapman ya’ni misol uchun olcha.uz saytida mahsulot rasmi turadi, pastda narxi keyin narx yonida korzinkaga qo’shish va taqqoslash bo’limi turadi. Xuddi shunga o’xshash qilmoqchi edim. Nima qilsam bo’ladi? Saytim texnoexpress.uz

    Javob berish

  4. Hacker Web Developer

    Yana savolim bor edi Azamat aka. Google Adsense dan ro’yxatdan o’tganimdan so’ng manga
    …… nimadirlar yozilgan…

    shaklda kod berdi. Faqat uni saytga o’rnata olmayapman. Nima qilsam bo’ladi? Plagin olishim kerakmi Adsense uchun ham yo boshqa yo’li ham bormi?

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan