Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

WordPress tizimida MAQOLA va SAHIFA o’rtasidagi farq

WordPress tizimida MAQOLA va SAHIFA o’rtasidagi farq

WordPress tizimini endigina o’rnatib, undan foydalanishni boshlagan yangi web ustalar tizimning MAQOLA (post) va SAHIFA (page) qismlari o’rtasidagi farqni doim ham oson tushunib olishmaydi. Gap shundaki, tizimning maqolalar yozish interfeysi ham, sahifa yozish interfeysi ham bir xil. Saytning frontend qismida ham maqola va sahifalar bir xilda ko’rinadi. Shuning uchun ko’pchilik boshlovchilarda o’rinli bir savol paydo bo’ladi: PAGE (sahifa) va POST (maqola) turidagi ma’lumotlarning nima farqi bor? Ushbu maqolada shu xususida fikr yuritiladi.

MAQOLA (POST)

Agar WordPress tizimini blogging uchun ishlatayotgan bo’lsangiz, demak Siz maqola (post) shaklidagi ma’lumotlar chop etishdan ko’proq foydalanasiz. Maqola WordPressda har doim vaqtga bog’liq holda aks ettiriladi. Saytga yangi maqolalar tez-tez kiritib turiladi. Saytning yangilanib turishi ham aynan unga qanchalik tez-tez maqolalar qo’shilib turilishiga bog’liq bo’ladi. Maqolalarning eski va yangisi bo’ladi. Maqolalarni odatiy qog’oz ko’rinishidagi gazeta yangiliklariga o’xshatishimiz mumkin. Bugun chiqqan gazeta yangiliklari bir kun yoki bir haftadan so’ng eskirgan xisoblanadi. Uning o’rniga yangi yangiliklar chiqariladi. Maqolalar ham shu yo’sinda ishlaydi. Bugun chiqqan maqola ertaga eskiradi va sayt foydalanuvchilari yangidan-yangi maqolalarni kutishadi.

Maqolalar bo’limlar (kategoriyalar) asosida guruhlanadi. Maqola yozilayotganda muallif maqolasining qaysi bo’lim yoki bo’limlarga tegishli ekanligini belgilashi zarur. Bundan tashqari maqolalarda kalit so’zlar (teglar) bo’ladi. Kalit so’zlar bitta yoki bir necha so’zda bir nechta ma’no jihatidan bir-biriga yaqin bo’lgan maqolalarni birlashtirishi mumkin.

Maqolalarning yana bir o’ziga xos jihati uning ijtimoiyligidadir. Har bir maqola oxirida albatta shu maqolani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, bo’lishish uchun maxsus tugmalar qo’yiladi. Bundan tashqari maqolada aytib o’tilgan fikrlarga nisbatan sayt foydalanuvchilarining fikrlari ham yozib qoldirilishi mumkin. Maqolalarga fikr bildirish tizimi formasi aynan shu maqsad uchun xizmat qiladi.

Bir so’z bilan maqolani yangilanish va vaqtga to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’lgan ijtimoiy ma’lumot, deb ta’riflasak bo’ladi.

SAHIFA (PAGE)

Sayt sahifalari hech qaysi jihatdan vaqtga bog’liq bo’lmaydi. Aslida maqoladan sahifaning asosiy farq qiladigan jihati ham shu. Sayt sahifalarida o’zgarmas, kamdan-kam o’zgaradigan ma’lumotlar yoziladi. Masalan, saytning “Biz bilan bog’lanish” ma’lumotlari sahifada yoziladi, maqolada emas. Chunki bu ma’lumotlar saytning manzili, email, telefon raqami va hokazo shunga o’xshash jihatlarni o’z ichiga oladi va deyarli o’zgartirilmaydi. “Biz haqimizda” deyilgan sayt qismlarini ham sahifaga misol qilishimiz mumkin. Sayt haqidagi sahifa ma’lumotlari ham deyarli hech qachon o’zgartirilmaydi. Ba’zi saytlarning “Foydalanuvchi shartnomasi”, yoki “Huquqiy axborot” sahifalari ham o’zgarmas ekanligini ko’rishimiz mumkin.

Sahifalar bo’limlarga ajratilmaydi va sahifalarda, maqolalardan farqli ravishda, kalit so’zlar tizimi ishlatilmaydi.

Maqolalardan farqli ravishda sahifalarda ijtimoiy mo’ljallangan ma’lumotlarni o’zida aks ettirmaydi. Misol uchun biror yangilikni ifodalovchi maqolani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish, muhokama qilish mumkin, ammo deyarli hech qachon saytning manzili yoki foydalanuvchi shartnomasi, sayt haqidagi sahifa ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilmaydi yoki muhokama qilinmaydi. Shu jihatdan maqolalarni ijtimoiy, sahifalarni esa shaxsiy deb qarash mumkin.

Umumlashtirish uchun maqolalar tez-tez yangilanadigan ma’lumotlarni jamlasa, sahifalar deyarli o’zgarmas ma’lumotlarni o’zida aks ettiradi, deyish mumkin.

WordPress tizimida foydalanuvchi o’zi xohlagancha sahifa yoki maqola yaratish imkoniyatiga ega. Tizimda maqola yoki sahifalar soniga nisbatan hech qanday cheklov yo’q. Sahifalar va maqolalarni qidiruv mashinalari bir xil indeks qiladi. WordPress tizimining barcha jihatlari singari foydalanuvchi tizimning sahifa va maqola tizimlaridan o’zi istagan yo’nalishda foydalanishi mumkin.

WordPress tizimida MAQOLA va SAHIFA o’rtasidagi farq” maqolasiga bitta fikr bildirilgan

  1. Rufat

    Azammat aka, sizning elektron yo’riqnoma kitoblaringizdan foydalanib ko’p narsalarni o’rgandim. Ikki kun oldin kimdir menga sen zamonaviy sayt ocha olasan deganda umuman ishonmasdim. Sizga va shu ishda sizga yordam berayotganlarga o’z minatdorchiligimni bildiraman.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan