Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Web dasturchidan so’ramasligingiz kerak bo’lgan 10 ta savol

Web dasturchidan so’ramasligingiz kerak bo’lgan 10 ta savol

Dasturchi qaysidir dasturlash tilidan foydalanib turli ishlarni bajaradigan dasturlar yaratish bilan shug’ullanuvchi shaxs hisoblanadi. Web dasturchi esa internetda ishlaydigan saytlar, web dasturlar tayyorlash bilan shug’ullanadi. Aslida dasturchilarning o’zlari sal g’alatiroq kishilar sifatida e’tibor etilishidan tashqari, ulardan ma’lum turdagi savollarni so’rash tavsiya etilmaydi. Ushbu maqolada shu savollar xususida fikr yuritamiz.

Shaxsan o’zim internetdagi web dasturchilik faoliyatim davomida mijozlarning bir necha minglab savollarga javob berishimga to’g’ri kelgan. Mijoz berayotgan buyurtmasining qanday shaklda tayyorlanishini aniqlashtirishga haqli va o’zida loyihaning muvaffaqiyatli yakunlanishiga ishonch hosil qilmagunicha o’zining qiziqtirgan savollarini so’rab olishi kerak. Ammo ba’zi turdagi savollar borki, ularni hech qachon web dasturchidan so’ramaslik kerak. Quyida o’zim duch kelgan eng noo’rin savollarning 10 tasini e’tiboringizga havola etmoqchiman. Bu savollar nima ekanligini va ularni nima uchun so’ramaslik kerakligini bilib olgandan so’ng mijoz sifatida web dasturchini yaxshiroq tushunasiz, degan umiddaman.

1. “Shu narsani menga bepul tayyorlab bera olasizmi?”

Loyihaga sarflanadigan pul haqida yaxshi muzokara qilish kerakdir, balki o’ta tejamkor bo’lishga ham to’g’ri kelar, lekin hech qachon kimningdir soatlab kompyuter oldida o’tkazadigan vaqti, sarflagan mehnati to’lanmay qolmasligi kerak!

Ko’pincha web dasturchi o’zining asosiy vaqtini loyihalaringizni tayyorlashga bag’ishlaydi va bu ish ko’pchilik web dasturchilar uchun asosiy tirikchilik manbayi hisoblanadi. Mobodo web dasturchi loyihangizni shunchaki ko’ngilochar hobbi sifatida, bo’sh vaqtida tayyorlayotgan bo’lsa ham, u Siz bilmagan narsalarni bilishi va Sizning bajara olmaydigan ishlaringizni dasturlash orqali bajarayotganligini yodingizdan chiqarmasligingiz kerak.

Dasturchi shu darajaga yetishi uchun juda uzoq vaqt izlangan, o’qigan va mehnat qilgan bo’ladi. Uning sarflagan vaqti, qobiliyati va mehnati albatta moddiy rag’batlantirishga arziydi!

2. “Ishni bajarib bo’lganingizdan keyin pulni to’lasam bo’ladimi?”

Yo’q!

Odatda web dasturchi va buyurtmachi butunlay begona kishilar bo’lishadi. Qanday qilib web dasturchi avval hech qachon tanimagan kishisining barcha ishlar qilib bo’lingandan so’ng kelishilgan pulni to’liq to’lashiga ishonishi mumkin?

To’g’ri, loyihani tayyorlab bo’lib, to’lovni olmagunicha web dasturchi loyihani ochmay turishi mumkin. Yoki faqat pulni olib bo’lgandan so’ng buyurtmachiga dastur fayllarini topshirishi mumkin. Ammo shu holatda ham web dasturchi to’lovni oldindan olmasa katta tavakkalchilik qilayotgan bo’ladi. Katta katta loyihalarni bajartirib, ish 95% tayyor bo’lganda va pul to’lashga kelganda “Fikrimiz o’zgardi, tayyorlanayotgan loyiha endi bizga kerak emas”, deydigan mijozlar juda ko’plab uchraydi. Bunday holatda web dasturchining kompyuter oldida sarflagan o’nlab, balki yuzlab soat vaqti shunchaki havoga uchib ketadimi?

Har bir ish uchun oldindan to’lanishi kerak, yoki hech bo’lmaganda ishdan kelib chiqqan holda kelishilgan summaning 10% – 50% qismi oldindan to’lanishi zarur. Bu hisob-kitob web dasturchining professional ekanligidan va mijozning loyihaga jiddiy qiziqishi borligidan dalolat beradi. Bordiyu buyurtma beruvchi ma’lumot sabablarga ko’ra yarim tayyor loyihani tashlab quyon bo’lsa, oldindan olingan to’lov loyihaga sarflangan vaqt zararini minimal darajada bo’lsa ham qoplaydi.

3. “Nega buncha qimmat? Qo’shnimning aytishicha bu ishni $$$ pulga bajarish mumkin ekan.”

To’g’ri, har xil web usta o’z qilgan ishi uchun har xil miqdorda pul oladi. Ammo har bir web ustaning o’ziga xos mahorati, qobiliyati va tajribasi borligini ham unutmasligingiz kerak: kimdadir ko’proq, kimdadir kamroq. Shuni hisobga olgan holda $$$ pulga bajartirilgan ishning sifati qanday bo’lishini ham o’ylab ko’ring.

Web dasturlar tayyorlash bo’yicha kamroq bilim va kamroq tajribaga ega bo’lgan usta tajribaliroqlariga nisbatan kamroq pul talab qilishi mumkin. Ammo uning xatoliklarga to’la, ammo arzonga tayyorlangan dasturi bilan uzoqqa bora olmaysiz. Erta-indin bu dastur xatoliklari, kamchiliklari ko’zga tashlana boshlaydi va arzonga tayyorlatgan dasturingizni yanda ko’proq pul sarflab sozlatishingizga, o’zgartirishingizga to’g’ri kelishi mumkin. Ancha tajribali va bilimli dasturchi nisbatan ko’proq pul talab qilgani bilan loyihangizni har tomonlama saramali yakunlab berishi mumkinligini ham hisobga oling.

4. “Menga nima qilish kerakligini aytsangiz va dasturni o’zim tayyorlasam bo’lmaydimi?”

Balki dasturlash haqida ancha narsani bilarsiz, o’zingiz mustaqil loyihalarni tayyorlay olarsiz, ammo dasturchiga murojaat qilibsizmi, demak o’zingiz bu ishni to’liq bajara olmaysiz. Chumchuq so’ysa ham qassob so’yishi kerak.

Mening Sizga bosqichma-bosqich nima qilish kerakligini o’rgatib o’tirishga vaqtim yo’q. Agar vaqt topganimda ham bu usulda ishlashingiz butkul samarasiz bo’lardi. Chunki savol ketidan savol chiqaverishi tabiiy. Maqsadingiz loyihani tayyorlash emas, shunchaki dasturlashni o’rganish bo’lsa – juda yaxshi! Ingliz tilini mukammal darajada o’rganing va w3schools, tutorialspoint, tuts+ kabi saytlarga kiring, istaganingizcha bilim oling, xohlaganingizcha tajribalarni amalga oshiring, stackoverflow saytiga kirib istaganingizcha savollar bering. Loyihangiz Siz uchun qimmatli bo’lsa – buyurtma bering, ammo qiziqishlaringizga asoslangan tajribalaringizni deb ikkalamizning ham qimmatli vaqtimizni behuda sarflamang.

5. “Sayt qanday bo’lishi haqida hozircha to’liq o’ylab ko’rmadim. Siz tayyorlayversangiz bo’lmaydimi? Keyinchalik kerak bolsa o’zgartiramiz…”

Saytning maqsadi, uning oxirgi bosqichda qanday bo’lishi kerakligini aniq bilish web dasturchiga loyiha ustida yaxshiroq ishlashiga yordam beradi. Har bir mijoz buyurtma berishidan avval web dasturchi loyiha uchun nimani qanday qilib tayyorlashi kerakligi haqida to’liq tasavvurga ega bo’lishi kerak. Kerak bo’lsa, buyurtmadan avval barcha kerakli ma’lumotlar qog’ozga tushirilishi, kerakli chizmalar chizilishi zarur.

Men lorem ipsum matni va internetdan olingan bir necha rasmlar bilan saytingizni to’ldirib qo’yishim mumkin, ammo saytning tayyorlanish jarayonida uning haqiqiy ma’lumotlari kiritilmasa, web dasturchi ishi ikki barobar ko’payadi va loyiha ishi uzoqroq vaqtga cho’ziladi. Barcha maqsadlari aniq bo’lgan loyihalarning ma’lumotlari esa buyurtma berilishidan oldinroq tayyorlab qo’yilishi kerak.

Deyarli barcha loyihalarga ular tayyor bo’lgandan keyin katta o’zgarishlar kiritish juda og’riqli kechadi. Qanchadan-qancha qilingan ishlar yo’qqa chiqishi kerak, ko’p narsalar qayta yasalishi kerak va oddiy rejalashtirish bilan oldi olinishi mumkin bo’lgan ko’p muammolar qayta ko’rib chiqilishi kerak bo’ladi. Bu ortiqcha ishlar uchun web dasturchi ko’proq vaqt va mehnat sarflab zarar ko’rsa, mijoz ishning ko’payishi va loyiha kelishilgandan ko’ra ko’proq vaqt olayotganligi uchun ko’proq pul to’lashga majbur bo’lishi bilan zarar ko’rishi mumkin.

6. “Biror tayyor shablonni o’rnatib qo’ysam bo’lmaydimi?”

Albatta, bo’ladi! Agar saytingiz uchun o’ziga xoslik, hech bir saytda topilmaydigan qo’shimcha funksiya zarur bo’lmasa pulingizni tejab WordPress o’rnatishingiz va biror shablon qo’yib saytingizni yuritaverishingiz mumkin!

Ammo kelajakda saytingiz orqali yaxshi daromad olishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, tijoratingiz shu sayt orqali yanada rivojlanishini xohlasangiz albatta maxsus tayyorlatilgan saytingizga ega bo’lishingiz kerak. Saytingiz orqali maxsulot sotish, samaraliroq reklama usullarini joriy qilish, sayt foydalanuvchilari uchun qulayroq imkoniyatlarni yaratish uchun saytingizga maxsus funksiyalar kerak bo’ladi. Bularning barchasi mujassam bo’lgan shablonni topa olishingiz ehtimolligi juda kam. Shunda Sizning yagona tanlovingiz tajribali web ustani yollab, kelajakda katta foyda keltiradigan ajoyib saytingizni tayyorlatishingiz bo’lib qoladi.

Maxsus buyurtma asosida sayt tayyorlatishning yana bir qulayligi – saytning dizaynidan boshlab samaradorligigacha qanday bo’lishi kerakligi to’liq o’z nazoratingiz ostida bo’ladi. Natijada tayyor bo’lgan loyiha barcha istaklaringizning ro’yobi sifatida o’zingiz xoxlagandek ishlashni boshlaydi.

7. “Shu kichkina narsani tezda o’zgartirib bera olasizmi?”

Bu narsa Sizga rostdan ham kichkina bo’lib tuyulayaptimi? Bu o’zgarishni qilish uchun qancha kodni o’zgartirishim kerakligini bilasizmi? Bu ish rostdan ham tezda bitadi, deb o’ylaysizmi?

Tayyor bo’lgan loyihangizda o’zingiz yoqtirmagan birorta jihat topilib qolishi tabiiy va kelishuvga ko’ra web usta keyinchalik paydo bo’lgan muammolarni bartaraf etishda Sizga yordam berishi mumkin. Ammo Siz uchun kichik va oddiy bolib ko’ringan ishlar aslida dasturchi uchun soatlab, ba’zan kunlab vaqt sarflashi kerak bo’lgan katta yumush bo’lishi mumkinligini ham unutmang.

Dasturchi Sizga loyihani tayyorlab topshirdimi, demak u Sizdan keyin boshqa bir mijozning katta loyihasi ustida ish boshlagan bo’lishi mumkin. Dasturchilar uchun loyihani kichik bo’laklarga bo’lib olib har bir bo’lak ustida birma-bir vaqt sarflab bosh qotirish muhim hisoblanadi. Dasturchi shunchaki bir u loyihani, bir bu loyihani o’ylab ishlay olmaydi. Uning fikrini jamlashi uchun vaqt talab etiladi. Tayyorlab topshirilgan loyihangizda muammolar chiqqan vaqtda dasturchining shu kabi qiyinchiliklarini ham hisobga oling. U Sizning muammolaringizga darhol yechim topmasligi va hatto Sizga darhol vaqt ajrata olmasligi ham mumkin. Bunday holatda dasturchiga tushungan mijozlarning qadri juda bilinadi.

8. “Nima? Hali saytda bunday imkoniyat bo’lmaydimi?”

Web dasturchiga buyurtma berishdan oldin saytingiz qanday bo’lishi kerakligi tog’risida to’liq ma’lumot berasiz. Dasturchi uchun mijozning buyurtmasi qonun – mijoz qanday sayt xohlasa, huddi shunday sayt tayyorlanishi kerak. Ammo buyurtma berish vaqtida qandaydir funksiya kerakligi haqida aytishni unutib, loyiha oxirida “Bu narsa kerakligini o’zingiz fahmlab olsangiz ham bo’lardiku!” deyishingiz hech qaysi holatda to’g’ri kelmaydi.

Barcha saytlarda bog’lanish formasi bor. Ammo buyurtma berish jarayonida web dasturchiga saytingizda bog’lanish formasi bo’lishi kerakligi haqida aytmasangiz, dasturchi formani Sizga keraksiz deb hisoblashi mumkin. Bunday holda tayyor bo’lgan saytingizda bog’lanish formasi bo’lmaydi. Chunki buyurtma berilayotganda bunday forma bo’lishi keraklig haqida aytilmagan edi. Dasturchining fahmlab olishi kerakligi esa bu yerda shunchaki ortiqcha. Hamma saytda bor ekan, deb dasturchi buyurtma berilmagan funksiyalarning barchasini saytga qo’shib yubora olmaydiku!

9. “Keyinchalik savollar tug’ilsa so’rab tursam bo’ladimi?”

Yuqoridagi 7-savolda aytilganidek, web dasturchilar odatda juda band insonlar bo’lishadi. Har doim bitta loyihadan keyin ikkinchi loyiha ustida bosh qotirishadi. Har bir professional dasturchi eski mijozlarining loyihalarida paydo bo’lgan muammolarni imkon qadar bartaraf etishga harakat qiladi. Ammo hech bir dasturchi qaysidir saytga doimiy enagalik qila olmaydi.

Saytingizni dasturchiga pul to’lab tayyorlatgandirsiz, ammo dasturchi saytingizni qanday qilib yuritish kerakligini Sizga o’rgatish uchun mas’ul emas!

Tizimdan foydalanishni bilmaysizmi? Tizimning yordam xizmatiga murojaat qiling. Qo’shimcha darslar oling. Forumlardagi savol-javoblarda ishtirok eting va o’rganing. Tug’ilishi mumkin bo’lgan har bir kichik savolni dasturchidan so’rashdan avval birinchi o’rinda mantiqiy fikrlashingiz va ikkinchi o’rinda Googleni ishlatishni unutmang. Ko’pchilik savollarga bir oz diqqat bilan yondoshga holda javob topish mumkin. Google orqali esa saytlar bilan bog’liq 99.9% muammoning yechimini topish mumkin. O’z resurslaringizdan foydalanishni o’rganing va web dasturchining shaxsiy vaqtiga bo’lgan tasarrufini xurmat qiling.

10. “Men boshqa loyiha tayyorlashga qaror qildim. Pulimni qaytarib berasizmi?”

Loyihaga buyurtma berishingizdan boshlab u tayyor bo’lgunga qadar buyurtma berilgan funksiyalarni o’zgartirishingiz, ish ketayotgan vaqt davomida saytning qaysidir jihatiga qo’shimchalar kiritishingizga to’g’ri kelib qolishi tabiiy. Ammo yarim tayyor bo’lgan loyihani butunlay yo’qqa chiqarib, web dasturchining bu loyiha ustida sarflagan qimmatli vaqti va mehnatini hisobga olmasdan pulingizning 100% qaytarilishini so’rash odobdan emas.

Yuqorida aytib o’tilganidek, web dasturchi har bir loyiha ustida juda ko’p vaqt va mehnat sarflaydi. Har bir mehnat uchun munosib rag’batlantirish bo’lishi kerak. Keyinchalik bekor bo’ladigan loyihangiz ustida har kuni soatlab ishlagan, haftalab vaqtini kompyuter oldida o’tkazgan dasturchi hech qaysi jihatdan aybdor emas. U o’z qilgan mehnatiga yarasha haq olishi kerak. Garchi loyiha to’liq yakunlanmay, barcha fayllar o’chirib tashlanadigan bo’lsa ham dasturchining vaqti va mehnati qardlanishi shart.

Loyihani bekor qilmoqchimisiz? Ixtiyoringiz! Ammo pul to’liq qaytarilmaydi. Faqat kelishilgan miqdorning sarflangan vaqt va qilingan ishlarga teng ulushi olib qolingandan so’ng qaytarilishi mumkin.

Agar yuqoridagi savollar haqida oz bo’lsada o’ylangan bo’lsangiz va ularning hech bo’lmasa ba’zilari yodingizda qolgan bo’lsa, demak ushbu maqoladan ko’zlangan maqsadga erishildi! Kelajakda buyurtmachi sifatida o’z web dasturchingizni ko’proq tushunasiz, degan umiddaman.

Web dasturchidan so’ramasligingiz kerak bo’lgan 10 ta savol” maqolasida 12 fikr

  1. Mirshohid

    Azamat aka qoyil 1000% aniq gaplar. Nafaqat web balki wap masterlardan ham. Ko`pchilikga biror narsani qilib bersangiz (bir amallab bepulga ko`ndirsa) ertasiga o`zini o`zi reklama qilishni boshlaydi. Ya`ni sayt ochib beraman namuna deb biz tayyorlagan saytlarni namuna qilib ko`rsatadi.
    P/S: Xozirgi kunda shunday odamlar ko`payib ketdi. O`tkan yili juda-juda ko`p edi. Hammasini qallop desa bo`ladi. Ayniqda OK ijtimoiy tarmog`idan butkul yoqolib ketgan va o`zini hacker man deb bilgan hackerchalar aslida yo`qolib ketmagan ekan. Aksincha ular kundan kunga ko`paymoqda. Tayyor hamma joyda mavjud maqolalarni birovlarga sotmoqda. Bunisi qiziq emasmi.
    Odamlar o`zingizga ehtiyot bo`ling yana firbgarlarga ishonib qolmang!!!

    Javob berish

  2. Mirshohid

    Azamat aka 11-fikr
    11. 2ta hattoki 3-4martalab xabar jo’natdim! Nega haligacha javob bermaysiz (yoki nega kech javob yozyabsiz unday qilish kerak edi bunday qilish kerak edi)?
    – Web dasturchida har doim bo’sh vaqt bo’lavermaydi. Yani bir(sizning) loyiha(ngiz) ustida ish olib borayotgan bo’lishi mumkin, shu sababli ham yuborilgan xabarlarga kech javob berishi mumkin. Agar loyihangizga qo’shimcha qo’shish kerak bo’lsa buni buyurtma berishdan oldin mukammal o’ylab kegin buyurtma berishingiz kerak.

    P/s: Shaxsiy fikr!

    Javob berish

  3. TheBestBeXa

    Azamat aka 100 % qo’shilaman gaplarizga juda zo’r maqola yozibsiz lekin. Bularni hammasi man bilan sodir bo’lgan jarayonlar. Endi mana shu maqolani pechat qilib sayt ochtirmoqchi bo’lgan kliyentlarimga shartnoma sifatida ko’rsataman. Qoyil lekin gap yo’q! Yana shunaqa maqolalardan joylab turing

    Javob berish

    1. Mirshohid

      Adashmasam siz o`sha TheBestBexa shundaymi. (WAP/WEB johncms tarqatgan edingiz shundaymi?)
      Shu fikringizga ham qo`shilaman shartnomabop kontent

      Javob berish

    1. Mirshohid

      Sizni ham ko`radigan kunlar kelar ekanku. Oxirigi marta OK ga gaplashgan edik. O`shandan keyin sizni topib ham bo`lmay qoldi.
      Men ham shu johncms ga qiziqish qolmadi. Endi sekin sekin ijod qilishni boshlayapman. CleverBoy ham ko`rinmay ketdi. Siz ularni tavsiya qilgan edingiz, lekin men uchun foyda bermadi hamda ushbu xolat hayotimda katta o`zgarishga sabab bo`ldi, Ko`p narsalarni o`rgandim.

      Javob berish

    1. Azamat Xodjakov

      WAP – faqat mobil telefonlar va qurilmalar orqali kirishga mo’ljallangan sayt ko’rinishi. Masalan: m.ok.ru
      WEB – kompyuter va katta ekranli qurilmalar orqali kirishga mo’ljallangan sayt ko’rinishi. Masalan: ok.ru

      Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan