Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Telegram – ishonchsiz platforma sifatida

Telegram – ishonchsiz platforma sifatida

Telegram muloqot uchun juda qulay platforma. Uning WhatsApp bera olmagan qulayliklarni taqdim qilgani messenjer umrining ilk bosqichlaridanoq foydalanuvchilarga jozibali ko’rinishiga sabab bo’ldi. Yaxshiroq imkoniyatlar, tekin xizmat, yaxshiroq guruh boshqaruvi, kanal imkoniyati, yaxshiroq dizayn, ko’proq platformalarni qamrab olganligi… Bularning barchasi Telegram darajasini WhatsAppdan yuqoriga olib chiqdi.

Boshqa messenjerlarni ortda qoldirgan Telegramning messenjer sifatidagi o’rni beqiyos. Ammo Telegram o’zining bu darajasi bilan kifoyalanib qolmadi. Qisqa muddatdan so’ng Telegram butun boshli an’anaviy saytlarga tenglashish, kerak bo’lsa ulardan o’zib ketishni ham boshladi. Buni Telegramning ba’zi imkoniyatlaridan ham sezish qiyin emas.

Telegram sayt o’rnini bosa olmaydi

«Telegramda kanal yoki guruh bo’lsa, saytning umuman keragi yoq», deydiganlarda bitta muammo bor – Telegram platforma sifatida ularning to’liq boshqaruvida emas. Kanal yoki guruh istalgan vaqtda telefon raqam almashishi yoki boshqa o’zgarish sababli yo’qqa chiqishi mumkin. Bundan tashqari Telegramning o’zi doimiy stabil holatda ishlay olmasligini Rossiyadagi Telegramning bloklanishi timsolida ko’rish mumkin.

Telegram kanalingizda minglab a’zolar bo’lishi mumkin, ammo kanalni saqlab qolish to’liqligicha sizga bog’liq bo’lmasa, kanalni rivojlantirishga vaqt sarflash qachondir besamar bo’lib qolishi hech gap emas.

Sayt nimasi bilan ishonchliroq?

Bu qismda saytni Telegramga taqqosamoqchi emasman. Chunki ular butunlay boshqa-boshqa platforma. Ammo ishonchlilik borasida taqqoslash o’rinli. Sayt bilan barcha ma’lumotlaringiz to’laligicha boshqaruvingiz ostida bo’ladi. Saytingiz ma’lumotlari hech qachon qaysidir provayderning yopilishi, ko’chishi yoki vaqtincha to’xtatilishi bilan o’chib ketmaydi. Saytni har doim zahira nusxa sifatida olib qo’yish mumkin.

Agar internetdagi faoliyatingiz shunchaki ko’ngilochar mashg’ulot bo’lsa, o’zingizga yoqqanligi uchun Telegramdan foydalanishingiz, uni platforma sifatida asos qilib olishingiz mumkin. Bunda ma’lumotlaringiz istalgan vaqtda bloklanishi yoki o’chib ketishi Sizni tashvishlantirmasligi kerak.

Aksincha, faoliyatingiz jiddiy maqsadlarga yo’naltirilgan bo’lsa, uni kelajakda yana ham rivojlantirish, kelajagingizni shu faoliyat bilan bog’lash niyatingiz bo’lsa, ishonchlilik nuqtai nazaridan saytni tanlashingiz kerak.

Telegram atrofida bo’layotgan bugungi mummolar, messenjerga bog’liq VPN ip manzillarining ham bloklanayotgani vaqtincha holat bo’lishi mumkin. Ammo bu hodisa albatta Telegramni saytdan ustun qo’yganlarni bir muddat bo’lsa ham o’ylantirishi kerak.

Internetdagi ma’lumotlaringiz qanchalik qiymatga ega ekanligiga e’tiborli bo’ling.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*