Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Startap boshlash: shayton bilan tortishuv chegarasi

Startap boshlash: shayton bilan tortishuv chegarasi

Qachongacha onlayn startaplar haqida o’ylaganimda «Boshlashim kerak…», degan hayollar bilan o’zimni aldab yuraman? Muvaffaqiyatga erishgan xorijiy startaplar haqida o’qiganimda hammasi juda oddiydek ko’rinadi: g’oya keldi, prototip yasadi, sinovdan o’tkazdi va butun dunyoga mashxur bo’lgan startapga asos soldi! Ammo aslida, startap boshlash bundan ancha qiyinroq. Shaxsan men uchun startap g’oyasini o’zim uchun asoslab, uning arzirli ekanligiga ishonch hosil qilish jarayonida umidsizlikka tushib qolish masalasi qiyin kechayapti. G’oya birinchi marta kelganda hammasi juda zo’rdek tuyuladi, ammo reja bosqichlarini o’z o’rniga qo’yib, bozorni o’rganib, talab va taklifni taroziga solib ko’rish vaqtida startap g’oya hech narsaga arzimasdek ko’rinib qolayapti. Hayollarda uchib yurishning «Bu startap g’oya bilan bir dollar ham ishlay olmayman, boshqa narsa o’ylab topish kerak…» bosqichi to’g’ri chiziq bo’ylab pastga qulashning boshlanish nuqtasi ekan.

Startap boshlash qiyin

Balki startap g’oyasini amalga oshirish jarayoni Sizga qiyindek bo’lib ko’rinar, ammo startap boshlash qismi eng qiyini – ishonavering! Agar Siz ishning boshi, o’rtasi va oxirini o’ylamasdan gazini bosib yuboradigan, natijani tavakkalga topshirib qo’yib pul tikishga usta bo’lsangiz meni tushunmasligingiz mumkin. Yetti o’lchab bir kesishga harakat qiladigan odamning ish boshlashi qiyin bo’lar ekan. O’zimdagi startap g’oya hech bo’lmaganda prototip shaklida boshqalarga taqdim etilishi, sinovdan o’tkazilishigacha yetib bormay, o’zimning g’oyamni o’zimga isbotlashimda parchalanib ketayapti. Yoki bu odatimni to’xtatib, nihoyat tavakkal qilaman, yoki startap uchun «yetarlicha mustahkam» g’oya izlab yuraveraman.

Sindrom qanday kechadi?

Boshlanishida g’oya brilliant bo’lib ko’rinadi! Masalan, yaqinda kichik va o’rta savdo nuqtalari uchun pul va tovar aylanmasini hisob-kitob qilishda faqat telefondan foydalaniladigan BEPUL tizimni (odatiy «titilloq»lar o’rniga) joriy etishni o’ylagandim. Istalgan do’kon egasi o’z telefoni yordamida hisob-kitobni bepul yuritishi mumkin – bu juda zo’r! Hatto Chilonzordagi ba’zi kichik do’konlarga kirib «Sizlarga shunday dastur tekinga berilsa, ishlatarmidingiz?», degan savol bilan ham murojaat qildim. Ba’zilar telefon noqulay dedi, ba’zilari esa sinab ko’rishga tayyor ekanligini bildirishdi. Ana shundan keyin negativ xulosalar xujumi boshlandi:

  • Kassada odam ko’payib ketsa telefon ishlatib o’tirish juda sekin bo’ladi;
  • Navbatda kutib qolgan amaki «Telefon o’ynamasdan savdongni qilsangchi!», deydi;
  • Savdo vaqti zaryad tugab qolsa, telefon o’chib qoladi;
  • Do’kon egasi «Bu meni pul aylanmamni hisoblab, nazorat qilib, soliqqa aytib beradi», deb shubhalanadi;
  • Tizim juda ommalashib ketsa soliq idorasi amallab «Falon do’konni pul aylanmasini bilib ber», deydi va ma’lumot oladi;
  • Qaysidir do’kon hisob-kitobida muammo chiqadi va mendan zarar undirish uchun sudga berishadi…

Ko’rib turganingizdek, menda startap g’oya fikridan qaytib, boshqa narsa o’ylab topish uchun sabablar yetarli. Ammo men yolg’iz emas ekanman!

Xabaringiz bor, saytimda startap g’oyalarni yozib turaman. Ularni ko’rgan ba’zi mendek pessimistlar mendan ko’ra ko’proq salbiy jihat topishni uddalashdi. Sabablar asosan «odamlar soliq yashiradi» (fintek sohasidagi startaplarda), «startap zo’r rivojlanganda biror zo’r chiqib tortib oladi», «bizni odamlar hali bunday tizimlarga ishonmaydi», kabi fikrlarni ilgari suradi. Balki bizda hozircha startap qilishga shunchaki sharoit yo’qdir. Lekin aybni baribir yana o’z jur’atsizligimdan izladim…

Nima qilish kerak?

Aynan onlayn startaplarni O’zbekistonda muvaffaqiyatga olib chiqish mumkinligidan hali umidim bor. 100% internetda ishlaydigan bir nechta kichik startaplarim o’zlarining chegarasida to’liq rivojlana olgan. O’xshamagan startaplarimni gapirmasa ham bo’ladi. Tajriba bor, endi katta startaplarni boshlashdagi ikkilanish to’siqlaridan asosli qarshi javob bilan o’ta olishni o’rganishim kerak.

Albatta, g’oya rejasini tuzish jarayonida meni umidsizlikka tushirayotgan va’jlarning birortasi ham asossiz emas. Hamma gap o’zimning aqlim doirasida O’zbekiston sharoitida rivojlanishi ishonchli bo’lgan g’oyani himoya qila olishimda. Odamlarga real hayotda kerak bo’ladigan, hech kimning shaxsiy ishi / dahlsizligiga zarar yetkazmaydigan, mahalliy muhitimiz tayyor bo’lgan g’oyalarni ko’rib chiqishda davom etaman.

Izlanishdan to’xtamasam albatta muvaffaqiyatga erishaman!

Startap boshlash: shayton bilan tortishuv chegarasi” maqolasida 3 fikr

  1. Isroil

    Menda ham huddi shunday. Siz yozgan satartablarni ham qilishga harakat qildim va boshlamasimdan o’zimdan o’zim shubha.qilib qolib ketti. Tavakkal men ham boshlayman endi

    Javob berish

  2. Nishonboy

    Assalomualekum Azamat aka bu fikrlaringiz menga ham juda tanish. Menda ko’proq startapni boshlashda asosiy muammo mablag’ga borib taqaladi. Shu muammo mening eng katta «dushmanim». Salbiy fikrlarni esa yengib ulardan chiqish yo’llarini topish «qobiliyatim» juda kuchli.
    Menham aholi orasida savdo do’konlari orasida ko’p maslahatlar so’rab turaman

    Javob berish

  3. Asadbek

    Assalomu alaykum! Maqolaga sarlavhani zo’r tanlabsiz. Bilasizmi o’ylashimcha hammada ham bunday holat yuz beradi jumladan menda ham bu holatlar juda ko’p yuz bergan. Lekin yaqinda bir film ko’rdim bu film dunyoqarashimni butunlay o’zgartirib yubordi. Shuning uchun Sizga ham kichik bir maslahat sifatida aytib o’tmoqchiman. Bu filmni yaqinda MY5 telekanali orqali ham ko’rsatishdi. Internetda ham bor nomi «Kolibri operatsiyasi». Ushbu filmni katta qiziqish bilan boshidan oxirigacha ko’rdim. Filmda Vincent ismli bola Kansasdan New Yorkgacha aloqa linyasi o’rnatib birjadan ma’lumot almashishni 16 millisekundgacha olib chiqishga urinadi.(qolganini filmda ko’rib olasiz degan umiddaman). Film juda qiziq oxiri esa meni biroz ranjitdi. Oxirida bola niyatiga yetolmaydi. Boshqa bir raqobatchisi yutib chiqadi. Boshida ancha o’ylanib yurdim nega oxirini g’alati tugatishdi ekan deb. Ammo boshqa tomondan o’ylab ko’rib filmni asosiy g’oyasini tushinib yetdim. Biz odatda film oxirini yaxshilik bilan tugashiga o’rganib qolganmiz. Aslida esa hayotda ko’pincha ham yaxshilik bilan tugamaydi. Uzr izohim biroz cho’zilib ketdi. Nima demoqchiman?! Filmda shunday so’zlar bor «Nima qilsang ham erking o’z qo’lingda bo’lsin». Bu film menga hech qachon birovlarning fikriga qaramay o’z fikrida mahkam turishni o’rgatdi. O’ylaymanki filmni asosiy ma’nosini tushinib yetasiz. Rahmat oxirigacha o’qiganlarga!

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan