Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / SoloLearn – dasturlashni o’yinlar asosida o’rganish

SoloLearn – dasturlashni o’yinlar asosida o’rganish

Dasturlashni o’rganish Sizga har tomonlama foydali bo’lishi mumkin. Kelajakda dasturchi sifatida ishlash rejangiz bo’lmasa ham dasturlashni o’rganish fikrlashingiz va muhim qarorlar qabul qilishdagi salohiyatingizni sezilarli darajada rivojlantiradi.

Dasturlashni o’rganish oson emas. Ammo bu foydali ko’nikmani o’zlashtirib olishning nisbatan qiziqroq va qulayroq yo’llari bor. Masalan, dasturlashni turli yengil o’yinlar asosida o’rganish mumkin. SoloLearn tizimi aynan shu yo’nalishda arzirli natijaga erisha olgan. SoloLearn bilan o’zingiz istagan dasturlash tilini tez, oson va qiziqarli tarzda o’rganib olishingiz mumkin. Ingliz tilida dasturlash tilini o’rganish istagida bo’lganlar uchun ushbu maqola orqali SoloLearn tizimini sinab ko’rishlarini tavsiya etmoqchiman.

SoloLearn tizimida bir nechta eng ko’p ishlatiladigan dasturlash tillarini o’rganishingiz mumkin. Tizimning Android va iOS tizimlari uchun alohida, har bir tilga yo’naltirilgan dasturlari mavjud. Ularni mobil qurilmangizga yuklab olgan holda o’zingizga qulay joy va vaqtda o’rgana olasiz. Dasturlar qurilmangizda internet bo’lmaganda ham ishlay olishi tizimning yana bir qulayliklaridan biri hisoblanadi.

SoloLearn dasturlash tillarini qisqa bo’laklarga bo’lib, kichik hajmdagi ma’lumotlar berish orqali o’rgatadi. Har bir kichik ma’lumotni o’rganganingizdan so’ng o’rganilgan ma’lumo asosida kichik sinov beriladi. Agar sinovda o’ta olsangiz, keyingi bosqichga, yangi ma’lumot o’rganish uchun o’tishingiz mumkin. Aksincha, sinovdan o’ta olmasangiz, ortga qaytib, mavzuni qayta o’zlashtirishga majbur bo’lasiz. Har bir bo’limdan so’ng o’rganilgan mavzular bo’yicha kattaroq sinov o’tkaziladi. O’rganish davomida bir nechta sinovli o’yinlarni ham o’ynashingiz mumkin. Umuman, o’rganish jarayoni juda qiziq va samarali kechadi.

SoloLearn tizimida o’rganuvchilar tarmog’i mavjud. Qaysi tildagi qaysi mavzuni dunyo bo’ylab o’rganayotganlarning qaysilaridan yaxshiroq o’zlashtirganingizni, qanchalik qisqa vaqt ichida natija ko’rsata olganingizni ko’rib borishingiz mumkin. Bilim va o’zlashtirishingizni boshqalarnikiga solishtirgan holda musobaqalashish o’rganish jarayoningizni yanada tezlashtiradi.

Xulosa o’rnida o’zingiz istagan dasturlash tilini o’rganishga SoloLearn tizimi bilan bugundanoq kirishishingizni tavsiya qilmoqchiman. Ingliz tilini o’qib tushunmaydigan, ammo dasturlashni o’rganish istagida bo’lganlarga esa ingliz tilini tezroq o’rganib olishlarini maslahat beraman. Kelajakda SoloLearn kabi tizimlar O’zbekiston foydalanuvchilari uchun o’zbek tilida yaratilsa, ko’pchilik uchun juda manfaatli bo’lar edi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*