Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Shaxsiy qadriyatlar: tartibga solish va himoya qilish

Shaxsiy qadriyatlar: tartibga solish va himoya qilish

Har kim o’zining muhiti, ilmi va hayotiy tajribasidan kelib chiqib turli qadriyatlarga ega bo’lishadi. Kim uchundir yuqori darajada bo’lgan qadriyat, boshqa bir kishi uchun butunlay ahamiyatsiz, yoki hatto ahmoqona bo’lishi ham mumkin. Shaxsiy qadriyatlar muhokama qilinmasligi kerak. Siz uchun qadrli bo’lgan narsa ustidan hukm chiqarishga hech kimning haqqi yo’q. Ammo qadriyatlaringizni himoya qilish qatorida, ularni O’ZINGIZ tartibga solishingiz, isloh qilishingiz mumkin. Siz to’g’ri, deb bilgan narsalar aslida qanchalik to’g’ri ekanligini, kelajakda butun hayotingizga ta’sir o’tkazishi mumkin bo’lgan qarashlaringizni shaxsiy so’roqdan o’tkazishingiz foydadan holi bo’lmaydi.

Qadriyatingiz o’zligingizni ifodalaydi

Qadriyat – bu inson hayotining mazmuniga aylangan narsa. Kishining shaxsiyatiga baho berish uchun, uning qanday inson ekanligini bilish uchun u himoya qiladigan qadriyatlarga qarash kerak. Nimani ko’proq qadrlasangiz, boshqa narsalardan ustun qo’ysangiz va hayotingizning mazmuniga aylantirsangiz, aynan shu narsa siz bilan butun umrga qoladi. Quyidagi shaxsiy qadriyatlar insonlarda ko’p uchraydi:

  • Sevgi, boshqa bir insonga bog’liqlik hissi;
  • Biznes, pul ishlash va boy bo’lishga harakat qilish;
  • Kasb, ma’lum bir soha yoki kasbga fidokorlik;
  • Diniy qadriyatlar;
  • San’at, yaratuvchanlik va ijod;
  • Nafs, kayf-safoga asoslangan qadriyatlar;
  • Jismoniy kuch va qudratga intilish qadriyatlari.

Albatta, yuqoridagi ro’yxat to’liq emas. Insonlarda minglab qadriyatlarni topish mumkin. Har qaysi shaxsiy qadriyat inson xarakteriga, shaxsiyati va o’zini tutishiga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir ko’satadi. Shu sababli nimalarni qadrlashingiz, hayotingizda nimalarni birinchi o’ringa qo’yishingizni isloh qilib olishingiz hayotingizni o’zgartirishingizdagi birinchi shartlardan hisoblanadi.

Shaxsiy qadriyatlar farqli bo’ladi

Maqola boshida aytib o’tilgandek, hech kimning boshqalar qadriyati ustidan kulishga, ularni muhokama qilishga haqqi yo’q. Kimgadir oq rang yoqsa, kimgadir qora rang yoqadi. Qadriyatlarning turli xil bo’lishi tabiiy, buni har bir kishi to’g’ri qabul qilishi kerak. Lekin, afsuski, tor fikri sababli faqat o’zining qadriyatini eng ustun deb biladigan, boshqalar qadriyati ustidan kulib, muhokama qiladiganlar ham topiladi.

Dunyo uchun yashaydigan kishi diniy qadriyatlar asosida yashaydigan kishini tushunmaydi. Hayotini mushaklarini shishirishga va faqat jismoniy kuchnigina tan olishga bag’ishlagan kishi ilm-fan yo’lidagi kishini qabul qiladi olmaydi. Albatta, qarama-qarshi tomondan ham huddi shunday javob qaytadi. Shaxsiy qadriyatlar masalasida haq yoki nohaq, degan tushuncha mavjud emas. Hamma o’ziga berilgan hayotni o’zi istaganday yashashga haqli. Faqat bag’rikenglik, keng fikrlash, o’zini xurmat qilgandek boshqalarni ham xurmat qila olish, hudbinlikni to’xtatib har bir kishining o’z tanlovi borligini anglash insoniyatni o’zaro tovtuvlikka olib borishi mumkin.

O’z qadriyatlaringizni sayqallang

Sizning qadriyatlaringizni muhokama qilishga boshqalarning haqqi yo’q. Ammo o’z shaxsiy qadriyatlaringizni o’zingiz tergab turishingiz, ulardagi xato-kamchiliklarni ongli ravishda tuzatishingiz, qadriyatlaringizni kelajagingizga xizmat qilish uchun yo’naltirishingiz muhim ahamiyatga ega. Quyida shaxsiy qadriyatlaringizni isloh qilib olishingizda yordam beruvchi bir nechta tavsiyalarni keltirib o’tmoqchiman.

Siz hayotda qanday haqiqatga tayanib yashashingizni aniqlashtirib oling. Odatda kishilarda shaxsiy qadriyatlar bir nechta bo’ladi. Sizning hayotingizda nechta asosiy mazmun bor? Yashashingizdan maqsad sifatida ko’rsata oladigan narsalaringizni (insonlaringizni/tuyg’ularingizni) sarhisob qilib ko’ring.

Qadriyatlar, umumiy qoidaga ko’ra, aql asosida yoki hissiyot asosida vujudga keladi. Sizning qadriyatlaringiz aqlga tayanadimi, yoki hissiyotgami? Buni bilish uchun hayotingiz mazmuni sifatida ko’rayotgan qadriyatingiz ko’proq nimaga bog’langanligini aniqlang. Odatda aqlga asoslangan qadriyatlar bardavom va ishonchli bo’ladi. Hissiyotlar inson yoshi va muhitiga qarab o’zgarishi mumkin.

Shaxsiy qadriyatlaringiz o’zingiz uchun uzoq kelajakda vayronkor yoki bunyodkor bo’lishini aniqlashtiring. Maktabda o’qib yurgan vaqtlarimda “bunyodkor g’oyalar va vayronkor g’oyalar”, deb ko’p o’rgatishardi. Mana, yillar o’tib maktabda o’qitilgan darslar foydasini ko’rdim – bu atamalarni maqolamda ishlatayapman (rahmat, Dilovar Ergashevna!) 🙂

Shu yerda o’rinli bir savol paydo bo’ladi: kishi vayronkor odatni ham shaxsiy qadriyatiga aylantirishi mumkinmi? Shunday narsalar borki, ular insonga rohat bag’ishlaydi, o’zini yaxshi his qilishga yordam beradi. Ammo aslida bu rohatlar negizida inson salomatligini yo’qotadigan, kishini tez qaritadigan yoki boshqa zararlar keltiradigan yashirin jihati bo’ladi. Siz qadrlagan narsa sizga hozircha yoqimli hissiyot berishi, ijobiy ta’sir ko’rsatishi mumkin, ammo kelajagi vayronkor bo’lishi mumkin. O’zingiz bilan ochiq va haqqoniy gaplashib oling. Haqiqatga tik boqing. Hayotingiz mazmuni bo’lgan qadriyat kelajakda sizni yuksaltiradimi yoki voyron qiladimi – aniqlashtirib olishingiz kerak.

Qadriyatlar boshqariladigan yoki boshqarilmaydigan bo’lishi mumkin. Boshqariladigan qadriyatda hammasi o’z qo’lingizda bo’ladi. Bunda sizni baxtli qiladigan eng asosiy inson siz bo’lasiz. Boshqarilmaydigan qadriyatda esa kishi boshqa bir insonga yoki narsaga, yoki holatga bog’liq bo’ladi. Siz hayotingiz mazmunini o’z qo’lingizdagi narsaga bog’laganmisiz, yoki o’zingiz boshqara olmaydigan narsaga bog’liqmi?

Qadriyatlaringizni himoya qiling

Siz to’g’ri deb hisoblagan, o’zingiz tanlagan va hayotingiz mazmuni bo’lgan qadriyat mavjud bo’lishga haqli. Uni sizdan hech kim tortib olmasligi kerak. Boshqalar qadriyatidan har qancha farqli bo’lmasin, o’z shaxsiy qadriyatlaringizni himoya qiling. Umringizni qanday yashashni faqat o’zingiz hal qilasiz. Boshqalar o’z qarichlari bilan sizning shaxsiy ishlaringizni o’lchashlariga yo’q qo’ymang.

Shaxsiy qadriyatlaringizni himoya qilish boshqalarning qadriyatlarini xurmat qilish orqali bo’lishi mumkin. Sizga qanchalik g’alati tuyulmasin, boshqalarning qarorlariga, hayot mazmunlariga fikr bildirishga shoshilmang. Unutmang, ularga maslahat berishga, o’z fikringizni bildirishga haqli bo’lishingiz mumkin, ammo kimnidir o’zingizning yo’lingizdan yurishga majburlashga haqli emassiz.

Javob qaytaring, ammo tushuntirish bermang. Ba’zan sukut saqlash yechim bo’lmasligi mumkin. Sizni baxtli qiladigan, hayotingiz mazmuni sifatida tanlab olgan narsangiz nima uchun qadrli ekanligini kimgadir tushuntirib berishga urunmang. Ular oldida o’zingizni oqlashingiz shart emas. Shaxsiy qadriyatlaringizga qarshi harakat yoki fikrni sezganingizda, shaxsiy hayotingizga burnini tiqishdan ko’ra o’z yo’lida davom etishlari yaxshiroq ekanligini uqtirib qo’ying.

Qadriyatlaringizni o’zingizdan kelib chiqib sayqallang, ularni himoya qiling va har bir daqiqasi qadrli bo’lgan umringizni baxtli yashang!

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan