Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Sayt yaratish sohasi: 2019-yil uchun yangi tendensiyalar

Sayt yaratish sohasi: 2019-yil uchun yangi tendensiyalar

Xabaringiz bor, men o’zbek internetidagi sayt yaratish sohasi atrofidagi o’zgarishlar, harakatlar va natijalarni kuzatib borishni yoqtiraman. Asosiy kasbim bo’lishidan tashqari web development men uchun juda qiziqarli mashg’ulot. Qolaversa, yildan-yilga ko’proq fanatlarni o’ziga jalb qilayotgan sohaga o’zbek tilida blogger sifatida o’ta professional bo’lmasa ham axborot berib turadigan mendek bir qiziquvchi zarar qilmaydi, deb hisoblayman.

Sayt yaratish – o’lik soha

Qaysidir jihatdan yoqimsiz bo’lishiga qaramasdan haqiqatni tan olish vaqti keldi – sayt tayyorlash sohasi sekin-asta o’z umrining oxiriga yetib kelayapti. Saytlar orqali ko’rsatiladigan xizmatlar bir maromda tayyor platformalarga (Facebook) ko’chib borayapti, native dasturlar ko’rinishida dunyoga qayta tanilayapti. Vaqti kelib biz saytlardan butunlay vos kechamiz, deyish noto’g’ri bo’ladi. Saytlar baribir qoladi, yashayveradi. Ammo sayt tayyorlash sohasining bugun biz ko’rib turgan, yoki odatda tasavvur qiladigan ko’rinishi bir qancha o’zgargan bo’lishi mumkin.

O’zgarishlar qanday?

Menimcha saytga ehtiyoji bor barcha tashkilotlar, tijoratlar va alohida shaxslar o’z saytlariga ega bo’lib olishdi. Bu holat saytlarga bo’lgan talabning keskin tushib ketishiga sabablardan biri bo’lishi mumkin.

Web app (dastur)larga bo’lgan talab ancha ortgan. Bilmadim, balki tijoratlar rivoji shuni talab qilayotgandir, yoki tijorat vakillari o’z faoliyatlarini IT sohasiga bog’laganda yaxshiroq natijaga erishish mumkinligini ko’proq tushuna boshlagandir. Har qanday holatda ham web development sohasi asosan faqat reklama maqsadida yaratiladigan saytlardan ancha murakkabroq bo’lgan online servislar, avtomatlashgan tizimlarni yaratishga burildi. Nihoyat bizda ham tijorat internet orqali amalga oshirilishi, ovoragarchiliklarning oldi olinishi, IT vositalaridan haqiqatda to’g’ri foydalana boshlayotganligimizni hisobga olsak – bu yaxshi!

Talablar qanday?

Har doimgidek, WordPress o’zbekistonlik boshliqlarning arpasini xom o’rgan! 😀 Sayt WordPressda yaratilishini eshitganda yuziga tarsaki tushgandek bo’ladiganlar hozirgacha ham bor. Ammo, sayt yaratish sohasi, yuqorida aytilganidek, oddiy reklama maqsadidagi ko’rgazmali saytlardan avtomatlashtirilgan xizmatlar ko’rsatish tizimlariga ancha ko’p yon bosa boshladi. Demak, WordPress kamroq ishlatiladi va buyurtmachilar asablarini ko’proq asrab qolishadi.

Web tizimlar yaratish uchun Laravel o’zining «raqobatchisi» Yiidan ancha ilgarilab ketdi. Davlat tashkilotlari Yiini sevishini va Uzinfocom frameworkka ko’proq e’tibor qaratishini hisobga olsak, bu framework rasmiy doiralarda hali ham trendda! Ammo webni rivojlantiradigan asosiy kuch – xususiy tijorat. Ularga esa, ko’pincha, tizimning nimada ishlashi juda ahamiyatli emas. Muhimi – tizim raqobatchilarnikidan yaxshiroq ishlashi kerak. Ko’proq supportga ega Laravel bunday vaziyatlarda dasturchilar/IT tashkilotlarning asosiy tanloviga aylanib qolayapti.

Narxlar qanday?

WordPress asosida tayyorlanadigan oddiy saytlar o’rtacha 3 000 000 so’m atrofidagi narx evaziga tayyorlanayapti. WordPress saytlarning hozirgi o’rtacha narxini hisoblab ko’rishingiz ham mumkin.

Web dasturlar/tizimlar murakkablik darajasi, qancha hajmdagi ishni avtomatlashtirishi va boshqa xususiyatlariga ko’ra ishiga yarasha turli xil narxlanayapti. Jamoaviy tarzda ishlaydigan sayt tayyorlash bilan shug’ullanuvchi shirkatlar bunday tizimlarni 7 million so’mdan boshlanadigan narx evaziga, yakka holda ishlovchi frilanserlar esa bir oz qimmatroq narxga yaratishmoqda.

Umumiy holatda esa – narx qilinishi kerak bo’lgan ishga bog’liq. Ishni ko’rmasdan hech kim narx ayta olmaydi, chunki noma’lum narsani tahminiy hisoblash ham mumkin emas.

Buyurtmachilar qanday?

Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, web sohasidagi ishlarga ko’proq xususiy tijoratlardan buyurtmalar kelib tushayapti. Saytlarning to’lov tizimlariga ulanish darajasi har doimgidan yuqori darajada. Deyarli barcha buyurtmachilar sayt orqali u yoki bu usulda pul ishlashga harakat qilishmoqda (bu tabiiy).

Davlat tashkilotlari yoki «boshliq – o’rinbosar – bo’lim boshlig’i – katta mutaxassis – aytishnik» iyerarxiyasi tartibida ishlovchi boshqa tashkilot buyurtmachilari injiqligicha qolmoqda. Bu holatda men uchta sababni ko’raman: 1) yoki ular o’zlari nima xohlayotganini yaxshi bilishmaydi; 2) yoki aytishnikka yoqqani katta mutaxassisga yoqmaydi, unga yoqqani bo’lim boshlig’iga yoqmaydi, unga ham yoqqani o’rinbosarga yoqmaydi… va o’zgartirishlarda loop! 3) Texnik shartlar keraklicha texnik savodxonlik bilan yozilmaydi. Dasturchi bo’lsangiz va buyurtmani rad etishga imkoningiz bo’lsa, maslahatim – bunday tashkilotlardan buyurtma olmaslikka harakat qiling.

Tijoratdagilarning fikr-hayolida faqat bir narsa: mijozga chiroyli dizayn taqdim etish orqali saytga/tizimga jalb etish. Yaxshi dizayneringiz bo’lsa – yaxshi to’laydigan buyurtmachi e’tiborini qozona olasiz!

Nima sexy?

Tijorat maqsadida ochilayotgan saytlarning ko’plarida CRM-maniya boshlangan! Asosan Bitrix ishlatishni xohlashadi (balki rus tilida bo’lganligi sabablidir). Kuzatishim davomida ko’pchilik buyurtmachilar CRM nima ekanligini yaxshi tushuna olishmasligiga amin bo’ldim. Baribir, tushunishmasa ham juda xohlashadi!

To’lov tizimlari!!! Deyarli hamma sayti orqali pul ishlashni xohlaydi. To’lov tizimlari integratisyasi bo’yicha Paycom ilg’orlik qilayapti. Buyurtmachilar yangi yaratilayotgan sayt uchun alohida yuridik maqom tashkil qilib, Payme orqali to’lov qabul qilish imkoniyatini qo’lga kiritishga harakat qilishayapti. Bu harakat bir necha yil avval juda past ko’rsatkichga ega edi.

Dinamik va doim harakatdagi tizimlar buyurtmachilarga ko’proq yoqayapti. APIlar bilan ishlash sur’ati oshgan. Sayt yoki tizimning funksiyasi qancha ko’p bo’lsa, u buyurtmachilarga shuncha ko’proq jozibali ko’rnayapti.

Xulosa

O’zbekistonda web rivojlanayapti va bu juda zo’r!!! Zamondan ortda qolmaslik uchun Siz ham ko’proq harakat qilishingiz kerak. Agar hozircha o’z saytiga ega bo’lmagan, yoki avtomatlashtirish imkoni bo’lgan qaysidir xizmatini internetga chiqarmagan tadbirkor bo’lsangiz – .uz zonasida o’z nomingizga ega bo’lishga shoshiling! Agar web dasturlashni endi o’rganayotgan bo’lsangiz, JavaScript bilan qalinroq munosabat o’rnatishga harakat qiling. PHPda ishlasangiz, O’zbekiston uchun Laravel yaxshi rivojlanayotganligini hisobga oling.

Yuqoridagi ma’lumotlar faqat o’zimning shaxsiy kuzatishlarim asosida tayyorlandi.

Sayt yaratish sohasi: 2019-yil uchun yangi tendensiyalar” maqolasida 5 fikr

  1. Akmal

    Assalom aleykum Azamat aka yaxshimisz ishlariz yaxshimi ? IT yo’nalishida qaysi sohaga yaqin 10 yilda talab yuqori bo’ladi

    Javob berish

    1. IT sohasi juda katta yo’nalish. Umumiy holatda, menimcha, mobil qurilmalarga ta’luqli texnologiyalar yaxshi rivojlansa kerak. Agar wear gajetlar bizda ham yaxshi rivojlanib ommalashsa, butunlay yangi yo’nalishlar paydo bo’lishi ham hech gap emas.

      Javob berish

        1. Zakir

          Asalomualekum azamat aka hozirda web sayt ocip yangilik qoygandan foyda yoq togrimi heckim kirmaydi telegram instagram facebook tola yangliklar kanali. Youtubda video korucilar juda koplap inglis tilida kerakli qziqarli videolar qoyilsa yutubga kuzatucilar kop bolsa. Foyda olip keladimi 100-200 ming prasmotr USA dan kanalni adsensga ulap qoyilgan deylik.

          Javob berish

  2. Nishonboy

    Assalomu alekum Azamat aka saytingizni muntazam kuzatib boraman va yaqinda bir inson b.n tanishib qoldim u menga men istaganimdek sayt yaratib bermoqchi narxi 2.5 mln sumga tushinishimcha u wordpressdan foydalanib sayt yaratmoqchi. Azamat aka holisona aytingchi wordpressda yaratilgan sayt qanchalik ishonchli. javib u.n oldindan raxmat. Hurmat bilan Nishonboy

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan