Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

SaaS haqida siz bilmagan 8 haqiqat

SaaS haqida siz bilmagan 8 haqiqat

Ingliz tilidagi «Software as a service» so’zlarining bosh harflaridan olingan, o’zbek tiliga «Xizmat sifatida taqdim etiladigan dastur» ma’nosini anglatuvchi bu dastur turi hayotimizga tobora ko’proq yechimlarni taqdim etmoqda. SaaS haqida avval eshitmagan bo’lishingiz mumkin, ammo uni kundalik hayotingizda albatta ishlatgansiz. Uning asosida ajoyib startap g’oyalar qad ko’targan, sifatli xizmatlar taqdim etilishda davom etmoqda. Ushbu maqolada SaaS haqida siz bilmagan sakkizda ajoyib faktlarni keltirib o’taman. Bu ma’lumotlar asosida xizmat sifatida taqdim etiladigan dasturlar haqida umumiy ma’lumot olishingiz mumkin bo’ladi.

SaaS qutili dasturdan afzal

Qutili dasturlarga o’tgan asrdagi kabi qutidagi disk ko’rinishida taqdim etiladigan, tashqi manbaaga ulanmagan va mustaqil birlik hisoblangan dasturlar misol bo’lishi mumkin. Uni boricha ishlatasiz, yangilanish chiqarilganda dasturni mustaqil o’zingiz yangilashingiz kerak bo’ladi. Eskilikdan farqli ravishda SaaS dasturlar markazlashgan serverdan boshqariladi va unga qo’shilgan har qanday yangilanish foydalanuvchilarning harakatisiz amalga oshiriladi. Qutili dasturdan farqli ravishda, dasturdagi har qanday muammo markazdan tuzatilishi mumkin.

Ko’p qurilmalarga birdek mos

Dasturning asosiy qismi yagona markazlashgan serverda bo’lishi bilan birga, foydalanuvchilar ishlatadigan kliyent qismi dasturlari turli qurilmalarga moslab ishlab chiqilishi mumkin. Misol sifatida mobil qurilmalarni olsak, Android va iOS uchun alohida dasturlar yaratilib, markaziy server bilan bog’langan holda ishlaydi.

Boshlash tan narxining arzonligi

SaaS dasturlarni amalga oshirish uchun minimal pul xarajat qilish mumkin. Uning tabiatidan kelib chiqqan holda, millionlab foydalanuvchilarga yetib borish uchun eng kam sonli qurilmalar va xizmatlarga muxtojlik sezasiz. Ajoyib g’oyalaringizni, internet orqali ishlaydigan xizmatlaringizni arzon tan narxi asosida boshlab olishingiz mumkin.

Yuqori darajadagi xavfsizlik

Qutili dasturlar to’laligicha foydalanuvchining qo’liga o’tishi, dasturning asos kodi ochilishi mumkinligini hisobga olsak, SaaS o’zining ishlash tizimidan kelib chiqqan holda ancha xavfsiz hisoblanadi. Foydalanuvchilar faqat o’zlariga tegishli qismga egalik qilishadi. Ma’lumotlar, asos kod va fayllar har doim sizning serveringizda xavfsiz joylangan bo’ladi.

Tezlik va zamonaviylik

Zamonaviylikni tezlik bilan ifodalash xato bo’lmaydi. Hozirgi kunda hamma narsa tez bo’lishini, zudlik bilan natija keltirishini xohlaymiz. SaaS xizmatlar qurilmalardan maksimal mustaqil bo’lgan holda, asosiy ish serverda bajarilishi hisobiga ancha tez ishlaydi.

Bulut texnologiyasi

Yangi asrning insoniyatga ochgan yangi imkoniyatlaridan biri – bulut texnologiyasidan foydalanish SaaS dasturlarda mukammal darajada amalga oshiriladi. Chunki barcha xizmatlar aynan bulut asosida yaratiladi. Bu zamonaviy texnologiya barcha foydalanuvchilarning xizmatdan birdek foydalanishini ta’minlaydi.

Tez-tez yangilanishlar

Qutili dasturlarni yangilashga nisbatan SaaSni yangilash ancha osonroq va jadalroq amalga oshiriladi. Shu sababli xizmatlaringiz har doim yoqimli yangilanishlar asosida yanada boyitib boriladi. Yangilanishlar asnosida Sizga yaxshiroq xizmat ko’rsatishga erishiladi.

Integratsiyalar imkoniyati

Bulutdagi xizmatni boshqa xizmatlarga integratsiya qilish osonroq amalga oshiriladi. Qutili dastur hamma dasturlar bilan ham bog’langan holda ishlay olmasligi mumkin, ammo bulutli SaaS xizmatlar har doim boshqa bulut texnologiyalari bilan osonlik bilan bog’lanadi oladi.

Kelajakda sizga milliardlar keltiradigan navbatdagi ajoyib g’oyangizni SaaS texnologiyalari asosida amalga oshirishga urinib ko’ring. Ishonamanki, SaaS asosida ishlaydigan startap g’oyangiz o’zingiz kutgandan ham muvaffaqiyatliroq bo’ladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan