Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Qaysi biri afzal: ZN.UZ yoki mustaqil sayt?

Qaysi biri afzal: ZN.UZ yoki mustaqil sayt?

ZiyoNet tarmog’ining bepul bloglar ochish imkoniyati juda ko’pchilik uchun qo’l keladi. Tarmoqda o’z ID.uz akkauntingiz yordamida *.zn.uz subdomenli bepul saytga ega bo’lishingiz mumkin. ZiyoNet tomonidan 100% bepul taqdim etilayotgan bu xizmat yordamida bugungi kunga qadar respublikamizning yuzlab maktablari, kollejlari, ustozlari va o’quvchilari o’z veb saytlariga ega bo’lishdi.

ZiyoNet tarmog’idagi bepul bloglar (sayt setellitlar) tizimi WordPress asosida ishlaydi. O’zingizning mustaqil hostingda joylashtirilgan WordPress saytingiz bo’lsa ham, zn.uz tarkibida ochilgan saytingiz bo’lsa ham, har ikki holatda Siz WordPress tizimi bilan ishlayotgan bo’lasiz. Tizim bir xil bo’lishiga qaramasdan mustaqil veb saytga ega bo’lish va zn.uz tarkibida sayt ochish o’rtasida ancha katta farq bor. Shu o’rinda «ZN.UZdan bepul sayt ochish yaxshimi, yoki hosting va domen sotib olib, mustaqil ravishda sayt ochish yaxshiroqmi?» degan o’rinli savol paydo bo’ladi. Quyida biz ZN.UZ tarkibidagi bepul bloglar va mustaqil saytlar afzalliklarini taqqoslab, shu savolga javob berishga urinib ko’ramiz. ZN.UZ va mustaqil saytlar o’rtasidagi eng ko’rinarli farqlar:

ISTALGAN SHABLONDAN FOYDALANISH ERKINLIGI

ZiyoNet tarmog’idagi saytlarda shablonlar tanlovi juda tor. Albatta, ZiyoNetdagi saytingiz uchun ZN bazasida mavjud bo’lgan shablonlarning istalganini qo’yishingiz mumkin, ammo avvaldan bazaga o’rnatilgan shablonlar chegarasidan chiqa olmaysiz. Juda ko’pchiligimizga pulli bo’lsa ham chiroyli, zamonaviy va yorqin shablonlar yoqadi. Tan olib aytish kerak, ZN tarkibida bunday shablonlar deyarli yo’q. Bu holatda mustaqil hostingda o’rnatilgan sayt bir necha barobar ustunlikka ega bo’ladi. Siz mustaqil saytda o’zingiz istagan shablonni o’rnatishingiz, uni 100% o’zgartirishingiz va saytingiz ko’rinishini to’liq boshqara olishingiz mumkin.

DOIMIY TO’LOVLARDAN OZODLIK

ZiyoNetda o’z saytingizga ega bo’lish to’liq bepul: tarmoq doirasida ishlasangiz oylik va yillik hosting, domen xarajatlaridan butunlay qutulasiz. Mustaqil hostingda ishlaydigan saytingizning doimiy faoliyat ko’rsatishi uchun oylik hisobda hosting uchun, yillik hisobda domen uchun to’lov qilib borishingiz kerak. Balki ko’ngilli loyihalar, tijorat maqsadlarida ishlatilmaydigan saytlar uchun bu erkinlik ancha qulay hisoblanar. Mustaqil sayt ustidan to’liq boshqaruv erkinligiga nisbatan saytning mavjudligi uchun to’lovlarni qisqartirish muhimroq bo’lgan webmasterlar uchun ZiyoNet eng yaxshi tanlov!

BARCHA PLAGINLARGA RUXSAT BERILADI

Saytingizni yuritish davomida unga qo’shimcha imkoniyatlar qo’shish, ko’proq samara keltirishi mumkin bo’lgan qulayliklar yaratishga ehtiyoj sezasiz. Shunday vaqtda WordPress plaginlari Sizga yordam beradi. WordPress tizimi asosida ishlaydigan saytga plaginlar yordamida deyarli barcha imkoniyatni qo’shish mumkin. Afsuski, ZiyoNet tarmog’iga o’zingiz istagan plaginni yuklab, o’rnata olmaysiz. Unda faqat avvaldan o’rnatilgan bir necha plagindan foydalanish imkoniyati bor, xolos. Mustaqil saytda esa, shablon erkinligida bo’lgani kabi, o’zingiz istagan plaginni o’rnatishingiz va o’zingiz xohlaganday sozlashingiz mumkin.

SAYTNING TEXNIK SOZLIGI NAZORATI

Mustaqil saytga ega bo’lganingizdan so’ng uning barcha qulayliklari, erkinliklari bilan doimiy texnik sozligini nazorat qilish mas’uliyatini ham qabul qilishingiz kerak bo’ladi. Shaxsiy saytingiz pulli hostingda ishlar ekan, saytingiz buzilib qolganda o’zingiz sozlashingiz yoki pulli xizmatlarga murojaat qilib sozlatishingiz kerak bo’ladi. ZiyoNet tarmog’idagi saytlar uchun esa bunday tashvish yo’q. ZN tarmog’i o’z qaramog’ida bo’lgan barcha saytlarning texnik sozligiga g’amxo’rlik qiladi. ZiyoNet bilan faqat saytingizni ma’lumotga to’ldirish haqida bosh qotirasiz. Asosiy o’ylaydigan tashvishingiz saytingiz kontenti bo’lib turgan bir vaqtda unda yuz berishi mumkin bo’lgan barcha nosozliklar ZN tomonidan bartaraf etiladi.

SAYT ORQALI PUL ISHLASH ERKINLIGI

Ko’pchilik web ustalar uchun saytlari orqali pul ishlab topish yuqori darajadagi vazifalardan biri hisoblanadi. ZiyoNetda sayt orqali pul ishlab topish, pul keltiradigan sayt tashkil qilish imkoniyatining bir necha yo’llari o’ta yaratuvchan va iqtidorlilar uchun mavjud bo’lsa ham, mustaqil sayt bilan taqqoslaganda deyarli yo’qdek bo’lib ko’rinadi. Mustaqil saytlarni to’liq boshqarish imkoniyati bo’lganligi sababli bunday saytlar internet orqali pul ishlab topishda eng qulayi hisoblanadi. Agar Siz saytingiz orqali daromad olishni istasangiz, faqat mustaqil saytga ega bo’lishga harakat qilishingiz kerak. Bu yo’nalishda ZiyoNet Siz uchun emas.

QO’SHIMCHA TASHRIF BUYURUVCHILAR

Mustaqil saytingizga foydalanuvchilarni jalb etish, ko’proq va ko’proq tashrif buyuruvchilarga erishish uchun barcha harakatni o’z mehnatingiz bilan amalga oshirishingiz kerak bo’ladi. Albatta, agar saytingiz minglab kishilarga yoqsa, ular orasida ba’zilari Sizning saytingizni ommalashtirish uchun hissa qo’shishlari mumkin. Ammo bitta-ikkita foydalanuvchingizning Odnoklassniki yoki Facebook profilidagi statusdan keladigan traffik Sizga kamlik qiladi. ZiyoNet tarmog’idagi saytlar esa qo’shimcha traffikka osonlik bilan erishishi tufayli mustaqil saytlar oldida bir oz ustunlikka ega. ZN tarkibidagi sayt katta tarmoqning bir qismi bo’lganligi sababli tarmoqning boshqa foydalanuvchilari bu saytni tarmoq katalogi, mashxur saytlar ro’yxati yoki o’xshash bloglar sahifalari orqali oson topib olishlari mumkin bo’ladi. Mustaqil sayt ustalari 100% traffikni faqat o’z mehnati yordamida topayotgan bir vaqtda ZN foydalanuvchilari qo’shimcha traffikdan bahramand bo’lishadi.

 Tarmoqqa tegishli sayt ochish va mustaqil saytga ega bo’lish o’rtasidagi farqlar juda ko’p. Yuqorida ulardan ba’zilarini keltirib o’tdim. ZiyoNet tarmog’ida sayt tashkil qilasizmi, yoki hosting/domen sotib olib mustaqil saytga ega bo’lasizmi, har qanday holatda o’zbek internetini foydali, o’qishga arzirli ma’lumotlar bilan boyitishda o’z hissangizni qo’shishingizga tilakdoshman.

Qaysi biri afzal: ZN.UZ yoki mustaqil sayt?” maqolasida 4 fikr

  1. Mirshohid

    «SAYTNING TEXNIK SOZLIGI NAZORATI»
    Menimcha mustaqil saytni eplab ushlab tura olsak texnik sozligi mustaqil saytlar tomonida bo`ladiku!

    Javob berish

  2. Raxmatilla

    Manimcha zo’r taqoslash bo’ldi baribir shaxsiy sayt yaxshi odiy norm hostintopilsa bu to’lovlardan qisman ozod bo’lishlik mumkin!~

    Javob berish

  3. Habibjon

    Man ziyonetda sayt ochdim lekin ishchi maydonini yaratishga qiynalyapman agar biror ma`lumot bo`lsa yoki yo`riqnomami imkoni bo`lsa emailga yuboring

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan