Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Qanday qilib saytingiz bilan tanlovda g’olib bo’lish

Qanday qilib saytingiz bilan tanlovda g’olib bo’lish

Shu kunlarda “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb sayt ko’rik tanlovi” uchun xujjat topshirgan ustozlar, o’quvchilar, maktablar va ta’lim muassasalari tanlov natijalarining e’lon qilinishini kutishmoqda. Ushbu ajoyib tanlovning barcha xurmatli ishtirokchilariga omad tilagan holda o’tgan yilgi tanlovning “Eng yaxshi o’qituvchi veb sayti” nominatsiyasining g’oliblaridan biri sifatida o’z tajribalarimdan kelib chiqib veb sayt bilan ko’rik tanlovlarda qatnashganda faxrli o’rinlarni egallash yuzasidan tavsiyalar bermoqchiman. Ushbu tavsiyalar nafaqat “Xalq ta’limi tizimidagi eng yaxshi veb sayt ko’rik tanlovi”da qatnashgan vaqtingizda, balki MIT singari boshqa veb sayt tanlovlarida qatnashganingizda, yoki umuman saytingizni har tomonlama rivojlantirib, unga nisbatan chetdan yaxshi baho berilishiga erishishni xohlaganingizda kerak bo’lib qolishi mumkin.

Sayt u bag’ishlangan fan, g’oya, kishi yoki muassasaning ko’zgusi hisoblanadi. Shunday ekan, har qanday sayt birinchi navbatda o’zi namoyish etayotgan asosiy mazmunni foydalanuvchiga aniq yetkazib bera olishi kerak. Bunda tashqari saytingizning mukammal bo’lishi uchun yana bir qator boshqa jihatlarga ham alohida e’tibor berishingiz lozim. Quyidagi tavsiyalarning har biriga amal qiling va Sizning saytingiz boshqa saytlarga nisbatan yaxshiroq bo’ladi.

SAYTNI TANLOV UCHUN OCHMANG. “Faqat shu tanlovda qatnashib, shu sayt orqali o’rin olsam bo’ldi!”, degan maqsadda ochilgan sayt har qanday tanlovning birinchi bosqichidanoq yaxshi baxo ololmasligi aniq. To’g’ri, tanlov uchun sayt egasi tomonidan maxsus veb ustalarga katta miqdordagi to’lov evaziga, buyurtma asosida ochilgan saytlar bundan mustasno bo’lishi ham mumkin. Ammo shaxsiy fikrimga ko’ra har qanday sayt birinchi navbatda foydalanuvchi uchun ochilishi kerak, tanlov uchun emas. O’zim o’qituvchi bo’lganligim sababli bu masalaga o’qituvchi misolida yondoshmoqchiman. Misol uchun Siz matematika fani o’qituvchisisiz, shaxsiy saytingizni ochmoqchisiz. Kelajakda tanlovda qatnashish rejangiz ham yo’q emas. Ammo birinchi navbatda ochilajak saytingizni Sizning saytingizga kirib foydali ma’lumotlardan bahramand bo’luvchi o’quvchilaringiz uchun oching. Asosiy e’tiboringiz saytingizga kirgan foydalanuvchi qanday ma’naviy ozuqa olishida bo’lsin. O’zingiz bilganlarni qanday qilib saytingiz orqali boshqalar bilan bo’lishishni o’ylang. Qanday qilib saytingizga ko’proq foydali ma’lumotlar kiritish haqida bosh qotiring. Asosiy e’tiboringiz saytingiz foydalanuvchisiga nimadir bera olish bo’lsin. Ana shunda Sizning saytingiz har qanday tanlovda yuqori baholanadi.

MA’LUMOTLAR ORIGINALLIGIGA E’TIBOR QILING. Ko’chirmachilik qilmang, boshqa saytlarning maqolalari yoki ma’lumotlarini saytingizda ko’chirib chiqarishdan saqlaning. Saytingiz ma’lumotlari juda kam bo’lsa ham original, takrorlanmas bo’lishi kerak. Hech kim boshqa saytdagi ma’lumotlarini Sizning saytingizda o’qishni xohlamaydi. Kimgadir UzA xabarlari kerakmi? Ular UzA saytiga kirishadi. Kim uchundir Azamat.uz sayti maqolalari kerakmi? Ular mening saytimga kirishadi. Sizning saytingizga kirishda ham foydalanuvchining maqsadi aynan shunday bo’ladi – ular Sizning ma’lumotlaringiz, Sizning maqolalaringizni o’qish uchun kirishadi. Kimdir Sizning saytingizga kirsa-yu, u yer boshqa saytlar maqolalari va ma’lumotlari bilan to’ldirilgan bo’lsa, foydalanuvchining darhol saytingizdan chiqib ketishi aniq. Shaxsan menga qaysidir saytning o’zi qolib uning klonidan foydalanish yoqmagan bo’lardi.

Ba’zan xavaskorlar tomonidan ochilgan “Dunyo xabarlari” yoki “O’zbekiston yangiliklari” deb reklama qilinadigan saytlarga duch kelib qolaman. Bu saytlar xabarlarini o’qib chiqsangiz 100% daryo.uz, kun.uz kabi yangiliklar portali xabarlaridan to’g’ridan-to’g’ri ko’chirilgan bo’ladi. Xo’sh, bunday saytdan nima foyda? Men dunyo xabarlarini bilish uchun Daryo yoki Kun saytlariga kirishim yaxshiroqmi yoki xavaskorning qachon uyg’onib, Daryo va Kun saytlarida chiqarilgan axborotni ko’chirib o’z saytida qaytadan chop etishim kutishim yaxshimi? Xulosa qiling.

TEXNIK SHAROITNING YAXSHISINI TANLANG. Saytingiz yaxshi ishlashi uchun birinchi navbatda uning tezligi yaxshi bo’lishi kerak. Sekin ishlaydigan saytlar hech kimga yoqmaydi. Sayt tezligini birinchi o’rinda u joylashgan hosting serverlarining qanchalik darajada tez ishlashi belgilab beradi. Saytingiz uchun yaxshi hosting tanlang.

Bir oz vaqt ilgari men hammaga Arsenal-D hostingini tavsiya qilardim, ammo so’nggi vaqtlarda ularning ko’rsatadigan xizmatlari sifati juda yomonlashib ketdi. Hatto yordam xizmati ham yaxshi ishlamay qoldi. Bugungi kunga kelib Hosting-Obzor saytida bildirilgan fikrlar va baholardan kelib chiqib eng yaxshi hosting aHost, deb ayta olamiz. Shaxsan bu hosting sifatini tekshirib ko’rmaganman, ammo ko’pchilikning bahosi aynan shu natijani ko’rsatayapti. UzNet hostingi ham bir yil avval juda yaxshi ishlayotgan edi.

Har qanday hostingdan foydalanishdan avval ularning xizmat sifati bilan qiziqib ko’ring. uForumdagi fikrlarni o’qing, maslahat so’rang. Saytingizni joylashtirish uchun tez ishlaydigan, ishonchli va qulay hosting xizmatini tanlang. Bundan tashqari hosting kompaniyasining yordam xizmati ham juda yaxshi bo’lishi kerakligini yodingizdan chiqarmang. Chunki saytingiz buzulib qolganda, yoki Sizga saytni yuritish yuzasidan qandaydir maslahat kerak bo’lib qolganda ularga telefon orqali murojaat qilasiz. Shunda barcha savollaringizga javob berilishi shart. Afsuski ko’pgina hosting provayderlar yordam xizmati yaxshi ishlamaydi. Ba’zi hollarda esa saytlarga pulli yordam ko’rsatish xizmatiga ehtiyoj sezishingiz ham mumkin.

Sayt hostingi hal bo’lgandan keyin uning domeni (sayt manzili, nomi) haqida ham o’ylab ko’rishingiz kerak. Domen imkon qadar qisqa va jarangdor, yodda qoladigan bo’lishi kerak. Juda ko’p saytlar domen tanlashni yetarli darajada bilmaganliklari sababli yodda qolmaydigan sayt nomiga ega bo’lib qolishgan. Misol uchun, Yulduzli tumanidagi 87-maktab sayti domeni YT87M.UZ bo’lgani yaxshiroqmi, yoki YULDUZLI.UZ , YULDUZLI-MAKTAB.UZ kabi domenga ega bo’lgani yaxshiroqmi? Sayt domeni albatta ahamiyatga ega. Unga alohida e’tibor bilan qarang.

AKTUALLIKNI UNUTMANG. Hozirgi vaqtda Siz yashab turgan jamiyatda ochmoqchi bo’lgan saytingiz mazmuniga aloqador qanday yangiliklar yuz berayapti? Ochmoqchi bo’lgan saytingiz mazmuniga tegishli qanday hukumat qarorlari yoki farmonlar, qonunlar chiqarilgan? Butun saytingizni shu masalalar aktualligiga urg’u berishga bag’ishlang. Saytingiz zamon bilan hamnafas bo’lsin. Biz doim ko’rib yurgan saytlarimizni yana qayta ko’rishni xohlamaymiz. Saytingiz “o’sha saytlarga o’xshash yana bir sayt” bo’lib qolmasligi kerak. Velosiped allaqachon ixtiro qilib bo’lingan, uni qaytadan kashf etishingiz shart emas. Shunchaki mavjud velosiped g’oyasini mukammallashtirib, uni boshqalarida yo’q jihatlar bilan boyiting!

DIZAYN VA FOYDALANUVCHI INTERFEYSIGA E’TIBORLI BO’LING. Ba’zi saytlar dizaynini ko’rib rostdan yig’lagim keladi. 🙂 Ular o’tkir rangli rasmlar bilan shu qadar to’yintirilgan bo’ladiki, yon tomondagi, tepadagi, pastdagi va fondagi yorqin fotosuratlar ko’rinishi ustida zo’rg’a ko’rinib turgan maqola matnini o’qishga har qanday o’tkir nigohli kishi ham qiynalib qoladi. Ba’zi saytlardagi doimiy lippillab turuvchi reklama banneriga o’xshash rasmchalar foydalanuvchi e’tiborini doimiy o’ziga qaratishga urunib asabni buzadi. Saytning asosiy bezagi uning ma’lumotlari bo’lishi kerak. Biz saytlarimizni kontent bilan bezatishga harakat qilishimiz kerak. Yaxshi kontent bor saytning oddiy, kamtar dizayni ham saytni birinchi o’ringa olib chiqishi mumkin.

Yana bir masala – foydalanuvchi interfeysi. Bu saytingizdan foydalanuvchilarning foydalanish jarayonini osonlashtiradi, og’riqsiz qiladi. Foydalanuvchi saytingizda nima qayerda turganligini topish uchun 3 soniyadan ortiq vaqt sarflamasligi kerak. Saytingizning asosiy menyusi qayerda, bog’lanish uchun aloqa ma’lumotlari qayerda yozilgan, qaysi qismda qaysi turdagi ma’lumotlar bor – hammasi aniq ko’rinib turishi kerak. Saytning ortiqcha, ko’rinishni bachkana qilib turuvchi bezaklarini olib tashlang. Foydalanuvchi interfeysi mukammalligiga shu qadar e’tibor qaratishimiz kerakki, bunda foydalanuvchining saytdan foydalanish jarayonini osonlashtirmaydigan har qanday bezak olib tashlanishi kerak.

Sayt foydalanuvchilari uchun hech qanday cheklov qo’ymang. Ba’zi saytlar sahifalari ustida sichqoncha o’ng tugmasini bosib menyu chiqarish funksiyasini ta’qiqlab qo’yganligiga guvoh bo’lganman. Ba’zilarida kerakli rasmlarni ko’chirib bo’lmaydi. Yana qaysisidadir boshqa biror saytning nomi tilga olinishi ta’qiqlab qo’yilgan. Foydalanuvchilar cheklovlarni yomon ko’rishadi – erkinlik hammaga yoqadi. Maqolalaringizni kimdir nusxalab olishini shunchalik xohlamas ekansiz, ularni flash video rolik shaklida yozib chiqaring – videodan matnni belgilab, nusxalashning imkoni yo’q. Juda qimmatli ma’lumot bo’lsa uni butunlay saytdan olib qo’yib, alohida kitob ko’rinishida soting. Ammo ILTIMOS QILAMAN: foydalanuvchining birorta ham imkoniyatini cheklab qo’ymang. Bu ularning asabiga tegishdan boshqa natija bermaydi.

INTERAKTIVLIKNI RIVOJLANTIRING. Saytingiz bilan foydalanuvchi o’rtasida aloqani jonlantiring, muloqot yo’lini shakllantiring. Jonli va dinamik saytlar hammaga yoqadi. Saytingizdan foydalanishda foydalanuvchining ko’proq ishtirokini ta’minlang. Forum tashkil eting, foydalanuvchilar uchun fikr bildirish imkonini bering, qiziquvchilar uchun savol-javob imkoniyatini yarating, izlanuvchilar uchun qo’shimcha ma’lumotni talab qilish imkoniyatini bering. Oddiy bir maktab sayti misolida olib qarasak, saytda qo’llash mumkin bo’lgan interaktiv xizmatlar turi juda ko’p: dinamik dars jadvali (buning oddiy skaner qilingan jadval rasmidan farqi katta), alohida fan o’qituvchilariga savol yo’llash imkoniyati, o’quvchi ma’lumotlarini sayt orqali ota-onaning telefon raqamiga SMS ko’rinishida yuborish xizmati (davomat, baho yoki boshqa ma’lumotlar), maktab tadbirlarida qatnashish uchun oldindan buyurtma berish (bron qilish, tashrif haqida oldindan xabardor qilish), uyga vazifalarni yoki qo’shimcha topshiriqlar natijalarini sayt orqali e’lon qilish, har bir o’quvchi uchun alohida profil ochib o’quvchilar jonli reytingini shakllantirish, sayt orqali video va audio muloqotlar o’tkazish, har dam olish kunida yoki kechki vaqtlarda sayt orqali bitta o’qituvchining dars o’tishi (rejamda bor, ammo bunaqa xizmatni o’zbek saytlarida hozircha ko’rmaganman!), saytda tashrif buyuruvchilar yoki boshqa maktab vakillarining maqolalarini chop etish imkoniyati (mehmon maqolalarini chop etish), o’quvchilar uchun turli tanlov va mashqlar, testlar tashkil etish va hokazo. Bularning barchasini amalga oshirish mumkin. O’zingizda bu funksiyalarning birortasini o’rnatishning imkoni bo’lmaganda pulli xizmatlarga murojaat qilish orqali bo’lsa ham saytingizni rivojlantirishingiz mumkin.

SAYTNING ASOSIY YO’NALISHIDAN CHETGA CHIQMANG. Har sohadan bir shingildan ma’lumoti bor universal saytlar ko’pincha tanlovlarda yaxshi natijaga ega bo’lishmaydi. Imkon qadar faqat bitta yoki ikkita yo’nalishga bag’ishlangan sayt tayyorlashga harakat qiling. Saytingizda faqat bitta fan yoki bitta soha yoritilsin. Uni shu sohaga oid shunday ma’lumotlar bilan boyitingki, saytingiz internetdagi shu soha bo’yicha o’zbek tilidagi dasturul amal darajasigacha ko’tarila olsin. O’zbekiston tarmog’i mp3 va kliplar yuklab olish saytlari bilan to’lib ketdi. Ularda hamma narsa bir vaqtning o’zida taqdim etiladi: qo’shiq, video, she’r, fotosuratlar, chat, dars, kino, tanishuv, ilm-fan, yangiliklar, o’yinlar va hokazo. Saytingizni keraksiz narsalar bilan to’ldirib hostingdan oladigan katta joyingiz uchun bekorga ko’p pul to’lab yurmang. Ma’lum sohaga qat’iy yo’naltirilgan sayt tayyorlang.

Yuqoridagi tavsiyalar tanlovlarda saytingizni baholash jarayonida qo’llanilishi mumkin bo’lgan o’nlab baholash me’zonlarida yuqori ball olishingizga yordam beruvchi bir necha maslahatlar, xolos. Ularning har birini imkon qadar inobatga olishga harakat qiling. Sayt tayyorlashda sayt foydalanuvchilarini birinchi o’ringa qo’yuvchi barcha sayt egalariga birinchi o’rin nasib etishini tilab qolaman. Hammaga omad yor bo’lsin!

Abituriyentlar uchun test formulalari

3 ta fikr

  1. Azamat aka menga domen tanlashda yordam bering iltimos !
    ismimni yo familyamni yo ikkisixam M-M.uz ni domen qilib olsamikan tajribalisi iltimos yordam
    bering sizningcha qaysi biri qulay !?

  2. javob bering Azamat aka ! sos…

    • Umumiy savol-javoblar uchun saytning maxsus Savol-Javob bo’limi bor. Maqolalarga ta’luqli bo’lmagan savollarga javob berilmaydi.
      Domen olishda uning qisqaligi, yodda oson qolishi va eng muhimi sayt mazmunini anglatishiga e’tibor qarating. Shaxsiy saytingiz uchun bo’lsa ismingiz, familiyangiz yoki ularning qo’shilishidan hosil bo’lgan so’z bilan domen olishingiz mumkin. Internetdagi domen ismlari generatorlaridan foydalanib ko’ring, balki yaxshiroq fikrlar uchrab qolar.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*