Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Qanday qilib saytga tashrif buyuruvchilar sonini hisoblash

Qanday qilib saytga tashrif buyuruvchilar sonini hisoblash

Ko’pchilik saytlarning footer (saytning eng pastki) qismida sayt traffikini (nechta foydalanuvchi saytga kirib, necha marta sayt sahifalarini ko’rganligini) hisoblashda ishlatiladigan counter / счетчик / hisoblagich borligini ko’rganmiz. Azamat.uz sayti barcha sahifalarining eng pastki qismida huddi shunday hisoblagichlarni ko’rishingiz mumkin. O’z saytiga ega kishilar (shu jumladan men ham) saytlariga bir kunda / bir oyda necha kishi tashrif buyurayotganligi haqida bilishni xohlashadi. Bu hisoblagichlar bizga sayt traffiki haqida bir necha turdagi ma’lumotlarni berishi mumkin. Ammo hamma ham hisoblagichlarda ko’rsatilgan raqamlar nimani anglatishini bilishmaydi. Ushbu maqolada hisoblagichlar va ulardagi raqamlar nimani anglatishi haqida to’xtalib o’tamiz.

Birinchi navbatda bunday hisoblachilar qayerdan olinishi to’g’risida aytib o’tsak. Hisoblagichlar saytlar reytingi va saytlar traffikini hisoblashga ixtisoslashgan maxsus saytlardan olinadi. O’zbekistonda WWW.UZ milliy saytlar reytingimiz bor. Ko’pchilik o’zbek tilidagi saytlar, shu jumladan Azamat.uz sayti ham, WWW.UZ hisoblagichidan foydalanadi. Jahon miqyosida WWW.UZ kabi reyting va hisoblash saytlari juda ko’p. Metrika.yandex.ru sayti ularga bitta misol bo’la oladi. Hisoblagichlarning ko’prinishi, hajmi qanchalik farq qilmasin, deyarli barchasida faqat bir turdagi ma’lumotlar aks etadi.

Hisoblagichlarda turli raqamlar ko’rsatilgan bo’ladi. Ular har kuni, har soat yoki daqiqada o’zgarib turganligini ko’rishimiz mumkin. Bu raqamlarda asosan quyidagi ma’lumotlar aks ettirilgan bo’ladi:

REYTINGDAGI O’RNI – Bu hisoblagich qo’yilgan saytning hisoblagich olingan saytdagi saytlar reytingida egallab turgan o’rnini ko’rsatadi. Ba’zi reyting saytlari bu o’rinni butun reyting bo’ylab saytning tutgan o’rniga qarab belgilasa, ba’zi reyting saytlari saytning belgilangan bo’lim reytingida nechanchi o’rinda ekanligini ko’rsatadi. Misol uchun, saytingiz futbol haqida bo’lsin. Siz hisoblagich olgan reyting saytida jami 9999 sayt qatnashayotgan bo’lsa va bu sayt hisoblagichida reytingning umumiy saytlari soni ichidan Sizning egallagan o’rningiz ko’rsatilsa, hisoblagichingizda 99-o’rin qayd etilishi mumkin. Bu saytingiz butun reyting bo’yicha 99-o’rinda turganligini bildiradi. Ammo shu holatda reyting faqat “Sport” bo’limi / kategoriyasi bo’yicha hisoblab ko’rsatilsa, saytingiz 1-o’rinda ko’rsatilishi ham mumkin. Demak, reytingdagi o’rin va Sizning saytingiz u yerda nechanchi o’rinni egallashi reyting sayti qoidalariga bog’liq.

HOSTLAR – “Host” ingliz tilida “mezbon” degan ma’noni anglatadi va hisoblagichlarda qaysidir bir server saytingizga kirilganligini ko’rsatadi. Soddaroq misol bilan tushuntirishga harakat qilaman: Mening bitta kompyuterim bitta modem yordamida internetga ulangan va men internetdan bitta IP manzil asosida foydalanaman. Men Sizning saytingizga bir marta kirganimda uning hisoblagichi saytingizga bitta host qo’shilganligini ko’rsatadi. Men kun davomida saytingizga 5, 10, 50 marta kirsam ham bu ko’rsatkich o’zgarmaydi. Chunki saytingiz hisoblagichi host sifatida mening yagona IP manzilimni / bitta modemimni ko’radi. Shu vaqtda qo’shni uydagi kimdir saytingizga kirsa hisoblagich saytingiz reytingi uchun ikkinchi hostni yozadi va hokazo. Host faqat bitta IP manzil / bitta modemni hisobga olar ekan, unga ulanishi mumkin bo’lgan bir necha kompyuterlar hisobga olinmaydi. Masalan, bitta internet kafeda 50 ta kompyuter bor. Ularning barchasi bitta modem yordamida internetdan foydalanadi, deylik. Bir kunda ushbu internet kafening 500 ta foydalanuvchisi Sizning saytingizga 500000 marta kirsa ham hisoblagich bu tashriflarni 1 ta host sifatida ko’radi. Chunki modem / IP manzil bitta. Shunday ekan, hisoblagichdagi host “saytga nechta modem yordamida kirilganlik” bo’yicha hisoblaydi, desak ham bo’ladi.

Agar foydalanuvchining IP manzili o’zgarsa – bu hostlar haqidagi yuqorida aytilgan mazmunni butunlay o’zgartiradi. Chunki hisoblagich faqat IP manzil bo’yicha hisoblay oladi. Ya’ni, agar kun davomida kompyuterim / modemimni 3 marta o’chirib, yoqsam va har safar internetga ulanganimda menga yangi IP manzil berilsa, men saytingiz uchun yangi bo’lgan 3 ta hostga aylanaman. Chunki yangi IP manzilim bilan saytingizga kirganimda hisoblagich meni yangi host sifatida taniydi.

HITLAR – “Hit” ham ingliz tilidan olingan so’z bo’lib, “urmoq”, “turtmoq” degan ma’nolarni anglatadi. Hisoblagichda hit so’zi sayt sahifalarining necha marta yuklanganligini anglatadi. Yana ham aniqroq olib qarasak, saytda o’rnatilgan hisoblagich necha marta serveridan foydalanuvchiga uzatilganligini, yuklanganligini bildiradi. Misol uchun men Sizning saytingizning bitta sahifasini ochib ko’rsam, hisoblagichda bitta hit yoziladi. Boshqa bir sahifasiga o’tsam ikkinchi hit… Shu tariqa kun davomida saytingizning hechta sahifasini ochsam / saytingiz sahifalarini necha marta yuklasam hisoblagichda shuncha marta hit ko’rsatiladi.

O’z-o’zidan ma’lumki, sayt hisoblagichida hostlar soni hitlar sonidan kam bo’ladi. Chunki bitta host saytga kirib bir necha sahifalarni ko’rishi mumkin, ya’ni bir necha hitlarni taqdim etishi mumkin.

TASHRIF BUYURUVCHILAR – bitta kompyuterdan foydalanib saytingizga kirgan kishilar. Tashrif buyuruvchilarni hisoblash cookielar yordamida amalga oshiriladi. Bir kunda bitta kompyuter / brauzer saytga bir marta kirsa, u bitta tashrif buyuruvchi sifatida hisoblanadi. Keyingi tashriflar huddi shu kompyuterning shu brauzeri yordamida amalga oshirilsa, yangi tashrif buyuruvchi sifatida hisoblanmaydi. Hisoblagich tashrif buyuruvchilar sonini kompyuter / brauzer cookiesiga qarab belgilaydi. Yana yuqorida aytib o’tilgan internet kafe misoliga qaytamiz. Bitta modem / IP manzildan foydalanuvchi, 50 ta kompyuterga ega internet kafe foydalanuvchilarning barchasi bitta host sifatida hisoblanadi, ammo 50 ta kompyuterning har biri bittadan tashrif buyuruvchi sifatida hisoblanadi. Ya’ni, shu internet kafening barcha foydalanuvchilari kunda davomida Sizning saytingizga kamida bir marta kirishsa, ularning hisobidan Sizning hisoblagichingizga 50 ta tashrif buyuruvchi yoziladi.

Cookielar eskirish xususiyatiga ega. Ularning qancha vaqtda eskirishi esa saytlar reytingi / hisoblagich serveriga bog’liq. Agar hisoblagich serveri / reyting sayti tashrif buyuruvchilar sonini kundalik ko’rsatishga ixtisoslashgan bo’lsa, demak cookielar har yangi sanada yangilanadi. Haftalik ko’rsatilsa har yangi hafta boshida yangilanadi. Masalan, reytingda cookielar har haftada yangilansa va saytga tashrif buyuruvchilar soni haftalik hisoblansa, mening hafta davomida bitta kompyuter / bitta brauzerdan bir necha ming marta kirishim hisoblagichda faqat bitta tashrif buyuruvchi sifatida qabul qilinadi. Chunki mening brauzerimdagi cookie o’zgarmagan. Hisoblagich meni “tanib”, yangi tashrif buyuruvchi sifatida hisobga olmaydi.

Bundan tashqari agar foydalanuvchi brauzerida cookielarni qabul qilish o’chirilgan bo’lsa, bu kishi hisoblagichda tashrif buyuruvchi sifatida hisobga olinmaydi.

Hisoblagich raqamlarini o’qishni Azamat.uz saytida ko’rsatilayotgan WWW.UZ hisoblagichining 6-iyul soat 16:02 holati misolida ko’ramiz:

559a60dfc787c

 

Yuqoridagi rasmda ko’rsatilgan raqamlarni o’qiymiz:

Katta qilib yozilgan 191 raqami Azamat.uz saytining WWW.UZ reytingidagi jami 1855 ta saytlar ichida tutgan o’rnini anglatadi. Bu raqam saytning reytingdagi tutgan o’rnini ifodalaydi.

80773 raqami hostlarning bir yillik sonini ko’rsatadi. Yuqoridagi rasmdan ko’rinib turibdiki, Azamat.uz saytiga 2015-yil 1-yanvardan (yil boshidan) hozirgacha 80773 dona host tashrif buyurgan. Hostlar qanday aniqlanishi haqida yuqorida aytib o’tdik.

322 raqami saytning bir sutka davomida nechta tashrif buyuruvchiga ega bo’lganligini ko’rsatadi. Hozirgi rasm holatida ko’rinib turibdiki, Azamat.uz saytiga 6-iyulning 00:00 soatdan 16:02 vaqtiga qadar 322 tashrif buyuruvchi kirgan. Kunning oxiri, kech soat 24:00 gacha bu ko’rsatkich o’zgaradi va har yangi sutkada bu raqam 0 qiymatga ega bo’ladi.

945 raqami hitlarni ifodalab, bir sutkada saytning sahifalari nech bor ko’rilganligini bildiradi. Hitlar haqida ham yuqorida batafsil yozdik.

Yuqoridagi hisoblagich ko’rsatkichlariga qarab quyidagicha xulosa qilamiz: Azamat.uz sayti reytingda 191-o’ringa ega va bugungi kun hisobida, hozirgi soat va daqqiqaga qadar saytga 322 kishi kirib, 945 ta sahifani ochishgan.

Odatda barcha hisoblagichlarning ustiga bosilganda u olingan reyting sayti ochiladi va saytning reytingdagi o’rni, hostlar va hitlar, tashrif buyuruvchilar, ularning brauzerlari, operatsion tizimlari va hokazolar haqida to’liq ma’lumot beruvchi sahifa ko’rsatiladi. WWW.UZ reytingining yuqorida ko’rsatilgan hisoblagichi ustiga bosilganda ham saytning traffiki haqida juda ko’p ma’lumotlar ko’rsatiladi.

Sozlanmalarga ko’ra turli saytlarning hisoblagichlari ustiga bosilganda ma’lumotlar hammaga ochiqcha ko’rsatilishi yoki sayt egasi tomonidan cheklab qo’yilgan bo’lishi mumkin.

Azamat.uz hisoblagichi ustiga bosilganda quyida ko’rsatilgan tashrif buyuruvchilar to’g’risidagi ma’lumotlar ekranga chiqarildi:

Ko’rinib turibdiki, joriy sutka hisobida saytga jami 324 kishi kirgan va ularning 261 tasi TAS-IX tarmog’idan (O’zbekistondan). Bu rasmda ko’rsatilganidan tashqari saytga qaysi turdagi brauzerdan, operatsion tizimdan kirishgani, asosan qaysi sahifalarni ko’proq ko’rishgani, qaysi provayderlar foydalanuvchilari ko’proq kirishlari, saytga qaysi sahifadan kirib, qaysi sahifadan chiqib ketishlari va boshqa ko’plab ma’lumotlar ham taqdim etiladi.

Hisoblagichlardan unumli foydalaning va saytingiz traffiki haqida kunlik ma’lumot olib turishga harakat qiling.

Abituriyentlar uchun test formulalari

2 ta fikr

  1. Men yaqinda mahmudov.lark.ru saytini ochgan edim malumot joylolmayapman qande joylashim mumkin

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*