Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Qanday qilib kitob yozish

Qanday qilib kitob yozish

Bir necha haftadan beri o’zim kitob yozish fikriga kelganimdan keyin qanday qilib kitob yozish haqida internetda ko’p ma’lumotlarni o’qib chiqdim. Bu maqolada o’zimning o’rganganlarimni yozmoqchiman.

Kitob yozishni niyat qilgan har qanday kishining hayoligi birinchi o’rinda qanday qilib kitob yozishni boshlasam ekan, degan fikr keladi. Tabiiyki, huddi menga o’xshab, kitob yozishni niyat qilgan kishi tashqi manbaalardan o’rganishga harakat qiladi, kimlardandir maslahat so’raydi, sohada tajribaliroq bo’lgan kishilarga savol bilan murojaat qiladi. Mening fikrimda bu masalada savol so’rashga intilayotgan kishilar bitta javobni eshitishni juda xohlashadi, bu javob: «Kitob yozish juda oson, hamma kitob yoza oladi!». Balki bu javob ular uchun yupanchdir, ammo aslida ham bunday javobni kitob yozishni xohlovchi boshlang’ich yozuvchilarga yo’l ko’rsatish sifatida berishimiz mumkin. Chunki, rostdan ham istaga kishi kitob yozishi mumkin.

Kitob yozish uchun hech qanday alohida ruxsatnoma, litsenziya yoki boshqa biror rasmiy xujjatga ega bo’lish kerak emas. To’g’ri, kitobni nashr etish uchun ma’lum xujjatga ega bo’lish zarur, ammo ijod qilish faqatgina kishining tasavvuri bilan cheklanishi mumkin. Shunday ekan, agar Siz kitob yozishga qaror qilgan bo’lsangiz, bu ishni hozirdan boshlashingiz mumkin!

Kitoblar har xil mavzuda bo’lishi mumkin. Kimdir badiiy-to’qima hikoyalarni o’z tasavvuriga tayangan holda o’ylab topib kitob yozsa, kimdir real hayotda mavjud bo’lgan biror narsa yoki joy haqida ilmiy faktlar to’lpamidan iborat kitob yozishi mumkin. Badiiy ruhdagi kitob yozish uchun yozuvchida yuksak ijodkorona fikrlash mavjud bo’lishi kerak. Badiiy asar yozish ko’nikmasini qalbida yozishga nisbatan ishtiyoqi bo’lgan har qanday kishi takroriy mashqlar asosida shakllantirishi mumkin. Ilmiy kitob yozish uchun esa ma’lum bir soha ustida juda ko’p ishlash kerak bo’ladi. Siz yozmoqchi bo’lgan narsani eng avvalo o’zingiz juda puxta o’rtanib chiqishingiz kerak bo’ladi. Bu o’rganib chiqish jarayoni sohaga aloqador kitoblar o’qish, internet ma’lumotlarini yig’ish, kerka bo’lsa ma’lum joylarga sayohat qilishni o’z ichiga olishi mumkin. Siz yozmoqchi bo’lgan kitob har qanday yo’nalishda bo’lmasin, asosiysi o’quvchilarga ma’naviy ozuqa bera oladigan darajada mukammal bo’lishi kerak. Aks holda yozilgan kitobni hech kim o’qimaydi va tabiiyki, u kitob sifatida qadrga ega bo’lmaydi.

Kitob yozishdan ko’zlangan maqsadga kelsak, asosan bu maqsad ikki xil bo’lishi mumkin. Birinchisi, kimlardir o’z istagi va yozishga bo’lgan shijoatidan kelib chiqib, o’z vaqtini mazmunli o’tkazish yoki o’z bilimidan boshqalarning ham bahramand bo’lishlari uchun kitob yozishi mumkin. Ikkinchisi, kimlardir yozgan kitobini ko’p nusxalarda nashr qildirib, kitoblarning sotilishidan foyda olish maqsadida kitob yozish mumkin. Har ikki maqsadda ham kitobning kitob sifatida qadrga ega bo’lishi uchun shart bitta – kitob o’quvchi uchun ma’naviy ozuqa bera olish darajasida mukammal bo’lishi kerak!

Qaysi yo’nalishdagi kitob yozishni va kitob yozishdan ko’zlangan asosiy maqsadingizni to’g’ri tushunib, aniqlab olgan bo’lsangiz, kitob yozishga kirishishingiz mumkin. Quyida kitob yozishga kirishishingizdan oldin bilishingiz foydali bo’lgan maslahatlar bosqichma-bosqich keltirilgan.

  1. YOZISH UCHUN YAXSHI DAFTAR TUTING. Bugungi kunda kompyuter texnologiyalari juda rivojlangan. Yozmoqchi bo’lgan kitobingizni kompyuterda terishingiz yoki planshetlarda yozishingiz ham mumkin, ammo agar kitob yozishga jiddiy kirishga bo’lsangiz eski usluda, ota-bobolarimiz yozganlaridek qog’oz va qalamda yozishingizni tavsiya etaman. Chunki shunday qilsangiz yozganlaringiz ishonchali saqlanadi. Kompyuter texnologiyalarining buzilishi, ma’lumotlarning kutilmaganda o’chib ketishi yoki ko’p hajmda yozilgan matn fayllarining ochib bo’lmay qolishi xavfi yozganlaringizni chetlab o’tishi juda zarur. Shuning uchun, sifatli, qalin daftar tuting. Daftarning muqovasi qattiq bo’lishi maqsadga muvofiq, chunki kitobni bir haftada yozib tugatmaysiz, balki uni yillar davomida yozarsiz, bunda esa tutgan daftaringizning yaxshi saqlanishi muhimdir. Qattiq muqovali daftarlar ko’proq vaqt ish beradi. Yozish uchun foydalanadigan ruchkangizga ham e’tibor bering. Shaxsan men yomon yozadigan ruchkalar bilan ishlaganimda yozmoqchi bo’lgan fikrlarimda chalg’ib qolishim ko’p kuzatiladi. Sizda ham shunday bo’lmasin.
  2. YOZISHNI BOSHLANG. Mana bu bosqich deyarli hammada juda qiyin kechadi. Siz daftarning birinchi, oppoq, top-toza sahifasidasiz. Hech narsa yozilmagan. Men shunday vaziyatda turganimda birinchi sahifaga uzoq tikilib qolgandim. Hali biror nuqta ham qo’yilmagan oppoq sahifaning o’zi tozalik, yangilik, musaffolik sifatida katta bir asarga o’xshab tuyuladi menga. Yoqmoqchi bo’lganlaringizning qanday bo’lishi mana shu birinchi sahifaqa qaysi ruh bilan boshlashingizga bog’liq. Boshlanishiga yozishni sitagan fikrlaringizni hech qanday tartibga yoki biror qoidaga asoslanmagan holda yozavering. Keyinchalik ma’lumotlarni qaytadan tartibla olishingiz mumkin. Muhimi, hayajonga berilmang. Qanchalik ko’p yozganingiz sari yozmoqchi bo’lganingiz o’sha mavzu haqida ko’proq va aniqroq tushuncha payda bo’la boradi. Yozish davomida yozmoqchi bo’lganlaringiz haqida o’rganing. Shoshilmang va shunchaki yozishni boshlang.
  3. VOQEALAR RIFOJIGA AMAL QILING. Yozaverish jarayonida yozayotgan hodisalaringizdagi ketma-ketlik hamda voqealarning rivojlanishi jarayonini seza boshlaysiz. Kitobingizning boshlang’ich qismini yoza boshlaganingizdan so’ng bir oz to’xtab, yozmoqchi bo’layotganlaringiz uchun o’ziga hos «voqealar rivoji xaritasi»ni tuzib oling. Quyidagi ketma-ketlik yodingizda bo’ldin: PERSONAJ, JOYLASHUV, VOQEA, MUAMMO VA YECHIM. Asaringizni PERSONAJ bosqichidan yozib boshlashingiz yaxshiroq. Personaj – bu asaringizning qahramonlari. Ularni o’quvchilarga birma-bir tushuntiring. Qahramonlarning imkon qadar ko’proq jihatlarini tasvirlashga harakat qiling. Bu ularning kiyinishidan boshlab o’zini tutishigacha bo’lgan aniq va tushunarli tasvirlash bo’lishi kerak. Asar qahramonlarini tanishtirganingizdan so’ng JOYLASHUV – asardagi voqealar qayerda bo’layotganligi haqida yozing. Bunda joyning tasvirlanishi ham o’ziga hos, o’quvchiga o’sha joy haqida keng tushuncha bera oladigan darajada bo’lishi kerakligini unutmang! Keyin esa asardagi asosiy VOQEA bayon etiladi. Bu voqea asnosida kelib chiqqan MUAMMOga asarning barcha qahramonlari faol jalb qilinadi va kitob so’ngida muammo o’z YECHIMini topadi. Mana shu yozmoqchi bo’lgan kitobingizning «voqealar rivoji xaritasi»!
  4. DAM OLING, AMMO TASHLAB QO’YMANG. Tinimsiz yozish ham charchatadigan mashg’ulot bo’lishi mumkin. Kitob yozishingiz jarayonida shunday vaziyatlar ham bo’lishi mumkinki, yozishni umuman xohlamay qolishingiz mumkin. Bunday vaziyatlarda dam oling. Yozayotgan daftaringizni ko’zdan uzoqroqda, biror ishonchli joyda yashirib qo’yib, butunlay boshqa ishlar bilan mashg’ul bo’lib ketishingiz ham yozishga bo’lgan ishtiyoqingizni qayta ug’otishi mumkin. Muhimi, boshlab qo’ygan kitobingizni yozish fikridan voz kechmang! Unutmang, buyuk asarlarning birortasi ham bir-ikki kunda yozib tugatilmagan. Mashxur asarlarni esga oling – ularning yozilishi uchun yillab vaqt sarflangan. Shuning uchun ham ular hozirgacha kitobxonlar tomonidan sevib o’qiladi.

Yuqoridagi tavsiyalar kitob yozishni boshlashingiz uchun oz bo’lsa-da yordam bergan bo’lsa, yoki Sizning yozish jarayoningizga qaysidir darajada ijobiy ta’sir ko’rsatgan bo’lsa, men bundan juda xursandman! Siz o’qigan bu tavsiyalar faqatgina maslahat, xolos. Aslida yozish yozuvchining qalbidan chiqqan ijob mahsuli bo’lishi kerak, bunda esa hech qanday qonun-qoida yo’q! Eng muhimi yozish jarayonidan rohatlaning! Eng muhimi shu!

Qanday qilib kitob yozish” maqolasida 42 fikr

  1. Tofon.

    Asalomu aleykum azamat aka bir narsani soramoqchiman Google play orqali kitobni qanday qilib sotsa boladi oldindan javob uchun rahmat.
    Yana bir narsa kitobni biz nashriyotga bersak nashriyot sotadimi yoki biz sotib olib ozimiz sotamizmi ?Javob uchun kottakon rahmat?

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan