Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Qanday qilib yangi hayot boshlash

Qanday qilib yangi hayot boshlash

Hayotda yana qoqildingizmi? Nimagadir yaxshi tomonga o’zgarish, sizni qayta-qayta omadsizliklar sari boshlayotgan yomon tomoningizdan voz kechish haqida faqatgina boshingiz devorga tekkandan keyin o’ylashingizni hech sezganmisiz? Balki inson tabiati shunaqadir, lekin yaxshi tomonga o’zgarishning erta kechi bo’lmaydi. Siz bugundan boshlab butunlay yangi shaxs, yaxshiroq shaxs bo’lishingiz mumkin. Bu uchun faqat bitta narsa talab etiladi – sizdagi yaxshi tomonga o’zgarishga bo’lgan istak!Shu yoshga kirib hayotda shu narsani o’rgandimki, bu dunyoda deyarli hamma, shu jumladan o’zim ham, bajarishdan ko’ra gapirishni yaxshiroq eplaydi. Bu hayotda gapiradiganlar juda ko’p, gapirmasdan bajaradiganlar esa juda kam. Lekin siz o’sha kamchilik “gapirmasdan bajaradigan” kishilardan biri bo’lishingiz mumkin.

Yaxshi tomonga o’zgarish – bu tug’ma qobiliyat emas. Hayotini to’liq yaxshi tomonga o’zgartirish uchun kishida tajriba va yetarli darajada og’riq bo’lishi kerak. Og’riq deganda men hayotdagi adashishlar va yomon hulq-atvorimiz tufayli kelib chiqqan muammolarni nazarda tutayapman.

Men hayotimda ko’p narsani yaxshi tomonga o’zgartirganman. Bu bilan men zo’rman demoqchi emasman. Men shunchaki atrofimdagi muhitni o’zgartira oldim. Siz ham buni qila olasiz, asosiysi sizda yaxshi kelajak uchun yuksak orzu va yaxshi tomonga o’zgarish uchun bo’lgan ishtiyoq bo’lsa bo’lgani!

Bu maqolamda men hayotingizni qanday qilib to’liq yaxshi tomonga o’zgartirish haqida yozmoqchiman. Men bu bilan sizni hayotda muvaffaqiyatli bo’lishga o’rgatish niyatim yo’q. Rosti, kimgadir bu narsani o’rgatish o’zimga ham yoqmaydi. Chunki agar hozir muvaffaqiyatli bo’lish haqida yozsam men muvaffaqiyatli inson bo’lish uchun nimanidir bajarayotgan emas, muvaffaqiyatli bo’lish haqida gapirayotgan insonga aylanib qolaman. Shu sababli bundan keyingi gaplarimni hayotda muvaffaqiyatli bo’lishni o’rganayotgan va hayotdagi o’z tajribalarini dunyo bilan baham ko’rayotgan kishining gaplari deb qabul qilishingizni xohlardim.

Muvaffaqiyatli bo’lishga harakat qilayotgan kishining hatti-harakatlari piramidaga o’xshash shaklda bo’lishi kerak: piramidaning eng pastki katta qismi o’rganish va eng yuqori kichik qismi hatti-harakatni amalga oshirish. Demoqchimanki siz har doim ko’proq o’rganib, olgan bilimlaringizni amalda sinab ko’rish uchun kamroq oshiqishingiz kerak. Agar muvaffaqiyat sari harakatingiz piramidaning qurilishidan farqli bo’lsa, bu qurilgan piramida muvozanatini yo’qotib tez orada qulab ketadi.

Qisqasi, men sehrli tayoqcham bilan sizni yaxshi tomonga o’zgartirib qo’yolmayman, chunki menda bunaqa qobiliyat yo’q. Agar bo’lganda ham men bu ishni qilmasdim. Chunki mehnat qilib topilgan narsa shirin bo’ladi. Buning o’rniga men hayotda muvaffaqiyatli bo’lish haqidagi men o’rgangan tajribalarni sizga ham o’rgatishim mumkin. Muvaffaqiyatli bo’lishni o’rganish davomida siz ham faol ishtirok etishingiz kerak. Chunki bu yerda o’qiganlaringizni amalda sinab ko’rmasangiz o’rganishning foydasi bo’lmaydi. Shu sababli o’rgatish davomida sizga uyga vazifalar ham berib boraman. O’rganish va amaliyot orqali kundan-kunga rivojlanib, super insonga aylanib borayotganligingizni tez orada o’zingiz his qila boshlaysiz.

Muvaffaqiyatli bo’lishga erishishni bosqichma-bosqich boshlaymi. Demak… boshladik!

1. Bugundan boshlab yangi odatlar orttiring.

Inson dunyodagi eng mukammal organizm (menimcha). Inson tanasidagi eng murakkab va mukammal ishlaydigan yagona a’zo bu miya hisoblanadi. Inson tug’ilishidanoq uning miyasida ma’lum darajada o’rganilmaydigan bilimlar, hatti-harakatlarni bajarish haqidagi tushunchalar mavjud bo’ladi. Shartsiz reflekslarni ham shunday tushunish mumkin.

Inson miyasida biologik organizm, mavjudot sifatida imkon qadar uzoqroq vaqt tanani tirik holda saqlab turish va imkon qadar ko’proq nasl qoldirish haqidagi axborot birinchi raqamli vazifa sifatida muhrlangan. Buning isbotini har bir kishi o’z tanasida topishi mumkin. Masalan, qo’limiz kuyadigan darajada issiq jismga tegsa o’zimiz xohlamasak ham miyamiz asab tolalari orqali qo’limizni o’sha issiq jismdan darhol uzoqlashtiradi. Bu tananing “o’zini o’zi himoya qilish” tizimi ishga tushdi degani. Bu miyaning inson o’zi boshqarmaydigan “odati”. Nasl qoldirish masalasida ham huddi shunday. Bularning barchasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, miyamizda biz bilmagan, tug’ilganimizdayoq mavjud bo’ladigan “odatlar” bor.

Bungi kunga kelib insoniyat uchun ibtidoiy jamoa tuzumi davridagi miya odatlari: tanani tirik saqlab qolish va imkon qadar ko’proq nasl qoldirish asosiy vazifalar bo’lmay qoldi. Biz endi zamonaviy bo’la boshladik, miyamizda yangi hayotiy “odatlar” paydo bo’lib boshladi. Biz yaxshi kasbda ishlashni va ko’proq pul topishni xohlaymiz, hayotning hamma sohasida birinchi bo’lishga intilamiz, eng zamonaviy rusumdagi mashinamiz bo’lishini xohlaymiz va qomatimizni TV-shoularda ko’rsatiladigan super modellarning qomatlariga o’xshatishga harakat qilamiz. E, xa! Sal qolsa unutibman: yana biz baxtli bo’lishni ham juda xohlaymiz!

Bularning barchasi yangi istaklar. Vaziyat va sharoitdan kelib chiqqan holda miyamiz ham yuqoridagi talablarni hisobga olib yangidan yangi “odatlar”ni o’zlashtiraveradi.

Endi bu “odatlar”ni qanday qilib biz uchun foydali tomonga o’zgartirish haqida gaplashsak. Birinchidan, shu narsani tan olish kerakki miya uchun odatga aylanib ulgurgan narsadan osonlik bilan voz kechib bo’lmaydi. Yuqorida keltirilgan misoldagi yashash uchun kurash va nasl qoldirish “odat”larini misol qilib keltirish mumkin. Hozir bizning miyamizda juda ko’p “odatlar” bor. Dunyo esa soat sayin yangilanib borayapti: biz yangi bilimlar olayapmiz va tinimsiz ravishda yangi odatlar orttirayapmiz. Miyamizdagi 1 ta odatni tashlashga urinayotganimizda o’zimiz bilmagan holda miyamiz yana 5 ta yangi odatni o’zlashtirgan bo’ladi. Shunday ekan miyamizdagi hech bir odatni tashlashga bekorga harakat qilmaylik. Ikkinchidan, miyadagi odatlar biz ularni qanchalik tez-tez ishlatishimizga qarab mustahkamlana boradi. Demoqchimanki, agar siz yangi ijobiy odat orttirsangiz va bu odatingizni har kuni kanda qilmay amalda qo’llasangiz, bu miyangizdagi boshqa zararli odatlarni ham yengib o’ta oladigan eng kuchli yaxshi odatga aylanadi!

Sizning mukammal va muvaffaqiyatli inson bo’lishingiz uchun o’zingizga mos eng yaxshi odatlarni o’zingiz mustaqil tanlashingiz kerak. Bu haqida o’ylab ko’ring: kasbingiz, oilangiz, o’zingiz va atrofingizdagilar uchun siz o’zingizni qanday holatda ko’rishni xoylaysiz? Shunda kelib chiqib yangi odatlar orttiring.

Boshlashingizdan oldin muhimligi bo’yicha birinchi raqamli bo’lgan, “hoziroq orttirib olmasangiz bo’lmaydigan” odatlardan birini aytmoqchiman. Bu odat – HOZIR BAJAR degan odat. Harakatni HOZIR bajarishga odatlaning. Bir narsaga qasd qildingizmi, shu narsani ertaga emas, bir soatdan keyin emas, yoki besh daqiqadan keyin emas, HOZIR bajaring! Soatingizga qarangchi rejangizni qachon, soat nechada bajarishingiz kerak ekan:

 nowwatch

Menimcha bu rasmdagi soat dunyodagi vaqtni eng to’g’ri ko’rsatadigan soat bo’lsa kerak. Qolgan ishga qor yog’adi. Muvaffaqiyatli bo’lishni HOZIRdan boshlang! Bu sizning birinchi yaxshi odatingiz bo’lsin.

Hamma narsani hozir bajarishga o’rganganingizdan keyin quyidagi qoidalarga amal qiling:

  • Ish-harakatni bajarish uchun energiyangiz va kuchingiz eng ko’p bo’ladinga kun qismini tanlang. Masalan men uchun tong – kuchim eng ko’p bo’lgan vaqt. Shaxsan men kechasi ishlashdan ko’ra ertalab ishlasam ishimning samarasi ko’proq bo’ladi;
  • Eng qiyin ishlarni birinchi navbatda bajaring. Hayot o’zi shunaqa – bajarilishi oson bo’lgan ishlar shundaysiga ham bajarilib ketilaveradi. O’tiring va o’ylang: hozirgi mammolaringizni hal qilishingizga to’sqinlik qilayotgan eng qiyin ish nima? Eng qiyin vazifangizni toping va uni HOZIRdan bajarishga kirishing. Ishlaganingiz sari ishingiz osonlashib boraveradi, chunki siz eng qiyindan osonga qarab harakatlanayapsiz;
  • Bugun bajarishingiz kerak bo’lgan 5 ta eng muhim ishlar ro’yxatini tuzing. Lekin bu 5 ta ish dunyoga hukmronlik qilishdek bajarilishi qiyin bo’lgan super katta vazifa bo’lmasin. Boshlanishiga o’z oldingizga juda oson 5 ta vazifa qo’ying va kun davomida faqat shu 5 tasini bajarishga harakat qiling. Keyinchalik vazifalar sonini o’zingizdan kelib chiqib oshirishingiz mumkin bo’ladi;
  • Maqsadingiz biror ishni bajarishda muvaffaqiyat qozonish emas, balki o’sha ishni bajarish jarayonining o’zi bo’lsin. “Sabr qilsan g’o’radan holva unadi” degan maqolni unutmang! Ishingizning natijasini ko’rishga shoshilmang. Muhimi shu ishni bajarayotganingiz bo’lsin. Bu huddi tosh ko’tarishni mashq qilishga o’xshaydi: siz boshidan 500 kilolik shtangani ko’tarishga oshiqmaysiz. Sizning vazifangiz mashq xonasiga har kuni borish va mashq qilish, kechagiga nisbatan sal og’irroq bo’lgan toshlarni ko’tarishga urinishingiz bo’ladi. Natijaga shoshilmang. Ishning o’ziga e’tibor qarating!

UYGA VAZIFA #1: Bilaman, hammalaringiz uyga vazifalarni yoqtirasizlar, shuning uchun sizlarga birinchi bo’limimizga ko’ra uyga vazifa bermoqchiman. HOZIROQ ertaga qilishingiz kerak bo’lgan 5 ta ish ro’yxatini tuzing va ro’yxatni ishning qiyinligi bo’yicha tartiblab chiqing. 1-raqamda ro’yxatning eng qiyin ishi bo’lsin. HOZIROQ uyg’otkichingizni odatdagi vaqtdan bir soat oldinga sozlang, ertaga ertaroq turib reja qilgan 5 ta ishingizni bajarishga kirishing!

UYGA VAZIFANI BAJARMASDAN TURIB DAVOMINI O’QIMANG!!!

2. Yiqilganda qayta turishni o’rganing.

Siz hayotingizni to’liq yaxshi tomonga o’zgartirishni o’rganayotgan, foydali odatlar ottirishga harakat qilayotgan vaqtingizda omadsizliklarga uchraysiz va yiqilasiz. Bir emas bir necha marta yiqilasiz. Chunki siz yangi narsalarni o’rganayapsiz va yangi narsalarning o’rganilishi har doim qiyin bo’ladi.

Lekin siz har safar yiqilganingizda qayta turish uchun kuch topa olishingiz kerak. “Mening omadim kelmadimi, demak men hoziroq yana boshqatdan urinib ko’raman!” deyishingiz kerak. Yiqilguningizda bo’lgan omadsizligingiz qanchalik daxshatli bo’lmasiz, siz o’zingizda qayta turish uchun kuch topa olishingiz shart!

Yiqilib, qayta turishni o’rganishingizgacha bo’lgan birinchi qadam – bu nima uchun yiqilishingizni tushunib olish. Siz hozir qilishingiz mumkin bo’lgan ishni qayta-qayta ortga suraverishingiz tufayli yiqilasiz. Esimda, bir kuni do’stimning tug’ilgan kuniga bormoqchi bo’lib shoshayotgandim, lekin kun davomida bajarishni rejalashtirgan ishlarimning faqat 1 tasi qolgan edi. Men tug’ilgan kunga borishga oshiqib “Hali vaqtim bor, tug’ilgan kunga borib kelay, kechga uxlashdan oldin albatta bu ishni yakunlayman!” deb tug’ilgan kunga ketgandim. Hozirgacha hayronman, o’shanda o’zimga o’zim aytayotgan safsatamga qanday ishongan ekanman-a? Tahmin qilganingizday, tug’ilgan kundan kelganimdan keyin rejalashtirgan ishim u yoqda tursin hatto keyingi kunga yangi reja tuzishga ham ulgurmay uxlab qolganman.

Balki yuqoridagi yozayotganlarimni o’qib meni juda tartibli, boshlagan ishini oxiriga yetkazadigan, hech qachon xatolarga yo’l qo’ymagan, deb o’ylayotgan bo’lishingiz mumkin. Lekin ishonavering, men sizdan ancha erinchoqroqman. Hatto dunyodagi eng erinchoq odam bo’lsam kerak. Hayotimni to’liq yaxshi tomonga o’zgartirishga niyat qilib buning uddasidan chiqqanim esa mening kuchliligimdan emas, shunchaki mo’jiza ro’y berib menda hammasi o’z o’rniga tushib ketgani tufayli sodir bo’lgan.

Bunday deyishimning sababi – bilingki, siz erinchoqlik va dangasalik bo’yicha yolg’iz emassiz! Siz va menga o’xshaganlar juda ko’p. Eng asosiysi biz nima uchun dangasalikka taslim bo’layotganimizni tushunib yetish. Tushunib yetishning eng yaxshi yo’li – tan olish! Dangasaligingizni tan oldingizmi? Yaxshi! Demak siz hozirgina dangasalikni yengish bo’yicha super chempion bo’ldingiz! Tan olish – mardning ishi!

Shu soniyadan boshlab xatolaringizni tan olishni o’rganing. Men hatolaringizni kechiring demayapman, ularni tan oling deyapman! Har safar yiqilganingizda sizni yiqitgan xatolaringizni tan olib qayta turing va kurashni davom ettiring!

Hayotda yiqilganingizdan keyin qancha vaqt tura olmay yotishingizning ahamiyat yo’q. Masalan sportda bunday emas. Boksda nakdaun bo’lsangiz tezroq o’rningizdan turishingiz kerak. Chunki chegaralangan vaqt o’taveradi, hakamlar qarab turadi va kuch yig’ishga imkoniyat bo’lmaydi. Hayotda esa sportdagidek emas: yiqildingizmi, xatolaringizni bemalol tan olib, ular haqida o’ylab ko’rib, keyin o’rningizdan tursangiz bo’ladi. Aniq chegaralangan vaqt yo’q. Hech kim yiqilganingizni ko’rmaydi. Siz o’zingizning kichik dunyochangizda, hech kimga ko’rinmagan holda kuchsizlarga qayta-qayta yiqilaverishingiz mumkin. Qayta turish orqali kuchga to’lganingizda esa hammaning ko’z o’ngida kuchli shaxs sifatida uyalmasdan chiqaversangiz bo’ladi. Bu vaqtgacha esa yaxshilab mashq qilishingiz kerak.

Yiqilishingiz har qancha qattiq bo’lmasin, baribir turishni uddalang. Perfekshanizm sizning eng katta dushmaningiz! Hech qachon mukammal bo’lishga urinmang. Yiqildingizni, turish uchun harakat qiling, o’zingizni ayblash uchun emas! “Voy, mana yiqildim. Men dunyodagi eng yomon odamman. Mening qo’limdan hech narsa kelmaydi. Men qo’rqoqman…”. Yig’ishtiring bu safsatani! Siz o’rganayapsiz. O’rganishda esa xatolar bo’ladi!

Kun davomida o’zingizga bir necha marta imkoniyat bering. Sizga buyuk ishlar uchun harakat qilayotganingizni kimdir yoki nimadir eslatib tursin. Masalan, xonangizning har kuni ko’rinadigan joyiga “Yaxshi tomonga o’zgarayapsanmi?” deb yozib qo’ying, yoki telefoningizga har 3 soatda jiringlab chiqadigan eslatmaga “Buyuk ishlar qilishga harakat qilayotganing esingdami?” deb saqlab qo’ying.

Xatolaringizning yomon ta’siri bo’lmasligini tan oling. Xatolar baribir o’rganish qismida qolib ketadi. Shaxsiyatingizda esa faqat sinovdan o’tgan yaxshi jihatlaringiz doimiy qoladi. Katta-katta seminarlarda nutq so’zlaydigan bir do’stim bor. U minbarda gapirganda shunchalar ravon va to’xtovsiz gapiradiki, ba’zan uning nutq qobiliyatini ko’rib u doimiy shunday gapira oladi deb o’ylayman. Lekin ishonavering, u ham nutq so’zlashni seminarlardan oldin kechalari uxlamasdan mashq qiladi. Tabiiyki tayyorlanish va o’rganish davomida u juda ko’p xatolar qiladi. Ammo siz va men buni ko’rmaymiz. Bizga faqat minbarda chiroyli gapirayotgan kishi ko’rinadi, o’rganayotgan vaqti ming martalab gapini yo’qotib qo’ygan kishi emas. Shunday ekan, har qanday xato qilsangiz ham uni fojea sifatida emas, o’rganish yo’lidagi bir tajriba sifatida qabul qiling.

UYGA VAZIFA #2: Tanlagan yo’lingizdan borayotganingizni kun davomida eslatib turadigan yozma yoki telefon budilnigi ko’rinishi eslatmani hoziroq yozib qo’ying. Bu eslatma kun davomida 5-9 marta sizga nima qilayotganingizni eslatib turishi kerak.

YUQORIDAGI UYGA VAZIFANI HOZIROQ BAJARMASINGIZDAN TURIB O’QISHNI DAVOM ETTIRMANG. JIDDIY TAYAPMAN!!!

3. Qo’rquvingizni yengishni o’rganing.

Okey, biz oddiy narsalarni o’rganib bo’ldik. Endi jiddiroq gaplarga o’tamiz.

Agar e’tibor bergan bo’lsangiz yuqorida men faqatgina sizning ojizligingiz haqida yozdim. Bular “sizning qanchalar kuchsiz ekanligingiz, kuchli bo’lishga harakat qilish uchun nima qilishingiz kerakligi” haqida edi.

Endi bu qismda “sizning qanchalar kuchli ekanliginiz, yaxshi harakat qilsangiz nimalar qila olishingiz va qo’rqishingiz kerak bo’lgan hech narsa yo’qligi” haqida yozaman.

Bilasizmi, qo’rquv insonni katta ishlar qilishdan to’sib turadi. Shu kungacha dunyoda milliardlab odamlar oddiygina qo’rquvlari tufayli ko’p narsalarga jur’at etolmay, o’zlarini dunyodagi eng kuchsiz mavjudot sifatida tan olishgan.

Har bir odamda “xavfsiz hudud” degan ruhiy zona bor. Bu hudud chegarasini qo’rquv janobi oliylari juda qattiq qo’riqlaydi. Agar siz o’z “xavfsiz hudud”ingizdan chiqa olsangiz – marra sizniki! Bu uchun sizning “xavfsiz hudud’ingiz qanchalar kengligini anglab olishingiz kerak. Buni tushinish uchun siz xavfsiz hududingizdan tashqariga chiqishingiz kerak.

Bu haqida o’ylashingiz foyda bermaydi. Buni his qilishingiz kerak.

His qilishning usullari juda ko’p va hamma bundan har hil foydalanishi mumkin. Kimdir parashutdan sakraydi, kimdir umrida birinchi marta tirik qumirsqani yutib yuboradi, yana kimdir esa boks bo’yicha jahon chempioni bilan ringga tushishga qaror qiladi. Nima qilishingizdan qat’iy nazar siz qo’rquvni yengish uchun xavfsiz hududingizdan chiqishni o’rganishingiz kerak.

O’rganish esa har doim juda qiziq bo’lgan! Xavfsiz hududdan chiqib siz uchun imkonsizday ko’ringan narsalarni sinab ko’rish juda zo’rku! Yangi narsalarni o’rganasiz, yangi holatda o’zingizni sinab ko’rasiz, nima to’g’riyu, nima noto’g’riligini tushunib yetasiz! Keling bir necha misollar bilan hozir xavfsiz hududingizdan chiqishga urinib ko’ramiz.

Tasavvuringizda o’zingizni eng yomon vaziyatga solib ko’ring. Juda daxshatli, uyatli, yomon va qo’rqinchli vaziyatga. Har kim uchun bunday holat turli hil bo’lishi mumkin. Hoziroq qog’ozga o’zingizning juda yomon holatga tushgan vaziyatingizni yozing. Farqi yo’q, bu holat birinchi marta uchrashuvga chiqqaningizda qiz bolaning oldida shimingiz yirtilib ketgani bo’ladimi, hayvonot bog’ida to’satdan yo’lbarsning qafasiga tushib qolganingiz bo’ladimi yoki bog’lig’ingiz sizni ishdan bo’shatgan vaziyat bo’ladimi. Eng muhimi bu holat siz uchun juda qo’rqinchli, sizni yomon ahvolga soladigan holat bo’lsin.

Yomon vaziyatingizdagi og’riqni his qiling. Bu og’riq bo’ladimi, uyatmi, vahimami… nima bo’lganda ham hozirgina yozgan holatingizda o’zingizni qanday his qilishingizni real vaqtda o’z tanangizda his eting. Miyangiz minglab nerv tolalarini boshqaradi. O’zingizni eng qo’rquvli holatda deb tasavvur qiling va bir necha soniya ichida butun tanangiz qo’rquv bilan o’ralayotganini his qilasiz.

Yomon hissiyotingizni jilovlashni o’rganing. Mana hozir siz o’zingizni yomon holatda tasavvur etib ko’rdingiz. Endi miyangiz va tanangiz tinchlanishidan avval sizda hozir bo’layotgan hissiyot: qo’rquv, uyat, jahl yoki vahimani jilovlashni mashq qilib ko’ring. Qog’ozda yozgan vaziyatingizni qayta o’qing: bu vaziyatdan kelib chiqqan yomon ahvolingizni qanday qilib yengib o’tasiz? Harakat qilish va hissiyotlaringizni jilovlash davomida o’zingizga o’zingiz savol bering: “Mana hozir men xavfsiz hududimdaman, agar hozir shu hissiyotlarimni jilovlashni uddalay olmasam haqiqiy vaziyatlarda o’zimni qanday tutaman?”.

UYGA VAZIFA #3: Har kuni o’zingizni ataylab qiyinroq va qiyinroq bo’lgan vaziyatlarga solib ko’ring. Har kuni bajarishga erinayotgan narsalaringizni majburan bajaring. Jur’at eta olmay yurgan narsalaringizni qilish uchun jur’at toping. Parxez qiling, muskullaringizni mashq qiling, chekishni to’xtating, bekorchi o’yinlar yoki telefonda soatlab gaplashishdan voz keching. Nimayiki siz uchun imkonsiz yoki qiyinday tuyulgan bo’lsa qo’rquvingizni yenging-u, shu odatning aksini qiling!

TOPDINGIZ… UYGA VAZIFANI BAJARMASDAN DAVOMINI O’QIMANG.

4. Filning dumi bo’ling.

Siz hayotingizni to’liq yaxshi tomonga o’zgartirib, mukammal inson bo’lishga ahd qilgan ekansiz, “Filning dumi bo’lgandan ko’ra itning boshi bo’lgan yaxshiroq” degan maqoldan voz keching. Siz atrofingizni imkon qadar har doim o’zingizdan mavqei, kuchi va aqli ancha baland bo’lgan odamlar bilan o’rashga harakat qilishingiz kerak. Agar atrofingizda sizdan battar kishilar yig’ilib qolgan bo’lsa, kun davomida faqat bekorchi va omadsiz kimsalar bilan birga bo’lsangiz hech qachon rivojlana olmaysiz. Ammo atrofingizda ko’rib o’rnak olishga arzigulik kishilar bo’lsa, ularga havas qilib yuqoriga – ular turgan bosqichga chiqish uchun harakat qilasiz.

Itning boshi emas, filning dumi bo’ling (va boshi bo’lishga harakat qiling!).

Faqatgina muvaffaqiyatlilar davrasida bo’lishning o’zi yetarli emas. O’zingizdan yuqoriroqda bo’lgan kishilar bilan birga bo’lganingizda bilishingiz kerak bo’lgan yana bir narsa bor. Biladigan narsalaringiz haqida emas, bilmaydigan narsalaringiz haqidagi suhbatlarga qo’shilishga harakat qiling. Unutmang, siz allaqachon sizdan ancha yuqori saviyada bo’lgan kishilar orasidasiz. Ular sizning nimanidir bilishingizga muxtoj emas. Lekin ularda sizga kerakli bo’lgan bilim va tajriba bor. Shuning uchun ko’proq eshitib kamroq gapirishni o’rganing.

UYGA VAZIFA #4: O’zingizdan aqlliroq, muvaffaqiyatliroq, kuchliroq, boyroq, tadbirkorroq bo’lgan odamlar bilan do’stlashing. Ulardan nimanidir o’rganishga, har birining qaysidir yaxshi jihatini o’zingizniki qilib olishga harakat qiling. Agar o’zingizni juda super deb hisoblasangiz va sizdan yaxshiroq bo’lgan kishini topa olmasangiz buyuk insonlar haqida yozilgan biografik asarlarni o’qing. Nobel mukofotini olgan kishilar hayoti yoritilgan maqolalarni internetdan topib o’qing. Har kuningizni shaxsiyatingizni yuksaltirish uchun sarflang.

UYGA VAZIFANI BAJARING, KEYIN O’QISHNI DAVOM ETTIRASIZ!!!

XULOSA

Mana hozir yomon ahvolda turibsiz, yoki qayta-qayta yomon ahvolga tushaverishdan charchab hayotingizni to’liq yaxshi tomonga o’zgartirishga urinayapsiz. Shu sababli ham yozganlarimni o’qib chiqdingiz, uyga vazifalarni bajarishga harakat qildingiz. Ammo asosiy savol javobsiz qolayapti: Nima uchun o’zgarishni xohlayapsiz? Hozirgi holatingiz o’zgarsa, shaxsiyatingiz yaxshilansa o’zingizni avvalgidan ko’ra baxtliroq his qilishingizga ko’zingiz yetadimi? Balki holatingizni yaxshilashingiz uchun o’zingizni emas, muhitingizni o’zgartirishingiz kerakdir?

Nima bo’lganda ham bitta narsani yodda turing: har qanday muhitda bo’lmang siz to’liq mukammal bo’lishga harakat qilmaysiz. To’liq mukammallik hech qaysi sohada bo’lmaydi. Siz shunchaki kechagidan ko’ra bugun yaxshiroq odam bo’lishga va ertaga bugunning xatolarini takrorlamaslikka harakat qilishingiz kerak.

Maqolam juda cho’zilib ketdi. Blogimdagi eng uzun maqola bo’ladi bu, menimcha. Shu yerda tugatmoqchiman. Sabr bilan o’qiganingiz uchun raxmat. Yozganlarim hayotingizni yaxshi tomonga o’zgartirishda ijobiy yordam beradi deb umid qilaman. Raxmat!

Qanday qilib yangi hayot boshlash” maqolasida 22 fikr

  1. Madinabonu

    Assalomu alaykum.Ushbu maqolangizda mening anchadan beri maqsad qilgan ammo jur’atsizlanayotgan ishim aks etibdi.Hozircha 2 bosqichdan o’tdim.Barchasini aytganingizdek bajardim.Davomini juda mutaola qilgim keldi ammo na chora taqiqlabsiz.Bu ham mani foydamga. Sizga juda ham lol qoldim.O’zim anglab yetmagan haqiqatlarni ko’nglimdan kitobdan o’qigandek yozibsiz.Chindan ham mani ilimga ruhlantirdingiz.Juda minnatdorman.Ha aytgancha saytingizda she’rlarimni joylashtirishingizni juda hohlardim,lekin avval ularga baho va maslahat berishingizni iltimos qilaman! Fikringizni bildiring?

    Javob berish

  2. Dilshod

    Raxmat Azamat aka bu maqolangizdan o’zim uchun ancha saboq oldim ishlarizga rivoj sidan yangi maqolalar kutib qolamiz. bugun o’zim uchun juda ko’p maqollalarizi yozib oldim hammasi uchun rahmat.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan