Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / O’zbekistonlik superblogger uchun eng zarur 4 ta narsa

O’zbekistonlik superblogger uchun eng zarur 4 ta narsa

Bloggerlikka kimning qiziqishi qanday ekanligini bilmadim-u, lekin men so’nggi bir yil davomida bu sohaga asosiy ishlarimdan ham ko’proq vaqt ajratish darajasida qiziqayapman. Saytim orqali fikrlarimni minglab o’zbekistonliklar o’qishlari, yozganlarim hech qanday cheklovlarsiz butun dunyoga bir zumda tarqalishi meni alohida ilhomlantiradi. Saytim bilan men o’zimni jurnalistdek his etaman. Saytim o’zim uchun mening shaxsiy televideniyam, yoki radio kanalimdek tuyuladi. Uning efirida o’zim xohlagan kuy taraladi, o’zim qiziqqan ma’lumotlar uzatiladi. TV yoki radio efirdan farqli ravishda foydalanuvchilar bilan saytim orqali muloqotga ham kirisha olishim faoliyatimning yanada jonli bo’lishini ta’minlaydi.

O’zbekistonda bloggerlik sohasi hali kasb darajasigacha yetgani yo’q, deb hisoblayman. Shunday bo’lishiga qaramasdan bugungi kunda o’zini blogger hisoblovchi faol sayt adminlarimiz juda ko’p. Shular jumlasidan kamina ham bloggerlikni kasbim, o’zimni esa blogger, deb hisoblayman. Yaxshi bloggerlar milliy internetimiz uchun juda kerak. Blogger bo’lish uchun esa ko’p narsa talab etilmaydi: bitta sayt, o’zingiz qiziqqan sohaga oid yetarlicha bilim va har kuni ma’lum miqdordagi bo’sh vaqt! Agar Siz ham bloggerlikni boshlamoqchi bo’lsangiz va buning uchun nimalar kerak bo’lishini bilmayotgan bo’sangiz, ushbu maqola Siz uchun.

Maqola bloggerlik sohasini endigina boshlamoqchi bo’lib turganlar uchun. Shu sababli barcha ma’lumotlarni imkon qadar sodda usulda yetkazishga harakat qilaman. Maqsadim, o’z shaxsiy blogini ochish va yuritishni xohlovchi, ammo sayt borasida yetarlicha tushunchaga ega bo’lmaganlarga yordam berish.

O’z shaxsiy blogingizni ochishingiz va O’zbekistonda muvaffaqiyatli blogger bo’lib yetishishingiz uchun Sizga quyidagi 4 narsa kerak bo’ladi:

1. DOMEN VA HOSTING. Saytimda domen haqida ham, hosting haqida ham alohida maqolalar yozganman. Domen – bu saytingizning nomi va manzili. Domeningiz har qanday so’zdan iborat bo’lishi mumkin. Misol uchun, mening saytim domeni – www.azamat.uz. Hosting esa saytingiz fayllari uchun ajratilgan joy. Domeningiz foydalanuvchilarni hostingga yo’naltiradi, hosting esa o’zida saqlanayotgan fayllarni foydalanuvchilaringizga ko’rsatadi.

O’zbekistonda sifatli hosting xizmatini topish juda qiyin. Deyarli barcha hosting kompaniyalarimizda kamchiliklar juda ko’p. Qachon bizda ham xorijdagidek tez ishlaydigan, cheksiz resurslar arzon narxlarda taklif etiladigan, ishonchli hosting tashkil etilishini hozircha bilmayman. Shunday ekan, bor xizmatlarning eng yaxshisini tanlab ishlatishimizga to’g’ri keladi.

O’zimning bir necha yillik tajribamga suyangan holda bugungi kunda aHost provayderi eng sifatli hosting xizmatini ko’rsatayapti, deyishim mumkin. aHostda saytlar boshqalarga nisbatan ancha tez ishlayapti. Provayderning telefon orqali yordam ko’rsatish xizmati ham qoniqarli darajada. Narxlar ham ancha arzon: 200 megabayt joyni bir yillik 120 000 so’m to’lov evaziga harid qilishingiz mumkin (+ bitta .uz domenni bepul sovg’a qilishadi). .uz domenni esa boshqa registratorlardagidek bir yilga 25 000 so’m evaziga sotib olishingiz mumkin. aHost provayderining domen va hosting uchun tariflari bilan tanishib chiqing. Blogingizni yuritish uchun bir yilda tahminan jami 150 000 so’m xarajat qilishingizga to’g’ri keladi.

2. WORDPRESS. Domen va hostingga ega bo’lganingizdan so’ng unga o’z saytingizni o’rnatishingiz kerak bo’ladi. WordPress tizimi yordamida o’z saytingizni bir necha daqiqalarda o’rnatib, ishga tushirishingiz mumkin. Bu tizim aynan bloggerlar uchun yaratilgan bo’lib, unda superblogger sifatidagi faoliyatingizni muvaffaqiyatli amalga oshirishingiz uchun kerak bo’ladigan barcha qulayliklar mavjud.

Tizimning admin interfeysi tushunarli va o’rganish uchun oson. Saytimning WordPress uchun ajratilgan bo’limida tizim bilan ishlashga oid o’rgatuvchi ma’lumotlarni topishingiz mumkin. Tez kunda WordPress rasmiy saytining O’zbekiston qismini boyitish va jonlantirishga kirishamiz. U yerda ham keyinchalik WordPress tizimini o’rganishingiz uchun kerak bo’ladigan ma’lumotlar joylab boriladi.

Agar WordPress asosidagi saytingizni o’rnatish yoki unga xizmat ko’rsatish bo’yicha yordamimiz kerak bo’lsa, murojaat etishingiz mumkin.

3. ENG KUCHLI HISSIYOTINGIZ. Hosting va domenni olib, WordPressni o’rnatganingizdan so’ng blogingiz jismoniy jihatdan tayyor hisoblanadi. Ammo unga jon bag’ishlovchi asosiy jihat saytingizga kiritiladigan ma’lumotlar ekanligini unutmasligingiz kerak! Maqolalar va ma’lumotlarsiz hech bir saytning qadri bo’lmaydi.

Ziyonet tarmog’ida ochilgan ammo birorta ham ma’lumot kiritilmagan bloglarga juda ko’p guvoh bo’lganman. Ularning aksariyati o’qituvchilar bloglari hisoblanib, mening fikrimcha, yuqori tashkilotlar, boshqarma yoki rahbariyatning buyrug’i asosida majburan ochilgan. «-Sayting bormi?» «-Bor!». Bunga o’xshash nomi bor, ammo o’zi yo’q bo’lgan saytlardan zarar bo’lsa bo’ladiki, foyda bo’lmaydi!

Blogingiz o’zingizni, qiziqishingizni, hissiyotlaringizni ifodalashi kerak. Qanaqa mavzuda blog ochishingiz ahamiyatsiz – har qanday holatda ham unga qiziqish bildiruvchilar bo’ladi. Ammo birnchi navbarda blogingizga o’zingiz qiziqishingiz kerak. Chunki unga har kuni kirib, blog mavzusiga mos maqolalar, yangiliklar qo’shib turadigan kishi Siz bo’lasiz! Shunday ekan, saytni boshqalar uchun ochmang, uni o’zingiz uchun oching. Sayt mavzusini «Odamlar nimaga ko’proq qiziqar ekan?» degan savol asosida tanlamang. «Men nimaga qiziqaman?», «Men har kuni qaysi mavzuda zavqlanib, charchmasdan, hisssiyot bilan maqolalar yoza olaman?», «Blogimni qaysi mavzuda ochsam uni sevib yuritaman?» degan savollarga o’zingiz uchun javob toping va bu javobni blogingizning asosiy mavzusiga aylantiring. O’zingiz qiziqqan bitta yoki ikkita sohani tanlab oling-da, blogingizda har kuni shu mavzularga oid o’zingiz bilgan, o’rganayotgan yoki o’rganishni xohlagan ma’lumotlarga asoslanib maqolalar yozing.

Blogingizda o’z hissiyotingizni ifodalay oling. O’zingiz qiziqadigan mavzu asosida maqolalar yozishdan zavqlaning. Shunda sayt foydalanuvchilari ham ko’p bo’ladi, Sizning maqolalaringizni o’quvchilar ham kun sayin ko’payib boraveradi. Blogingizni, undagi asosiy mavzuni avval o’zingiz seving, shunda saytingizni boshqalar ham sevib qolishadi.

4. SAYT UCHUN AJRATILADIGAN VAQT. Blogingizni ochganingizdan so’ng unda o’zingiz yoqtirgan mavzularga asoslanib maqolalar yozasiz. Maqolalar original bo’lishi, boshqa saytlardan ko’chirilmasligi juda muhim. Bundan tashqari saytga tez-tez yangi maqolalar joylab turmasangiz, blogingizni o’quvchilar eski ma’lumotlardan zerikib qolishlari, hatto saytingizga kirmasliklari natijasida Siz haqingizda unutib qo’yishlari ham mumkin. Doimiy o’quvchilarni saytda saqlab qolish, ularga qiziqarli original maqolalarni taqdim etish vaqt va mehnat talab etadi. Saytingiz uchun alohida vaqt ajratishni o’zingiz uchun maqsad qilib oling.

Bloggerlik Siz uchun asosiy kasbingizdan tashqari ikkinchi darajali faoliyat bo’lishi mumkin. Ammo Siz saytingizga har kuni e’tibor qaratishingiz kerak bo’ladi. Maqola juda katta bo’lishi shart emas. Hatto 4 qator yozuv ham saytingizga qo’shilgan yangi maqola hisobiga o’tishi mumkin. Muhimi – saytingizni tirik saqlab turishingiz kerak. Saytingiz uchun qanchalik sifatli vaqt ajratsangiz, blogingiz ham Sizga huddi shunday sifatli samara keltiradi.

Agar yuqoridagi 4 narsani o’zingiz uchun topa olsangiz, yurtimiz uchun nisbatan yangi bo’lgan bloggerlik sohasida muvaffaqiyatga erisha olishingizga umid qilishingiz mumkin. Menimcha, sanab o’tilgan 4 narsa bloggerlikni maqsad qilib olgan kishi uchun juda oson topiladi. Arzimasdek tuyulgan bu talablarni to’liq qanoatlantira olsangiz, bloggerlik orqali katta muvaffaqiyatlarga erishishingiz mumkin.

Shu o’rinda maqolamni yakunlashdan oldin bloggerlikdan olinishi mumkin bo’lgan foydalar haqida yozmoqchiman. Agar shaxsiy blogingizni ochib, uni risoladagidek (kuniga kamida 1 ta maqola) yuritsangiz, quyidagi foydalarga erishish imkoniyatingiz bor:

  • saytingiz mashxur bo’lib ketsa, unga reklama joylastirish orqali pul ishlashingiz mumkin;
  • blogingiz mavzusiga oid sohalarda boshqalar bilan fikrlashish, o’rganish imkoniyatiga ega bo’lasiz;
  • sohaga oid bilimingizni butun O’zbekistonda namoyish eta olasiz;
  • o’zingiz kutmagan tijorat, hamkorlik takliflari bilan Sizga murojaat qilishlari ehtimoli paydo bo’ladi;
  • o’z mustaqil fikringizni yanada yorqinroq ifodalay olasiz, fikringizni keng doirada muhokama qila olasiz;
  • bloggerlar tanlovlarida, sayt tanlovlarida ishtirok etib faxrli o’rinlarni egallashingiz mumkin;
  • bilganlaringizni boshqalarga ham o’rgatish baxtiga erishasiz;
  • yangi maqola yozish uchun yangi narsalarni o’rganasiz, rivojlanasiz, o’z ustingizda ishlaysiz;
  • hamkorlaringiz, hamkasblaringiz ko’payadi, turli viloyatlardan yangi do’stlar orttirasiz;
  • boshqa hamkasblaringizdan farqli ravishda o’z blogingizga ega bo’lasiz!

Shaxsiy blogingizga bugundanoq ega bo’ling. Zamonaviy hayot tarzingizga yana bir foydali mashg’ulotni qo’shing. O’zingiz bilgan, qiziqqan sohani boshqalarga ham o’rgating. Sizning shaxsiy blogingizda yangi maqolalar o’qishni intizorlik bilan kutib qolamiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

12 ta fikr

  1. salom men azamat aka men xam blogerlika juda qiziqaman lekin yaxshi xosting topolmayabman ziyonetdan sayt ochdim shunda ishlasam buladimi oxirigacha shunga maslaxat bering.

    • Ishlashingiz mumkin, lekin mustaqil blogdagidek erkinlikka hech qachon ega bo’la olmaysiz: o’zingizga kerakli plagin qo’yolmaysiz, saytda qo’shimcha imkoniyat yaratolmaysiz, o’zingiz xohlagan ko’rinishdagi dizaynni o’rnatolmaysiz. Saytingiz sifati har doim Ziyonetga bog’liqligicha qoladi.
      Mustaqil blogingiz bo’lsa uni o’zingiz xohlaganchalik o’zgartirishingiz, boshqarishingiz mumkin bo’ladi. Mustaqil blog va Ziyonetda yuritiladigan blog o’rtasidagi farqlarni mana bu maqolada ko’rishingiz mumkin: http://azamat.uz/qaysi-biri-afzal-zn-uz-yoki-mustaqil-sayt/

  2. Azamat aka tekin hostinglarni ham ulasa bo’ladimi ?

  3. Salom Azamat aka saytda reklama joylashtirishda qaysi usul avzalroq (web sayt egasi uchun) yani ba’zi bir saytlarda
    reklama 1 oylik shartnoma bilan qo’yiladi ba’zi birlarida esa mal’lum bir sonda reklamaga bosiladigan sanoq beriladi.

  4. Xayrli tong!
    Azamat aka mana shunday uz domeningga sayt ochish xostinggi necha mb bo’ladi ???
    javob uchun oldan rahmat!!!

  5. Salom Azamatjon, yaxshimisiz. sayt yaratishni online tarzda o’rgatasizmi? Sizga shogirt tushmoqchiman

  6. Oka pepul Tas-ix zonada Faqat .uz dominda sayt ochsa bo’ladimi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*