Yii2 WordPress Veb dasturlash Startap Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Internet texnologiyalari Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili

O’zbekistonda onlayn startap boshlash

O’zbekistonda onlayn startap boshlash

Birinchi navbatda O’zbekiston hududida ishlaydigan qandaydir startap boshlamoqchi bo’lsangiz, dunyoning hamma joyida ishlaydigan qoidalar bizda butunlay boshqacha bo’lishi mumkinligi, yoki umuman ishlamasligini tushunib olishingiz kerak. Bizda yozilmagan qonunlar va faqat ichida yashab ko’rganlar tushuna oladigan o’ziga xos muhit bor. Ikkinchidan esa, gap onlayn shakldagi startap haqida ketsa, albatta jarayon bir necha barobar qiyinlashishiga tayyor bo’lishingiz kerak. Startap boshlash orzusida yoki harakatida yurgan bo’lsangiz, oz bo’lsa ham tajribalarimga asoslangan ba’zi tavsiyalarni bermoqchiman. Menda oflayn startap bo’yicha tajriba yo’q. Shuning uchun bu yerda faqat onlayn startap haqida gap boradi.

Huquqiy asoslar va soliq

Onlayn faoliyat bizning jamiyatimiz uchun hozirgacha ham ba’zi jihatlardan yangilik bo’lib qolayapti. To’liq onlayn ishlaydigan kompaniyalar sanoqli (Payme, Click, Olcha, TBC va h.k). Kompniyani ro’yxatga olishning o’zida onlayn degan tushuncha hali kiritilmagan bo’lsa kerak (mening bilishimcha). Yangi ochilayotgan MChJ’lar nizomi hozirda qanday yozilayotganligini bilmayman, ammo bir necha yil avvalgacha ham onlayn faoliyat uchun “internet kafe va kompyuter xizmatlari, ksero-kopiya, matn terish xizmatlarini ko’rsatish” bandi bo’yicha nizom yozilar edi.

Soliq qanday hisoblanishi va to’lanishi bo’yicha faqat soliq idoralaridan, (agar nima haqida gapirayotganingizni tushunadigan hodimni topa olsangiz) mutaxassisdan ma’lumot olishingiz mumkin. To’liq onlayn ishlaydigan startapga hozir ham “kompyuterda matn terish va ksero-kopiya xizmatlari” faoliyati sifatida soliq belgilanayotgan bo’lsa ajab emas.

Iste’molchilar ishonchi

Odamlarimiz real ishlab turgan, ofisiga borib yuzma-yuz ko’rishish mumkin bo’lgan tashkilotlarga qanchalik “ishonishi”dan xulosa qilishingiz mumkin. Onlayn tijoratlarga ishonch juda kam. Bizda hozirgacha ham hech kim onlayn zakaz yoki to’lov qilayotganda hayolining bir chetidan “kidalovo”ni ketkazmay turadi. Men ularni to’g’ri tushunaman. Payme, Click’ga o’xshash mamlakat miqyosida ishlaydigan katta kompaniyalar plastikdan pul yechib olayotgan tovlamachilardan ogohlantirib turgan bir vaqtda, qonun himoyachilari ko’pincha bu tovlamachilar oldida ojiz qolib turganda oddiy odamlardan ishonch kutish mumkin emas. Ishonchga kirish mumkin, lekin juda qiyin bo’ladi.

Loyihadan “shes sekundda” ayrilish

Loyihangiz yaxshi foydaga kirib, pul keltirib boshlaganda uni olib qo’yishga urinishlar bo’ladi. Buni tajribada ko’p ko’rganman va eshitganman. Shu sababli biror kelajagi bor katta loyihani (agar tankasi bo’lmasa) har doim chet eldan .com domen olib qilishadi. Masalan, kundalik.com loyihasi adashmasam shu sabablar bo’yicha kundalik.uz bo’la olmagan. Bu jihat ham o’ylab ko’rishga arziydi.

IT park

Onlayn startaplar uchun yaxshi imkoniyatlar yaratilganligini tasvirlovchi IT-park.uz saytiga kirib ko’ring. O’zim rezident bo’lib ko’rmaganman, rezidentlar orasida yaqin tanishim ham yo’q. Aytishlaricha onlayn startaplarni moliyalashtirishar ekan. Soliq imtiyozlari ham bo’lsa kerak. O’zimda davlat tashkilotlariga ishonch kamligi va hech qachon davlat tashkilotlari bilan ishlashni xohlamaganligim uchun qiziqib ko’rmaganman. Ammo onlayn startap boshlamoqchi bo’lganlar o’rganib chiqsa bo’ladi.

To’lovlar qabul qilish

Afsuski hozirgacha ham bizda jismoniy shaxslarga xizmat va mahsulotlar uchun to’lovlar qabul qilishga ruxsat berilmagan. Albatta qaysidir shakldagi “yuridik” maqomga ega bo’lishingiz talab etiladi. Undan keyin hisobot, undan keyin soliqlar, undan keyin to’lovlar… Xullas hammasi juda ko’p qog’ozbozlik bilan bog’liq. Onlayn startap qilmoqchi bo’lganlar YaTT yoki MChJ ochishga shunchaki majbur, menimcha. Qachonlardir, uzoq kelajakda bizda ham PayPal va boshqa zamonaviy to’lov tizimlaridagidek internetda erkin tadbirkorlik qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Onlayn startap bo’yicha men bilganlarim shu. Iltimos, O’zbekistonda onlayn startap boshlash bo’yicha mening (afsuski) salbiy tajribalarim bilan cheklanib xulosa qilmang. Bizda ham zamonaviy startaplar qilish imkoni bo’lishi mumkin. Men adashishim mumkin, yoki siz omadliroq bo’lishingiz mumkin. Muhit hech narsa emas, eng katta to’liq faqat o’zingiz bo’lishingiz mumkin. Bu haqida ham o’ylab ko’ring!

O’zbekistonda onlayn startap boshlash” maqolasida 2 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan