Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

O’zbekistonda ijtimoiy so’rovnomalarga asoslangan sayt kelajagi

O’zbekistonda ijtimoiy so’rovnomalarga asoslangan sayt kelajagi

Internet va ayniqsa TAS-IX tarmog’ining O’zbekistonda jadal ommalashuvi bilan milliy internetimizda ajoyib loyihalarga asos solindi. Hozirgi kunga qadar ham .uz domen zonasida yangidan yangi ijtimoiy manfaat keltiradigan web loyihalarning hayotgan tadbiq etilayotganligini kuzatishimiz mumkin. Bu, albatta, juda yaxshi holat. Lekin mening fikrimga ko’ra biz web saytlar va loyihalarni tashkil etish, yaratish va ijod qilish borasida ancha sekin rivojlanayapmiz. Hozirgidan jadalroq rivojlanishimiz uchun esa sharoit ham, bilim va imkoniyat ham yetarli.

Saytimda O’zbekiston internetini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega bo’lishi mumkin bo’lgan yangi sayt g’oyalarini o’tgan yil ham, undan avvalgi yil ham yozgan edim. Hali bizda tashkil etilmagan saytlarning rejasi, g’oyasi haqida yozishim ko’pchiligimiz uchun foydali bo’lishi mumkin, deb o’ylayman. Umuman, blogimda yangi sayt g’oyalariga, ularning muhokamasiga urg’u berishni o’zim uchun yuqori darajadagi vazifaga aylantirganman. Ushbu maqola ham navbatdagi «O’zbekistonda qanday yangi sayt yaratish ko’pchilik uchun foydali bo’lar ekan?«, degan mushohadam mahsuli hisoblanadi.

O’zbekistonda ijtimoiy so’rovnomalarga asoslangan sayt mavjud emas. Bu turdagi saytga bo’lgan talab bugungi kunda juda yuqori, ammo negadir hech kim bu talabning qay darajada ekanligi haqida o’ylamayapti. Xorijda ijtimoiy so’rovnomalarga asoslangan loyihalar allaqachon yuksak darajada rivojlangan. Bu loyihalar nafaqat moddiy daromad keltirayapti, balki jamiyatning asl talablarini o’rganishdagi ilmiy qiymatini ham kun sayin oshirib borayapti.

Ijtimoiy so’rovnomalar sayti qanday bo’lishi kerak?

Saytda faqat so’rovnomalar, foydalanuvchilar fikrini bilishga yo’naltirilgan ovoz berish asosidagi o’yinlar bo’lishi kerak. Unda burli bo’limlar, sohalar, yo’nalishlarga ko’ra so’rovnomalar joylashtirilishi kerak. Sayt interfeysi sodda, ortiqcha chalg’ituvchi narsalardan holi bo’lishi shart. Foydalanuvchini charchatib qo’ymaslik uchun so’rovnomalar unga birma-bir ko’rsatiladigan bo’lishi, ovoz berish uchun foydalanuvchi tomonidan boshqariladigan sayt qismlari tushunarli bo’lishi kerak.

Foydalanuvchi saytga birinchi marta kirgan vaqtda undan eng katta qiziqish bildiradigan 5 ta sohasi so’ralishi kerak. Foydalanuvchining saytdagi keyingi harakatlari esa shu tanlangan 5 ta asosiy soha asosida bo’lishi ta’minlanishi kerak. Masalan, foydalanuvchi tibbiyot, tijorat, texnologiyalar, ilm-fan va sa’nat yo’nalishlarini o’zining eng qiziqqan sohalari sifatida tanladi, deylik. Endi unga asosan shu sohalarga oid bo’lgan so’rovnomalar, o’yinlar ko’rsatilishi kerak.

Saytda ijtimoiylik to’liq ta’minlanishi kerak. Ya’ni, har bir foydalanuvchi boshqa foydalanuvchilarni ko’ra olishi, ular bilan aloqa o’rnata olishi kerak. Bunda berilgan ovozlar yoki turli so’rovnomalardagi ishtirok uchun to’plangan ballar sayt foydalanuvchilarining o’zaro musobaqalasha oladigan reytingi uchun asosga aylantirilishi mumkin.

So’rovnomalar sayti nima uchun kerak?

Yaqinda stat.uz saytida O’zbekistonning turli sohalariga oid statistik ma’lumotlarni o’qib qoldim. Saytning ochiq ma’lumotlar bo’limida yillar davomida to’plangan ma’lumotlar jamlanmasi bor ekan. U yerda ma’lum yil davomida tug’ilgan chaqaloqlar umumiy soni, aholining yoshiga ko’ra foiz ko’rinishidagi miqdori, respublikamizdagi ta’lim muassasalarining umumiy soni kabi qiziqarli ma’lumotlarni topdim. Bu ma’lumotlar statistika idorasi tomonidan to’plangan. Agar ijtmoiy so’rovnomalarga asoslangan bir sayt ochilib, u orqali saytdan foydalanuvchi har bir kishidan shaxsiy fikr asosida ovozlar yig’ilsa, yurtdoshlarimizning haqiqiy, jonli fikrlari asosidagi statistik ma’lumotlarni yig’ish mumkin bo’ladi.

Bu juda ko’pchilik uchun super qiziqarli bo’lishi mumkin bo’lgan loyihaga aylanishi aniq. Tasavvur qiling, bu sayt orqali mana bunday savollarga javob bo’la oladigan ma’lumotlarni o’qishingiz mumkin bo’ladi: Qizlarga tug’ilgan kunlarida qanday sovg’a olish ko’proq yoqadi? Qaysi telefon rusumi eng yaxshi? Necha yoshda turmush qurgan ma’qul? Toshkentda kitob harid qilish uchun eng yaxshi do’kon qaysi? Qaysi universitet haqqoniy baholash tizimiga eng ko’p amal qiladi?..

Bu turdagi saytda har kim o’zi uchun to’g’ri deb bilgan javob asosida ovoz beradi va saytda faqat haqqoniy natijalar yig’iladi. Millionlab yurtdoshlarning fikrini bilish esa har bir sayt foydalanuvchisi uchun qiziq tuyulishi aniq. Natijalarni o’ziga xos filtrlar asosida ajratib ko’rsatish imkoniyati yaratilganda esa sayt yana ham qiziqroq bo’lishi mumkin. Chunki, «Mana shu savolga qizlar nima deb javob qaytargan?», «Mana shu savolga shifokorlar qanday fikr bildirishgan», «Bu savol yuzasidan yigitlarning javobi qanday?» kabi filtrlar orqali so’rovnoma natijalarini ajrata olsak, ma’lum soha vakillari yoki ma’lum yoshdagi foydalanuvchilar ovozlarini alohida o’qishimiz mumkin bo’ladi. Bu esa saytdan yanada aniq, maqsadga yo’naltirilgan javoblar olinishini ta’minlaydi.

So’rovnomalar sayti orqali qanday qilib daromad ko’rish mumkin?

Saytimning asosiy yo’nalishlaridan biri bo’lgan sayt orqali pul ishlash mavzusiga sodiq qolaman va ijtimoiy so’rovnomalar sayti orqali ham pul ishlash usullari haqida yozmoqchiman 😀 Bu turdagi sayt tashkil etilsa, unga nisbatan qiziqish katta bo’ladi, saytga ko’p foydalanuvchilar tashrif buyuradi va saytda reklamalar joylashtirish orqali yaxshigina daromad ko’rish mumkin bo’ladi. Bu, albatta, so’rovnomalar sayti orqali ko’rish mumkin bo’lgan yagona daromad turi emas. O’z yaratuvchanligimiz va tadbirkorligimiz bilan deyarli cheksiz usullarda sayt orqali pul ishlab olishimiz mumkin.

Yuqorida aytib o’tganimdek, saytda yig’ilgan so’rovnoma natijalarini foydalanuvchilarga ko’rsatishda filtrlashdan foydalanish mumkin. Bu filtrlash barchaga bepul taqdim etilishi maqsadga muvofiq. Ammo filtrning juda tor yo’nalishlarga ko’ra natija ko’rsatish imkoniyatini pulli qilib qo’yish mumkin. Misol uchun, «Qaysi rangdagi kiyimlar Sizga ko’proq yoqadi?» so’rovnomasiga berilgan umumiy javoblarni ommaviy bepul ko’rsatib qo’yib, javoblarning jinsga ko’ra ajratib ko’rsatilishini pulli qilish mumkin. Shunda eng ko’p ovoz olgan rang oq bo’lsa, «Qizlar oq kiyimni ko’proq yoqtirarmikan, yigitlarmi?» degan savol bilan qiziqayotgan sayt foydalanuvchilari jonli statistik javobni pul to’lash orqali ko’rishlari mumkin bo’ladi.

Saytga kim pul to’laydi?

«Natijalarni ko’rish uchun kim ham pul to’lardi?», deyishingiz mumkin. Sizda shu savol paydo bo’lgan bo’lsa, quyidagilarni alohida ahamiyat berib o’qing:

O’zbekistonda xususiy tadbirkorlik, tijorat yaxshi rivojlanayapti. Bugungi kunda biznesining rivojlanishini nafaqat Artel, UCell, Paynet, Sherin kabi katta kompaniyalar, balki endigina ish boshlagan kichik tadbirkorlar ham xohlashadi. Ular uchun jamiyatning jonli fikri juda qimmatli. Ular odamlarning talablari, xohishlarini o’rganishni istashadi, odamlar xohlagan imkoniyat va mahsulotlarni yetkazib berishga oshiqishadi. O’zlariga kerak bo’lgan jonli statistik ma’lumot uchun esa ular albatta pul to’lashga rozi bo’lishadi.

Bir tadbirkor pishloq ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi va butun O’zbekiston bo’ylab pishloq savdosini amalga oshiradi, deylik. «Nonushtaga nimani ko’proq iste’mol qilasiz?» degan so’rovnomada pishloq javobi eng ko’p ovoz olgan bo’lsin. Tadbirkor statistikada ushbu javobni ko’radi, ammo bu javobni eng ko’p qaysi viloyat vakillari berganligiga qiziqish bildiradi. Chunki u mahsulotini O’zbekistonning qaysi viloyatida ko’proq reklama qilishi kerakligini bilib olishi kerak. Ma’lum bir viloyatda reklamani kuchaytirishga mablag’ kiritishdan avval so’rovnomalar saytida to’lovni amalga oshirib aniq ma’lumotni bilib olish maqsadga muvofiq, deb topilishi turgan gap. Xullas, bu turdagi sayt bilan haqiqiy ma’lumotlar savdosini boshlab yuborish mumkin.

Buyurtma asosidagi so’rovnoma haqida o’ylab ko’rdingizmi? Saytda «So’rovnomaga buyurtma berish» bo’limini tashkil etish mumkin. Bunda istalgan foydalanuvchi saytga ma’lum miqdorda pul to’lab o’z so’rovnomasini e’lon qilishi mumkin. Kim buyurtma berib, pul to’lab, so’rovnoma e’lon qiladi? Misol uchun, Artel kompaniyasi sayt orqali o’zi ishlab chiqarayotgan uyali telefonlar haqidagi haqqoniy fikrni bilishni istab qolishi mumkin. Bunda so’rovnoma «Artelning qaysi telefoni eng yaxshi?» ma’nosidagi savol bilan e’lon qilinadi. «Siz Artelning qaysi rusumdagi telefonidan foydalanasiz?» so’rovnomasi ham kompaniya diqqatini tortishi mumkin. Chunki, o’ylashimcha, Artel o’zi ishlab chiqargan telefonlari sonini biladi, telefonlardan nechtasi savdo nuqtalariga tarqatilganligini ham biladi, ammo aynan nechta telefon amalda foydalanilayapti-yu, nechtasi hali ham savdo nuqtalarida sotilmay turganligi ularga mavhum bo’lishi mumkin. Bunday holatda saytga ma’lum miqdorda pul to’lab haqiqiy iste’molchilar fikrini bilib olish eng qulay usul hisoblanadi.

Saytni «Hamkor saytlardagi kun so’rovnomasi» dasturi yordamida yanada ommalashtirish mumkin. Bu dasturni quyidagicha tashkil etish kerak:

So’rovnomalar sayti katta e’tiborga sazovor bo’lgandan keyin unda saytlarni bepul reklama qilish xizmati taklif etilishi mumkin. Albatta, bepul reklama evaziga reklamasini joylashtirayotgan har bir saytga bittadan «Kun so’rovnomasi» joylashtirilishi kerak. Bu so’rovnoma hamkor saytlarga tashrif buyurgan foydalanuvchi ekraniga popup ko’rinishida chiqarilishi maqsadga muvofiq. Misol uchun, Azamat.uz sayti so’rovnomalar saytida o’zining reklamasini bepul joylashtirishi uchun Azamat.uz saytida har kuni har bir foydalanuvchi uchun bittadan so’rovnoma ko’rsatishi kerak bo’ladi. Azamat.uz saytiga tashrif buyurgan har bir foydalanuvchiga bir kunda bittadan tasodifiy so’rovnoma ko’rsatiladi. Ovoz (javob) berilgan so’rovnoma ma’lumotlari asosiy so’rovnomalar saytida statistika sifatida yig’iladi. Bu so’rovnomalar saytining o’ziga xos reklamasi va statistik ma’lumotlarni boyitish usuli bo’lib xizmat qiladi.

Xullas, hozirgi kunda O’zbekistonda so’rovnomalarga asoslangan sayt mavjud emas. Agar kimdir birinchilardan bo’lib bu turdasi saytni ochsa, kerakli darajada yurita olsa, mukammal ravishda ommalashtirish erishsa, bu saytning ijodkori kelajakda barcha ishini yig’ishtirib faqat shu sayt bilan shug’ullansa bo’ladi. Chunki bu turdagi saytdan keladigan daromad usullari juda ko’p, saytning foyda keltirish ehtimoli juda yuqori.

O’zbekistonimizda foydali saytlar ko’paysin. Ularga mos ravishda foydalanuvchilar va yangi sayt g’oyalarining ham saviyasi oshishiga tilakdoshman.

Yuqoridagi kabi yangi g’oyalarga asoslangan saytlar tayyorlatmoqchi bo’lsangiz, sayt tayyorlashga buyurtma berishingiz mumkin. O’zingiz istagan turdagi saytni boshqalarga nisbatan ancha arzon va sifatli tayyorlab beramiz!

O’zbekistonda ijtimoiy so’rovnomalarga asoslangan sayt kelajagi” maqolasida 3 fikr

  1. Otabek

    Men shunday sayt ochmoqchidim lekin foydasiz bizda pullarini koproq ok.ru saytiga mgb sotib olish uchun ishlatishadi xususiy korxona va kompaniyalar esa kam raqobatham chetelda yaxshi samara berishi mumkinu lekin uzzbda daroma topguncha 3 4oy kerak boladi kamiga ozbek tilidagi saytga adsense reklama bermaydi

    Javob berish

    1. Otabek

      talab bolish kerak saytizga reklama beruvchi va foydalanuvchilar adsense google reklamalarini qoyadi shunga yaxshi tolaydi uz saytlarida pul ishlab bolmidi chet saytlarini partnyorka qilvomasa agar

      Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan