Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

O’zbekiston sharoitida odam qilmasligi kerak bo’lgan 10 ta kasb

O’zbekiston sharoitida odam qilmasligi kerak bo’lgan 10 ta kasb

Biz texnologiya yuqori darajada rivojlangan davrda yashayapmiz. Bugungi kunda insoniyat o’tgan asrga nisbatan kundalik yumushlarining yarmidan ko’proq qismini avtomatlashtirishga ulgurdi. Hozrida o’tmishdagidek liftchilik, bayroqchilik (mashina kelayotganligidan ogohlantirish) va jarchilar kabi kasblar butunlay yo’qolib ketdi. Ishonish mumkinki, yana bir asrdan so’ng hozirgi kunda ko’rib turgan kasblarimizning ham sezilarli miqdori butunlay yo’q bo’lib ketadi.

Bugungi kunda O’zbekiston sharoitida qaysi kasblarni avtomatlashtirishmiz mumkin? Hozirda odamlar bajarayotgan qaysi ishlarni robot (texnika, uskuna)larga ishonib topshirishimiz mumkin? Yaqinda shu savollarga o’zim uchun javob topishga urinib ko’rdim. Fikri ojizimcha, O’zbekiston sharoitida hozirgi vaqtda quyidagi 10 ta kasbni to’liq avtomatlashtirish imkoniyati mavjud. Aslida odamlar emas, mashinalar bajarishi kerak bo’lgan bu yumushlardan yurtdoshlarimizni ozod qilsak, ularda hayotlariga yanada ko’proq mazmun bag’ishlovchi ishlar bilan shug’ullanish imkoni ko’proq bo’lardi.

1. KONDUKTOR. Avtobus yoki tramvayda yo’lovchilardan pul olib, bilet tarqatuvchi kasb egalari mening fikrimcha to’liq avtomatlashtirish mumkin bo’lgan ishni qilishayapti. Har bir jamoat transportiga bilet sotuvchi uskunalar o’rnatish mumkin. Bilet harid qilmasdan transportdan chiqib bo’lmaydigan sharoit tashkil etish mumkin. Shunda har bir yo’lovchi yo’l haqini majburiy bo’laydi va belit sotish uchun butun boshli bir odam bekorga band qilinmaydi.

2. KASSIR. Bankga yoki kommunal to’lovlar qabul qilish joylariga borganimda maxsus kassa tashkil qilinganligini va unda bir kishi doimiy ishchi sifatida o’tirganligin ko’rganman. To’lovlarni aholidan avtomatik tarzda qabul qilish mumkin bo’lgan zamonda bu kasbga hech qanday xojat yo’q, deb hisoblayman. Hozirgi kunda barchada online plastik kartochkalar olishga imkoniyat bor. Bu esa to’lovlarni to’liq online, yoki elektron ko’rinishda qabul qilishga yo’l ochadi.

3. SOTUVCHI. Supermarketlardan chiqish joylarida harid qilgan narsalaringizni birma-bir barkod skanerdan o’tkazib, jarayon so’ngida Sizdan harid uchun pulni olib, kassa uskunasiga joylaydigan ishchilarni ko’rgansiz. Agar har bir haridor o’zi harid qilgan narsalarni mustaqil ravishda barkod skanerdan o’tkazib, hisoblangan pulni o’zi plastik yoki naqd ko’rinishida uskuna yordamida to’lab, zarur bo’lganda qaytimni uskunadan olsa yaxshiroq bo’lmasmidi? Qolaversa, kompyuter qaytimni gugurt yoki saqich ko’rinishida bermasdi 😀 Agar kimdir biror maxsulotni skanerdan o’tkazmasdan olib chiqishga harakat qilsa, eshik yonida turgan qo’shimcha skanerlar ularni to’xtatib qolishi mumkin.

4. DAN XODIMI. Bugungi kunda barcha avtomobil yo’llariga maxsus kameralar o’rnatish imkoniyati bor. Yo’llarda qatnovni nazorat qilish yoki tartibga solib turish uchun Davlat avtomobil nazorati xodimlariga nisbatan kameralar, avtomatlashtirilgan maxsus tizimlar yaxshiroq samar beradi. Hozirgi vaqtda bu usulda qatnovni nazorat qilish o’zining samaradorligini isbotlab ulgurgan.

5. QOROVUL. Idoralarga va muassasalarga kirish joyida qoruvullar / navbatchilar uchun ajratilgan xonani ko’ramiz. Qorovullar odatda shu binoni, undagi jihozlarni / moddiy boyliklarni asrash, qo’riqlash hamda binoga kirib-chiquvchi kishilarni nazorat qilish bilan shug’ullanishadi. Xavfsizlik kameralari, metallodetektorlar va avtomatik ximoya tizimlari allaqachon kashf qilingan zamonda bu kasbga ehtiyoj bormikan? Menimcha, yo’q.

6. PAYNET OPERATORI. Bu yerda ortiqcha izoh yozishimga hojat yo’q. Nafaqat metro bekatlarida, balki eng chetgi qishloqlarda ham Paynet to’lovlarini avtomatik qabul qilish uskunalarini o’rnatish imkoniyati bor.

7. DAVOMATCHI. Maktabda o’qigan vaqtimda sinfimizdagi davomatni yozib ketuvchi kishi bo’lardi. Litseyga o’qishga kirganimda ham shu holat. Universitetda o’qiganimda ham shunday kishi davomat yozish uchun mas’ul qilingandi. Bu kasbga ehtiyoj yo’q ekanligi haqida ko’p o’ylardim. O’qituvchi sifatida maktabda ishlaganimda ham davomatchilar borligini ko’rib bu “qadimiy” kasbga hech qanday hojat yo’qligini tushunganman. Biz tosh asrida yashamayapmiz. Har bir o’quvchi / talabaga maxsus beyjik berib, undagi QR kodni yoki barkodni binoga kirish joyidagi skanerdan o’tkazish joriy etilsa, davomat avtomatik tarzda hisoblanadi. Uzinfocom bu imkoniyatni SKUD tizimi shaklida o’ta mukammal tarzda taklif etayapti. Uzinfocom idorasiga tashrif buyurganimda bu tizimni amalda ko’rganman. Juda yaxshi tizim – davomatchilari bor har bir muassasa bu tizimdan foydalansa mantiqqa mos ish bo’lardi.

8. IJRO INTIZOMI NOZIRI. Mening tushunishimga ko’ra ijro intizomini nazorat qiluvchi kishining asosiy vazifasi – har bir ishchi o’zining vazifasini keraklicha bajarayotganligini nazorat qilish. Hammaning o’z ishini vaqtida, sifatli bajarayotganligini Todoistga o’xshash tizimlar orqali to’liq nazorat qilib borish mumkin. Bunda boshliq xodimlariga tizim orqali vazifa tayinlaydi, vaqt belgilaydi. Ishning qanday ketayotganligini xodim kerakli tartibda belgilab boradi. Ishni bajarib bo’lish vaqti kelganda tizim ish salmog’ini tekshiradi va boshliqqa xabar yuboradi. Ish vaqtidan oldin tugatilsa ham xisobot kerakli tartibda jo’natiladi. O’rtada hech qanday nazoratchi kerak bo’lmaydi.

9. POSADCHIK (AVTOGA CHAQIRUVCHI). Bu kasb vakili ko’pincha taksilar yoki avtobuslar to’xtash joylarida bo’ladi. Ularning vazifasi taksi yoki avtobusga yo’lovchilarni baland ovoz bilan chaqirish hisoblanadi. Mening shaxsiy fikrimga ko’ra, agar kimdir qaysidir joyga borishni niyat qilsa, u hech qanday chaqirishsiz ham o’ziga kerakli avtoga chiqishi aniq. Biror joyga borish niyati bo’lmagan kishini esa har qancha baqirib ham mashinaga chiqara olmaysiz. Agar gap qaysi manzilga qaysi yo’nalishdagi avtobus borishini bilmaydigan yo’lovchilarga to’g’ri yo’lni ko’rsatish haqida bo’lsa, bu uchun alohida elektron yo’l ko’rsatkich tashkil etish mumkin. Har qanday holatda ham bu kasb uchun talab yo’q, deb hisoblayman.

10. XISOBCHI. Moliyaviy xisobotlarni avtomatlashtirib bo’lganmiz. Bugungi kunda O’zbekistonda to’liq avtomatik xisob-kitob qilish tizimi bor. Ammo, shunday bo’lishiga qaramasdan, hozrigacha ham juda kam tashkilotlar avtomatik xisobchilikdan foydalanishmoqda. Qachongacha “qog’oz-qalamga” asoslangan ishni davom ettiramiz?

Yuqorida keltirgan ro’yxatimni yana istalgancha kengaytirish mumkin. Men fantastik ro’yxat tuzmadim, holatga real baho berib, bor imkoniyatlardan foydalanilmayotganligini ko’rsatib berishga harakat qildim. Yuqoridagi kasb vakillariga tezroq yangi kasb tanlashlarini maslahat beraman. Chunki yaqin kelajakda ularning kasbi o’tmishga aylanishi aniq.

Sizning fikringizcha O’zbekistoda hozir mavjud, ammo to’liq avtomatlashtirish imkoniyati bor bo’lsa ham davom etib kelayotgan qanday kasblar bor?

O’zbekiston sharoitida odam qilmasligi kerak bo’lgan 10 ta kasb” maqolasida 13 fikr

  1. TheBestBeXa

    O’zi ishsizlik ko’payib ketgan bir zamonda yashayapmiz. Shu ishlarni ham robotlar bajarsa oddiy xalq nima evaziga pul topib bola chaqasini qornini to’ydiradi? Bu haqida ham o’ylab ko’rdingizmi Azamat aka?

    Javob berish

  2. Xmmm

    5. QOROVUL. Idoralarga va muassasalarga kirish joyida qoruvullar / navbatchilar uchun ajratilgan xonani ko’ramiz. Qorovullar odatda shu binoni, undagi jihozlarni / moddiy boyliklarni asrash, qo’riqlash hamda binoga kirib-chiquvchi kishilarni nazorat qilish bilan shug’ullanishadi. Xavfsizlik kameralari, metallodetektorlar va avtomatik ximoya tizimlari allaqachon kashf qilingan zamonda bu kasbga ehtiyoj bormikan? Menimcha, yo’q.
    Xozirgi kunda xakkerlar videonabludeniyani bemalol buza oladi. Manimcha bu narsa kere (Hamma yerda ham svet ochadi:) )

    Javob berish

  3. Tajimov Murodjon

    Yo’q oka, siz yozgan kasblar orqasidan qancha odamlar non topishyapdi. Balki zamonaviy texnologiyalar kerakdir, lekin hozirmas. “Ko’rpangga qarab oyoq uzat”, degan maqol esimizdan chiqmasin okalar.

    Javob berish

  4. Мухтор

    ха хозирги кунда хар бир одам камида 5-6 та касб билан шугуланади узбда камида!

    Javob berish

  5. Bunyod

    Rostanam qiziq masala keltirilibdi. Lekin nazariya bilan amaliyot ba’zi hollarda to’gri kelishi qiyin. Ba’zi bir kasblarni takroran keltirib o’tmoqchiman:
    1) Konduktor ning vazifasi faqatgina pulni yig’ish bo’lganda, bu ishni avtobus haydovchilari ham bajara olardilar. Konduktor pul yig’ishdan tashqari, yo’lovchilarni va yuklarni salonga joylashtirish, avtobusning oxirgi bekatlarida hujjatlarni rasmiylashtirish, avtobusda yo’lovchilar o’rtasida avtobus tartibi bo’yicha tushunmovchilik yuzaga kelsa ularni hal qilish, avtobus tozaligini saqlash kabi ishlarni bajaradilar.
    2) Kassir ning ishi faqatgina bergan pulingizni sanash bo’lganda allaqachon bu ishni terminallar bajarardilar. Kassir birinchidan hisob kitobni yaxshi tushunmaydigan odamlarga yo’l yo’riq ko’rsatadi, ikkinchidan to’lovga oid muammoli vaziyatlar(masalan noto’gri hisobga pul o’tkazib yuborilsa)ni hal qiladi, uchinchidan esa to’langan pullar bo’yicha javobgarlikni o’z bo’yniga oladi. (Javobgarlik masalasida odamdan yaxshiroq alternativ variant bo’lishi mumkinmas)
    3) Sotuvchining ishi faqat tayyor pulni taxlab tortmaga qo’yish bo’lganda supermarketlar menejerlari allaqachon bu ishni qilgan bo’lardilar. Kassalar oldida tajribali sotuvchilar katta tezlikda bar-kodlarni skanerdan o’tkazgan taqdirdayam qator ochert bo’b ketadi. Endi qiziquvchan odamlarning skaner oldida qiliq qilib turishini yoki bar kodni topolmay bitta tovarni 76 ta joyiga qarayotgan xaridordan keyin ochertda turganlarning xolini tasavvur qilavering. Yoki boshqa misol: Bir muttaham xaridor 7000 so’mdan 1 kg pomidor va 2000 so’mga 1 kg bodring sotib olsa, kassaga kelguncha pomidorni bodringni salafaniga joylab qo’ysa demak ikkalasiniyam 2000 dan olgan bo’ladi. Bundan tashqari bar-kodni aniq urgan urmaganligini isbotlab berish uchun kuchli detektiv bo’lish kerak.
    4) DAN xodimining ayrim ishlarini avtomatlashtirish imkoniyati bo’lganligi uchun ko’chalarda kameralar o’rnatildi. Lekin, kameralar hodisalarni faqat obektiv baholaydi. Masalan: Haydovchilik guvohnomasisiz yoki mast holda mashina haydab ketayotgan odamni kamera qanday qilib aniqlaydi? Moshinada xavfli moddalar bo’lsa kamera qanday qilib aniqlaydi? Bundan tashqari svetofor ishlamay qolsa DAN xodimi bo’lmasa haydovchilar hayotda biri ikkinchisining gapiga kirmaydi. Lekin DAN xodimi bunday holatni xal qila oladi.
    5) Qorovul haqida qisqa va lo’nda to’xtalaman: O’sha sanab o’tilgan kamera yo detektorlarning o’g’irlab ketilmasligi uchun ham qorovul kerak. Qolgan narsalar haqida gapirishning ham hojati yo’q. 2-xatboshidan nusxa : (Javobgarlik masalasida odamdan yaxshiroq alternativ variant bo’lishi mumkinmas)
    6) Paynet operatorlari to’g’risidagi fikrga qo’shilaman.
    7) Davomatchi masalasidagi fikrim suupermarket sotuvchilarinikiga juda o’xshash: Agar Nodir bilan Sardor degan bola bir guruhda o’qisa Sardor o’z beydjigini Nodirga berishi va Nodir kirish paytida ikki kishinikini urib qo’yishi juda osson.
    8) Ijro intizomi noziri bo’yicha fikrim: odam ustidan hech qachon texnika nazorat qila olmaydi. Odam texnikani nazorat qiladi. Ijro intizomini eng yaxshi yo’li ishbay ish haqi to’lash meni fikrimcha.
    9) Posadchik (avtoga chaqiruvchi) rostan ham kasb bo’lmasligi mumkin, shuning uchun ham bunday ish bilan shug’ullanuvchilarning mehnat shartnomasi-yu, ish staji bo’lmaydi. Maqolada keltirilgan elektron yo’l ko’rsatkichi taxminan quyidagicha yozuvni ko’rsatadi: Muqimiy ko’chasi bekati, Istiqlol bekati, U.Nosir ko’chasi bekati. Posadchik esa quyidagicha: Torgoviy sentr, Teatralniy, Detskiy mir, Alayskiy. Ikkinchi bo’lib keltirilgan nomlar birinchilariga qaraganda anchagina tanish menimcha. Ikkinchidan, Posadchiklarning birovga og’irligi tushmaydi, ular yo’lovchilardan pul olmaydi marshrutka haydovchilari esa o’zlari xoxlab ularga pul berishadi, xoxlamasa bermaydi.
    10) Hisobchi ya’ni buxgalter bo’yicha yozilgan fikr eng sayozi bo’ldi men uchun. Hechqisi yo’q, o’zim buxgalter bo’lganim uchun buni tushuntirib o’taman: Buxgalter ma’lumotni kompyuterga kiritadi nimaga asoslanib – albatta rasmiy hujjatga asoslanib. Kompyuterni yoniga schet-fakturani yoki bank kvitansiyasini qo’yib qo’ysa klaviatura o’z o’zidan uni termaydi adashmasam. Bundan tashqari hujjatda kamchilik bo’sa uni faqat buxgalter tekshirib egasiga to’g’irlashga berishi mumkin. Kompyuter qanaqa qilib boshqa korhona vakiliga mana bu hujjatni pasida rahbar degan joyiga qo’l qo’yilmagan deyishi mumkin? Uchinchidan, Buxgalter xo’jalik operatsiyalarini analiz(tahlil) qiladi va rahbarga nima foyda keltiryabdi va nima foydasizligini aytadi. To’rtinchidan, buxgalter tashkilotda inventarizatsiya(mahsulotlarni hujjatlar bilan solishtirish) o’tkazadi. Kompyuterning omborma-ombor hujjat ko’tarib yurishi mumkinmas-ku. Beshinchidan, maqolada bugungi kunda O’zbekistonda to’liq avtomatik hisob-kitob tizimi bor deb yozilgan. Bu noto’gri. Dunyoda hech qaysi davlatda to’liq avtomatik hisob kitob tizimi yo’q. “Qog’oz qalamga” asoslangan ishni esa taxminlarim bo’yicha odamzod nechi yil yashasa shuncha yil davom ettiriladi. O’sha kungacha yashasek ko’ramiz taxminim to’g’rimi yoki yo’qmi 🙂
    Xulosa: Shunchaki vaziyatga turli xil nuqtai nazarlardan qarashga harakat qilaman. Agar yozganlarim orasida xato joylari bo’lsa xoxlagan odam bemalol uni to’g’irlashi mumkin.
    Hammaga ishlariga va o’qishlariga omad!

    Javob berish

  6. Sanjar

    Konduktor masalasida agar avtomatik qilishsa bunyod yozgan sabablar yana + eng yomoni aaancha vaqt yoqotiladi. Menimcha pul orniga boshqa narsa joriy qilish kere

    Javob berish

  7. Vohidjon

    Avval aytilganidek ozingiz ishlab korib keyin yozing.Hisobchilik kasbi hech qachon olmaydi.Hisobchini ishini faqat shu kasb egalarigina tushunadi

    Javob berish

  8. bobur

    undan ko’ra avtomatlashtirilgan robot asbob uskunalrni yo’qotip odam o’zi ishlasa hamma yahshi yashaydi cho’ntagida pul yuradi, unda 5asrdan kein dunyoda o’zimizni o’rnimizga robot qolarkanda biz nima qilamizikin a

    Javob berish

  9. Elbek

    Kelinglar keltirib utilgan 10 ta fikrdan kura uzb xalqiga foyda keltiradigan fikrlar yozila qanday qilib inson uchun pul topadigan fikr bildiring

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan