Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

O’zbekiston sharoitida masofadan ishlash istiqbollari

O’zbekiston sharoitida masofadan ishlash istiqbollari

Bu mavzu mening og’riqli nuqtalarimdan biri. Chunki maksimum samarali ishlashim uchun menga har doim o’zim yoqtirgan muhit zarurati birinchi o’rinda bo’lgan. Baxtga qarshi O’zbekistonda ishlayman – bu yerda masofadan ishlash masalasiga ijobiy qarashmaydi. Natijada ish vaqtiga rioya qilish, ish vaqtida belgilangan joyda o’tirish (ish bo’lsa, bo’lmasa shu joyda jismonan mavjud bo’lib turish) kabi ijodiy zavqlanib ishlashimni cheklaydigan holatlarga moslashishga majburman 🙁

Qachondir bizda ham rivojlangan davlatlardagi kabi (hech bo’lmasa dasturchilar uchun) masofadan ishlash tartibi normal mehnat faoliyati sifatida baholanadi. Bu kun kelishi aniq, men ishonaman. Ammo hozircha «Muhimi – ish bajarilsa bo’ldi! Qayerda bo’lsa ham ishlayver, muhimi ishni sifatli bajar!», deya oladigan ish beruvchilar juda kam.

Men dasturchiman. Ushbu maqola sarlavhasidagi masalani dasturchi nigohi bilan dasturchilarni ko’zda tutgan holda yoritmoqchiman.

Masofadan ishlash muammosi nimada?

Dasturchilik kasbi biz uchun nisbatan yangi hisoblanadi. Biz o’qituvchi, shifokor, dispetcher, pochta hodimi, hisobchi, DAN hodimi, chilangar va hokazolar kabi ajoyib kasblar haqida oldindan bilamiz. Ular dasturchilikka nisbatan ancha oldin paydo bo’lgan. Bu kasb vakillari o’z xizmat mas’uliyatlarini ado etishlari uchun ma’lum belgilangan joyda (ish joyida) bo’lishlari shart. O’qituvchi stadionda yursa-yu, o’quvchilar maktabdagi sinf xonada darsni kutib o’tirishsa – bu o’qituvchining masofadan ishlay olmasligiga dalil bo’la oladi. O’qituvchi masofadan ishlay olmaydi! Poyezdlar harakatini boshqarib turuvchi dispetcher zarurat tufayli ammasining uyiga ketsa, poyezd haydovchilari undan ko’rsatmalar kutishadi va natijada dispetcher o’z ishini bajarmayotgan bo’ladi. Dispetcher masofadan ishlay olmaydi! Hisobchi, chilangar, shifokor… Xullas, nima demoqchi ekanligimni tushundingiz.

Har qanday dasturchi kompyuter yordamida ishlaydi (bu gapni yozmasam ham bo’lardi). Hozirgi zamon dasturchisini internetsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Har qaysi dasturchi kasbiy faoliyati taqazosi bilan internetga ulangan. Kimdir cho’ntak WiFi rauteridan foydalanadi, kimdadir ADSL internet bor, shahardagilar FTTB ishlatishadi… Dasturchining kompyuteri ishga tushirilib, internetga ulangan zahoti uni o’z ish joyida, deb hisoblashimiz mumkin. Bu esa, hozir O’zbekistonda mavjud bo’lgan minimal texnologik taraqqiyot va internetdan foydalanish imkoniyatini hisobga olgan holda, dasturchining masofadan ishlay olishini asoslaydi!

Bu muammo bizga qayerdan keldi?

Amerikada yashagan vaqtimda Microsoft kompaniyasida ishlovchi amerikalikning uyida mehmon bo’lgan edim. Uyidagi xonalaridan birini ofis muhitiga mos jihozlagan, men uchun shunda juda katta ko’ringan bir necha monitorlarni bitta kompyuterga jamlagan, ishxonasiga borib qilishi mumkin bo’lgan ishlarni bemalol uyda bajara oladigan sharoit yaratgan. Qanday qilib shunday katta korporatsiyaning oddiy hodimi ishga borishni xohlamagan vaqtlarda ishga bormasdan, internet orqali uyida turib ishlashi mumkinligi hech aqlimga sig’masdi. Chunki men SSSR amalda bo’lgan davrda tug’ilgan avlod vakili edim.

Mustabid sobiq sovet tuzumi davrida ( 🙄 ) ham dasturchilar bo’lgan. Ammo u davrda hodimlar masofadan ishlash sharoitiga ega bo’lishmagan: kompyuterlar sanoqli bo’lgan, ish bajarish uchun sharoit faqat tashkilot binosida mavjud bo’lgan, ishga kelib-ketish urf bo’lgan. Ish bormi-yo’qmi ertalabdan kechgacha ishxonada o’tirishga majbur bo’lishgan. Bu gapning isbotini ayni biz gapirayotgan davrda suratga olingan «Ishdagi ishq» («Служебный роман») filmida tasvirlangan jamoa ish holatidan ham bilib olishingiz mumkin. Filmga e’tibor bersangiz ish vaqti boshlanganda hamma kechikmasdan ishxonaga keladi, soat 18:00 bo’lgandan hamma ketishga oshiqadi. Hatto ish kuni yakunidan 5 daqiqat o’tgandan so’ng ofisda hech kim qolmaydi. Ammo ish vaqti tugashidan bir daqiqa oldinroq hech kim chiqib ketmaydi.

Bu davr bizga o’ylaganimizdan ko’proq meros qoldirib ketgan…

«Ja-a unchalik emasdir?!»

Yo’q, hozirgi sharoitimizni SSSRga taqqoslamoqchi emasman. Hozir nisbatan ancha yaxshi, erkin yashayapmiz. Ammo ish vaqti, ish vaqtida ish joyida bo’lish, ish bo’lsa-bo’lmasa qoqqan qoziqday o’tirishning «ishlayotgan» hisoblanishi, masofadan ishlash uchun hamma sharoitlar bo’lganda ham «SSSRovskiy» odatlarimizni tark eta olmayotganimiz kabilar juda achinarli holat hisoblanadi. Bu ketishda biz arosatdamiz: mehnat sharoitini liberallashtirmaganimiz uchun sobiq tuzumga qaytib maqtovlar eshita olmaymiz, o’rganib qolganligimiz sababli esa rivojlangan davlatlardagi kabi masofadan ishlashning ommalashuvi darajasida rivojlanib keta olmaymiz.

Hozir dasturchilar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan. Ko’pchilik dasturchilar juda erkin ishlashayapti. Ba’zilar masofadan ishlash, o’zi yoqtirgan muhitga tushib olib samarali ijod qilish imkoniyatida to’la foydalanishayapti. Lekin bu hamma joyda emas. Boshqa soha vakillari haqida hech narsa deya olmayman, ammo aynan dasturchilar XXI asr tarkibiga kiruvchi 2018-yilda ham «ish bo’lsa-bo’lmasa» ofisga mixlab qo’yilayotganligini ko’rayapmiz.

Dasturchi masofadan ishlay oladi!

Dastur yozish, mavjud dasturlarni ish holatida saqlab turish, dastur ishdan chiqqanda uni tuzatish, kelajakda dasturning muammolarsiz ishlashi uchun dasturga yangilanishlar kiritish, dasturni turli ehtimoliy hujumlardan himoyalash dasturchining kasbiy vazifalariga kiradi.

Dasturchining mobil kompyuteri uning ish joyi hisoblanadi. Dasturchi ishxonasini doim o’zi bilan birga olib yuradi. U qayerda o’tirib kompyuterini yoqsa, shu joy uning ishxonasiga aylanadi!

Ish beruvchi uchun ishning bajarilishi birinchi o’rinda bo’lishi kerak. Har kuni ertalabdan kechgacha ofisda o’tirib ishni bajara olmaydigan 3 ta dasturchidan ofisda faqat 4 soatga kelib-ketadigan, boshqa vaqt uyida (yoki o’zi istagan boshqa joyda) ishlaydigan, shunga qaramasdan ishni a’lo darajada bajaradigan bitta dasturchi yaxshiroq. Dasturchi o’zining ishini qoyillatib bajarib qo’ysin, uning qayerda o’tirib ishlashi esa, hozirgi internet va texnologiya imkoniyatlarini hisobga olsak, shunchaki ahamiyatsiz!

Dasturchilar ishini nazorat qilish, ularga berilgan topshiriqlarning bajarilishini nazorat qilish uchun Trello, TimeDoctor, Todoist kabi o’nlab sifatli platformalar mavjud. Yuzma-yuz ko’rishish uchun web kameralar bor, gaplashish uchun esa telefonlar. Hozircha dasturchini masofadan qo’l bilan ushlash mumkin emas, xolos.

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda, bugungi kun dasturchisi o’z ixtiyoriga ko’ra masofadan ishlashi uchun keragidan ham ortiqcha sharoitlar mavjud. Eslatma: bu sharoitlar bugungi kunda O’zbekistonda ham bor.

Nima uchun buncha vahima?

«Kim bo’libdi u, dasturchi? Shuncha odam ishlayapti, u ham o’tirib ishlasa nima qiladi?», deydiganlar ko’p. Dasturlash faoliyati bilan shug’ullanish uchun ofisdan yaxshiroq sharoit muhitini topa olmaydigan dasturchilar uchun bu ma’qul gap. Ofisida mazza qilib ishlaydigan dasturchilar uchun ish vaqti, ish joyi ayni muddao! Ammo ba’zan hamma gap ilhomga, ijodga borib taqalishi mumkin.

Kod yozishni she’riyatga qiyoslash mumkin. Yaxshi dastur yozish uchun dasturchida ilhom, shijoat, diqqat, kayfiyat bo’lishi kerak. Ba’zi dasturchilar bunday samarali holatga ma’lum muhitlardagina kira olishadi. Bu esa ko’pincha dasturchi o’tirgan muhit bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ofisda samarasiz ishlab, tabiat muhitidagi bog’da, yoki uy sharoitida, yoki o’zi yoqtirgan kutubxonada yaxshiroq ishlay oladigan dasturchilar uchun ish joyi masalasi katta vahima keltirib chiqarishi tabiiy hol. Buni hisobga olgan Google, Microsoft, Adobe, Apple, Samsung kabi gigant korporatsiyalar dasturchilari uchun ekzotik bezatilgan xonalar, hatto yotib ishlashga mo’ljallangan sharoitlarni ham taklif qilganligiga guvoh bo’lishimiz mumkin. Albatta, bularning barchasi dasturchining samaradorligiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

O’zbekistonimizdagi hozirgi texnologik sharoitdan kelib chiqsak, o’qituvchilar internet orqali dars o’tishlari mumkin, shifokorlar xorijlik hamkorlari bilan online uchrashuvlar uyushtirishi mumkin, DAN hodimi bizga internet orqali jarima yozib qo’yishi mumkin, hisobchi esa soliq hisobotlarini online topshirishi mumkin. Gumanitar sohaga oid kasb vakillari uchun internet shuncha sharoit yaratib bergan vaqtda, ayni shu sharoitlarni hammamizga yaratib, yasab berayotgan dasturchilarni ofislarga mixlashimiz qanchalik to’g’ri?

Kelajakda (umid qilamiz, 50 yildan kam vaqt ichida) O’zbekistonda ham masofadan ishlash usuli keng ommalashadi. Bu vaqt kelgunga qadar ish beruvchilar va dasturchilarning texnologik ongi, «ish joyi» deb atalgan muhitga munosabati hozirgidan ancha yaxshilanadi. Hozirgi holatni hisobga olmaganda masofadan ishlash istiqbollari meni quvontiradi.

O’zbekiston sharoitida masofadan ishlash istiqbollari” maqolasida 2 fikr

  1. jamshid uralov

    yurakning og`riqli nuqtalariga zarba berdingiz. albatta, bizda imkonyat katta. qaniydi shijoat bilan bunga qo`l uradigan odam topilsa

    Javob berish

  2. Oxunjon

    Salom! Maqolada yaxshi g’oyalar ko’tarilgan. Men frilensir saytlari va ularda qanday ishlashni eshitib bilganimdan so’ng, O’rganayotgan dasturchilik sohamga yanada qiziqib qoldim va biroz tajribam oshgach frilensir saytlardan loyiha olib ishlamoqchi bo’ldim, lekin qarasam raqobat va talablar ancha katta ekan. Ya’ni Ish sonidan ishlovchilar soni 2-3 marta katta, buning ustiga 3-4 yillik tajriba so’rashadi.

    O’ylab qarasam, shuncha vaqt sarflab o’rganaman va yana ish bormi, yo’qmi deb so’rayman, agar unga yoqsam ( talablariga mos tushsam) menga ish bermoqchi – bu esa menga to’g’ri kelmaydi

    Bu yerda eng katta foydani sayt egasi ko’rayapti, demak sayt ochib qandaydir servisni yo’lga qo’yilsa, bu haqiqiy ish joyi bo’ladi.

    Xullas, sayt ochib yuqoridagi kabi yaxshi maqolalar yozib kerakli ma’lumotlar yetkazib berganga nima yetsin!

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan