Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

O’quv markazlari va repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi g’oyasi

O’quv markazlari va repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi g’oyasi

O’zim 6 yil xalq ta’limi tizimida ishlaganman. Maktabdagi darslardan tashqari repetitorlik bilan ham shug’ullanar edim. Repetitorlar, shu jumladan o’quv markazlari ham moliyaviy munosabatlarni tartibga soluvchi hisob-kitob tizimiga ehtiyoj sezishini o’zim his qilganman. Ayni vaqtda dasturchi sifatida faoliyat olib borayotganligim sababli bu ishni avtomatlashtirish haqida o’ylab qoldim. Repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi g’oyasi bilan ushbu maqolada o’rtoqlashmoqchiman.

Toshkentdagi qaysidir katta o’quv markazi o’zining shaxsiy hisob-kitob tizimiga ega ekanligi haqida eshitgandim. To’lov vaqti yaqinlashganligi haqida o’quvchilarga SMS-xabarnoma yuborishi, fanlar va o’qituvchilar kesimida hisob-kitoblar xulosasini avtomatik shakllantirishi hamda yana boshqa ko’plab qulayliklarga ega ekanligi haqida bilib olganman. Keyinchalik, aynan shunday tizim yana boshqa bir o’quv markaziga kerak ekanligi, ma’qul bo’lsa o’quv markazi shunday tizim yasashga buyurtma bermoqchi ekanligiga guvoh bo’lib, huddi shunday tizimni yanada ko’proq imkoniyatlar bilan bepul taqdim etish haqida o’ylab qoldim.

Tizim qanday ishlaydi?

Tizimning tuzilishi o’quv markazi yoki yakka tartibdagi repetitor ishlatishiga qarab ikki xil bo’ladi. O’quv markazlari uchun fanlar va o’qituvchilar bo’yicha bo’linish amalga oshirilsa, repetitorlar faqat bitta yo’nalish bo’yicha hisoblarni boshqara olishadi. Repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi online ishlaydi va internet orqali foydalaniladi. O’quv markazi ham, repetitor ham o’z shaxsiy kabinetida o’quvchilar haqidagi ma’lumotlarni kiritib chiqadi: ism-sharifi, telefon raqami, qaysi sanadan o’qishni boshlaganligi, mashg’ulotlarning oylik/choraklik davomiyligi, to’lov davrning boshida/o’rtasida/oxirida olinishi va h.k. Barcha ma’lumotlar bir marta kiritib olingandan so’ng tizim hisob-kitoblarni avtomatik boshqaraveradi.

To’lov davri yaqinlashganda, masalan 1 kun oldin, o’quvchining telefoniga SMS-xabar yuboriladi: «Ertaga XXX fan bo’yicha fevral oyi uchun to’lovni amalga oshirishingi kerakligini eslatib o’tamiz». Xabarnoma bir vaqtning o’zida barcha o’quvchilarga yuborilishi, yoki to’lov davrining turli xil bo’lishiga qarab alohida-alohida yetkazilishi mumkin. Barcha o’quvchilar to’lov haqida ogohlantiriladi. Repetitor (o’quv markazi) esa to’lovlarni qabul qilingan vaqtda tizimga kiritib qo’yishi kifoya bo’ladi.

Repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi

Tizim moliyaviy munosabatlarni ta’limdan ajratishga yordam beradi. Bundan tashqari, hisob-kitoblarni avtomatlashtiradi va xisobotni shakllantirish vaqtini tejaydi.

Repetitorlar va o’quv kurslari bu tizim yordamida o’z hisoblarini online boshqara olishadi. O’quvchilarga to’lov haqida eslatish ham avtomatlashadi. SMS-xabarnomalar qulayligi yordamida hamma uchun qulay munosabatlar shakllanadi.

Texnik sharoit

Yil oxiriga qadar tizimni Laravel bilan yasashni boshlab olmoqchiman. SMS-xabarnomalar haqida hozircha o’ylayapman. Beeline USB modemi yordamida SMS yuborish mumkin. Agar uddalay olsam, Linux serverdan USB modem orqali avtomatik SMSlar yuborishga erisha olarman. Aks holda SMS gateway uchun pul ajratishga to’g’ri keladi 🙂

Tizim orqali pul ishlash

Albatta, bu tizimni yaratishdan moddiy manafaatdorlikni ham ko’zlaganman. Balki tizim tayyor bo’lgandan keyin o’zim ishlatarman, balki tizim kimgadir sotib yuborilar. Har qanday holatda ham, ushbu tizim orqali quyidagi tartibda pul ishlamoqchiman.

Tizim online ishlaydi, demak unga respublika bo’yicha istalgan o’quv markazi va repetitorlar a’zo bo’lishlari hamda foydalanishlari mumkin bo’ladi. O’zbekiston bo’yicha o’quv markazlari va repetitorlar juda ko’p. Shu sababli ko’pchilikning talab doirasida bo’lgan bu tizim foydalanuvchilari anchagina bo’ladi, deb umid qilayapman.

Tizimga a’zo bo’lib, hisob-kitoblarini SMS-xabarnomalar yordamida yuritish hamma uchun bepul bo’ladi. Tizimda pullik takliflarni joriy etish maqsadida bepul imkoniyatlarni resurs bo’yicha bir oz cheklashimizga to’g’ri keladi. Masalan, har bir repetitor yoki o’quv markazi faqat 10 ta o’quvchi haqida ma’lumot kirita oladi va o’quvchilarning har biriga bir oyda bir marta SMS-eslatma xabari yuboriladi. O’quvchilari 10 ta va undan kam sonli bo’lganlar tizimdan bemalol bepul foydalanishlari mumkin bo’ladi. Ko’proq o’quvchilarga ega bo’lgan repetitorlar ma’lum miqdordagi abonent to’lovini to’lash orqali imkoniyatlarini kengaytira olishadi.

Tizim shu kabi yana boshqa imkoniyatlari orqali pul ishlashi mumkin.

Qo’shimcha qulayliklar

Agar tizimning «Repetitorlar uchun hisob-kitob tizimi», deb cheklaganimizni hisobga olmasak, unda uyga vazifalarni boshqarish, ma’lum o’quv jarayonlariga ta’luqli eslatmalarni saqlash, qayta topshirishlarni boshqarish, o’quvchilar o’zlashtirishini baholash, internet orqali online testlar bilan o’quvchilar bilimini sinash, uyga vazifalarni internet orqali qabul qilishni joriy etish kabi bir talay qulayliklarni ham joriy etish mumkin. Bunda endi tizim faqat hisob-kitob uchun emas, balki butun o’quv jarayonini boshqarish uchun yaratilgan bo’lib qoladi. Men tizimimni bu darajada kattalashtirmoqchi emasman. Ammo shunday qo’shimcha afzalliklarni ham yaratish mumkinligini ta’kidlab o’tmoqchiman.

Ishonamanki, har bir o’quv markazi yoki repetitor o’zi uchun avtomatlashtirilgan tizim yaratishga buyurtma berib, faqat o’zi ishlatib yurgandan ko’ra, hamma uchun qulay imkoniyatlarni bepul taqdim etadigan bitta yagona tizim joriy etilsa, ko’pchilik uchun foydali bo’ladi.

Kimdir bu tizimga qiziqsa va oldindan buyurtma bermoqchi bo’lsa, bog’lanishi mumkin: +998 93 798 22 00

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan