Yii2 WordPress Veb dasturlash Startap Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Internet texnologiyalari Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili

O’quv markazi sizni dasturchi qila oladimi?

O’quv markazi sizni dasturchi qila oladimi?

Dasturlash sohasi juda mashxur bo’ldi. Bir necha yil avvalgiga nisbatan bir necha barobar ko’proq kishi dasturchilikni o’rganishni boshlagan. Sohada mutaxassislarga bo’lgan talabning ortishi va boshqa kasblarga nisbatan (mehnati ko’proq bo’lgani sababli) ish haqining ko’proq to’lanishi yangi o’rganuvchilarni bu sohaga jalb qilayotgan bo’lsa ajab emas. Albatta, talab va taklif qonuniyatiga asosan dasturlashdan ta’lim beruvchi o’quv markazlari ham ko’paydi. Har qanday o’quv markazi dasturchi kasbi bo’yicha tayyorlov kurslarini e’lon qilsa, unga qiziqish keskin oshdi.

Dasurlashni o’rganish turli o’quv marazlarida turlicha belgilangan. Kimdir bir necha oyda dasturlashni o’rgansa, kimlar uchundir yillar kerak bo’ladi. O’rgatish va o’rganish metodi ham turlicha. Nazariya va amaliyot, qaysi birining qancha bo’lishi va bir vaqtda yoki navbat bilan o’talishi ham har xil. Sohaga yangi kirib kelayotganlar, o’rganishni istovchilarni kuzatib ular uchun ba’zi tushunmovchiliklar borligini sezdim. Shu sababli ushbu maqolada dasturlashni o’quv markazida o’rganish haqidagi xolis fikrlarimni yozmoqchiman.

O’quv markazi dasturchi uchun kerakmi?

Har sohani ustoz bilan o’rganish yaxshi. Ammo dasturlashni o’rganish bundan mustasno. Dasturchi bo’lib yetishish uchun qaysidir bir ustozni tanlashingiz, o’rganish davomida faqat uning o’gitlariga amal qilib tajriba oshirishingiz kerak emas. Aksincha, o’rganish davomida ma’lumot oladigan manbaalaringiz qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi. Shuni xisobga olgan holda dasturlashni ustozdan emas o’zingiz mustaqil o’rganishingiz yaxshiroq samara beradi. O’quv markaziga borib o’rganish sizga qaysidir ma’noda yengillik berishi, kod yozishni boshlab olish uchun poydevor berishi mumkin, lekin kuchli dasturchi bo’lib yetishishingizda beqiyos o’rin tutmaydi. O’quv markaziga bormasdan ham dasturchilikni o’rganishingiz mumkin.

O’rganish uchun nimalar kerak?

Xo’sh, o’quv markaziga bormasdan dasturlashni o’rganish yo’lini tanlasangiz, unda sizga nimalar kerak bo’ladi? Mening fikrimcha, dasturlashni o’rganishingiz uchun sizga quyidagilar kerak bo’ladi:

  • sohani o’rganishga bo’lgan kuchli qiziqish va xohish
  • o’rta holatdagi, yaxshi ishlaydigan kompyuter
  • cheksiz traffikli, yaxshi tezlikka ega bo’lgan internet
  • o’qib tushunish darajasidagi ingliz yoki rus tili bilimi
  • tushkunlikka tushganda o’zini qayta o’nlash qobiliyati

YouTube sayti dasturlashni o’rganish bo’yicha video darslarga to’la. Web dasturlashni o’rganish uchun w3schools.com kabi saytlarda tekin darslarni topishingiz mumkin. Umuman, Google qidiruvidan foydalana olgan olgan kishi dasturlashni o’rganish bo’yicha o’ziga kerakli ma’lumotlarni BEPUL topishi mumkin.

Shaxsan men dasturlashni o’rganish bepul bo’lishi kerak, deb hisoblayman. Chunki axborot asrida yashayapmiz. Internet hammaga bir xil ochiq. Bunday zamonda dasturlashni pul to’lab o’rganish kerak emas. Bunday fikrga kelishimga, albatta, dasturlashni o’rgatish o’quv kurslarining narxi haddan ortiq qimmatligi ham ta’sir qilgan. Hozirgi kunda Toshkent shahrida dasturlashni o’rgatish bilan shug’ullanuvchi o’quv markazlarida bir oylik to’lov miqdori 700 ming so’mdan 2 million 500 ming so’mgacha va undan ko’proq ekanligini eshitganman.

Qaysi yo’nalishni o’rganish yaxshiroq?

Dasturlash tili va yo’nalishini qiziqishingizga qarab tanlang. To’g’ri, «qaysi yo’nalishga ko’proq to’lashadi?», degan savolga asoslanib tanlash ham mumkin. Lekin kelajakda kasbingizning mohir ustasi bo’lish uchun qiziqishlaringizga suyanganingiz yaxshiroq.

IT sohasidagi aktual vakansiyalar va o’rtacha oylik maosh miqdori bilan UzDev Jobs yoki shunga o’xshash manbaalarni kuzatib bilib olishingiz mumkin. Yaxshi mutaxassis hamma joyda kerak va o’z ishining ustasiga juda yaxshi to’lashadi.

Bilishimcha, hozirgi bosqichda web dasturlash sohasi o’zining tarixiy ommaviyligini va talabgirligini mobil dasturlashga bo’shatib berayotgandek. Hozir saytlar va web dasturlarga nisbatan mobil ilovalarga talab yuqoriroq. Har qanday yo’nalishda ham JavaScript tili va unga asoslangan muqobil tillarni o’rganish hozirgi kunda O’zbekiston sharoitida nisbatan ko’proq kerak bo’lib turibdi.

Nimani o’rgatishadi nimani esa yo’q

Qaysidir dasturlash yo’nalishini tanlab, shaxsiy tanlovingiz bo’yicha o’quv markaziga bordingiz, deb hisoblaylik. O’quv markazlarida dasturlashni o’rganish bo’yicha nimalar kutishingiz kerak? U yerda sizga aslida nimani o’rgatishadi? Nimalarni siz baribir o’zingiz mustaqil o’rganishingiz kerak bo’ladi?

Men kod yozishni she’riyatga o’xshataman. Kod yozish bu shoirlik, she’r yozish bilan teng. O’zbek tilida chiroyli, mazmunli, qofiyalari kelishgan va kam misralarda ko’p ma’no bera oladigan she’r yozishni misol qilaylik. Siz o’zbek tilida yozishni o’rganishingiz mumkin. Kimdir sizga harf yozishni, o’zbekcha so’zlarni yozishni va o’qishni, so’zlar ishtirokida sodda va murakkab gaplar tuzishni o’rgatishi mumkin. Ammo haqiqiy she’r yozishni o’rgata olmaydi. Shoir bo’lish uchun insonda qobiliyat bo’lishi kerak. She’r kishining yuragidan chiqishi kerak.

Huddi shuningdek, kod yozishni ham kodning o’zini yozish (sintaks) va dastur yozishga ajratishimiz kerak. O’quv markazida sizga sintaksni o’rgatishadi. Bu kodni yozish qoidalari, qaysi belgi nimani anglatishi, qaysi yozuvni qayerda va nima uchun yozishingiz kerakligi o’rgatiladi. Albatta, siz sintaksni o’rganib oddiy «Hello world» dasturchasini yozishingiz mumkin. Ammo bu dasturlash sohasiga kirishdagi eng birinchi kichik qadam hisoblanadi. O’quv markazlari sizga kod yozishni o’rgatadi, lekin dasturlashni o’rgata olmaydi. Dasturlashga yo’nalish berishi mumkin, dasturchidek fikrlash bo’yicha tavsiyalar berishi mumkin, ammo boshqa kasblardan farqli ravishda kurs davomida sizni sohaning mutaxassisi qilib chiqara olmaydi.

Dasturlashning 90 foizidan ko’proq qismini tashkil qiladigan mantiqiy fikrlash, muammoga yaratuvchanlik bilan yechim topish, abstrakt miqyosli kodlar yozish kabi bir nechta muhim ko’nikmalarni o’quv markazlarida o’rgana olmaysiz. O’quv markazi dasturchi uchun kerak emas, degan xulosadan yiqorman. Ammo sohani o’rganish rejasini to’g’ri tanlashinigzni tavsiya qilaman.

O’rganishga qancha vaqt ketadi?

Balki javobim sizga yoqmas, lekin dasturlash sohasini o’rganishni tugatib bo’lmaydi. Bu sohaga kirdingizmi, kasbingizni yakunlaydigan eng oxirgi kunlarga qadar o’rganasiz. O’rganish hech qachon tugamaydi. «Men hammasini biladigan dasturchiman, men dasturlashni o’rganib bo’ldim», deya oladigan hech kim yo’q dunyoda. Har kun u yoki bu yo’nalishda yangilanishlar chiqadi, yangi kodlar paydo bo’lib eskilarining umri tugaydi. Siz doim yangiliklarni o’rganishga tayyor bo’lishingiz kerak. Bu sohaga kirishdan oldin shu shartga rozi bo’lishingiz lozim. Siz hech qachon o’rganishdan to’xtamaysiz va o’rganish hech qachon tugamaydi.

«Qanday qilib dasturlashni 10 yilda o’rganish«, nomli mashxur maqola bor. Ko’p tillarga tarjima qilingan, qachondir uni o’zbek tiliga men tarjima qilaman degan yaxshi niyatda yuribman 🙂 Maqolaga ko’ra dasturlashni 10 yilda o’rganish mumkin ekan. Qolgan xulosa o’zingizdan.

Ish topish va ishlash masalasi

Dasturlash yaxshi soha, dasturchilik yaxshi kasb. Bundan keyin bu soha faqat oldinga qarab ketadi va hech qachon rivojlanishdan to’xtamaydi. Jamiyatdagi yanada ko’proq yo’nalishlar raqamlashtirilishi, elektronlashtirilishi va avtomatlashtirilishi mumkin ammo hech qachon yana avvalgidek qog’oz-qalam holatiga qaytmaydi.

Shunday ekan, dasturlashni o’zingizning kelajak sohangiz sifatida tanlashdan qo’rqmang. Tavakkal qiling va o’zingizga ishoning. Bu soha albatta sizga yaxshi, mazmunli kelajakni taqdim eta oladi.

O’zbekiston sharoitida mobil va web dasturchilarga talab eng ko’p, deb hisoblayman. Bizda hozirgacha rivojlanmagan yoki umuman boshlanmagan IT yo’nalishlar bor. Balki kelajakda yangi sohalar ochilib, shunga mos ravishda boshqa yo’nalishdagi dasturchilarga ham ko’proq talab bo’ladi.

Ish topish boshqa kasblarga nisbatan oson. Dasturlash sohasi diplomga emas ko’proq qobiliyatga qarab belgilanganligi sababli umuman universitetda o’qimagan yoki butunlay boshqa mutaxassislikka o’qigan bo’lsangiz ham dasturlash yo’nalishida yaxshi ish topishingiz ehtimoli katta. Masofadan ishlash yoki bir vaqtning o’zida bir nechta ishda ishlash (agar vaqt masalasi muammo bo’lmasa) mumkin.

O’quv markaziga borasizmi, bormaysizmi – dasturlashni o’rganish yaxshi fikr. O’quv markazi dasturchi uchun kerakmi yo’qmi – bu shaxsi qaror masalasi. O’rganishga pul sarflasangiz ham sarflamasangiz ham moliyaviy jihatda bu kasb o’zini to’liq oqlaydi. Hammasi sizga bog’liq. Qachon va qanday dasturchi bo’lishni faqat va faqat o’zingiz hal qilasiz.

O’quv markazi sizni dasturchi qila oladimi?” maqolasida 2 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan