Bosh sahifa / Sayt tayyorlash / Open source dasturlar nima?

Open source dasturlar nima?

«Open source» atamasi o’zbek tilida «ochiq o’zak» degan ma’noni anglatadi. Kompyuter dasturlariga ta’luqli sohalarda open source o’zak kodi kamma uchun ochiq, cheklanmagan dasturlarga nisbatan ishlatiladi. Agar dastur open source bo’lsa, uning asosini tashkil etuvchi barcha o’zak kodlarni istagan kishi ko’rishi, o’rganishi, o’ziga moslash uchun o’zgartirishi, kodni yaxshilash, rivojlantirish uchun hissa qo’shishi va hatto undan foydalanib pul ishlashi ham mumkin bo’ladi. Open source dasturlarning aksi bo’lgan «closed source» («yopiq o’zak») yoki «proprietary software» («shaxsiy mulk dasturi») deb nomlanuvchi turdagi dasturlar esa foydalanuvchilarni dasturning o’zak kodini ko’rish, o’rganish va o’zgartirishdan cheklaydi. Qonunga ko’ra closed source dasturlarining kodini o’zgartirish jinoyat hisoblanadi.

Open source dasturlar hamma tomonidan rivojlantirilib, o’zgartirilishi mumkin bo’lganligi sababli uning egasi hamma hisoblanadi. Closed source dasturlar esa faqat bitta shaxs, jamoa yoki kompaniya tomonidan tasarruf etiladi va ulardan boshqa hech kimga o’zak kodni o’zgatirishga ruxsat berilmaydi.

Microsoft Office (Word, Excel, Power Point) va Adobe Photoshop kabi dasturlar closed source hisoblanadi. Ulardan foydalanish uchun bu dasturlarni ishlab chiqargan kompaniyaga pul to’lashingiz kerak va o’zingiz sotib olgan dasturdan faqat foydalanuvchi shartnomasida ko’rsatilgan usuldagina foydalanishingizga ruxsat beriladi. Bu dasturlarning kodini o’zgartirish qonunga ko’ra jinoyat hisoblanadi. LibreOffice yoki OpenOffice kabi dasturlarda esa hammasi aksincha: Siz dasturdan bepul foydalanishingiz mumkin va dasturning o’zak kodini ko’rib, o’rganib, o’zgartirib, o’zingizga moslashingizga ruxsat beriladi.

Deyarli barcha kompyuter dasturchilari uchun open source dasturlar boshqa yopiq o’zakli dasturlarga nisbatan afzal deb bilinadi chunki open source kishilarga dastur ustidan to’liq hukmronlik erkinligini beradi. Yopiq o’zakli dasturlar faqat ishlab chiqaruvchining rejalashtirgan tamoyillari bo’yicha, uning qoidalari bo’yicha ishlaydi hamda dasturni o’zgartirish jinoyat hisoblanadi. Open sourceda esa har kim dastur o’zagini o’ziga moslab o’zgartirishi mumkin bo’ladi. Dasturdagi bu erkinlik dunyo bo’yicha open source dasturlarning nihoyatda ommalashuviga olib keldi. Bugungi kunda professional dasturchilar ham, endigina dasturlashni o’rganayotgan talabalar ham opern source dasturlarni afzal bilishadi.

Open source dasturlari tez-tez yangilab turiladi. Chunki opern source dasturlarning asos kodi hamma uchun ochiq bo’ladi va bitta dastur kodi ustida dunyo bo’ylab millionlab odamlar ishlashadi. Dasturda mavjud bo’lgan kamchiliklarni bitta dasturchi ko’rmay qolsa, boshqasi albatta ko’radi va open source ruxsatlari sababli shu kamchiliklarni yaxshi tomonga o’zgartiradi. Closed source dasturlarida esa bunday emas – dasturda bo’lishi mumkin bo’lgan barcha kamchiliklar faqat bitta jamoa, shaxs yoki kompaniya tomonidan tuzatilmagunicha kamchilik o’zgarmas bo’lib qolaveradi. Balki shu sababga ko’ra ham open source dasturlar ko’pchilik tomonidan ishonchliroq, xavfsizroq va mukammalroq deb baholanadi.

Open source dasturlardan nafaqat dasturchilar, balki butun dunyodagi zamonaviy texnologiyalarga aloqador har bir kishi foydalanadi. Hatto dasturchilikdan hech qanday xabaringiz bo’lmasa ham, atrofga boqsangiz o’zingizning open source dasturlardan qanchalik zavqlanib foydalanayotganingizni ko’rasiz. Telefoningizga e’tibor bering: Android tizimi open source dastur hisoblanadi. Bugun u milliardlab qurilmalar asosida ishlayapti. Siz foydalanadigan saytlarning deyarli barchasi PhpMyAdmin – open source dasturi asosida ma’lumotlarini boshqaradi. Har kuni email jo’natasiz – bu ham open source dasturlar yordamida ishlaydi.

Open source dasturlar foydalanuvchilarga shu qadar ko’p erkinlik beradiki, hatto open source asosida pul ishlashingizga ham ruxsat beriladi. O’zingiz istagan open source dasturni olib, uni o’zingiz yoki mijozingiz talablariga mos ravishda o’zgartirib, dasturni sotish orqali pul ishlashingiz to’liq qonuniy hisoblanadi. Faqat bitta sharti – Siz tayyorlagan dasturning o’zak kodi open source bo’lishi kerak. Ya’ni, tayyorlagan dasturingiz kodini hamma ko’ra olishi, o’zgartira olishi va undan o’zlari istagancha foydalanishlari mumkin bo’lishi kerak.

Open source dasturlar faqat kompyuterda ishlovchi dasturlarni o’z ichiga olmasdan, balki internetda, saytlar asosida ishlovchi dasturlarni ham qamrab oladi. Bugungi kunda WordPress, Joomla, DLE, phpBB kabi bir qator open source web dasturlar mavjud.

Biz ushbu saytda o’rganayotgan WordPress tizimi ham open source dastur hisoblanib, uni o’zingiz istagancha o’zgartirishingiz, o’rganishingiz va hatto sotishingiz ham mumkin. WordPress dasturi o’zining www.wordpress.org rasmiy sayti orqali dunyo bo’ylab millionlab dasturchilar tomonidan har kuni o’zgartirib, yaxshilanib boriladi.

Open source dasturlar va open source g’oyasining o’zi zamonaviy hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqurroq kirib kelmoqda. Kelajakda open source g’oyasi ta’lim, tibbiyot, tijorat, hukumat, qonun kabi ommaviy zaruratga aylangan sohalarda ham to’liq ilgari surilsa ajab emas. Bugungi kunda faqat dasturlar va ulardan foydalanish borasida mashxurlik qozonga open source harakatining rasmiy sayti www.opensource.com hisoblanadi. Bu sayt orqali open source dasturlar haqida o’zingizni qiziqtirgan barcha ma’lumotni olishingiz mumkin.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*