Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Odnoklassniki saytidagi 7 ta yolg’on

Odnoklassniki saytidagi 7 ta yolg’on

Saytimning foydalanuvchilar bilan ijtimoiy aloqa vositasi sifatida Odnoklassniki tarmog’idan qancha vaqt foydalangan bo’lsa, shu vaqt davomida ko’p martalab uning qanchalik yolg’onlarga to’la ekanligiga amin bo’lganman. Quyida Odnoklassniki ijtimoiy tarmog’ining eng keng tarqalgan 7 ta yolg’oni haqida yozmoqchiman. Balki ularni bilish kimlar uchundir tarmoqdagi yolg’onlarni chetlab o’tishda qo’l kelib qolar.

1-yolg’on: YOLG’ON SHAXSIY MA’LUMOT. O’zining shaxsiy ma’lumotlarini rost ko’rsatgan nechta Odnoklassniki profilini bilasiz? Balki ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni ochiq ko’rsatish shaxsiy xavfsizlik qoidalariga zid bo’lganligi sababli ko’pchiligimiz o’zimiz haqimizdagi ma’lumotlarni rost ko’rsata olmasmiz, ammo hozirgi vaqtda OK saytidagi juda ko’p sonli profillarda egalarining hatto haqiqiy ism yoki familiyalari ham ko’rsatilmagan.

Qaysi profilga e’tibor bermang hamma joyda boshqalarning ismlari va familiyalarini ko’rishingiz mumkin. Ba’zi muxlislar esa o’zlarining mashxur kishilarining ism-shariflarini o’zlashtirib olishgan.

Shaxsiy ma’lumotlariga nisbatan tahdidni sezib, o’z ma’lumotlarini qisman yoki to’liq yashirgan foydalanuvchilarni balki tushunsa bo’lar. Ammo tarmoqda erkak kishilar profilida ayollarning ism-shariflari paydo bo’lib qolayotganligini ham ko’rayapmiz. Bu haqida bitta maqola yozgandan so’ng mavzuni qayta muhokama qilmaslikka ahd qilganman. 🙂

2-yolg’on: MUSULMON BO’LSANG KLASS BOS! Tarmoqni kuzatish davomida bekordan-bekor klassbozlik avjiga chiqqanligini ko’rdim. Shu o’rinda menda klass nima uchun yig’iladi va klass yig’ishdan foydalanuvchiga qanday foydal bo’lishi mumkin, degan savollar paydo bo’ldi. Keyingi maqolalarimda bu haqida alohida yozishga va izlanishlarim natijasida o’rganganlarimni baham ko’rishga harakat qilaman. Nima bo’lganda ham, Odnoklassnikining O’zbekistonlik foydalanuvchilari tomonidan hech qanday maqsad va sababsiz klass yig’ishga qiziqish kuchayganligini sezdim.

Ko’pchilik status yoki rasmlarda klass bosishga deyarli majburlash ham ko’zga tashlanayapti. «Musulmon bo’lsang klass bos!», «O’zbek bo’lsang klass bos!», «Shu insonni xurmat qilsang klass bos!», «Onang abadiy yashasin desang klass bos!», «Men shu statusga klass bosishga onamni o’rtaga qo’yib qasam ichaman. Mana qasam ichding endi klass bos!» kabi status va rasmlar juda ko’payib ketgan. Ba’zi statuslar esa hatto klass bosmasangiz hayotingizda qandaydir noxush voqea yuz berishini ham bashorat qilishi mumkin ekan. Ba’zan diniy tushunchalar yoki muqaddas kitoblarning ham oddiy klass yig’ish uchun ishlatilayotganligi achinarli holat hisoblanadi. Bundan tashqari statik rasm ko’rsatilgan statuslarda «Klass bossang rasm qanday o’zgarishini ko’rasan» degan so’zlarni ham o’qishimiz mumkin. Eng qizig’i bunday statuslar minglab klasslar yig’a olgan. Balki rostdan ham klass bosganda rasmda nimadir o’zgarishi mumkinligiga ishonuvchilar ko’pdir.

3-yolg’on: YOSH. Odnoklassniki shunday ajoyib ijtimoiy tarmoqki, unda 14 yoshli buvilarni, 47 yoshli bolachalarni uchratish mumkin. Shundan kelib chiqib Odnoklassniki saytini haqiqiy vaqt mashinasi, deyish mumkin. Tarmoqda Siz o’zingizga istagan yoshni belgilashingiz mumkin. Bir necha yilga yoshargingiz keladimi, yoki aksinchami – hech qanday muammosiz!

Profilida o’z yoshini to’g’ri ko’rsatuvchi shaxslar ham talaygina. Ammo bu ma’lumotni butkul xato ko’rsatuvchilar ham bor. Shunday ekan, kishining yoshi haqidagi ma’lumot Odnoklassnikida shubha bilan qaralishi kerak bo’lgan raqamlar ekanligini unutmaslik kerak.

4-yolg’on: O’ZINI AQLLI QILIB KO’RSATISH. Haqiqiy hayotda intellektual jihatdan biror mavqega erisha olmagan kishilar Odnoklassniki profillari orqali o’zlarini dunyo donishmandlari deb e’lon qilishmoqda. Arzimagan bir masalani deb minglab sharhlar qoldiriladigan forumchalarda hayot va dunyo haqidagi falsafalarini hammaning fikridan ustun deb biladiganlarni OK saytida ko’plab topishingiz mumkin. Ular o’zlarini nimanidir biladigan, nimanidir qoyillatib qo’ygandek tutishadi. Aslida esa bu donishmandlar yozayotgan gaplarida tayin ma’no yo’qligini o’zlari ham tushunmaydigan o’smir yoshidagi bolalar bo’lib chiqishadi.

Agar qaysidir fikringiz OK muhokamalarida keskin muhokama qilinsa, albatta Sizga yuqori aytilgan kabi donishmandlarning pand-nasihatlari, o’gitlari yetib borgan bo’lishi kerak. Ularning gaplarini jiddiy qabul qilish yaramaydi. Ular o’rgatayotgan «ta’limot»larga amal qilish haqida esa hatto o’ylab ko’rish ham kerak emas. Chunki ular rostdan ham shu qadar aqlli bo’lganida edi, muhokamalari OK statuslaridan yuqoriroq joylarga chiqqan bo’lardi.

5-yolg’on: FOTOSHOP. Yuqoridagi 3-yolg’onda aytilganidek OK tarmog’i ko’pchilik uchun vaqt mashinasi bo’lishi bilan birga minglab foydalanuvchilarning haqiqiy hayotdagi yetisha olmagan tashqi go’zalliklarining virtual ijobati hamdir. Buning uchun ular birinchi navbatda Fotoshop dasturini tayyorlagan Adobe kompaniyasidan, undan so’ng esa rasmlarni dunyoga tarqatayotgan OK tarmog’idan minnatdor bo’lishlari kerak.

Odnoklassnikida turli rasmlar ko’p. Ularning ko’pchiligi esa ishonish qiyin bo’lgan darajadagi holatlarni tasvirlagan. Fotoshop imkoniyatlari orqali qanchadan-qancha kishilar OK tarmog’i doirasida dunyo go’zallari qatoridan joy olayotgan bo’lsa, Alloh mo’jizasi deya tarqatilayotgan, aslida esa Fotoshopda tahrirlangan rasmlar shunchalik ko’p tarqalmoqda. Sigirning tanasiga tovuqning boshini ustalik bilan yopishtirgan fotoshopchilarning rasmlarini esa ko’pchilik mo’jiza safitida qabul qilishmoqda.

6-yolg’on: MASHXURLAR HAYOTI HAQIDA MISH-MISH. Men buni haqiqiy g’iybat, deb hisoblayman. Mashxurlar ham inson, ularning shaxsiy hayotlari hech qachon omma oldida muhokama qilinmasligi kerak. OKda esa buning teskarisi – biror mashxur kishi hayotida qandaydir o’zgarish bo’lsa, imkon qadar shu o’zgarishni ming chandon ortig’i bilan yozishga harakat qilishadi.

Mashxurlar o’limi, ajrashishi yoki shunga o’xshash ko’pincha yolgon bo’lib chiqadigan shov-shuvli hodisalar haqidagi statuslar, rasmlar, videolar tarmoqda juda tez tarqaladi. Bu turdagi yolg’onlardan ayniqsa ehtiyot bo’lishingiz kerak va OK saytida tarqatilayotgan har qanday gapga doim ham ishonavermasligingiz zarur.

7-yolg’on: HAYOTI HAMMANIKIDAN YAXSHI EKANLIGINI AYTUVCHILAR. Bu kishilarning real hayotlari aslida aksincha bo’ladi. Odnoklassniki saytida hayoti qanchalar yaxshi, turmushi farovon, o’zi esa baxtga to’la ekanligini ko’z-ko’z qilayotganlar aslida yoki o’ta yolg’iz, yoki kimdandir shu yo’l bilan qasos olishga harakat qilishayotgan bo’ladi. Bunday harakatlar ko’pincha o’smir yoshlarda ko’proq kuzatiladi. Ularning ishqiy kechinmalarida yuz berayotgan ko’ngilsiz holatlar Odnoklassniki statuslaridagi hayot tasvirining gullab-yashnashiga olib keladi.

Umuman olganda esa hayotlari yaxshiligi bilan birga o’zlarini ham ortiqcha maqtab yuboradiganlar juda ko’payib ketgan. Agar qachondir Odnoklassniki saytida o’zini Sizga o’rnak qilib ko’rsatayotgan janob va xonim Mukammallarni uchratsangiz, ichingizdan ularning haqiqiy hayotlaridagi qiyinchiliklariga hamdardlik bildirib qo’yishni unutmang 🙂 Statusda tasvirlangan baxt, rasmlarda ko’rsatilgan chiroyli hayot aslida shunchaki sarob bo’lishi ham mumkin.

Yuqoridagi yolg’onlar nafaqat Odnoklassnikida, balki boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqalgan bo’lishi mumkin. Internetdan juda ko’p foydali ma’lumotlar olishingiz mumkinligi bilan bir qatorda yolg’on ma’lumotlarga ham duch kelib qolishingiz mumkinligini unutmang. Tarmoqlarda doim xavfsiz va ehtiyotkor bo’ling!

Abituriyentlar uchun test formulalari

5 ta fikr

  1. Azamat aka vaqt mashinasi ham gapmi. Hamma balo O`zbeklarni o`zida. RUSlar barcha ma`lumotlari bilan tarmoqda o`tirsa O`zbeklarda buni aksi.
    Ey odamlar qayerga qarab ketmoqdamiz…

  2. Ha foydali va cheksiz nomaqbul informatsiyalarga tolgan sayt ok.ru

  3. Internet tizimidagi 70%informatsiya o`zbeklarga mosmas madaniyatsizlik lekin baribir bunday resursli saytlar kop afsus

  4. Juda to’g’ri gap ayniqsa menga donishmandlar haqidagi mavzuingiz menga ma’qul keldi shu o’rinda yana bitta qo’shimcha qilib yuborsam harflar haqida hozirda ok saytiga bizning hamyurtlarimiz o’zlariga alfavit yasab olishgan masalan:CH-4 ,O’-6, Sh-w bu nima degan gap axir bu kasallikdir.

  5. ajoyib mavzu menga yoqdi

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*