Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / Nega saytingizni WordPress asosida tashkil etishingiz kerak?

Nega saytingizni WordPress asosida tashkil etishingiz kerak?

Yaqindagi so’rovnoma natijalariga ko’ra WordPress tizimi butun dunyodagi saytlarning 24.1% qismida asosiy tizim sifatida foydalaniladi. Dunyo saytlarining deyarli to’rtdan birini egallay olgan WordPress tizimi Sizning talablaringizni ham qanoatlantirishi tabiiy. O’zining deyarli cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligi, tez va xatosiz ishlashi, ko’p resurs talab qilmasligi, bepulligi, tez-tez yangilanib turilishi, xavfsizligi va juda ko’p shablon/plaginlarga ega ekanligi sababli dunyodagi kontent boshqarish tizimlari ichida birinchi o’ringa chiqa olgan WordPress tizimi hozirgi kunda Time Magazine, Google, Facebook, Sony, Disney, LinkedIn, The New York Times, CNN, eBay va boshqalar kabi mashxur saytlarning asosi sifatida ishlab turibdi. WordPress tizimini yana qanday mashxur saytlar/kompaniyalar/shaxslar ishlatishi haqida wordpress.org/showcase sahifasida bilib olishingiz mumkin.

O’z saytingizni tashkil etish haqida o’ylab turgan va qaysi ma’lumotlarni boshqarish tizimidan foydalanish yuzasidan ikkilanayotgan bo’lsangiz WordPress tanlovida to’xtalishingizni tavsiya etaman. To’g’ri, WordPressdan tashqari saytingizni Joomla, DataLife Engine yoki boshqa biror tizimda tashkil etishingiz ham mumkin, ammo ularning hech biri WordPress tizimiga tenglasha olmaydi. Bu mening fikrim emas, statistik ma’lumotlarga asoslangan fakt hisoblanadi. O’zingiz ham bu borada Google orqali shaxsiy izlanishingizni amalga oshirib ko’rishingiz  mumkin.

WordPress tizimining boshqa tizimlarga nisbatan bir necha ustunliklarga ega bo’lishida, uni boshqa tizimlardan alohida ajratib turuvchi bir necha sabablar bor. Siz saytingizning asosi sifatida WordPress tizimini tanlashingiz kerak, chunki:

WORDPRESS TIZIMIDAN FOYDALANISH BEPUL. Faqatgina tizimning o’zi emas, balki u bilan birga keladigan barcha erkinliklar imkoniyatlari ham bepul taqdim etiladi. Siz WordPress tizimini o’zingiz istagancha o’zgartirishingiz, buzishingiz, tuzatishingiz, hatto o’zgartirilgan fayllaringizni sotishingiz va hech qanday alohida ruxsatsiz WordPress yordamida pul ishlashingiz ham mumkin!

Bundan tashqari WordPress tizimi resurslarga eng boy tizim hisoblanadi. Bugungi kunda WordPressning 2600 dan ortiq bepul shablonlari, 31000 dan ortiq bepul plaginlari bor. Ulardan hech qanday to’lovsiz va cheklovlarsiz foydalanishingiz mumkin. Boshqa tizimlar Sizga bunchalik ko’p imkoniyatni bera olmaydi.

WORDPRESS TIZIMINI O’RGANISH OSON. WordPress bepul tizim bo’lganligi sababli uni ko’p sonli ustalar birgalikda rivojlantirishadi va tabiiyki tizim ustida ishlayotgan mutaxassislar o’zlari hissa qo’shib turgan soha bo’yicha WordPressga oid sifatli, bepul darslarni o’z muxlislari e’tiboriga havota etib borishadi. Hozirgi kunda WordPress tizimi haqida internetda juda ko’p ma’lumot topishingiz mumkin. Tizimni o’qib o’rganmoqchimisiz, yoki video darslar yordamida o’rganishni xohlaysizmi – har qanday holatda ham Sizning tanlovingiz juda katta resurslar bazasi ichidan bo’ladi. Bugun WordPressni o’rganish uchun vaqt va ingliz/rus tilini bilishdan boshqa talab yo’q. Sodda usulda tushuntirilgan online darslarni o’qib WordPress tizimida ishlash bo’yicha eng sodda ma’lumotlardan boshlab eng murakkab shablon tayyorlash yoki plagin yasash kabi amaliyotlarni bajarishgacha rivojlanishingiz mumkin.

WORDPRESS ISTALGAN TURDAGI SAYTNI BOSHQARA OLADI. Bir necha yillar avval WordPress faqat blog tizimi sifatida mashxur edi. Hozirgi kunga kelib esa uni deyarli barcha turdagi saytlarning asosi sifatida ishlatish mumkin. WordPressning cheksiz imkoniyatlar hadya etuvchi plaginlari va saytni istalgan ko’rinishga keltira oluvchi shablonlarga boyligi sababli WordPress bilan istalgan turdagi saytni tayyorlashimiz mumkin. Bu tizim asosidagi saytingiz faqat o’zingizning tasavvuringiz bilan cheklanishi mumkin, xolos.

WORDPRESS QIDIRUV MASHINALARIGA JUDA MOS. WordPress tizimining SEO jihati juda yaxshi tashkil etilgan. Demak, WordPress asosida ishlaydigan saytingiz ma’lumotlari Google, Yandex, Alto kabi qidiruv mashinalarida yaxshiroq topilishi bilan boshqa tizimlarda tayyorlangan saytlardan alohida ajralib turadi. WordPressning SEO plaginlari esa tizimning bu imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. WordPress bilan Sizning saytingiz ma’lumotlari qidiruv mashinalari yordamida tez va aniq topiladi hamda saytingiz minglab yangi foydalanuvchilarga osonlik bilan ega bo’ladi.

WORDPRESS ASOSIDAGI SAYTNI BOSHQARISH OSON. Sayt tayyorlash sohasida hech qanday ma’lumotga ega bo’lmagan, eng tajribasiz kishi ham WordPress asosidagi saytni osonlik bilan boshqarishi mumkin. WordPress tizimining tushunarli, yaxshi tartiblangan admin paneli boshqaruvchiga maksimal darajadagi yordamni ko’rsata oladi. Tizimdagi avtomatlashtirish yaxshi tashkil etilganligi sababli saytingizni yuritishda yangi ma’lumotlar kiritishdan tashqari deyarli hech narsa qilishingiz talab etilmaydi.

WORDPRESS TIZIMI XAVFSIZ. Tizim tez-tez yangilab turiladi va undagi kuzatilishi mumkin bo’lgan har qanday xavfsizlik muammolari darxol bartaraf etib boriladi. Sayt boshqaruvchisi sifatida saytingizning asosi, shablonlari va plaginlarini avtomatik tarzda yangilab turishingizning o’zi kifoya. Saytingizning dasturiy ta’minoti eng yangi versiyada bo’lsa, saytingiz hakkerlar xujumi va boshqa xatarlardan himoyalangan hisoblanadi.

WORDPRESS TIZIMIDA BARCHA TURDAGI FAYLLAR ISHLATILISHI MUMKIN. Saytingizda istalgan turdagi rasmni, har qanday audio yoki video ma’lumotni, PDF xujjatlarni yoki boshqa har qanday faylni ko’rsatishingiz mumkin. WordPress barcha turdagi fayllarni qo’llab-quvvatlaydi va har qanday yangi turdagi, kamyob fayl turini saytingizda ko’rsatishingiz uchun har doim kerakli plagindan foydalangan holda ish ko’rishingiz mumkin.

WordPress tizimining yuqorida sanab o’tilgan bir necha imkoniyatlaridan tashqari yana minglab boshqa qulayliklari mavjud. Tizim Sizga saytingizni muvaffaqiyatli yuritishingiz uchun kerakli bo’lgan barcha imkoniyatni taqdim eta oladi. Saytingizni tayyorlashda, yuritishda va tashkil etishda aynan WordPress tizimidan foydalanishingizni tavsiya etaman. Dunyoning millionlab saytlari o’z ma’lumotlarini ishonib topshirgan tizim imkoniyatlaridan foydalaning!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*