Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Nega hozir “sal anaqaroq” bo’lish bunchalik zo’r hisoblanadi?

Nega hozir “sal anaqaroq” bo’lish bunchalik zo’r hisoblanadi?

Hamma davrda turli toifadagi odamlar zo’r hisoblanishgan. Qachondir “Rembo” filmi endi mashxur bo’la boshlagan vaqtlarda Silvesterga o’xshash mushaklari baquvvat macholar zamonning eng super-zo’r kishilari hisoblanishgan bo’lsa bugungi kunga kelib hammasi deyarli teskari bo’lib ketdi. Hozirgi vaqtda “sal anaqaroq”lar, ya’ni oddiy odamlar ko’zi bilan qaraganda “sal tomi ketgan” kishilar zamonamizning eng zo’r kishilari hisoblanishadi, desak xato bo’lmaydi.

Texnika taraqqiyoti, ayniqsa internetning rivojlanishi bilan “gik”lar (ingliz tilida “geek” – “zamonaviy texnologiyalar bilan haddan ortiq qiziquvchi shaxslar”) zamonaviy dunyoning har qanday zo’rlaridan o’zib ketishdi. Bir necha o’n yil avval giklarni jamiyatdan ajralib turuvchi, sal g’alatiroq kiyinuvchi, fikrlashidan boshqalardan juda ajralib turganligi uchun boshqalar tomonidan esi pastroq, deb hisoblanuvchi kishilar sifatida tasniflashar edi. Ular deyarli hech kim bilan do’stlashisha olmas, ko’pchilik oddiy odamlar o’zlarini qulay his qiladigan davralarda kirishib keta olishmas edi. Giklarni deyarli har doim kompyuter qarshisida, o’zlari uchun qulay bo’lgan virtual olamda sayr qilib yurgan holatda topar edingiz.

Giklar hozirgi maqomlariga erishgunlariga qadar har doim jamiyatda “yumaloq teshikka sig’maydigan to’rtburchak to’nkalar” hisoblanishgan. Huddi mana bu rasmdagidek:

square-peg

Ingliz tilida huddi shunday ma’noni anglatuvchi ibora bor: “Square peg in a round hole” – “yumaloq teshikdagi to’rtburchak to’nka”.  Men uchun bu iboraning giklarga nisbatan qo’llanilishining o’zi juda qiziq – haqiqatdan ham dunyodagi barcha jamiyatlarda qabul qilingan normalar yumaloq teshiklarga o’xshaydi. Teshikka mos bo’lgan yumaloq to’nkalar esa oddiy odamlar – ular jamiyatda hech ham ajralib qolishmaydi, barcha oddiy kishilar singari teshiklarga bemalol sig’ishadi. Giklar, yoki noodatiy tarzda fikrlaydigan insonlar esa to’rtburchak to’nkalarga o’xshashadi – ular qaysidir jihatdan jamiyat qonunlariga mos, ammo to’liq emas. Ularning qaysidir qirralari boshqalar singari jamiyatga to’la mos bo’lishlariga to’sqinlik qiladi. Ajoyib ibora, shunday emasmi?

Xullas, giklar qachonlardir juda qoloq kishilar hisoblanishardi, ularni to’rtburchak to’nkalarga o’xshatishardi… ammo to’satdan nimadir yuz berdi! Internet rivojlandi, texnologiya rivojlandi va o’z-o’zidan haqiqiy giklarga ehtiyoj kuchaydi. Ularga hamma qoyil qola boshladi, ularning maxsulotlariga dunyoning barcha nuqtalarida ehtiyoj paydo bo’ldi, ular biz uchun daxolarga aylanishdi. Bugun biz Vatsap ishlatayapmiz, Ayfon ishlatayapmiz, Android degan narsalarni tushunib qoldik, VayFay, Tvitter, online, email, videokonferensiya… Bularning hammasi giklar mehnatining natijasi hisoblanadi. Ular bugungi kunda ko’pchilik uchun supermenlarga aylanib bo’lishgan. Kim ko’hlik? Gik ko’hlik!

O’zingiz bir o’ylab ko’ring, hozirgi kunning eng boy, eng mashxur kishilari haqiqiy giklardan yetishib chiqqan:

Bill Geyts – dunyodagi eng mashxur va eng boy kishi. Butun dunyo maxsulotlaridan foydalanadigan Microsoft korporatsiyasining asoschisi va joriy prezidenti. Siyetlda katta qasrga o’xshash uyi bor, dunyoga mashxur kompaniyasi va bir necha avlodiga yetadigan puli bor.

Mark Zyukerberg – Feysbuk saytining asoschisi. Hozirgi kunda sayti orqali millionlab dollar foyda ko’rayotgan kishi.

Larri Peyj va Sergey Brin – Google asoschilari. Bugungi kunda ularning xizmatidan butun dunyo foydalanadi. Google kompaniyasi maxsulotlari butun dunyoda internet orqali sotiladi. Kompaniyaning oylik foydasi millionlab dollarga teng.

Bular kabi giklar ro’yxatini yana ko’p davom ettirish mumkin. Ular jamiyatdagi 99 foiz insonlarga o’xshashmaydi. Ular boshqacha fikrlashadi, ular butunlay boshqacha hayot tarzi bilan yashashadi.

Siz ham o’zingizni gik deb o’ylasizmi? Siz ham o’zingizni ko’pincha jamiyatning belgilangan normalariga sig’mayotgandek his qilasizmi? Boshqalar Sizning qiyofangizda “sal anaqaroq” odamni ko’rishadi, ammo giklar emas. Menga Apple kompaniyasining asoschisi marxum Stiv Jobsning quyidagi so’zlari juda yoqadi (shu kishi sababli hozir butun dunyo iPhone telefonlaridan foydalanayapti). Avval uning so’zlarini asl holatida, ingliz tili tilida keltirib o’tay, keyin tarjima qilamiz:

Here’s to the crazy ones, the misfits, the rebels, the troublemakers, the round pegs in the square holes… the ones who see things differently — they’re not fond of rules… You can quote them, disagree with them, glorify or vilify them, but the only thing you can’t do is ignore them because they change things… they push the human race forward, and while some may see them as the crazy ones, we see genius, because the ones who are crazy enough to think that they can change the world, are the ones who do.

Endi tarjimasi: Bu gaplarim aqldan ozganlar, hech qayerda kirishib keta olmaydiganlar, isyonkorlar, tashvish keltirib chiqarishni yoqtiruvchilar, yumaloq teshikdagi to’rtburchak to’nkalar… hamma narsani boshqacha tomonlama ko’ra oladiganlar uchun — ular qoidalarni yoqtirishmaydi… Siz ularni muhokama qilishingiz mumkin, ularning fikriga qo’shilmasligingiz mumkin, ko’klarga ko’tarishinigiz yoki yerga urishingiz mumkin, ammo ularga nisbatan bitta narsani qila olmaysiz – ularga befarq bo’la olmaysiz chunki ular narsalarni o’zgartirishadi… Ular insoniyatni oldinga yetaklashadi. Bazilar ularni aqldan ozganlar sifatida ko’rishsa, biz ular qiyofasida daxolarni ko’ramiz, chunki dunyoni o’zgartirishni faqatgina dunyoni o’zgartirishlariga ishonish darajasidagi aqldan ozganlargina uddalay olishadi.

Agar bu gaplarda safsatadan ortiq narsani ko’rmayotgan bo’lsangiz – tashvishlanmang, bu gaplar Siz uchun emas. Ammo agar bu gaplar mazmunini chindan his qilgan bo’lsangiz o’zingiz uchun kerakli xulosani chiqarib bo’ldingiz.

Jamiyatdagi oddiy odamlar qatori bo’lganingiz va “sal anaqaroqlar” toifasidan emasligingizga shukr qildingizmi, yoki o’zingizning ham o’sha jamiyatdagi kamchilikni tashkil etuvchi giklar qatorida sanab faxrlandingizmi – bilmayman. Ammo giklar zamonaviy dunyomizning barcha jabhalarini shakllantirishayotganligiga, bizning kundalik hayotimizni osonlashtirish uchun mehnat qilishayotganligiga ishonaman.

O’zgacha fikrlaydigan, masalalarning hech kim ko’rmayotgan, butunlay boshqa tomonlarini ko’ra oladigan kishilarning jamiyatimizda borligi uchun ham katta-katta kompaniyalar tashkil etilayapti, yangidan-yangi ixtirolar qilinayapti, yangi qulayliklar yaratuvchi texnologiyalar ishlab chiqarilayapti. Bularning hammasi giklarning “Bunday qilsak qanday bo’lar ekan?”, yoki “Shu narsani odatdagidek qilmasdan bunday qilib o’zgartirsak nima bo’lar ekan?” deb tajriba qilishlari, yangicha fikrlash orqali narsalarni o’zgartirishlari natijasi hisoblanadi.

“… Bazilar ularni aqldan ozganlar sifatida ko’rishsa, biz ular qiyofasida daxolarni ko’ramiz”.

Nega hozir “sal anaqaroq” bo’lish bunchalik zo’r hisoblanadi?” maqolasida 4 fikr

  1. Feruzbek

    Juda menga yoqdi. Azamat aka sizga savol. Giklarni hayot tarzidan biror misol ayting qani. Men xam ularni ishlariga qarab o’zimni ko’ra olamanmi ???

    Javob berish

  2. Javlonbek

    Bu maqolani o’qib men ham o’zimni «GIK» desam ham bo’larkan. Chunki 3-4 yildan beri internetga qiziqib, internetni o’rganib kelyapman.

    Javob berish

  3. Mirzohid

    Azamat aka, mana shu maqoladagi fikringizga 100% qo‘shilaman. Meni yoshligimdan sinfdoshlarim ham, o‘rtoqlarim ham, umuman barcha tanishlarim o‘zlari qatoriga qo‘shgisi kelmasdi. O‘zim ham hamma qatoriga qo‘shilib ketavermasdim. Maktabda eng a’lochi (sinf sardori) edim-u, lekin boshqalardan, boshqa jihatlarim bilan ajralib turardim. Mendagi iste’dod qo‘limga ilk bor (shaxsiy) telefon tushgandan keyin boshlandi, keyinchalik internet. Men o‘zimning iste’dodimga ishonaman, ammo sharoit yetishmayapti.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan