Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Muvaffaqiyat sari emaklash: maqsadlarga erishishning isbotlangan usuli

Muvaffaqiyat sari emaklash: maqsadlarga erishishning isbotlangan usuli

Inson turmush tarziga aloqador Lifestyle Creep deb nomlangan bir holat haqida o’qib qoldim. Bu haqida ingliz tilida mana bu yerda bilib olishingiz mumkin. Ingliz tilini bilmaydigan, yoki ma’lumotni original manbadan o’qishga eringanlar uchun Lifestyle Creep holatining o’zbek tilidagi tasnifini aytib o’tmoqchiman.

Lifestyle Creep atamasini o’zbek tilida «Turmush tarzi vasvasasi» deb tushunish mumkin. Bu holat kishi moddiy imkoniyatlarining ortib borgani sari uning yaxshiroq sharoitda, qulayroq turmush tarzida yashashga intilishi bilan baholanadi. Qisqa qilib aytganda, odamning puli qanchalik ko’paysa, uni o’zi uchun avvalgidan ham yaxshiroq, ko’proq, xashamatliroq narsalarni harid qilishni xohlaydi.

Pulga bir oz muxtojlik sezib yurgan vaqtingizda oddiy, oq-qora ekranli Nokia telefoni Siz uchun juda yaxshi telefon vazifasini to’laqonli bajarib turadi. Pulingiz bir oz ko’paygandan so’ng Siz qo’shimcha imkoniyatlari bor, kamerasi va ovoz yozish imkoniyatiga ega bo’lgan, qimmatroq telefon sotib olishni xohlab qolasiz. Barcha ehtiyojlaringizni qondirib, keragidan ortiqcha pulingiz borligini sezgan zahotingiz bu telefon ham ko’zingizga yomon ko’rinib, katta ekranli, eng zamonaviy qulayliklarga ega bo’lgan qimmatroq telefonni sotib olishga harakat qilasiz. Pulingiz ko’paygan sari avval Siz uchun orzu bo’lgan narsalar odatdagi buyumlarga, odatiy bo’lgan narsalar esa butunlay qadrsiz matohga aylanib qoladi. Aynan mana shu holat ingliz tilida Lifestyle Creep deb ataladi. Aytgancha, yodingizda bo’lsa, Xojiboy Tojiboyev bu holat haqida o’zining «vasvasagin» hangomasida qisman ma’lumot berib o’tgandi.

Xullas, shu holat haqida o’qiganimdan so’ng inson tabiatining shu jihatiga nisbatan qiziqishim ortdi. Qanday qilib qachondir orzu bo’lgan, yetishish juda qiyin bo’lib hisoblangan narsalar kishi uchun bir kun kelib qadrsiz, yoki odatiy narsalarga aylanib qolishi mumkin? Hozirgi holatda shaxsan o’zim uchun qanday moddiy narsalar orzu? Nimalarga yetishishni hozirgi holatimda juda qiyin deb hisoblayman?

  • Ko’p qavatli binoni to’liq egallagan katta shaxsiy kompaniyam bo’lishini xohlayman.
  • London va Nyu Yorkning markaziy ko’chalarida shaxsiy uyim bo’lishini xohlayman.
  • Markaziy Osiyoda hech kimda bo’lmagan xorijiy avtomobillar kolleksiyasiga ega bo’lishni xohlayman.

Bu orzularimdagi narsalar qachondir men uchun odatiy bo’lib qolishi darajasiga yetishimni tasavvur qila olmayman hozir 🙂 Ammo inson tabiatidan kelib chiqib hozirdan shu narsani aytishim mumkinki, qachondir yuqoridagi orzularimga to’liq erishish darajasiga yetishsam, shu zahoti men orzularimda bo’lgan narsalarga nisbatan ko’prog’ini xohlab qolaman va hozirgi yozgan orzularim men uchun odatiy narsalarga aylanadi, vasvasaginga ehtiyoj tug’iladi. Mana Lifestyle Creep!

Fikrim tushunarliroq bo’lishi uchun barchasini moddiy narsalar misolida ko’rsatdim. Ammo orzular pulga sotib olib bo’lmaydigan maqsadlar bilan bog’liq bo’lsachi? Masalan:

  • 10 kg mushak massasiga ega bo’lishni xohlayman.
  • Bir umr birga baxtli hayot kechirish uchun munosib kishini topmoqchiman.
  • Dunyoga taniqli olim bo’lishni xohlayman.
  • Imtihonda o’z kuchim bilan yuqori ball olmoqchiman.

Bunday sharoitda biz inson tabiatiga xos bo’lgan Lifestyle Creep holatidan qanday qilib unumli foydalana olamiz? Qancha pulingiz ko’proq bo’lsa orzudagi narsalar odatdagi holat bo’lib boraverganidek, Siz qanchalik yuksakroq bo’lib boraversangiz, yetishishingiz orzu bo’lib tuyulgan darajalar Siz uchun kundalik holatga aylanadi. Men buni amalga oshirish uchun kishi o’zida kerakli bo’lgan odatlarni shakllantirib olishi kerak, degan xulosaga keldim. Biz yaxshiroq natijalarga erishishimiz uchun yaxshiroq yashashimiz kerak (moddiy jihatdan emas!), yaxshiroq yashashimiz uchun esa yaxshiroq bo’lishimiz kerak.

Bir o’ylab ko’ring. Biz har kuni ozgina yaxshilanamiz. Yarim qadam oldinroqqa yuramiz. Hozir biz uchun erishilishi deyarli imkonsiz bo’lgan ozrularimiz sari yaqinlashamiz. Vaqti kelib biz ularga erishamiz va shu buyuk orzular biz uchun odatiy hol, o’zligimizga aylanib qoladi. Bu esa bizning bu orzularga erishganligimizni emas, balki yaxshiroq bo’lganligimizni, kuchliroq va yuksakroq bo’lganligimizni anglatadi. Men Lifestyle Creep hodisasini shaxsiy rivojlanishga nisbatan mana shunday qo’llashni taklif etaman.

Hech kim bir soat yoki bir kunda o’zgarib qolmaydi. Men o’zingizni yaxshi tomonga o’zgartirishni millimetrlar o’lchovida, juda sekin-astalik bilan amalga oshirishni tavsiya etaman. O’zgarishingiz, o’zingizda yaxshi odatlarni hosil qilishingiz shu qadar sekin kechishi kerakki, o’zgarayotganingiz o’zingizga hech ham sezilmasligi kerak. Har kuni qandaydir bitta yomon odatingizdan voz kechasiz. Har kuni qandaydir bitta yaxshi odat orttirasiz. Bir kunda yoki bir haftada mukammal shaxsga aylanib qolmaysiz, ammo bir yilda atrofingizdagilar o’z orzulariga burkanib yurgan bir vaqtda o’zingizni barcha orzularingizga erishgan shaxs sifatida ko’rasiz.

Harakatingiz davomida inson tabiatiga xos bo’lgan hamma narsaga darhol erishish istagidan ehtiyot bo’lishingiz kerak. Nafsingiz bir soatda mukammal bo’lishni xohlaydi. Ammo Siz hech qachon shoshilmaslik kerakligini unutmang. Ikkita asosiy tamoyil bo’yicha harakat qiling:

1. Ishlash samaradorligingizni ozgina va har kuni ko’paytirib boring. Odatiy ishlash tezligingizni ming barobar oshirib keyin bir necha oylab charchog’ingiz chiqmay yotgandan ko’ra o’zingizga sezilmas darajada ishlashingizni yaxshilang va buni har kuni amalga oshiring. Har bir kun kechagiga nisbatan ozgina yaxshiroq ishlang.

2. Muhitingizni kichik, ammo ko’p vaqtingizni olib qo’yuvchi, chalg’ituvchi narsalardan tozalang. Har bir harakatingizga e’tiborli bo’ling. Qaysi ish-harakatingiz behuda? Qaysi foydasiz ish vaqtingizni olib qo’yayapti? Qaysi bema’ni ishingizni to’xtatish vaqti keldi?

Samaradorlikni oshirish xususida to’xtalsak, birinchi navbatda tezlikni oxirigacha oshirishdan o’zingizni tiyishingiz kerakligi juda muhim. Misol uchun, Siz kitob yozayapsiz, deylik. Bir kunda 5 sahifa yozasiz va bu tezlik Sizning kundalik, odatiy samaradorligingizga aylanib qolgan. Agar o’zingizni super samarador kishiga aylantirish niyatida bir kunda 25 sahifa yozib yuborsangiz, ishonchim komilki, keyingi kundan e’tiboran qog’oz va qalamingizga qaragingiz kelmay qoladi. Shuning uchun samaradorlikni oshirishda shoshmaslik juda muhim hisoblanadi. Bugun kechagi natijangizni bir oz yaxshilash uchun 5 yarim sahifa yozing. Ertaga 6 sahifa yozasiz. Ertadan keyin 6 yarim sahifa va hokazo. O’zingizga deyarli sezilmas bo’lgan bu kichik qadamlar bilan bir yilda shunaqa natijaga erishasizki, kitob yozish bo’yicha Sizga teng keladigani kamdan-kam topiladigan bo’ladi.

Muhitni yaxshilash samaradorlikni oshirishdan kam muhimlikdagi masala emas. Ishlash joyingiz har doim Sizni chalg’ituvchi, vaqtingizni behuda o’g’irlovchi narsalardan toza bo’lishi kerakligini unutmang. Atrofingizga bir qarang, ish maydoningizda, xonangizda yoki stolingizda Sizni chalg’ituvchi nimalar bor? Siz bitta shirinlikni och bo’lmasangiz ham shunchaki u stol ustidagi likopchada turganligi uchun olib yeysiz. Telefoningizga ehtiyojingiz bo’lmasa ham Telegram yoki Vatsapdan kimdir Sizga yozganligi uchun qaraysiz (menda eng ko’p uchraydigan chalg’ituvchi muammo 🙂 ), televizorni esa Ishani ko’rish uchun emas, shunchaki televizor xonangizda turganligi sababli yoqasiz. Muhitingizni shunday tozalangki, sog’ligingizga zarar beruvchi shirinliklar likopchasi stolingizda bo’lmasin, samarali ishlatishingiz mumkin bo’lgan qimmatli vaqtingizni o’g’irlovchi telefoningiz o’chirilgan bo’lsin, televizor esa ishlash joyingizdan ancha uzoqdagi xonada o’rnatilsin. Har kuni Siz bo’lgan muhitdan chalg’ituvchi, zararli bo’lgan nimanidir chiqarib tashlang yoki cheklang.

Kichik, ammo doimiy qadamlar bilan juda uzoqqa borish mumkin. Yugurish emas, sekin-sekin bo’lsa ham doimiy, to’xtamay yurish bizni kerakli manzilga olib boradi. Siz har bir kuningizni nazorat qiling. Faqat buguningizni kechangizdan yaxshiroq qiling. Kelajakni o’ylamang. Bir kun kelib, bir yildan so’ng, atrofingizdagilar o’z orzulari ketidan hali ham quvib yurishni davom etayotgan bir vaqtda Siz hozirgi ozrularingizdan ustun kelgan bo’lasiz va o’z oldingizga ulardan ham kattaroq maqsadlarni qo’ya boshlaysiz.

Imkonsiz, erishib bo’lmaydigan maqsad yo’q. Faqat dangasalar va bahonalar bor, xolos. Bir maromda, maqsadli, chin dildan istab harakat qilayotgan har bir maqsadingizga albatta erishasiz. Men bunga ishonaman.

Abituriyentlar uchun test formulalari

4 ta fikr

  1. Rahmat, Juda foydali maslahatlar.

  2. adminga raxmat. sayt haqiqattan ham zo’r

  3. Sayt haqiqatdan foydali maslahatlarga to’la ekan bundan keyin ham to’xtab qolmang!

  4. Katta raxmat. Juda ham foydali va ko’pchilik ucun zarur narsani tarjima qilibsiz. Yana yangilarini kutib qolamiz/

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*