Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Maktablarda ingliz tilini o’qitishdagi 10 muammo

Maktablarda ingliz tilini o’qitishdagi 10 muammo

Umumiy o’rta ta’lim maktablarida chet tillarini, ayniqsa ingliz tilini o’qitishdagi asosiy muammolar har qanday chet tilini ikkinchi til sifatida o’qitishda kelib chiqishi mumkin bo’lgan muammolar bilan bir hil. Ammo gap maktab o’quvchilari, yosh jihatidan ancha kichik bo’lgan o’rganuvchilar haqida ketganda esa o’rgatish jarayoni bir necha barobarga qiyinlashgandek tuyuladi.

Shaxsan men maktabda ishlashdan avval katta yoshli (20-30 yoshlar) o’rganuvchilarga ingliz tilini mustaqil o’rgatuvchi sifatida o’rgatganman. Dars uslubim, tajribam ham katta yoshdagilar bilan ishlashga moslashib ulgurgan bir vaqtda maktabga ishga o’tdim va yosh o’rganuvchilar bilan til topishishim ancha qiyin kechdi. Ularga chet tilini o’rgatishda alohida uslub bilan yondoshish, katta yoshli o’rganuvchilarga nisbatan ko’proq e’tibor qaratish va ingliz tilini o’rgatishning soddalashtirilgan usullarini ishlab chiqish zaruratini sezdim.

Shaxsiy tajribam va kuzatishlarim natijasida maktab yoshidagi o’rganuvchilarga ingliz tilini o’qitishda quyidagi asosiy 10 ta muammo eng ko’p uchraydi, degan qarorga keldim:

1. O’QUVCHILARNING O’QITUVCHIGA HADDAN ORTIQ SUYANIB QOLISHI. Men bu holatni guruhlarga bo’linib ishlash jarayonida ham, alohida o’quvchilar bilan ishlash jarayonida ham ko’p kuzatganman. O’quvchilar ba’zi savollarning to’g’ri javoblarini bilmay qolishsa, jim qolgan holatda o’qituvchining to’g’ri javobni aytishini kutadi. Balki bu bolaning o’rganish psixologiyasiga bog’liqdir. Ammo bunday vaziyatlarda menimcha o’qituvchi o’quvchini mustaqil fikrlashga, kerak bo’lsa kitobi yoki daftaridan foydalanib bo’lsa ham javobni mustaqil ravishda topishga undashi to’g’riroq bo’ladi. O’qituvchiga haddan ortiq bog’lanib qolishni hatto to’g’ri javobni bilgan va uni ayta olgan o’quvchilarda ham kuzatish mumkin. Siz savol berasiz, o’quvchi to’g’ri javobni biladi, javobni aytadi, ammo baribir Sizga to’g’ri javobni olish nigohi bilan qaraydi. Bu hatti-harakatni javobning to’g’riligini bilish emas, ko’proq o’z javobiga ishonmaslik hissi, deb hisoblayman. O’quvchilarda bunday holatlarni kamaytirish, imkon qadar ularning mustaqil fikrlashlariga yordamlashish maqsadida har bir ingliz tili o’qituvchisi ularni ruhlantirib turishlari kerak. Ruhlantirish bu vaziyatda juda muhim, chunki u orqali o’quvchida o’ziga ishonch hissi oshadi.

2. ONA TILIDAN KO’P FOYDALANISH. Chet tili darslarida to’liq xorijiy tilda gapirib dars o’tishning imkoni yo’q. Balki maktabning katta sinflarida, ayniqsa bitiruvchilar bilan bu yo’sinda dars o’tish mumkindir, ammo yosh o’rganuvchilar bilan o’zbek tilini ishlatmasdan ingliz tilini o’rgatish imkonsiz, deb hisoblayman. Ammo birinchi til (ona tili)ni ham haddan ortiq ko’p ishlatish o’quvchilarning chet tilini o’rganishlariga katta to’siq bo’lishi mumkin. Sinflarda ingliz tili darsi vaqtida o’qituvchining ingliz tili va o’zbek tilidan foydalanib dars o’tishi o’rtasida balans bo’lishi kerak. Ammo bu me’yorni qanday qilib topish mumkin? Agar o’zbek tilida ko’p gapirilsa-yu, ingliz tilida o’quvchilarga yetarlicha gapirilmayotgandek tuyulsa. Aksincha, ingliz tilida ko’p gapirilib, natijada o’quvchilar nima haqida gapirilayotganligiga tushumay qolishsa, ba’zi topshiriqlarni to’liq anglab olisholmasa. Har qanday holatda ham ona tili va ingliz tili o’rtasidagi sinflarda tilning ishlatilish me’yoriga aloqador muammo, menimcha, ko’pchilik o’qituvchilarni o’ylantiradi.

3. SHOVQINLI, TO’POLONCHI, DARSGA HALAL BERUVCHI O’QUVCHILAR. Bunday o’quvchilar har qanday darsning buzilishiga sabab bo’lishiga qaramasdan, ingliz tili darslarida bunday o’quvchilarning bo’lishiga birinchi navbatda o’qituvchi va ikkinchi navbatda shu o’quvchini qiziqtira olmagan, yetarlicha jihozlar bilan qurollanmagan dars aybdor. O’zbek tilida o’tiladigan tarix, geografiya kabi fanlarda bunday o’quvchilarning bo’lishini «bola fanga qiziqmapti-da», deb izohlashimiz mumkin bo’lar, ammo faqat ingliz tilida emas. Ingliz tilida bola darsga qiziqishi, fanga qiziqish bilan qarashi uchun eng avvalo u fanni oz bo’lsa ham tushunishi kerak. Tushuntirish faqat og’zaki ma’lumot berish bilan emas, balki ko’rgazmali qurollar, multimedia vositalari asosida bo’lishi juda muhim. Chet tili darlarida o’quvchilarni qiziqtirish, fan ma’lumotlari bilan oz bo’lsada tanishtirish uchun dars imkon qadar rangli rasmlar, chizmalar bilan boyitilishi, tilni bilmagan holda ham o’quvchilar uchun ma’lumotni yetkazib berishda yordam beruvchi multimedia vositalari bilan ta’minlanishi zarur.

4. O’QUVCHILARNING DARS MAVZUSINI «OLIB QOCHISHI». Bu masala avvlgi gapirib o’tilgan muammodan farqliroq. O’quvchilarning darsni «olib qochish»lariga quyidagi holat misol bo’lishi mumkin: mavzuga asoslangan suhbat boshlanadi, o’quvchilar suhbatga kirishib ketishadi, mavzu asosida bahs-munozara davom etadi, o’quvchilar yetarli darajada ingliz tilida gapirishga harakat qilishadi. Hammasi juda yaxshidek tuyulayotgan bir vaqtda o’quvchilar to’satdan, ba’zan o’zlari bilmagan holda, mavzuga juda o’xshash, ammo butunlay boshqa bir narsa haqida gapirib ketishadi. Bu holat kengroq fikrlash, qo’shimcha ma’lumotlar kiritish sifatida baholansa ham, mavzudan chetlashish hisoblanadi va o’quvchilarning fikrini asosiy mavzudan butunlay chalg’itib yuborishgacha borib yetishi mumkin.

5. O’QUVCHILAR O’RTASIDAGI O’ZARO TORTISHUVLAR. Ba’zan do’stona muhitda o’tayotgan bahs-munozara ham kutilmaganda katta tortishuvga, salbiy ko’rinishga ega bo’lgan janjallarga ham olib borishi mumkin. Bunday holatda faqat ingliz tili darslarida emas, balki har qanday boshqa fan darslarida ham yuz berishiga qaramasdan, bunday holatlarning kelib chiqishida o’quvchilarning fanga yetarli darajada qiziqmasliklari yoki tushunmasliklari sabab bo’ladi. Darsda bo’lishi mumkin bo’lgan bunday salbiy holatlarning oldini olish uchun har bir o’qituvchi yuqorida, 3-muammoda berilgan tavsiyalarga imkon qadar amal qilishga harakat qilishlari zarur.

6. O’QUVCHILARNING TOPSHIRIQNI TO’LIQ TUSHUNMASLIKLARI. Ingliz tili darslarida, ona tilidan foydalanishni ham unutib qo’ymagan holda, imkon qadar barcha topshiriqlar ingliz tilida berilishi ma’qul. Ammo o’quvchilar ingliz tilida berilayotgan topshiriqlarga yetarli darajada tushunishmasachi? Tushuntirishning aniq bo’lishi uchun o’qituvchi qo’llar harakati, yuz tuzilishi, mahsus harakatli belgilar asosida o’quvchiga topshiriqni ko’rgazmali tarzda tushuntirishga ham urinishi kerak. Og’zaki+ko’rgazmali tushuntirish har doim ikki barobar yaxshi natija olib keladi.

7. O’QUVCHILARNING ZERIKIB QOLISHI. Zerikarli tarzda o’tilayotgan darslarda o’quvchilarning, yoshlaridan qat’iy nazar, tez-tez zerikib qolishlari tabiiy hol. Darslarni yanada qiziqarliroq o’tkazish uchun o’qituvchilar sinfdagi har bir o’quvchi bilan suhbatlashib bo’lsa-da sinf a’zolarining shaxsiy qiziqishlari haqida bilib olishi va sinfning umumiy qiziqishlarini hisobga olgan holda mavzuni tushuntirishga o’tishi kerak.

8. BITTA YOKI BIR NECHTA A’LOCHI O’QUVCHINING DOIMIY USTUNLIK QILISHI. A’lochilarning doimiy alochi bo’lishi va ikkichilarning har doim ikkichi bo’lib qolib ketaverishlariga sabab bo’ladigan bu holatga ingliz tili darslarida yo’l qo’ymaslik kerak. Ingliz tili darslarida hamma teng ishtirok etib, hamma teng o’rganishi kerak. Ba’zi boshqalarga nisbatan bilimliroq bo’lgan talabalarga darsda yaxshi baholar, ma’lum darajada ko’proq rag’batlantirishlar berilsa ham, ularga nisbatan sustroq o’zlashtirayotgan yoki darsga toliq qatnashmayotgan o’quvchilarni butunlay unutib qo’ymaslik kerak. Ularni boshqlarga nisbatan ko’proq ruhlantirib, darsda faol qatnashishlariga imkon yaratib berish kerak.

9. O’QUVCHILARNING DARSGA TAYYORLANMAY KELISHLARI. Bu holatning birinchi sababi o’zlashtirgan dars mavzusiga oid topshiriqning bajarilishini o’qituvchi tomonidan yetarli darajada e’tibor bilan talab qilinmasligida. Agar o’qituvchi har darsning belgilangan qismini faqat o’tilgan mavzu asosida berilgan topshiriqlarni tekshirish uchun sarflasa va bunda sinfdagi hech bir o’quvchi chetda qoldirilmasa, sinfning darsga tayyor holda kelishlari sezilarli darajada oshadi. Darsga tayyorlanmay kelishning ikkinchi sababi o’quvchilarning «tushunmadim» degan sababga ko’ra uyga vazifani bajarishmay kelishlari bo’lishi mumkin. Bunday holatning oldini olish uchun esa har dars so’ngida o’qituvchi uyga vazifani aniq tushuntirishi, har bir o’quvchi tushunganligiga ishonch hosil qilishi va kerak bo’lganda o’quvchilar bilan darsdan keyin olohida ishlash orqali uyga vazifani to’g’ri bajarish haqida ko’rsatmalar berishlari kerak.

10. DARSLARGA KECH QOLISH. Darsga kechikib kelish o’qituvchi va darsga nisbatan xurmatsizlik bo’lishi bilan bir qatorda o’rganayotganlarning fikrini chalg’itishi va darsni bo’lishi ham mumkin bo’lgan salbiy holat ekanligini o’quvchilarga tushuntirish kerak. Surunkali ravishda kechikuvchi o’quvchilarni tartibga chaqirish hamda kelajakda darslarga kechikishlar sonini kamaytirish maqsadida «ingliz tili darsi qoidalari»ga kechikishni ta’qiqlovchi qoidalarni kiritish kerak. Zarur holatlarda kechikuvchi va doimiy kechikuvchi o’quvchilar uchun yengil jazo choralarini ham belgilab qo’yish lozim.

Har bir darsning kamchiliklarsiz o’tishi o’qituvchiga bog’liq. Yuqoridagi misol qilib keltirilgan 10 ta eng ko’p uchraydigan muammoning deyarli hammasiga yechim topishda o’qituvchi va o’quvchining hamkorligi muhim o’rin tutadi. Shunday ekan, muvaffaqiyatli o’qituvchi o’z o’quvchilari uchun ustoz bo’lishidan tashqari, ular bilan do’stlashib olishlari ham muhim ahamiyatga ega.

O’tayotgan har bir soatlik darsingiz o’quvchilar uchun bilimlarni samarali o’zlashtirish fursati bo’lishini tilayman.

Maktablarda ingliz tilini o’qitishdagi 10 muammo” maqolasiga bitta fikr bildirilgan

  1. jamshid

    To’g’ri aytasiz. Ana shu jihatlar bilan ingiliz tilini o’rganish va o’rgatish qiyin kechadi. Har kim o’ziga keragini oladi. Lekin bu boshqalarga xalaqit berish kerak degani emas-ku.

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan