Bosh sahifa / O'qituvchilarga / Maktab ingliz tili darsligi haqida shaxsiy fikrim

Maktab ingliz tili darsligi haqida shaxsiy fikrim

Umumiy o’rta ta’lim maktabida ingliz tili fanidan dars berib kelayotganimga 4 yil bo’ldi. Bu davr mobaynida chet tillarining maktablarda o’qitilish istiqbollariga doir kichik shaxsiy izlanishlar olib borish davomida maktablarimiz ingliz tili fani darsliklarining metodik, uzviylik, interaktivlik va boshqa jihatlardan ancha oqsoq ekanligini sezdim. Shaxsan men uchun hozirda tasdiqlangan 5-sinfdan 9-sinfgacha bo’lgan ingliz tili fani darsliklari asosida o’quvchilarga dars o’tish ancha qiyin. Buning bir necha sabablari bor va bu sabablarning barchasi darslikning mukammal darajada ishlab chiqilmaganligiga bog’liq.

Men ingliz tili maktab darsliklari mualliflarining ilmiy ishlariga nisbatan hech qanday salbiy fikr bildirmoqchi emasman. Ular darslikni yaratish uchun ko’p mehnat qilishgan va ularning bu ishlarini juda yuqori baholayman, xurmat qilaman. Albatta, ularning ilmiy darajalari, tajribalari va balki ingliz tili sohasi bo’yicha bilimlari ham menikidan ancha yuqoridir, ammo darslik asosida o’quvchilarga ingliz tilini o’rgatadigan oddiy o’qituvchi sifatida maktab darsligining mukammal bo’lishiga yordam beruvchi fikr va tavsiyalarimni bildirishga ahd qildim. Umid qilamanki, bugungi kunda 1-2 sinf o’quvchilari uchun ingliz tilidan yangi maktab darsliklari ishlab chiqilishi bosqichma-bosqich tarzda 9-sinflarimizgacha sifatli, izchilligi ta’minlangan, metodik jihatdan juda kuchli bo’lgan darsliklarning yaratilishida boshlang’ich qadam bo’ladi.

Bugungi kunda maktablarda o’qitilayotgan 5-9 sinf ingliz tili fani darsliklarining asosiy kamchiligi – bu darslikning tarkibiy qismiga kiritilishi zarur bo’lgan, ularsiz darslikning yarmidan ko’p qismi mazmun kasb eta olmaydigan multimedia ilovalarining mavjud emasligidir. Ba’zi darsliklarning LISTENING – eshitib tushunish ko’nikmasini rivojlantirishga qaratilgan audio ilovalarini topa olmaganman. Ularning ilk bor audio kasseta ko’rinishida chiqarilganligini hisobga olsak, hozirda bu audio ilovalarni hatto internetda ham topish imkonsiz. Darsliklarda esa kasseta ikonkasi ko’rsatilgan bo’lim mashqlarini bajarish uchun audio ilovalar juda zarur.

Maktabimiz ingliz tili darsliklarining yana bir zaif jihati – 5-sinfdan 9-sinfgacha bo’lgan darsliklarda grammatik mavzularning uzviy emasligi, o’tgan yil darsligida o’tilgan grammatik mavzularni keyingi yilning darsliklari to’liq uzviy ravishda davom ettira olmasligi, deb bilaman.

Ingliz tili darsliklarida, ayniqsa 9-sinf uchun mo’ljallangan darslikda, faoliyatlarning dars jarayonida qo’llanilishi, darsda o’quvchilar ishtirokini maksimal darajada ta’minlashga harakat qilingani, albatta juda yaxshi! Ammo, dars jarayonida o’quvchilarning faqat «activity»lar bilan shug’ullanishlari va natijada o’rgatilishi kerak bo’lgan grammatik qoidalar, so’z boyligi, ingliz tilining boshqa jihatlari haqida butunlay unutib qo’yish ham yaxshi emas. Menimcha, darslikda o’quvchilarning darsdagi faoliyati va yangi bilimlarni o’zlashtirishi balansi bir oz nomutanosib taqsimlangan. Eski avlod maktab darsliklarida (English Matters) bu balans juda yaxshi ta’minlangan edi.

Shaxsiy kuzatuvlarim asosida xulosa qila olganim – darslikdagi yuqorida qayd etilgan kamchiliklarning bartaraf etilishi maktablarimizda ingliz tili darslarining yanada qiziqarli, samarali o’tilishi sari qo’yilgan yaxshi qadamlardan biri bo’lishi mumkin. Buning uchun nima qilish kerak? Albatta, mening ustoz sifatidagi tajribam yoki ingliz tili sohasidagi ilmiy salohiyatim maktab darsliklarini ishlab chiqayotgan, yaratayotgan ustozlarimizga yo’l-yo’riq ko’rsatish, hatto tavsiya berish uchun ham yetarli darajada mukammal emasdir, ammo shaxsiy fikrimga ko’ra maktab darsliklari yaratilayotganda oddiy maktab o’qituvchilaridan tavsiyalar, maslahatlar olinishi maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Bugungi kunda internet juda rivojlangan. Hozirda O’zbekistonning eng chekka qishloqlaridagi maktablarda ham internetda ishlash imkoniyati mavjud. Bunday imkoniyatdan foydalanib butun O’zbekiston ingliz tili o’qituvchilarini yagona maxsus ingliz tili darsliklari ustida ishlash sayti ostida birlashtirish mumkin. Butun O’zbekiston ingliz tili o’qituvchilari o’z login parollari bilan maxsus saytga kirib, yaratilajak darslikning qurilishiga hissa qo’sha olish imkoni bo’lsa, tayyorlanayotgan darslik yuzasidan fikrlarini bayon etish, hech bo’lmaganda darslik qanday tayyorlanayotganligini kuzatib turish imkoni bo’lsa, ingliz tili darsliklarini mukammalligi yanada kuchliroq ta’minlangan bo’lardi.

Darsliklarda ingliz tilini o’rganish uzviyligini ta’minlash masalasini esa maxsus darsliklar tayyorlash hay’atini tuzish orqali hal qilish mumkin. Bu qanday amalga oshiriladi? Har bir viloyatdan bittadan, yoki ikkitadan maktabda, litsey/kollejda, universitetlarda ishlaydigan ingliz tili o’qituvchilari tanlab olinadi. Ular ingliz tili bo’yicha bilimli bo’lish bilan bir qatorda bir necha yillik dars o’tish malakasiga ham ega bo’lishlari zarur. Mana shunday ilg’or tajribaga ega, bilimli o’qituvchilardan tuzilgan hay’at a’zolari maktablarning birinchi sinfidan boshlab universitetlarning bitiruv kursigacha, kerak bo’lsa magistraturagacha bo’lgan bosqichlardagi o’rganuvchilar uchun ingliz tilini bilish darajasini belgilash tizimida talab etilgan bilimlarni o’rgatishni taqsimlab olishlari kerak. Masalan, birinchi sinfdan to’qqizinchi sinfgacha bo’lgan bosqichga dars beruvchi o’qituvchilar elementary bosqichdan intermediate bosqichgacha bo’lgan mavzularni, litsey/kollej o’qituvchilari jamoasi upper intermediate bosqichni, oliygohlar o’qituvchilari jamoasi esa advanced bosqichi mavzularini bo’lib olib, kelishilgan uzviylik asosida yangidan darsliklar tuzib chiqishga kirishishlari kerak. Shunda birinchi sinfdan toki oliygohlarni tugatishguncha o’rganuvchilar bir butun uzviy tarzda tayyorlangan tizimli darslik asosida ingliz tilini o’rganishgan bo’ladi.

Balki hozirda darsliklarning tayyorlanishi aynan shu tartibda olib borilar, ammo men ta’kidlamoqchi bo’lgan jihat – darslikning yaratilishida haqiqiy sinf xona muhitini ko’rgan, dars o’tgan, o’quvchilarga nimanidir o’rgatish mashaqqatini tuygan kishilarning bevosita, asosiy tashkilotchilar sifatida qatnashishlaridir. Chunki darsni o’qituvchi o’tadi. Olimlarimiz darslikning ilmiy jihatlarini belgilab berishsa va oddiy o’qituvchilar ularning ko’rsatmalari asosida shu darsliklarni sinf muhitiga to’g’ri yo’naltira olishsa, menimcha shunda juda mukammal darsliklar ishlab chiqilgan bo’ladi. Jarayonda bir necha o’n yillik dars o’tish tajribasiga ega oddiy o’qituvchilarning qatnashishi – darsliklarning dars sharoitiga mos ravishda imkon qadar kamroq kamchiliklar bilan tayyorlanishiga asos bo’lishi mumkin.

Maktab darsliklari har qanday usulda yaratilishidan qat’iy nazar men O’zbekiston maktablarida ingliz tili darsliklarining yanada mukammal tayyorlanishi tarafdoriman. Maktab darsliklari qanchalik izchil, ma’lumotga boy qilib tayyorlansa, o’quvchilarning fanda bo’lgan qiziqishi ham shunchalik oshadi. Zero maktab davridanoq yoshlarni xorijiy tillarni o’rganishga qiziqtirish, kelajakda ularning yetuk mutaxassislar bo’lib yetishishlarini ta’minlaydi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

3 ta fikr

  1. Salom Azamat! Judayam tu’gri yozipsan! Katta rahmat mening fikrimdagidek hammasi, Fly High bizning o’quvchilarga mos emas, albatta 5 yoki 6 sinflarga mosdir, lekin 7-8-9 sinflarga ideal darajadagi kitob emas! Menincha boshqa minglab o’qituvchilarga bunga qo’shiladi!

  2. Azamat aka shu savolni doim bergim kelib yurgan edi. Mana shu savolni beryamman ham.
    Savolim quyidagicha: Ko`pchilik o`quvchilar (maktab o`quvchilari) kursga ya`ni repititorga qatnashishadi. Ochiq qilib aytadigan bo`lsam oyiga pul to`lab qatnashishadi. Ammo lekin o`zimning sinfdoshlarimda ham ko`rganman oylab repititorga qatnab lekin ingliz-tilini unchalik darajada bilishmagan. Repititor kuchli o`qituvchimiz bo`lgan. Shu bilan birga bir tengdoshim. Algebra o`qituvchimizni qizi. Mana qanchadan beri Eng kuchli o`qituvchilarimizdan biriga kursga chiqadi. Hattoki Bilimlar bellashuvlari qatnashchisi hamdur. Ammo lekin bir kuni men unga Talking Angela (oxirigi verisya) ni ochib mana shu bilan savol javob qilchi dedim, ammo u jim bo`lib qoldi. Shunaqa o`quvchilarga qanday qaraysiz shuni bilmoqchi edim. Buning uchun odamda ham bo`lishi kerak shundaymi. Men adashmasam 3-4 sinflarda qatnagan edim. Aynan o`sha o`qituvchimizga. Shu bo`yi mana xozir sinfda ingliz-tili bo`yicha yetakchiman (bu maqtash emas). Ammo lekin boshqa chiqganlar bekordan bekor pul sarflar hech nimani o`rganishmasa bu qanaqasi?

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*