Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Kichik nominaldagi pul yig’ish tizimi g’oyasi

Kichik nominaldagi pul yig’ish tizimi g’oyasi

Plastik kartasidagi mablag’larni mobil qurilmasidagi ilova orqali boshqaradiganlar yaxshi bilishadi: pulingiz qayerga va qanday ishlatilayotganligini ko’rib turish mobil ilovaga, uning ortida turgan kompaniyaga nisbatan kishida ishonch hissini paydo qiladi. Quyida yozilgan pul yig’ish tizimi g’oyasida aynan shu ishonch birinchi o’ringa olib chiqilishi kerak bo’ladi.

Ko’pchilikning uyida kichik nominaldagi pullar, tangalarni solib qo’yiladigan idishcha bo’ladi. Qachon kimgadir mayda pul kerak bo’lib qolsa, shu idishdan oladi. Arzimas summalar yig’ilib, ba’zan bu idishda kattaroq summa ham yig’ilib qoladi. Aynan shu tizimni mobil ilova ko’rinishida foydalanuvchilarga taqdim etish mumkin.

Pul yig’ish qanday amalga oshiriladi?

Pulni plastik kartochka egasining roziligi asosida «ortiqcha» bo’lib turgan kichik summalarni avtomatik yechib olish yo’li bilan yig’ish mumkin. Bu jarayonni real hayot misolida quyidagicha tasavvur qilaman:

Foydalanuvchi pul yig’ish tizimi mobil ilovasini Android / iOS qurilmasiga marketdan yuklab oladi. Mobil ilova tahminan Payme mobil ilovasiga o’xshash dizaynda va imkon boricha shunday sifatda tayyorlanishi maqsadga muvofiq. Shaxsan menga bu ilovaning dizayni juda yoqadi 😉

Ilovaga plastik kartochka ma’lumotlari kiritiladi va sozlanmalar orqali plastik kartochkadan «ortiqcha» bo’lgan kichik summalarni avtomatik yechib olishga ruxsat beriladi. Kichik summa hammada har xil bo’lishi mumkin. Kimdir 10 minggacha belgilasa, kimdir o’z xohishiga binoan ming so’mgacha qilib belgilashi mumkin. Plastik kartada har qanday moliyaviy kirim-chiqim amaliyoti amalga oshirilgan zahoti bizning pul yig’ish tizimimi karta balansini tekshiradi va «ortiqcha» bo’lgan kichik summani avtomatik yechib oladi. Bu kichik summalar yig’ilib, kattaroq summani tashkil qiladi.

Pul yig’ish jarayoniga misol

Masalan, boshlanishida plastik kartada pul bo’lmaydi. Kartaga kimdir pul o’tkazsa, yoki oylik maosh o’tkazilsa, kartada moliyaviy kirim harakati amalga oshirilgan bo’ladi. Shu harakat amalga oshgan zahoti bizning pul yig’ish tizimimiz karta balansini tekshiradi.

Kartaga 3 714 830.00 so’m o’tkazildi, deb hisoblaylik. Agar foydalanuvchi mobil ilova sozlanmalarida ming so’mgacha bo’lgan kichik summalarni tozalashni belgilagan bo’lsa, tizim avtomatik tarzda summadan 830 so’m yechib oladi. Natijada kartadagi summa 3 714 000.00 bo’lib qoladi. Foydalanuvchining pul yig’ish tizimidagi balansida esa 830 so’m pul bo’ladi.

Agar foydalanuvchi o’n minglik summalarni tozalashni sozlagan bo’lsa, tizim kartadan 4 830 so’m yechib oladi va natijada kartada 3 710 000.000 so’m qoladi.

Hammasi foydalanuvchining belgilagan sozlanmalari asosida bajariladi. Kichik pullarni balansdan tozalash faqat kartaga kirim bo’lganda emas, balki kartadan har qanday chiqim bo’lganda ham amalga oshiriladi.

Statistika ochiq va shaffof bo’ladi

Foydalanuvchilarning tizimga ishonchi birinchi o’rinda turadi. Shu sababli mobil ilovada kartadan barcha chiqimlar, pul yig’ish balansiga bo’lgan har bir kirim va umumiy summalar haqida ma’lumot aniq ko’rsatilishi shart. Bundan tashqari, tabiiy ravishda, kartadan tizim tomonidan yechilgan har bir kichik summalar karta bilan ishlovchi hamma boshqa tizimlarda ko’rinadi. Bankda ham barcha o’tkazmalar haqida istalgan vaqtda ma’lumot olsa bo’ladi.

Xullas, hech kimning kartasidan pul yo’qolmaydi, hech kimdan ortiqcha pul yechilmaydi.

Yig’ilgan pulni yechib olish

Foydalanuvchi o’zi istagan vaqtda yig’ilgan pullarni kartasiga qaytarib o’tkaza olishi kerak. Albatta, yig’ilgan pulni kartaga o’tkazib olish mobil ilova orqali, ortiqcha rasmiyatchiliklar va savollarsiz amalga oshirilishi shart.

Kichik summalardan bir necha oyda kattaroq summaning yig’ilishini ko’rgan foydalanuvchilar tizimning afzalligini his qilishadi.

Qanday foyda ko’rish mumkin?

Pul yig’ish tizimini yo’lga qo’ygan kishi foydalanuvchilardan abonent to’lovi olish orqali foyda ko’rishi mumkin. Har bir foydalanuvchidan ming so’mdan oylik abonent to’lovi olish orqali tizimning barcha xarajatlarini qoplash va foyda ko’rish mumkin.

Aslida, bu tizimni foydalanuvchilar ishonchiga kirgan, ko’plab abonentlarga ega bo’lgan Click yoki Payme tizimi qo’shimcha imkoniyat sifatida joriy qilsa juda zo’r bo’ladi. Muqobil tarzda, qaysidir bank shunday xizmat turini taklif qilishi mumkin. Ammo tizimni alohida xususiy biznesga aylantirish ham juda yaxshi foyda keltirishi mumkin bo’lgan faoliyat hisoblanadi.

Xorijda shunga o’xshash tizimga misol: Acorns

Kichik nominaldagi pul yig’ish tizimi g’oyasi” maqolasida 6 fikr

  1. Ravshan

    Assalomu alaykum, telegram kanalingiz ham bormi?
    Menimcha, agar bor bòlsa har safar reklama sifatida oxirida kanallaringizni qòyib borishingiz kerak

    Javob berish

  2. alovuddin

    salom ismim alovuddin kinozal.uz da hishobingizda 100 000 so’m pul bor degan yozuv chiqyapti bu pulni olsa bo’ladimi

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan