Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Kiberzo’ravonlik

Kiberzo’ravonlik

Kiberzo’ravonlik – bu zamonaviy texnologiyalardan (ayniqsa internet texnologiyalaridan) kimnidir kamsitish, qo’rqitish yoki kimgadir zarar yetkazish maqsadida foydalanish demakdir. Bunday texnologiyalarning kundan-kunga rivojlanib borayotganligi bilan bir qatorda kiberzo’ravonlikning ham avj olayotganligi hech kimga sir emas. Kiberzo’ravonlik ayniqsa o’smirlar o’rtasida keng tarqalib asosan kimnidir kamsitish, kimningdir hatti-harakatlarini g’iybat qilish, boshqalarning shaxsiy hayotidagi voqea yoki holatni ommaviy muhokama qilishga o’ch bo’lish ko’rinishida rivojlanmoqda.

Kiberzo’ravonlikning dunyo bo’ylab rivojlanishi bilan bir qatorda unga qarshi kurash, uning mudhish oqibatlarini bartaraf etishga ham ko’proq e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa AQShning Yangi Jersi shtatidan bo’lgan Tyler Clementining o’limi kiberzo’ravonlikning qanchalik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yaqqol ko’rsatdi. Tyler 18 yoshli Rutgers universiteti talabasi edi. Uning yotoqxonadagi xonadoshi Dharun Ravi Tylerga bildirmasdan xonaga web kamera yordami yashirin kuzatish tizimini o’rnatadi. U orqali yozib olingan video ertasi kuni Twitter tarmog’i bo’ylab tarqatiladi va Dharun o’z xonadoshining shaxsiy hayotiga ta’luqli video lavhani uning roziligisiz butun dunyoga namoyish etadi. Bundan ta’sirlangan Tyler Jorj Vashington ko’prigidan sakrash va cho’kish orqali o’z joniga qasd qiladi. Uning o’limiga sabab bo’lgan video ma’lumotni tarqatganligi va kiberzo’raonlikka yo’l qo’yganligi sababli Tylerning xonadoshi 15 ta jinoiy holat bo’yicha sud qilinadi va 30 kunlik qamoq, 3 yillik majburiy nazorat ostida bo’lish, 300 soatlik majburiy ishlarga jalb qilinish va 10 ming dollar miqdorida jarima to’lash jazosiga mahkum qilinadi. Ammo uning bu jazolarni o’tashi Tylerni hayotga qaytara olmadi.

O’zbekiston yoshlarining ham ijtimoiy tarmoqlar orqali begona kishilarning shaxsiy rasm va videolarni tarqatish, ularni muhokama qilishga o’ch bo’lishlari bizning madaniyatimizga butunlay begona bo’lgan zararli illatga o’zlari bilmagan holda qo’shilib qolayotganliklaridan dalolat beradi. Hech narsadan xabari yo’q qizlar yoki yosh bolalarning rasmlarini olib, ularni Odnoklassniki yoki Facebook kabi ijtimoiy tarmoqlarda turli nomlar ostida chop etayotganlar, begonalarning shaxsiy hayotiga ta’luqli bu materiallarni tiliga erk bergan holda muhokama qilayotganlar kiberzo’ravonlikning jinoiy jazoga sabab bo’luvchi harakatlarini amalga oshirishayotganliklarini balki bilishmas. Balki ularni muhokama qilinayotgan rasm yoki video egalarining taqdiri, qarashlari umuman qiziqtirmas.

Yaqinda Odnoklassnikining erotik rasmlar bilan to’ldirilgan bir profilida o’zining yashirincha tushirib olingan rasmini ko’rgan, uni kim saytga joylaganini eslay olmayotgan va bu rasm tufayli juda yomon ahvolga tushgan bir qiz menga rasmni o’chirish yuzasidan yordam berishimni so’rab murojaat qildi. Uning tarmoqdagi rasmini ko’rganimda rasm muhokamasida 30 dan ortiq bu qizni hech qachon ko’rmagan, rasm qay holatda olinganligini bilmagan va rasmdagi kishini umuman tanimagan kimsalarning qiz sha’niga juda yomon gaplarni yozishganligiga, uni haqorat qilishganligiga hatto unga o’lim tilashganiga guvoh bo’ldim. Qiziq, muhokamada yozayotganlar qilayotgan ishlari kiberzo’ravonlik hisoblanishi, rasm yoki videoda tasvirlangan kishi ularning gaplaridan ta’sirlanib yomon ahvolga tushib qolsa, bunga ular qonuniy nuqtai nazardan ham, ma’naviy jihatdan ham javobgar bo’lishlarini bilisharmikan?

Xullas menga murojaat qilgan kishiga yordam berishga qaror qildim va egasining istagisiz Odnoklassniki saytiga joylashtirilgan rasmni o’chirish chorasini topdim. Bu amaliyot kim uchundir foydali bo’lishi mumkinligini hisobga olgan holda, noqonuniy ravishda saytga chiqarilgan, tarqatilgan rasm yoki videoni qanday qilib o’chirtirish to’g’risida bir oz ma’lumot bermoqchiman.

Odnoklassniki ma’muriyatining bunday holatlarni bartaraf etish bo’yicha aloyida yozilgan qoidalari bor ekan. Unga ko’ra, agar Sizning rasmingiz Odnoklassniki saytida ruxsatingizsiz chop etilsa, quyidagilarni amalga oshirishingiz kerak:

1. Sizning rasmingiz noqonuniy ishlatilayotgan profil ko’rinib turgan telefon, planshet yoki kompyuter fonida o’zingiz rasmga tushishingiz kerak. Bu Odnoklassniki ma’muriyatiga rasmdagi haqiqatdan ham o’zingiz ekanligingizni isbotlaydi. Rasm quyidagicha ko’rinishda bo’lishi kerak:

 Tabiiyki, yuqoridagi rasmda ko’rsatilgan OK rasmi o’rnida ruxsatingizsiz ishlatilayotgan rasm joylashtirilgan profil aks etishi zarur.

2. Rasmni olib, uni report.violation@odnoklassniki.ru manziliga qo’shimcha ma’lumotlar bilan birga yuborishingiz kerak.

3. Rasm bilan bir qatorda yordam xizmatiga yozayotgan xatingizda rasmingiz noqonuniy ishlatilayotgan profilga link http://ok.ru/profile/123456789 ko’rinishida va agar o’z profilingiz bo’lsa, u ham http://ok.ru/profile/123456789 ko’rinishida yozilishi kerak.

Albatta, xatingiz rus tilida yoziladi. Unda «Mening rasmim saytda noqonuniy ravishda ishlatilayapti. Uni o’chirib berishingizni so’rayman» mazmuni aks ettirilishi kerak.

O’zbek interneti har doim yovuz niyatli kishilar va g’oyalardan pok bo’lishini hamda yoshlarimizning internetda yovuzlikni emas, yaxshilik va ma’naviyatni targ’ib qilishlarini tilab qolaman. Internetda vaqtingiz mazmunli o’tsin. Eng muhimi, internetda o’zingiz va shaxsiy ma’lumotlaringiz ehtiyot qiling.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*