Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Ishlab turgan kodga tegmaslik vs Refactoring

Ishlab turgan kodga tegmaslik vs Refactoring

Dasturchilar refactoringni sevish yoki ishlab turgan kodga tegmaslik bo’yicha ikkita katta guruhga bo’linadi. Bir guruh dasturchilar kodni taroshlab, o’zlaridan keyingi kod bilan ishlovchi dasturchilar hayotini osonlashtirsa, boshqalari vaqtlarini muhimroq ishlar uchun sarflashni ma’qul ko’rishadi. Har ikki holatda ham jarayonning ijobiy va salbiy jihatlarini topish mumkin. Siz o’zingizni qaysi guruhga mansub, deb hisoblaysiz?

«Ishlab turgan kodga tegmaslik» nima?

Dasturlashda juda foydali bo’lgan bir gap bor – «If it ain’t broken, don’t fix it» («Agar nimadir buzilmagan bo’lsa, uni sozlamang«). Shunday holatlar bo’ladiki, dasturning ishlab turishiga asos bo’lgan kodni ko’rganingizda uni yaxshiroq usulda qayta yozgingiz keladi. Aslida esa dastur buzilmagan, qanday ishlashi kerak bo’lsa shunday ishlab turgan bo’ladi. Bunday holatda agar «ishlab turgan kodga tegmaslik» tamoyiliga amal qilsak, kodni o’z holatida qoldirishimiz va ishlab turgan dasturni sozlashga urinmasligimiz kerak.

Foydasi: Agar ishlab turgan kodga tegmasak, ko’p vaqtimizni tejab qolgan bo’lamiz. Chunki dastur shu holatda ham ishlab turibdi, uning buzilmagan kodini sozlaganimizdan keyin ham ishlab turaveradi. Albatta, avvalgiga nisbatan optimalroq ishlay boshlashi mumkin. Ammo oldindan ko’rilmagan muammolar kelib chiqmasligini hisobga olsak, ishlab turgan kodga tegmaganimiz ma’qul.

Zarari: Yuqorida aytilganidek, dastur ishlab turganligiga qaramasdan uni yanada optimallashtirish mumkin. Dastur hozirgiga nisbatan yaxshiroq, yengilroq, samaraliroq ishlasa, buning nimasi yomon? Bundan tashqari kodi yaxshilangan dastur ustida keyinchalik boshqa dasturchilar ish olib borishsa, ularning kodga tushunishlari ancha osonlashishi mumkin.

Refactoring nima?

Yuqorida yozilgan holatning aksi, ya’ni ishlab turgan dasturni sozlashga urinish, uning kodidagi kamchiliklarni tuzatish va optimallashtirish refactoringga misol bo’lishi mumkin. Refactoring bilan shug’ullanishni yaxshi ko’ruvchi dasturchilar boshqa dasturchilar hayotini osonlashtiradi. Refactor (qayta ishlab chiqish) –  kodning o’qilishi, yengil ishlashi va har tomonlama ijobiy tomonga o’zgarishini ta’minlaydi.

Foydasi: Refactoringdan o’tgan dastur (odatda) avvalgiga nisbatan yaxshiroq ishlaydi. Shu jihati dasturdan foydalanuvchilarga sezilishi mumkin. Dasturchilar uchun esa refactoringdan o’tgan kod ancha oson o’qilishi, optimal usulda yozilganligi bilan ma’qul keladi.

Zarari: Ba’zan refactoringdan so’ng dastur avval qanday ishlagan bo’lsa shunday ishlayveradi. Uning ishida hech qanday optimallashish kuzatilmaydi. Vaziyat yomon tus olganda esa dasturda avval kuzatilmagan ba’zi muammolar ham paydo bo’lib qolishi mumkin. Bundan tashqari natijasi sezilmagan ish uchun dasturchi ancha vaqt sarflaydi. Shu jihatlarini hisobga olsak, refactoring dasturchi uchun vaqtni behuda o’tkazishdek bo’lib ko’rinadi.

Siz dasturchi sifatida qaysi yo’lni tanlashingiz faqat o’zingizga bog’liq. Menimcha, aynan yuqorida berilgan fikrlarga aloqador holatda dasturchining qaysi usulda ish yuritishi uning odatiy hayotdagi xarakteriga bog’liq. Bo’sh vaqtingiz ko’p bo’lsa, boshqa kerakliroq ish Sizni kutib turmagan bo’lsa refactoring bilan shug’ullanishingiz mumkin. Tig’iz vaqt rejimida ishlayotgan dasturchilar esa odatda ishlab turgan kodni zaruratsiz o’zgartirishmaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan