Bosh sahifa / Internetda pul ishlash / Iqtidorlilar uchun internetda pul topishning 8 usuli

Iqtidorlilar uchun internetda pul topishning 8 usuli

Nega faqat iqtidorlilar? Alohida iqtidorga ega bo’lmaganlar uchun internetda pul ishlab topishning bu usullari foyda bermaydimi? Mening fikrimcha quyida keltirib o’tmoqchi bo’lganlarim XXI asrning eng ajoyib imkoniyatlaridan biri – internet orqali pul topish usullari albatta foydalanuvchidan qaysidir iqtidor egasi bo’lishni talab etadi. Bu iqtidor kishida tug’ilganidanoq mavjudmi, yoki uning yillar davomidagi sabotli mehnatlari evaziga ishlab topilganmi – har qanday holatda ham, har qanaqa muvaffaqiyat keltirishi mumkin bo’lgan jiddiy ishdagi kabi, internet orqali pul ishlab topishning bu usullarida faoliyat olib borish uchun iqtidorning bo’lishi majburiy talab etiladigan holatdir.

Agar yetarli darajada iqtidoringiz bo’lsa, uyingizdan chiqmagan holatda, internet orqali, kuniga 3-4 soat kompyuter qarshisida ishlash orqali bir oyda bir necha ming dollar foyda ko’rishingiz mumkin. Hammamiz «internet orqali oson pul topish» yolg’onlaridan charchaganmiz. Shuning uchun men yolg’on bo’lmagan, ishonchliligi 100% tasdiqlangan usullarni sanab o’tmoqchiman. Internet orqali iqtidoringizdan unumli foydalangan holda pul ishlab topishingizga imkon beruvchi 8 ta usulning eng ko’p foyda keltiradiganlaridan boshlab sanab o’tmoqchiman:

1. ENVATO BOZORIDA ELEKTRON MAXSULOT SOTISH. Balki ko’pchiligimiz hali Envato bozori va uning oilasi tarkibida bo’lgan elektron maxsulotlar savdosi sayti haqida bilmasmiz. Ammo ushbu bozor bugungi kunda millionlab iqtidorli kishilarga milliardlab foyda keltirayapti. Kompyuterda yaxshi rasm chiza olasizmi? Bir oyda 50 ming dollar ishlab topishingiz mumkin! WordPress uchun chiroyli, yaxshi shablon tayyorlay olasizmi? Bir oyda 120 ming dollardan ortiq sof foyda ko’rishingiz mumkin! Video yoki audio tahrir bo’yicha iqtidorga egamisiz? Millionlab dollar ishlab topishni boshlashingiz mumkin!

Bu bozorda savdo qilish shartlari juda oddiy: Siz tayyor mahsulotingizni Envato bozorining kerakli bo’limiga yuklaysiz. Envato Sizning mahsulotingiz uchun o’zi mijoz topib, ularga elektron maxsulotingizni sotadi. Envato sotilayotgan har bir maxsulot narxidan ma’lum foizgacha xizmat haqi olib qoladi. Qancha ko’p maxsulot sotsangiz, shuncha kamroq foiz to’laydigan bo’lasiz.

Hozirgi vaqtda natijalar qanday bo’layapti? Envato orqali o’z maxsulotlarini sotib katta miqdorda foyda ko’rayotganlar juda ko’p. Shaxsan o’zim WordPress uchun shablonlar tayyorlash sohasiga juda qiziqaman. Shuning uchun Envato bozoridagi natijalarni WordPress shablonlari savdosi (ThemeForest) misolida ko’rib chiqamiz. Hozirda ThemeForest orqali eng ko’p sotilgan shablon Avada hisoblanadi. Mana shablon savdosi natijalari:

 Avada shabloni 2012-yil 16-avgust kuni savdoga chiqarilgan. Shablon bahosi 58 dollar. Bugunga qadar bu shablonning 133578 ta nusxasi sotilgan. Shablon o’z muallifiga jami (58 dollar x 133578 nusxa =) 7 747 524 (yetti million yetti yuz qirq yetti ming besh yuz yigirma to’rt) dollar foyda keltirgan. Bu natijaga 2012-yil 16-avgustdan hozirga qadar erishilgan. Bu vaqt oralig’i tahminan 33 oyni tashkil etayapti. Jami ko’rilgan foydani 33 oyga bo’lamiz (7747524 / 33). Muallif ushbu shablon bilan bir oyda 234773 (ikki yuz o’ttiz to’rt ming yetti yuz yetmish uch) dollar foyda ko’rgan. Bir oyda ishlab topish uchun yaxshi daromadmi?

Avada yetarli darajada katta shablon. Balki uni bir kishi tayyorlamagandir? Keling, ushbu shablonni 10 kishidan iborat jamoa tayyorlagan, deb tahmin qilamiz va bir oyda ko’rilgan foydani teng 10 ga bo’lamiz: 234773 / 10 = 23477. Demak, o’n kishi bo’lib ushbu shablon ustida ish olib borilgan taqdirda jamoadagi har bir ijodkor bir oyda 23477 (yigirma uch ming to’rt yuz yetmish yetti) dollar foyda ko’rar ekan.

Iqtidorlimisiz? O’z qobiliyatlaringizga ishonasizmi? Katta miqdorda foyda ko’rish uchun biror xorijiy davlatga ishlash uchun ketishingiz shart emas. Izlangan kishi o’z uyida, internet orqali ishlab ham xorijdagiga nisbatan kattaroq foyda ko’rishi mumkin.

2. FIVERR BOZORIDA XIZMATLAR TAKLIF ETISH. «Fiverr» atamasi «fiver» – «beshchi» so’zidan olingan. Ushbu bozor miqyosida tushunsak, besh dollar uchun qaysidir xizmatni amalga oshirishga tayyor bo’lgan kishilar anglatiladi. Fiverr bozorida narxlar 5 dollardan boshlanadi. O’z xizmatini taklif qilayotganlar esa undan ham balandroq narxlarni belgilashlari mumkin. Masalan, 10-50-100 dollar va hokazo.

Fiverr bozorida yo’nalishlar turi Envatodagi singari juda ko’p: Foto montaj, video montaj, reklama, bukletlar tayyorlash, tarjima, maqola yozish, WordPress saytlariga ximat ko’rsatish va boshqalar. Fotoshop dasturida biror fotosuratni chiroyli qilib tahrirlay olasizmi? Demak, Fiverr saytida 5 dollardan o’zingiz istaganingizcha miqdorgacha bo’lgan mablag’ni ishlab olishingiz mumkin.

Fiverr sayti orqali ishlab, yaxshi daromad ko’rayotgan yaqin tanishimning portfoliosiga havola bermoqchiman. Uning ruxsatisiz Fiverr orqali ishlab topayotgan puli miqdorini e’lon qila olmayman. Ammo portfoliosidagi ajoyib ijodiy ishlarini ko’rib, ushbu sayt orqali butun dunyo foydalanuvchilariga foto va video montaj xizmatini taklif qilayotganligining guvohi bo’lishingiz mumkin: https://www.fiverr.com/gismoxan

Fiverr orqali pul ishlab topish, agar yetarli darajada iqtidorli bo’lsangiz, 100% ishonchli! O’zbekistonda yashab turib Fiverr orqali bir oyda 1500-2000 dollar ishlab topayotganlar juda ko’p.

3. SHAXSIY STUDIO OCHISH. Saytlar tayyorlash yoki kompyuter grafikasi sohasida yaxshi iqtidorga ega bo’lsangiz, hozirgi vaqtda internet orqali katta foyda ko’rish juda oson. Birinchi marta Pixelcraft.uz studiosi saytini, ularning portfoliosini ko’rganimda O’zbekistonda ham ushbu yo’nalish yaxshi rivoj topa boshlaganidan juda quvonganman. Pixelcraft jamoasi bir-birini to’ldiruvchi iqtidorlardan tashkil topgan. Siz ham o’zingizning iqtidorlaringizni to’ldiradigan hamkorlar topib, studio ochishingiz va xalqqa xizmat qilishingiz mumkin. Bir o’zingiz ishlashni xohlasangiz ham Sizning ijodingizni hech kim chegaralamaydi. Dizayner Farhod Saydullayev kabi o’z iqtidoringizni chiroyli tarzda namoyish etish orqali faoliyat olib borishingiz mumkin. Eng asosiysi hech kimda takrorlanmaydigan, original dizaynlar va ishlarni ko’rsatib bera olsangiz bo’ldi. Qisqa qilib aytganda, hozirgi vaqtda izlangan iqtidorli kishi albatta imkon topadi!

4. KOMPYUTERLARGA MASOFAVIY XIZMAT KO’RSATISH. AQShdagi o’qishim davomida Chikago shahriga, Ira Cox ismli do’stimning uyiga mehmon tashrif buyurgandim. U o’z uyidan, internet orqali ishlab kun kechirardi. Undan qanday qilib internet orqali ishlab pul topishi haqida so’raganimda «Kompyuterlarni masofaviy tuzataman. Odamlar kompyuterlari buzilib qolganda, qaysidir sozlanmani to’g’ri sozlashni bilmay qolishganda menga qo’ng’iroq qilishadi. Men ularga hisob raqamimni aytaman, shu zahoti mijozlar kartamga pul o’tkazishadi. Shundan so’ng meng ularga masofaviy boshqarish dasturi kliyentini yuklab olib, o’rnatishni hamda maxsus login/parol bilan aloqaga chiqishni aytaman. Uyimdan turib mijozlar kompyuterlarini boshqaraman va sozlayman», deb javob bergan edi. AQShda, deyarli hamma kompyuter sozlanmalarini yaxshi tushunib, sozlay oladigan jamiyatda masofadan turib bunday xizmat ko’rsatish yaxshi foyda keltirayotgan ekan, nega bizning jamiyatimizda foyda keltirmasligi kerak?

Siz ham bugundan huddi shu turdagi xizmatni tashkil qilishingiz mumkin. Balki aynan Siz ushbu xizmatni O’zbekistonda birinchilardan bo’lib taklif etarsiz? Buning uchun hech qanday boshlang’ich to’lov talab etilmaydi. TeamViewer dasturidan foydalaning – u bepul! Bu dastur yordamida yer sharining istalgan nuqtasidagi internet tarmog’iga ulangan kompyuterni boshqarishingiz mumkin. To’lovni qanday qilib olishingiz mumkin? WebSum imkoniyatlaridan foydalaning. WebMoney ishlating. Paynet yoki Click xizmatlaridan unumli foydalaning. Kengroq fikrlang. Bahona emas, yechim izlang.

Tez orada tijoratingiz gullab-yashnab ketishi mumkin. Ushbu xizmatni taklif etuvchi saytingiz orqali Samarqand, Toshkent, Buxoro, Termiz yoki boshqa joylardan mijozlaringiz Siz bilan bog’lanishlarini tasavvur qila olasizmi? Kimgadir antivirus o’rnatib berasiz. Kimningdir ishlamay turgan brauzeri yoki boshqa biror dasturini sozlab berasiz. Hammasi uyingizdan chiqmagan holda!

5. INGLIZ TILINI O’ZBEK TILIDA O’RGATISH. Siz ko’rib turgan ushbu Azamat.uz sayti 2013-yilda aynan mana shu maqsad – ingliz tilini o’zbek tilida mukammal darajada o’rgatish maqsadida tashkil etilgan edi. Keyinchalik, tahminan bir yil avval, o’qituvchilikdan butunlay boshqa sohaga o’tishga harakatimni boshlaganligim munosabati bilan saytimning bu yo’nalishi deyarli to’liqligicha to’xtab qoldi. Ammo ingliz tilini o’zbek tilida o’rgatish sohasining istiqboli juda porloq. Ayniqsa hozirgi vaqtda ingliz tilini o’rganishga O’zbekistonda juda katta e’tibor qaratilayapti.

Saytimning ingliz tilini mustaqil o’rganishga bag’ishlangan qismiga oid juda ko’p murojaatlar olganman. O’zbekiston yoshlari ingliz tilini o’rganishga juda qiziqishadi. Ammo ularning mustaqil ravishda, chetki saytlardan rus yoki ingliz tilida o’zlashtirishlari uchun yetarli darajadagi ilk ko’nikma, bilimni bera oladigan sof o’zbek tilidagi darslar sayti mavjud emas.

Ingliz tilini o’rganish ishtiyoqida bo’lgan xorijdagi o’zbeklar juda ko’p. Menga shaxsan murojaat qilishganlarining ko’pchiligi ingliz tilini juda oz darajada bilishadi, rus tilini esa deyarli bilishmaydi. Xorijda o’zbek tilida ingliz tilini o’rgatadigan ustoz topish juda qiyin. Ingliz tilini ingliz tilida o’rganish uchun esa albatta boshlang’ich ko’nikmaga ega bo’lish shart. Bunday holatda o’zbek tilidagi saytlarga talab juda kuchayadi.

Agar Sizda ingliz tilini o’rgatish bo’yicha iqtidor bo’lsa, shu maqsadga yo’naltirilgan sayt ochish orqali ancha katta foyda ko’rishingiz ham mumkin. Bu sohadan keladigan moddiy foyda manbalarini saytdan foydalanish uchun belgilanadigan to’lov, ingliz tili darslari uchun to’lov, kitob yoki elektron o’quv vositalari savdosi va hokazolar misolida ko’rishimiz mumkin.

Moddiy foydadan tashqari bu turdagi sayt juda yuqori darajada baholanadi. Chunki chet tillarini o’qitish ko’pchilik uchun foydali va sharafli ish hisoblanadi.

6. SOHAGA OID KONSULTATSIYA XIZMATINI TAKLIF ETISH. Kasbingiz nima bo’lishidan, qaysi soha mutaxassisi bo’lishingizdan qat’iy nazar o’zbek tilidagi saytlar ichida konsultatsiya xizmatini ko’rsatish saytini tashkil qilishingiz istiqboli katta. Rus yoki ingliz tilida konsultatsiya-maslahat saytlari juda ko’p. Hatto kouching (ustozlik) xizmatlari ham deyarli sanoqsiz. Ammo o’zbek tilida bunday saytlar juda kam.

Bu turdagi internet biznesning asosiy maqsadi muallifda bo’lgan qaysidir sohaga oid barcha bilimlarni o’z saytida jamlash hamda shu yo’nalishda pulli maslahat-xizmatlarni taklif etish bilan bog’liq bo’ladi.

Yaqinda psycholog.uz saytiga duch keldim. Sayt orqali psixolog xizmatlari juda chiroyli tarzda taklif qilingan ekan. Har bir sohaning zamonaviy mutaxassisi aynan shu turdagi o’z saytiga ega bo’lishi shart, deb hisoblayman.

Tibbiyot yoki shunga o’xshash sohalarda maslahat xizmatini taklif qilish uchun alohida litsenziya yoki ruxsatnoma talab etilishi ham mumkin.

7. BLOGGING. Maqolalar yozishdagi erinchoqligimni hisobga olmaganda o’zim aynan shu sohada rivojlanishga harakat qilayapman 🙂 Blogging, bloggerlik o’zbek tilidagi saytlar (bloglar) orasida raqobat juda kam bo’lgan soha hisoblanadi. Rosti, o’zbek tilidagi bloglar ichida o’qishga arziguliklari juda kam. Men uchun yaxshi blog – bu ma’lum yo’naltirilgan soha bo’yicha sodda va tushunarli, samarali ma’lumot bera olishga qodir bo’lgan, sohaning haqiqiy mutaxassis tomonidan yuritiladigan ma’lumotlar jamlanmasi hisoblanadi. Maqolalar sonini ko’paytirish uchun 4 qator yozuv yoziladigan, qaysidir saytlardan ko’chirib olingan maqolalar bilan to’ldirilgan sayt blog hisoblanmaydi.

Bloggerlar saytidagi tashrif buyuruvchilar sonini ko’paytirib olishga muvaffaq bo’lishganidan so’ng saytga reklamalar joylashtirish orqali yaxshigina daromad ko’rishlari mumkin. Saytda reklama joylashtirish orqali foyda ko’rishning qanchalik haqiqatga yaqinligini daryo.uz yoki kun.uz yangilik bloglari faoliyatidan, ularning reklamalar uchun belgilagan narxlaridan ko’rishimiz mumkin.

Bugundanoq o’zingizning shaxsiy blogingizni oching. O’zingizni qiziqtirgan mavzuga oid hech qayerda topilmas, qimmatli ma’lumotlarni yozib boring. Bir kunda o’rtacha beshta maqola yozsangiz yetarli. Bir yilda saytingiz har qanday kuchli blogger saytlari bilan tenglasha oladigan darajaga yetadi.

8. VIDEO KANAL TASHKIL ETISH. +100500 online efirlari qanchalik mashxur bo’lib ketganligini hammamiz bilamiz. Zarafshonlik yigitlar ham bu muvaffaqiyatli video roliklar natijasini takrorlashga urinishibdi. Ammo negadir o’zbek tilidagi shu yo’nalishga oid video efirni hech qayerda uchratmadim. Qiziqarli, kulguli, balki Galileo dasturi singari foydali ma’lumotlarga boy qisqa roliklar o’zbek tilida chiqarila boshlansa, uning muxlislari juda ko’p bo’lishi aniq.

YouTube yoki Vimeo kabi saytlarda ommalashga kanallarning internet orqali daromadi tabiiy ravishda o’sib boradi. Har qanday holatda ham iqtidorlilar ijodlari mahsulini yetishtirishni uddalashadi.

Haqiqiy iqtidorli kishilar uchun internet orqali pul ishlab topishning yo’llari juda ko’p. Yuqorida men faqat 8 ta usulni sanab o’tdim. Aslida tasavvur va ijodning chegarasi yo’q. Iqtidorli kishilarning qimmatli ijodiy ishlari har doim, hamma joyda yuqori baholanadi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

22 ta fikr

  1. Azamat aka assalomu aleykum 2 kun bo’ldi sizning saytingizdagi maqolalarni o’qiyman.Oldin bunday foydali sayt borligini bilmas edim. Raxmat sizga. Men oldin keng miqiyosida bilim egallab keyin sayt yaratmoqchiman.Sizdan yordam olaman. Sizning ishlaringgiz olqishga loyiq. Internet orqali pul topish faqat o’ziga ishongan APTIMIST insonlar uchun. Menda sayt g’yasi bor uni mukammal o’rganib keyin siz bilan suhbatlashamiz. Sizning maqolalaringizni o’qishda davom etaman. Raxmat !

  2. Men internet orqali pul ishlayotganimga 4 oy bo’ldi. Hozirda oyiga minimal 150-200 $ ishlab topyapman. Hohlovchilarga o’rgatishim mumkin. Saytlar va to’lov tizimlari http://interwork.lark.ru/uz manzilida ko’rsatilgan. Savollaringizni fedyahd@yandex.ru manziliga yuboring. Qo’ldan kelgancha yordam beraman.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*