Bosh sahifa / O'qituvchilarga / Internet orqali chet tillarini o’qitish istiqbollari

Internet orqali chet tillarini o’qitish istiqbollari

Bugungi kunda O’zbekistonda internet shu darajada rivojlangan-ki, undan ta’limiy maqsadlarda foydalanishni xohlovchi har bir o’qituvchi yoki o’rganuvchi o’zi uchun zarurib bo’lgan barcha qulayliklarni topishi mumkin. Albatta, bu yo’nalishdagi faoliyat uchun o’rganuvchidan o’rta darajadagi va o’qituvchidan professional darajadagi kompyuter va internet texnologiyalaridan foydalanish ko’nikmalari talab etiladi. Ushbu maqolada o’qituvchilarning kompyuter va internetdan maksimal darajada foydalanish ko’nikmasiga ega bo’lgan holda chet tillarini internet orqali o’qitish imkoniyatlari haqida fikr yuritmoqchiman.

Texnik jinatdan O’zbekiston interneti online tizimda bemalol har qanday murakkablikdagi darslarni o’tish, har qanday yo’nalishdagi o’qitish va boshqa ta’limiy ishlarni olib borish talablariga bemalol javob bera oladi. Bu imkoniyatlarni quyidagi eng asosiy yo’nalishlar bo’yicha baholab ko’ramiz:

TEZLIK. Hozirda TAS-IX tizimidagi cheklanmagan internet traffigi tezligi o’rtacha hisobda 2 mBit/s tezlikni tashkil etadi. Bu tezlik ta’limiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo’lgan har qanday web dasturning ishlashi uchun yetarlidan ham bir necha barobar ortiqroq. Bundan tashqari bu tezlik yordamida o’rganuvchi ham, o’rgatuvchi ham o’z maqsadlarini samarali amalga oshirishda foydalanishlari uchun hech qanday cheklov yo’q.

BEPUL TRAFFIK ALMASHINUVI. Butun O’zbekiston bo’ylab internet provayderlar o’rtasidagi ichki traffik almashinuvi 100% bepul qilib qo’yilgan. Bu internetdan ta’limiy maqsadlarda foydalanish uchun juda katta imkoniyat! Chunki, internet orqali o’rganuvchilarning barcha talablarini qanoatlantirish, u yoki bu sohadagi bilimlarni ularga yetkazib berish uchun internet texnologiyalarining video va ovozli ma’lumotlarini foydalanuvchilarga uzatish birinchi raqamli muhimlik darajasiga ega bo’lgan vazifa hisoblanadi. Audio va video ma’lumotlardan tashqari yana boshqa ko’plab traffikni katta miqdorda talab qiladigan resurslardan foydalanishga to’g’ri kelishi mumkin. Bunday holatda esa, traffikning bepulligi foydalanuvchiga ham, o’rgatuvchiga ham juda qulay!

TASHQI TRAFFIKNI BUTUNLAY TO’SISH IMKONIYATI. Agar ta’limiy portalda faqat o’zbek tilida, yoki faqat o’zbek foydalanuvchilari uchun online darslarning berilishini hisobga oladigan bo’lsa, portalga tashqi tarmoqlardan kira olish imkoniyatini butunlay cheklash mumkin. Bu imkoniyat nafaqat server resurslarini tejab, foydalanuvchilar uchun yuqori tezlikda ishlaydigan portal xizmatlarini taklif qilishi mumkin, balki tashqi traffik tomonidan keltirib chiqarilishi mumkin bo’lgan ortiqcha sarf-xarajatlarning ham oldi olinadi. Albatta, bu sharoitda xorijdagi o’zbeklarning darslardan bahramand bo’lish imkoniyatlari yo’qqa chiqadi. Ammo xizmatlarning optimal darajada doimiy ishlashini ta’minlash uchun faqat O’zbekistonning ichki talabiga qarab ish qilsa ham bo’ladi.

PORTALNING HAMMA UCHUN OCHIQLIGI. TAS-IX tizimidagi saytlarning barcha provayderlarda bir xil bepul ishlashi O’zbekistonning har bir nuqtasida TAS-IX saytlaridan foydalanishga yo’lning ochiq bo’lishiga olib keldi. O’quv yurtlaridagi bepul internet, bepul Wi-Fi hududlar, uy kompyuterlariga ulangan bepul TAS-IX internet va boshqalar kelajakda tayyorlanishi mumkin bo’lgan ta’limiy maqsaddagi portallarning barcha uchun doimiy ochiq bo’lishini kafolatlaydi.

FOYDALANUVCHILAR DOIRASINING KENGAYISHI. Bugungi kunda ko’proq va ko’proq foydalanuvchilar O’zbekistonning ichki resurslaridan foydalanishga o’tishayapti. Bu albatta O’zbekiston internetining foydalanuvchilari kun sayin ortib borayotganligini bildirsa-da, ichki resurslarga bo’lgan talabning ortishi milliy tarmog’imizdagi portallarning sifatli tayyorlanayotganligi, tashqi resurslarga hojat qoldirmaydigan darajada boy ma’lumotlarga ega ekanligini ham anglatadi. Bu sur’atda o’sib borayotgan foydalanuvchilar jamoasi bilan kelajakda tayyorlanishi mumkin bo’lgan ta’limiy portal istiqboli juda ko’p yaxshi natijalarni va’da qiladi.

Yuqoridagilar va ulardan tashqari yana o’nlab qulayliklarni hisobga olgan holda O’zbekistonda har qanday fan bo’yicha, turli yo’nalishdagi ta’limiy portallarni ochishga keng imkoniyatlar bor. Bunday g’oyalarni amalga oshirish uchun esa shijoatga to’la, zamonaviy bilimlarga ega bo’lgan yosh o’qituvchilar kerak bo’ladi.

Siz o’qituvchimisiz? O’zingizning mutaxassisligingiz bo’yicha bilimingizga ishonasizmi? Oliygohda fan bo’yicha olgan bilimlaringizni ilmga chanqoq millionlab yoshlar bilan o’rtoqlashmoqchimisiz? Fan yo’nalishidagi ilmingizni zamonaviy bilimlaringiz bilan uyg’unlashtirgan holda online dars tizimini joriy qilmoqchimisiz? Siz uchun barcha imkoniyatlar bor!

Hozirga qadar O’zbekistonda online tizimda dars o’tiladigan, har tomonlama zamon talabiga javob bera oladigan ta’limiy portal mavjud emas. Shaxsan men ingliz tili bo’yicha O’zbekistondagi birinchi online, foydalanuvchidan-foydalanuvchiga tizimida ishlovchi jonli darslarni tashkil etish niyatidaman. Albatta, bu maqsadni amalga oshirish uchun bir o’zimning bilimim kamlik qiladi. Shu sababli hozirgi vaqtda tarmoq mutaxassislari, web dasturlash tillari ustalari, UI mutaxassislari va boshqa bir qator internet texnologiyalariga aloqador sohalar bo’yicha mutaxassislar ko’magiga ehtiyoj sezayapman. O’zbekiston interneti tarixidagi birinchi online darslar portatilini yaratishga o’z hissangizni qo’shishni xohlasangiz, men bilan info@azamat.uz manzili orqali bog’lanishingizni iltimos qilaman.

Biz O’zbekistondagi birinchi online maktabni barpo etamiz!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*