Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Insoniyat uchun dastur yarating

Insoniyat uchun dastur yarating

Dasturlash insoniyat hayotini osonlashtirishi kerak. Dasturchining asosiy maqsadi qayta-qayta bajariladigan ishlarning barchasini avtomatlashtirish va imkon qadar inson aralashuvini talab qilmaydigan, moslashuvchan va «aqlli» dastur yaratish bo’lishi zarur. Sizning dasturingiz (u har qanday tilda yozilgan yoki har qanday vazifani bajarmasin) odamlar hayotini yengillashtirsa, ularning kundalik ishlarini avtomatlashtira olsa, demak Siz yaxshi dasturchisiz! Har bir yaxshi dasturchi har doim insoniyat uchun dastur yaratishga harakat qiladi. Uning asosiy tilagi oddiy kishilar hayotini osonlashtirish bo’ladi.

Qaysi dasturlash tilini o’rganishingiz, qaysi dasturlash tilida ijod qilishingiz yoki qaysi texnologiya yo’nalishida dastur yaratishingiz ahamiyatsiz. Muhimi – dasturingiz imkon qadar ko’proq kishilar uchun foydali bo’lishi shart.

«Insoniyat uchun dastur» qanday bo’lishi kerak?

Istalgan dasturchi insoniyat uchun dastur yarata oladi. Buning uchun xohishning o’zi kifoya. Shunchaki, dastur yaratayotganda asosiy niyatni dasturning buyurtmachiga yoki talab qilayotgan tomonga manzur bo’lishiga emas, balki shu dasturdan foydalanuvchi oddiy insolar nigohida qanchalik darajada qulay bo’lishiga, ular bu dasturni qanchalik yaxshi baholashlariga yo’naltirishingiz kerak. Sizning ishingizga asosiy bahoni buyurtmachi emas, shu dasturdan foydalanuvchi oddiy kishilar berishini yodda tuting. Faqat shu niyatning o’zi insoniyat uchun dastur yaratishingizga zamin yarata oladi.

Ko’pchilikning kundalik muammolariga yechim taqdim etib kelayotgan, havas qilsa arzigulik dasturlar juda ko’p. Bunday dasturlarga misolni mobil qurilmalar uchun yaratilgan ilovalar, web dasturlar yoki boshqa dasturiy ta’minotlar ichidan ko’plab keltirishimiz mumkin. Ular hozirgidek mashxurligi uchun dasturlarni ko’pchilik ijobiy baholamaydi, balki oddiy foydalanuvchilar ularni yaxshi dasturlar, deb topishgani uchungina bu dasturlar mashxurlikka erisha olgan. Aynan shu haqiqat ham dasturning muvaffaqiyatini uning insoniyat uchun yaratilganligi belgilashini tasdiqlaydi.

Hozirgi vaqtda dasturlashni o’rganish, o’zining kelajagini dasturlash bilan bog’lash istagidagi yoshlar ko’paymoqda. Katta tajribaga ega dasturchilarda esa yoshlarga dasturni pul ishlash, buyurtmachiga ma’qul kelish yoki boshqa kichik sabablar uchun emas, balki insoniyat muammolariga yechim topish, ularning kundalik hayotlarini osonlashtirish uchun dastur yozishni o’rgatishdek katta mas’uliyat bor. Niyatning yuksakligi dasturchini yuqori cho’qqilarga olib chiqishi mumkin. Pul uchun dastur yozsangiz faqat pulga ega bo’lasiz. Insoniyat uchun dastur yozganingizda esa ham yuqori darajadagi e’tirofga sazovor bo’lishingiz, ham kelajagingiz uchun davomli sarmoya kiritadigan daromadga ega bo’lishingiz mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan