Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Ingliz tilidagi bilimlaringizni rivojlantirishning 70 usuli

Ingliz tilidagi bilimlaringizni rivojlantirishning 70 usuli

Ingliz tilida gapirish, til grammatikasi, umuman ingliz tiliga ta’qluqli bo’lgan har qanday bilim va ko’nikmalaringizni rivojlantirishning eng ishonchli usuli o’qish hamda tinimsiz ravishda o’z ustida ishlash ekanligi hech kimga sir emas. Ammo bulardan tashqari ham ingliz tilidagi bilim va ko’nikmalaringizni yanada rivojlantirishning bir necha usullari mavjud. Hozirda Sizda mavjud bo’lgan ingliz tili bilimlaringizni bir necha o’n baravargacha rivojlantirish mumkin. Bunga erishish yo’lida quyidagi tavsiyalarning biriga yoki bir nechtasiga amal qilishingiz mumkin:

1. INGLIZ TILINI O’RGATADIGAN SAYT OCHING. O’zingiz yolg’iz o’rganganingizdan ko’ra boshqalarga ham o’rgatishingiz bilimingizning oshishida katta foyda beradi. Bilimingiz sayoz, faqat boshlang’ich, sodda tushunchalarga ega bo’lsangiz ham mayli. ZiyoNet saytidan bepul blog oching va bilganingizcha ingliz tilini o’rgating. Shu Siz uchun ancha foydali bo’ladi. Shaxsan o’zim shu usuldan foydalanaman – Siz ko’rib turgan ushbu sayt aslida o’zim ustimda ishlash, ingliz tilini yanada chuqurroq o’rganishim va turli qo’shimcha sohalarda bilimimni oshirishim uchun imkoniyat sifatida tashkil etilgan. O’zim uchun yangi bo’lgan bilimlarni o’zlashtiraman, takrorlash uchun ularni maqola sifatida saytga chiqaraman. Olgan bilimlarim o’zimga foyda bo’lsa, jarayon mahsulidan esa butun dunyo Azamat.uz saytiga tashrif buyurgan holda foydalanishi mumkin. Siz ham shunday qiling!

2. INGLIZ TILIDA KUNDALIK TUTING. Kundalik turmushingizda bo’layotgan voqealar, hodisalar, qiziqarli tasodiflar haqida FAQAT INGLIZ TILIDA (!!!) yozib boring. Bu mashg’ulot kundalik tutishni yoqtiruvchilar uchun ayniqsa qiziqarli bo’lishi tayin. Menimcha, bu sohada qizlar ilg’orlik qilishsa kerak. Ingliz tilidagi bilimlarini rivojlantirish haqida gapirilganda esa, yigitlar ham shu turdagi kundalikni tushishga urinib ko’rishsa, foydadan holi bo’lmaydi.

3. INGLIZ TILIDAGI MASLAHATLARGA OBUNA BO’LING. Menimcha, bu zamonaviy til o’rganish dunyosidagi tengsiz usul! Bugungi kunda ingliz tilini o’rganish, uni oson o’zlashtirish bo’yicha maslahatlarning bepul xatlariga obuna bo’lish juda oson. Hammasi juda oddiy: Siz obuna qilish saytiga kirib, email manzilingiz bilan xatlarga obuna bo’lasiz va har kuni bittadan yoki bir nechtadan ingliz tili grammatikasini o’rganishga oid maslahatlarni elektron pochta manzilingizga qabul qilib olaverasiz! Obuna saytlari juda ko’p, shaxsan men Sizga Effortless English saytini tavsiya etaman.

4. INGLIZCHA QO’SHIQ ESHITING. Men qo’shishlar eshitishni sevaman. Ishonamanki, o’ziga yoqqan honanda ijrosidagi qo’shiqlarni tinglashdan zavq oladigan abituriyentlar ham talaygina. Ingliz tilidagi qo’shiqlarni ko’proq eshitishga harakat qiling. Bu orqali Siz ham madaniy hordiq chiqarasiz, ham qo’shiqda aytilayotgan ingliz tilidagi yangi so’zlar, iboralarni yodlab olasiz. O’zingiz yoqtirgan ingliz tilidagi qo’shiqning matnini topib, qo’shiq aytilayotgan vaqtda matnni kuzatib borishingiz ham o’rganishda yaxshi natija berishi mumkin. Qo’shiq matnlarining eng katta jamlanmasi AZlyrics.com saytida (sayt nomi AZ bilan boshlansa ham, uning Azamat.uz saytiga hech qanday aloqasi yo’q 😉 ).

5. INGLIZCHA QO’SHIQ KUYLANG. Hammada ham qo’shiq aytish darajasidagi baland, sifatli ovoz bo’lmasligi mumkin, ammo uy ishlarini qilayotganda, bo’sh vaqtda, ko’chada yurganda faqat o’zi uchun qo’shiq hirgoya qilib yurishni deyarli hamma uddalay oladi. Ingliz tilini yaxshiroq o’rganish uchun o’zingizga yoqqan biror qo’shiqni yodlab olib, hirgoya qilib yuring. Bu usul ko’proq so’z yodlashingiz va ingliz tilidagi talaffuzingizni yaxshilashingizda katta yordam beradi.

6. INGLIZCHA QO’SHIQLARNI TARJIMA QILING. Qo’shiqlarga juda qiziqasizmi? Bu qiziqishingizdan ingliz tilini o’rganishda va bilimlaringizni mustahkamlashda foydalaning! Internetda shaxsiy blog yoki Odnoklassniki saytida «Inglizcha qo’shiqlarning o’zbekcha tarjimasi» degan guruh oching. Ingliz tilida kuylanadigan mashxur qo’shiqlarning o’zbek tilidagi ma’nolarini bilishni xohlovchilar juda ko’p. Shaxsan mendan Eminem qo’shiqlarining ma’nolarini ko’p so’rashgan. Siz ham o’zingizga yoqqan qo’shiqlarni o’zbek tiliga tarjima qilib, uni hamma bilan o’rtoqlashsangiz, ingliz tilidagi so’z boyligingizning oshishi, tarjima mahoratingizning rivojlanishiga juda katta hissa qo’shgan bo’lasiz!

7. INGLIZCHA QO’SHIQLAR KARAOKESINI KUYLANG. Bu mening sevimli mashg’ulotlarimdan biri! Ingliz tilidagi eng sevimli qo’shig’ingizning minus versiyasi (qo’shiqsiz, faqat musiqasi bor fayl)ni toping va uyda, kompyuteringiz mikrofoni yordamida qo’shiqni o’zingiz ijro eting! Bu bilan dunyoga mashxur qo’shiqchi bo’lib ketmasligingiz mumkin, ammo bir narsa aniq-ki, ingliz tilidagi so’zlarning talaffuzi Sizda sezilarli darajada yaxshilanadi.

8. FILM, MUSIQA, MEHMONXONA YOKI KITOBGA ATAB TAQRIZ YOZING. Misol uchun, Siz Xiyot seriallaridan birini ko’rayapsiz, Siz seriallarga juda qiziqasiz va seriallar haqida soatlab gapirishingiz mumkin. Nega endi bu qiziqish shijoatingizni til o’rganish tomon yo’naltirmaysiz? O’zingizga yoqqan serialga taqriz yozing. Faqat ingliz tilida!!! Shunday yozing-ki, o’qigan kishi serialni ko’rgandek bo’lsin. Albatta, har kim o’ziga yoqqan, o’zi zavqlanadigan narsa haqida yozsa, ham foydali, ham zeriktirmaydigan ish bilan shug’ullangan bo’ladi.

9. FAQAT INGLIZ TILIDA QIDIRING. Ko’pchiligimiz internetda ma’lumot qidiramiz. Kompyuter va internet texnologiyalari rivojlanib ketdi. Hozirda hatto 80 yoshli buvilar ham o’zlarining sevimli quymoqlarini pishirish uchun internetdan masalliqlar ro’yxatini qidirayapti. Sizga qachondir internetdan ma’lumot kerak bo’lib qolsa, uni Google, Yahoo, Mail.ru yoki boshqa qidiruv mashinasidan foydalanishingizdan qat’iy nazar faqat ingliz tilida qidirishga harakat qiling. Shunday qilsangiz, ham ko’poq ma’lumot topasiz, ham ingliz tilini o’rganasiz.

10. O’QIGAN KITOBINGIZ YOKI KO’RGAN FILMINGIZNING INGLIZ TILIDAGISINI QAYTA O’QING YOKI KO’RING. Misol uchun, Aleks Dyumaning «Uch mushketyor» asarini o’zbek tilida o’qigan bo’lishingiz, yoki «Titanik» filnimining o’zbekcha tarjimasini ko’rgan bo’lishingiz mumkin. Siz bu kitob yoki filmning barcha tavsilotlarini bilasiz. Nega endi kitobning yoki filmning ingliz tilidagi versiyasini topishga harakat qilmaysiz? Hozir internetda har qanday film va kitobni topsa bo’ladi. O’zingizga yoqqan asar yoki filmning ingliz tilidagi versiyasidan bahramand bo’lishga harakat qiling.

11. KITOB TARJIMA QILING. Bilaman, bu juda mashaqqatli ish. Ammo urinib ko’rishga arziydi. Boshlanishiga oddiy, sodda, kichik hajmda bo’lgan, ingliz tilida yozilgan kitobni tarjima qilishga urinib ko’ring. Muvaffaqiyatli chiqqan tarjimangizni tanishlaringizga yoki internet foydalanuvchilariga taqdim etishingiz mumkin. Ularning Sizning qilgan ishingizga baho berishadi.

12. BIRINCHI 20 TA SAHIFANI QOLDIRIB KETING. Ingliz tilida yozilgan asarni oling va ilk 20 sahifasini tashlab ketgan holda kitobni o’qishni boshlang. Bir tomondan bu usul 20-sahifadan keyin bo’layotgan voqealar haqida o’qish jarayonida ko’proq fikrlashga, hikoya qilinayotgan jarayonlarni tushunib olishga undasa, ikkinchi tomondan hikoyaning davomi va boshi qanday bo’lishi haqidagi qiziqishingizni alangalatib yuboradi. Afsuski, bugungi kun yoshlarining juda ko’pchiligi kitoblardan begonalashib ketgan. Umid qilamanki, kitob bilan bog’liq tavsiyalarimga amal qilishga hech bo’lmaganda urinib ko’radigan yoshlar ham topilib qoladi.

13. DIALOGLI KITOB O’QING. Ikki kishi o’rtasidagi suhbatda turli og’zaki nutqda ishlatiladigan iboralar, idiomalar, holatga mos atamalar ishlatilishi mumkin. Bunday kitoblarni o’qish og’zaki nutqingizning rivojlanishiga yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Aynan qaysi kitobni o’qishni bilmay turganlar oddiy, «Inglizcha-o’zbekcha so’zlashgich» kitoblaridan foydalansa ham bo’ladi.

14. INGLIZCHA KOMIK KITOBLAR O’QING. Komiklarni o’qishning yaxshi tomoni – rasmlarga boy, qiziqarli hikoyalarni o’qib hech qachon zerikmaysiz. Hikoya qilinayotgan voqealar rasmlarda ham ko’rsatilgan bo’ladi, shuning uchun unda berilgan gaplarni tushunib olish ham oson kechadi.

15. INGLIZ TILIDAGI SHAHAR YO’L KO’RSATKICHLARINI O’QING. Boshqa shaharlarda shaxsan guvohi bo’lmaganman, ammo Termiz shahrining xorijlik mehmonlar uchun rasmiy yo’l ko’rsatkich yo’riqnomasi bor. U kichik kitobcha shaklida bo’lib, unda shaharning diqqatga sazovor joylari, mehmonxonalari, bozorlari va boshqa mehmonlar uchun kerakli bo’lgan jihatlari haqida ingliz tilida ma’lumotlar berilgan. O’z shahringiz, yoki London, Nyu York, Parij kabi katta shaharlarning yo’l ko’rsatkich yo’riqnomalarini topib o’qishga harakat qiling.

16. INGLIZCHA GAZETA VA JURNALLARNI O’QING. Sotuvda ba’zi mashxur xorij gazeta va jurnallarini topishingiz mumkin. Hech qayerdan topishning iloji bo’lmaganda esa, har doim internet orqali Time, Forbes, Washington Post kabi gazeta va jurnallarning elektron variantini o’qishingiz mumkin.

17. BIR HAFTALIK IZCHIL O’RGANISH ILOJINI TOPING. Bir hafta davomida bir daqiqa ham bo’sh bo’lmaslikni, bo’sh qolganingizdan ingliz tilida so’zlar yodlashingiz, mavzularni o’qishingiz va imkon qadar ingliz tilida bilim olishingizni o’zingizga o’zingiz qat’iy va’da bering. So’z yodlashdan zeriksangiz grammatika o’qing, grammatikadan charchasangiz matn o’qing, undan ham zeriksangiz inglizcha kino ko’ring. Bularning barchasi o’rganishdir. Bir hafta davomida qiynalishingiz mumkin, lekin uning natijasida juda ko’p narsa o’rganganingizni o’zingiz ham his qilasiz.

18. FAQAT INGLIZ TILIDA GAPLASHADIGAN SHERIK TOPING. Balki jonli suhbatdir, balki telefonda, balki Odnoklassnikida yozishish orqalidir – har qanday holatda ham faqat ingliz tilida gaplashadigan hamroh topib, so’zlashishni tinimsiz mashq qilishga harakat qiling.

19. INGLIZ TILINI SIZ BILAN BIRGA O’RGANAYOTGANLAR BILAN MUSOBAQALASHING. Kim o’zarga so’z yodlash, mavzularni o’rganish o’rganish jarayoningizni yanada qiziqarli o’tkazishi bilan birga ishonish qiyin bo’lgan darajada katta bilim va ko’nikma ham olib keladi.

20. IKKITA USTOZDAN QO’SHIMCHA DARSLAR OLING. Ingliz tili grammatikasini ikkita har xil metodika asosida tushuntiradigan o’qituvchidan o’rganishingiz, tilni har tomonlama mukammal o’rganishingizda yordam berishingiz mumkin. Birinchi ustoz ingliz tilining grammatikasiga ko’proq e’tiborni qaratsa, boshqasi og’zaki nutq, so’z boyligining oshirilishiga e’tibor qaratishi mumkin. Yaxshi narsaning ortiqchasi bo’lmaydi. Ikkita qo’shimcha darslarga borishning imkoni bo’lmasa, internet orqali Azamat.uz saytida berib boriladigan grammatik mavzularni o’qing, video darslarni ko’rib, sayt savol-javoblarida ishtirok eting.

21. KIMGADIR INGLIZ TILINI O’RGATING. O’zingiz qancha darajada tilni bilishingizning ahamiyati yo’q. Muhimi o’rgatishingiz. O’zingizdan yoshi kichikroq bo’lgan ko’ngilli o’rganuvchini yoningizga shogird sifatida olib, unga ingliz tilidan saboq bering. O’rgatish orqali ham ko’p narsani o’rgansa bo’ladi!

22. ISH JOYINGIZDA INGLIZ TILINI O’RGANING. Balki kun bo’yi kompyuterda o’tirib ishlashingiz talab etilgan joyda ishlarsiz. Bu Siz uchun ingliz tilini o’rganish uchun bir imkoniyat. Kompyuteringizga kichik, tez yuklanadigan, turli sodda so’zlarni yodlashga yordam berib, ishdan bo’sh vaqtingizda ingliz tilini o’rganishingiz, muvjud bilimlaringizni takrorlashingizga yordam beradigan dasturlarni o’rnating. Bundan tashqari, Azamat.uz sayti ma’lumotlaridan foydalanib, ishdan bo’sh vaqtingizda til o’rganishingiz ham mumkin. Azamat.uz sayti TAS-IX tizimiga kirganligi sababli O’zbekistonning barcha idoralariga ulangan internetning ichki resursi hisoblanadi va muammosiz ishlaydi.

23. UYDA INGLIZ TILIDAGI RADIO ESHITTIRISHLARNI TINGLANG. Uy ishlarini qilayotgan vaqtingizda ingliz tilidagi radio eshittirishlarni tinglash ingliz tilidagi nutqni tinglab tushunish ko’nikmangizni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Internetda, shu jumladan TAS-IX tizimida ham, ko’plab mashxur radio to’lqinlar eshittirishlarini tinglashingiz mumkin.

24. INGLIZ TILINI O’RGATISHGA YO’NALTIRILGAN O’YINLAR O’YNANG. Bu turga kiruvchi ba’zi kompyuter o’yinlari Siz uchun juda sodda bo’lib tuyulishi mumkin. Ammu unutmang-ki, o’ynashdan maqsad shunchaki bekorchi vaqtni o’tkazish emas, balki ingliz tilini oz bo’lsa ham o’rganish.

25. INGLIZ TILIDA O’YLANG VA FIKRLANG. Bu odatni paydo qilish juda qiyin. Biz o’z ona tilimizda o’ylashga va fikrlashda, to’g’ri kelganda o’zimizga o’zimiz gapirishga odatlanib qolganmiz. Shu holatlarning ingliz tilida bo’lishini tasavvur qilayapsizmi? Yaxshiroq harakat qilsangiz, ingliz tilidagi tushlarni ko’rishni boshlashingiz ham hech gap emas.

26. INGLIZCHA TITRLAR BILAN INGLIZ TILIDAGI KINOFILMLARNI KO’RING. Film ko’rish davomida og’zaki nutqni eshitish bilan birga ingliz tilidagi titrlarni ham o’zib borsangiz, tilni o’rganishingiz yanada osonlashadi.

27. O’ZBEKCHA FILMLARNI INGLIZ TILIGA TARJIMA QILING. Bu tavsiya kompyuterda yaxshi ishlay oladigan, video montaj ishlarini bajarishga qiynalmaydiganlar uchun. Tilni o’rganish va kompyuterda ishlash ustaligingizni uyg’unlashtirib, milliy filmlarimizni ingliz tiliga o’girib, o’zingiz dublyaj qilishga harakat qilib ko’ring. Ishonamanki, juda qiziq loyiha bo’ladi.

28. INGLIZ TILIDAGI BITTA FILMNI QAYTA-QAYTA KO’RING. Bu usulda filmda ishlatiladigan iboralar, so’zlar va atamalar Sizga yod bo’lib ketadi. Qayta-qayta eshitaverish orqali so’zlarning to’g’ri talaffuzini ham o’rganib olishingiz mumkin.

29. QO’L TELEFONINGIZ, KOMPYUTERINGIZ YOKI BOSHQA TEZ-TEZ FOYDALANADIGAN JIHOZINGIZ TILINI INGLIZ TILIGA O’ZGARTIRING. Bu holatda hech bo’lmaganda o’sha jihozda berilgan ingliz tilidagi so’zlarni har kuni bir necha martalab qayta-qayta ishlataverganingiz uchun oson o’rganib olasiz. Siz tez-tez foydalanadigan saytlarning interfeys tili ham shular jumlasidandir. Masalan, elektron pochtangiz interfeysini inglizcha qilib qo’yishingiz mumkin.

30. BILIM DARAJANGIZGA REAL KO’Z BILAN QARANG. O’zingizni aldamang. Ko’p bilaman deb maqtanmang ham. Ingliz tilidagi bilimingizni haqqoniy o’lchab, unga real qarashga harakat qiling. Haqiqiy bilimingizni bilish uchun IELTS imtihonini topshirib ko’rishingiz mumkin. Quyiroq bosqichdagilar esa internetdagi oddiyroq testlarni bajarib ko’rish orqali o’z bilimlarini o’lchab olishlari mumkin.

31. INGLIZ TILIDA O’QISH TEZLIGINGIZNI OSHIRING. Bir daqiqada nechta so’z o’qiy olasiz? Ko’p va imkon qadar tez o’qishni mashq qilish orqali ingliz tilida tez o’qiy olish ko’nikmasini shakllantirishingiz mumkin.

32. KIMGADIR O’QIB BERING. Ingliz tilini yaxshi tushunadigan yoki o’rta darajada biladigan kishiga ingliz tilida hikoya, qissa yoki shunga o’xshash qiziq narsa o’qib berishga harakat qiling. Mashqlar natijasida Sizning o’qishingiz, ingliz tilida hikoya qilishingiz hammaga tushunarli darajada ravon va aniq bo’lishiga erishishingiz mumkin.

33. YORDAMSIZ O’QISHGA URINIB KO’RING. Katta, murakkab matnni hech qanday lug’at yoki boshqa yordamchi vositalarsiz, mustaqil ravishda o’qishga harakat qilib ko’ring. Matnda uchragan notanish so’z va iboralarning ma’nolarini matn asosida o’ylab topishga, bilib olishga harakat qiling.

34. O’ZING VA HAMMASINI YODLANG. O’zingizga yoqqan matn yoki kichik hikoyaning barcha so’zlarini, har bir so’zini yodlab olishga qaror qiling va bunga qattiq kirishing. Boshlanishida qiynalishingiz mumkin, ammo maqsadga erishganingizda o’zingiz ham ishonmaydigan darajada ko’p so’z yodlab olganingizga amin bo’lasiz.

35. BOLALARGA MO’LJALLANGAN INGLIZ TILI KITOBLARINI O’QING. Angliya yoki Amerika bolalari uchun mo’ljallangan kitoblar sodda, tushunarli tilda yozilgan bo’lishiga qaramasdan, O’zbekistonda tilni endi o’rgana boshlagan, ona tili ingliz tili bo’lmagan kishilar uchun yetarli darajada murakkab tuyulishi mumkin. Har qanday holatda ham bolalar uchun mo’ljallangan kitoblarni o’qish tilni oson o’rganish va o’qishni sodda bosqichda o’rganishingizda yordam beradi.

36. INGLIZ TILIDAGI MAQOLLARNI YODLANG. Maqollarni juda yaxshi ko’radigan, har nutqida ulardan foydalanadiganlar juda ko’p. O’zbek tilidagi ma’noli maqollarimiz bilan birga ingliz tilidagi maqollarni ham bilib qo’yishingiz foydadan holi bo’lmaydi. O’zbek xalq maqollarining ma’nosiga to’g’ri keladigan inglizcha maqollarni izlab topish va yodlash esa ayniqsa maroqli hamda qiziqarli.

37. LUG’AT DAFTAR TUTING. Yodlashni niyat qilgan so’zlaringizni talaffuzi va tarjimasi bilan yozib borishga odatlaning. Belgilangan miqdordagi so’zlarni yodlamaguningizcha yangilarini yozmang. Lug’at daftar tutish yodlangan so’zlar miqdorini aniq bilib turish va yodlanganlarni tez-tez takrorlash imkonini beradi.

38. XONANGIZ DEVORINI INGLIZCHA SO’ZLAR YOZILGAN STIKERLAR UCHUN AJRATING. Yotoq yoki dars xonangizning doimiy ko’zga tashlanib turadigan devorining bir qismini inglizcha so’zlar yozilgan stiker (yopishtiriladigan qog’oz bo’lagi) bilan to’ldiring. Imkon qadar ko’proq so’zlarni yopishtirib chiqishga harakat qiling. To’liq yodlanganligiga ishonch hosil qilgan so’zlaringizni devordan olib tashlashingiz va keyinchalik barcha so’zlarni yodlab, devorni yopishtirilgan qog’oz bo’lakchalaridan tozalashni niyat qilishingiz ham mumkin. Bu holatda yodlashni ajoyib bir mashg’ulot ko’rinishi keltirish hech gap emas.

39. INGLIZCHA INGLIZCHA LUG’AT ASOSIDA YODLANG. Lug’at tutib, yodlanadigan so’zlarning ma’nolarini ingliz tilida yozib chiqing. Masalan, «pencil» so’zini «tool used to write and draw things» tarzida ifodalashingiz mumkin. Bu usul yodlanadigan so’zlar miqdorini bir necha barobarga oshiradi.

40. KUNDALIK SO’Z YODALASHNI MAQSAD QILIB QO’YING. Har ertalab kun davomida yodlashingiz kerak bo’lgan so’zlarni yozib chiqing. Ular nechta bo’lishi o’zingizga bog’liq. Kun oxirigacha maqsadingizni amalga oshirishga, barcha yozilgan so’zlarni mukammal yodlashga harakat qiling.

41. ESKI LUG’AT DAFTARNI TASHLAB, YANGIDAN BOSHLANG. Ko’pchilik ma’lum miqdorda so’z yodlagandan so’ng to’xtab qoladi. Siz o’zingizga mingta, 2 mingda, hatto 4 mingta so’zni ham chegara qilib olmang. Qanchalik ko’p so’z yodlasangiz, shuncha yaxshi ekanligini unutmang. Lug’atingiz to’lib, barcha yozgan so’zlaringizni mukammal darajada yodlab bo’lganingizdan so’ng uni nabiralaringizga vaqti kelganda namuna qilib ko’rsatish uchun olib qo’ying-da, yangi lug’at tutib, yodlashni davom ettiring.

42. UY VA ISHXONA JIHOZLARIGA ULARNING INGLIZCHA NOMLARINI YOZIB CHIQING. Bunda qulay, kichik stikerlardan foydalanishingiz mumkin. Muzlatgichga «freezer», stulga «chair», kitob javoniga esa «book shelf» deb yozib, yopishtirib chiqing. Har safar bu jihozlardan foydalanganingizda ularning inglizcha nomini o’qing va yodlab qolishga harakat qiling.

43. YODLAYOTGAN SO’ZLARINGIZNING RASMINI CHIZING. Inson ko’rgan narsasini o’qigan narsasiga nisbatan bir necha barobar osonroq yodlab qolish qobiliyatiga ega. Lug’at daftaringizning yarmini rasm daftariga aylantirishingiz ham mumkin. So’zlarning rasmini chizishga sarflagan vaqtingiz shu so’zni yodlash uchun ham sarflanayotganligini tushuning.

44. INGLIZ TILIDAGI REJA DAFTARINI TUTING. Ertalabdan kun davomida nima ishlar qilmoqchi ekanligingizni yozib chiqing. Har bir ish yoki o’zingizga o’zingiz berayotgan topshiriqni ingliz tilida yozib chiqing. Bu usul orqali kun davomida qiladigan ishlaringizni tartiblab olishingiz bilan birga ingliz tilini ham o’rganishingiz mumkin.

45. CHATDA GAPLASHING. Internetda vaqtingizni bekor sarflagandan ko’ra ingliz tilida gaplashiladigan chatlarda tilga oid bilimlaringizni mustahkamlang. Azamat.uz saytining TAS-IX tarmog’idagi chatida ham ingliz tilini o’rganuvchilar bilan inglizcha muloqot qilish imkoniga egasiz.

46. SPORT YANGILIKLARINI INGLIZ TILIDA KO’RING VA TINGLANG. Sportga qiziquvchi, turli o’yinlar va sport yangiliklari sharhlarini kuzatib boruvchilar ingliz tilini o’rganish maqsadida sport yangiliklari va o’yinlarini ingliz tilidagi kanallar orqali ko’rishlari yoki sport radio kanallarida tinglashlari mumkin. Sportga bo’lgan qiziqishingiz asosida ingliz tilini o’rganishingiz yanada oson kechishi mumkin.

47. ENG KO’P ISHLATILADIGAN VA MASHXUR IBORALARNI YODLANG. Oddiy salomlashish, xaylashish, salomatlik tilash, hatto «Men seni sevaman» deb aytishni o’rganishingiz ham, turli usullarda kishilarga tabriklar izhor etishni bilish ham ingliz tilidagi bilimingizni oshirishda ahamiyatga ega.

48. INGLIZ TILIDA HIKOYA YOZING. O’zingiz haqingizda yozsangiz ham bo’ladi. O’zingiz bosh qahramon bo’lgan, ingliz tilidagi qiziqarli hikoya yozilishini xohlaysizmi?

49. INGLIZ TILIDAGI BADANTARBIYA MASHQLARINI KO’RING. Bugungi kunda xorijiy TV kanallarda mashxur bo’lib borayotgan ingliz tilidagi badantarbiya mashqlari orqali ham tilni tinglab tushinish qobiliyatingizni bir necha barobar oshirib olishingiz mumkin. Bundan tashqari mashqlarni bajarish orqali sog’ligingizni ham mustahkamlaysiz.

50. INGLIZ TILIDA SHE’R YODLANG. Oddiy yangi yil she’rimi, yoki qisqa 4 satrli sodda she’rmi – farqi yo’q. Muhimi o’zingizga qulay bo’lgan biror she’rni yodlab oling va uning ifodali o’qilishini mashq qiling.

51. O’ZINGIZ BILAN O’ZINGIZ INGLIZ TILIDA SUHBATLASHING. O’zingizni Sizdan boshqa hech kim yaxshiroq tinglay olmaydi. Siz o’zingiz uchun yaxshi suhbatdosh bo’lishingiz mumkin. O’zingizga kuningiz qanday o’tganligini ingliz tilida gapirib bering. Bu usulning afzalligi ko’p. Masalan, xato gapirib qo’yishdan tortinmay gapirasiz, tinglovchi Sizning gaplaringizga har doim mushtoq bo’lib eshitib turadi va hayajonlanib qolmaysiz. Sinab ko’ring.

52. KINOFILM KO’RAYOTGANDA LUG’ATDAN FOYDALANING. Erinmasdan har bir yangi so’zni eshitganingizda filmni pauza qilib qo’yib, lug’atdan shu so’zni qidirib toping. Bu usul shunisi bilan qiziqarli-ki, filmda so’z aytiladi, ammo yozilmaydi. Siz lug’atdan uning tarjimasini topish uchun so’zning aytilishidan kelib chiqqan holda yozilishini topishingiz kerak bo’ladi. Juda foydali.

53. TRANSKRIPSIYANI O’RGANING. So’zlarning to’g’ri talaffuz qilishda lug’atlarda berilgan transkripsiya (so’zlarning talaffuz qilinishi)ni o’qish muhim ahamiyatga ega. Transkripsiyani yaxshi o’zlashtirib olsangiz, so’zlarni tog’ri talaffuz asosida yodlaysiz.

54. TO’G’RI YOZISH QOIDALARINI O’RGANING. Ingliz tilidagi so’zlar aytilishiga nisbatan boshqacharoq yozilish hususiyatiga ega. Shuning uchun so’zlarning yozilishiga alohida e’tibor berishimiz kerak. So’zlarning tarjimasini yodlashingiz qanchalik muhim bo’lsa, ularning to’g’ri yozilish qoidalarini bilishingiz ham shu darajada muhimdir.

55. O’Z NUTQINGIZNI DIKTOFONGA YOZING. Telefoningiz diktofoniga ingliz tilida nutq so’zlayotgan jarayoningizni yozib oling. Bu usul asosida nutqingizda bo’lishi mumkin bo’lgan barcha kamchiliklarni yozuvni qayta eshitish orqali aniqlab olishingiz va nutqingizni tekshirishingiz oson kechadi.

56. KOMPYUTERDA TALAFFUZ QILISH DASTURLARIDAN FOYDALANING. Yozilgan ingliz tilidagi matnlarni o’qishga mo’ljallangan dasturlar ko’p. Google orqali «Text to speech» deb qidirsangiz, mazkur yo’nalishga asoslangan turli dasturlarni topasiz. Google Chrome brauzerida ham matnlarni ovozga aylantirib «o’qitish» imkoniyati mavjud. Tinglab tushunish ko’nikmangizni shu tarzda shakllantiring.

57. SO’ZLARNI GURUHLARGA BO’LIB O’RGANING. Masalan, birinchi bo’lib barcha uy hayvonlari nomlarini yodlab chiqing. Keyin yovvoyi hayvonlar, transportlar, mevalar, xujjatlar va hokazolarga o’tishingiz mumkin.

58. XORIJGA SAYOHAT UYUSHTIRING. Bu usuldan foydalanishga qurbingiz yetsa ingliz tilida gaplashiladigan davlatlarga sayohat uyushtiring. Tilning jonli ishlatilishiga guvoh bo’lish Sizda ingliz tilini yanada mukammal darajada o’rganishga qiziqish uyg’otishi aniq.

59. XORIJLIK MEHMONLAR BILAN SUHBATLASHING. Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi O’zbekistonimizning dunyoga mashxur shaharlariga xorijlik mehmonlar ko’p tashrif buyurishadi. Ko’chada ularni uchratib qolsangiz, ular bilan salomlashib, suhbatlashishdan tortinmang. Xorijliklar ham mahalliy aholi bilan muloqotda bo’lish, tanishishga juda qiziqishadi. Ruxsat bo’lsa ularni uyingizga taklif qilishingiz, oila a’zolaringizga tanishtirishingiz mumkin.

60. XORIJDAN TANISHLAR ORTTIRING. Hozirda internet orqali tanishuv juda rivojlangan. Mashxur xorijiy tanishuv saytlari orqali yoki oddiy chatlar orqali do’stlar orttiring. Ammo noma’qul yo’nalishdagi tanishuv saytlari va turli buzg’unchi g’oyalarga boshlovchi xorijlik «do’st»lardan nihoyatda ehtiyot bo’lish kerak. Maqsadimiz ingliz tilini o’rganish bo’lishi kerak. Bundan boshqa narsa emas!

61. INGLIZCHA XAT YOZING. Internet orqali, yoki SMSda emas, balki haqiqiy qog’oz xatni yozib, pochta orqali do’stingizga yuboring. Ingliz tilida yozilgan xat tilni o’rganishingizda yordam berishi bilan birga klassik usulda xat almashish kishiga o’zgacha zavq bag’ishlaydi.

62. INTERNET ORQALI VIDEO DARLARNI KO’RING. Ingliz tilini o’rganishga mo’ljallangan video darslar YouTube.com saytida ham, Mover.Uz saytlarida ham bor. Bundan tashqari Azamat.uz saytining video darslaridan foydalangan holda ham ingliz tili grammatikasini tez, osonlik bilan o’rganib olishingiz mumkin.

63. BIROR MASHXUR KISHIGA O’XSHAB GAPIRISHGA HARAKAT QILING. Ingliz tilida gapiradigan qaysidir aktyorning gapirishiga taqlid qilib ko’ring. Masalan, Rober De Niroga o’xshab, yoki AQSh prezidenti Barack Obama kabi gapirishga urinib ko’ring. Ularning shevalarini takrorlash juda qiziq mashg’ulot bo’lishi mumkin.

64. O’ZBEKCHA QO’SHIQLARNING MUSIQASINI SAQLAB QOLGAN HOLDA INGLIZ TILIDA AYTISHGA URINING. O’zingizga yoqqan o’zbekcha qo’shiqning musiqasi, ritmi, aytilish tezligi va ohangini saqlab qolgan holda shu qo’shiqni ingliz tilida aytishga urinib ko’ring.

65. UYINGIZDAGILAR BILAN INGLIZ TILIDA GAPLASHING. Tilni oila a’zolaringiz yoki ularning ba’zilari bilan birga o’rganish har kuni oila sharoitida tilni mashq qilishingizda juda katta ahamiyatga ega. Ingliz tilini oilaviy o’rganing!

66. MAQSADLAR BILAN YASHANG. Yaqin kelajakdan uzoq kelajakkacha maqsadlar qo’yib, ular sari intilib yashang. Masalan, bir oyi ichida qaysidir kitobni o’qib tugatish, bir yil ichida qaysidir darajada ingliz tilini to’liq egallash, bir necha yilda esa qaysidir xorijiy davlatda o’qib kelish maqsadlarini o’z oldingizga qo’ying va ular sari olg’a qadam bosing!

67. DO’STLARINGIZ BILAN INGLIZ TILI SOATLARINI TASHKIL QILING. Bu soatda hech kim ingliz tilidan boshqa tilda gaplashmasin. Bir soat davomida faqat ingliz tilida gaplashiladigan joyda juda ko’p yangi bilimlarni o’zalashtirishingiz va boshqalarga ham o’rganishda yordam berishingiz mumkin.

68. ODNOKLASSNIKI STATUSIGA INGLIZCHA HIKMALI SO’ZLARDAN YOZING. Ba’zilar OK statuslarini yig’ishga, klass bosishga va o’qishga juda qiziqishadi. Ingliz tilini o’rganishga had qilgan ekansiz, Odnoklassnikidagi statuslaringiz ham ingliz tilida bo’lsin.

69. INGLIZ TILIDAGI KITOBLARNI YIG’ING. Uyingizda shaxsiy kutubxonangiz bormi? Uni ingliz tilidagi kitoblar kolleksiyasi bilan boyitishga qarshi emasmisiz? Birgina shart shundaki, kitobni shunchaki sotib olib kelish emas, balki kutubxonangizga qo’shishdan avval uni o’zingiz to’liq o’qib, o’rganib chiqishingiz kerak.

70. INGLIZ TILINI AZAMAT.UZ SAYTI ORQALI O’RGANING. O’zbekistondagi birinchi online ingliz tili darslari bo’lishi bilan bir qatorda Azamat.uz saytida ingliz tilini oson va tez o’rganib olishingiz uchun video darslar, tavsiyalar, original maqolalar hamda jonli, «foydalanuvchidan-foydalanuvchiga» tarzida tashkil etilgan grammatik yordam tizimidan foydalanishingiz mumkin. Yaqin kelajakda jonli, online tizimdagi ingliz tili darslaridan ham bahramand bo’lasiz. Biz bilan birga bo’ling.

Ingliz tilini o’rganishdan hech qachon charchamang. Til bilishning foydali jihatlari juda ko’p. Ilmingiz ziyoda bo’lsin.

Ingliz tilidagi bilimlaringizni rivojlantirishning 70 usuli” maqolasida 10 fikr

      1. Damir

        Salom
        Oka shu inglız tılını ınternetdan özbekcha tarjımasını topısh qıyın bövotı
        Qaysı saytdan topsam böladı!
        Örganısh un

        Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan