Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Imkoniyatlar tarozisi: web yoki mobil dasturlash

Imkoniyatlar tarozisi: web yoki mobil dasturlash

Web va mobil texnologiyalar asosida dasturlash bugungi kunda har qachongidan ham ko’ra jadalroq rivojlanayapti. Web texnologiyalar hayotning turli jabhalariga qanchalik chuqur kirib borib, qanchalik ko’p dasturchilar orasida mashxur bo’layotgan bo’lsa, mobil texnologiyalar ham huddi shu ko’rsatkich bilan ommalashib, ixtisoslashgan dasturchilar doirasini kengaytirib bormoqda. Dasturchilik sohasiga endi kirib kelayotgan, hozircha aniq bir yo’nalishni tanlab olmagan o’rganuvchilar uchun web yoki mobil yo’nalishdagi dasturchilikning birini tanlash masalasi uzoq o’ylashga majbur qiluvchi mavhum jumboq bo’lishi mumkin. «Web dasturlashni oson o’rganish mumkinmi, yoki mobil dasturlash sohasiga tezroq kira olamanmi?«, «Mobil dasturlash orqali ko’proq pul ishlash mumkinmi, yoki web dasturlashdagi ishlar uchun ko’proq to’lashadimi?«, kabi savollar u yoki bu yo’nalishni tanlab olmagan yosh o’rganuvchilarni qiynashi tabiiy. Ushbu maqolada har ikki yo’nalishning o’ziga xos jihatlari, foydali tomonlari va kamchiliklarini birma-bir tarozi pallalariga qo’yishga urinib ko’ramiz.

Web dasturchilik

Web sohasi juda katta va keng qamrovli tushuncha. O’ta sodda va qisqa tarzda tasvirlaganda «brauzeringiz orqali ko’rishingiz va foydalanishingiz mumkin bo’lgan har qanday dastur (sayt, tizim) web texnologiyalar asosida yaratilgan», deyish mumkin. Chunki web dasturchilikning asosiy mahsulotlaridan brauzerlar yordamida foydalanamiz. Web texnologiyalar olamida dasturchilar backend yoki frontend dasturchilarga bo’linishadi. Ba’zi dasturchilar har ikki yo’nalish bilan birdek shug’ullanishadi. Ba’zilar esa o’ziga ma’qul bo’lgan aynan bitta yo’nalishda faoliyat yuritishadi.

Agar brauzer orqali foydalanish mumkin bo’lgan tizimlar, dasturlar va saytlarni yaratishga qiziqsangiz, web dasturchilik sohasini tanlaganingiz ma’qul. Web hozirgi zamonaviy dunyoda tobora chegara bilmas texnologiyalardan biriga aylanib borayapti. Web yordamida oddiy saytlarni tayyorlash qanchalik osonlashgan bo’lsa, tasavvur qilishingiz mumkin bo’lgan o’ta qiyin tizimlarni yaratish ham shu qadar imkonli bo’lib bormoqda.

Mobil dasturchilik

Bugungi kunda deyarli hammaning qo’lida mobil qurilma bor. Telefon, planshet, soat ko’rinishidagi bu qurilmalar Android, iOS, BlackBerry OS, Bada kabi maxsus tizimlar asosida ishlaydi. Har bir tizimda o’zining ixtisoslashgan dasturchilari va tizim uchun maxsus yaratilgan dasturlari bo’ladi. Ba’zi dasturlar kross-platforma asosida ishlay olsa ham, ko’pchilik dasturlarni aynan o’zining tizimiga moslab yozish talab etilishi mumkin.

Mobil texnologiyalarda foydalanuvchi juda ko’p. Zamonaviy qurilmalarning ko’payishi bilan foydaluvchilar sonining kelajakda ortishi ham tabiiy. Mobil dasturchilarga ehtiyoj esa talab asosida ortib boraveradi. Webga nisbatan ancha yosh hisoblangan mobil texnologiyalar o’zining jadal rivojlanishi va sifatga bo’lgan talabini tez o’zgartirib borayotganligi bilan dasturchilar oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo’ymoqda.

Qaysi kuchliroq?

Mobil va web texnologiyalarni qaysi biri kuchli yoki qaysi biri kuchsiz, degan asosda solishtirib bo’lmaydi. Mobil texnologiyalarning katta qismida web texnologiyalarda foydalanishadi. Aksincha, web texnologiyalarning ko’pchilik holatlarida mobil texnologiyalarga ehtiyoj seziladi. Bu esa har ikki texnologiyaning bir-biridan ajratib bo’lmasligini anglatadi.

Hozirgi kunda webni mobillikdan butunlay uzilib qolgan texnologiya sifatida qabul qilish noto’g’ri. Chunki ilgari faqat stol ustuda turadigan, faqat bitta joyda ishlatiladigan kompyuter orqali ko’riladigan (foydalaniladigan) web dasturlardan bugungi kunda mobil qurilmalar asosida istalgan joyda foydalana olayapmiz. Demak, web texnologiyalar ham hozirgi vaqtga kelib haqiqiy mobil (harakatlanuvchan) texnologiyalarga aylanib ulgurgan.

Aynan bir mobil qurilma talablari asosida ishlashi kerak bo’lgan dastur tayyorlash vazifasi qo’yilganda mobil texnologiyalar o’zining native imkoniyatlari bilan web texnologiyalardan o’zib ketishi mumkin. Resurslardan erkin foydalangan holda ishlay olish, kam cheklovlar asosida dasturlanish bo’yicha esa web texnologiyalar ustun kelishi mumkin.

Umuman, bu ikki texnologiyani imkoniyatlariga ko’ra taqqoslash to’g’ri emas. Har qaysi biri o’zining yo’nalishida kuchga ega. Har birining o’z maqsadi va vazifalari bor. Web va mobil texnologiyalar solishtirilganda ularning hech biri kuchsiz, yoki alohida kuchli, deb topilishi mumkin emas. Dasturchilar bu texnologiyalardan hal qilinishi kerak bo’lgan masalaning tabiatiga ko’ra foydalanishadi.

Qaysi biri ko’proq pul keltiradi?

Mobil dasturchilar qancha pul ishlashi, yoki web dasturchilarga qancha pul to’lanishi, ularning qay biri ko’proq pul ishlashi masalasi uzoq vaqtdan buyon muhokama etilib, qiziqish bildirilib kelinayotgan masala hisoblanadi. Turli sohalar bo’yicha maoshlarni hisoblash, taqqoslash xizmatini ko’rsatuvchi Salary.com sayti ma’lumotlariga ko’ra 2017-yilda AQShda faoliyat ko’rsatayotgan mobil dasturchilar o’rtacha bir yilda 93 000 dollar pul ishlashar ekan. Huddi shu hududda, aynan shu davrda faoliyat ko’rsatayotgan web dasturchilar esa o’rtacha bir yilda 65 000 dollar pul ishlashadi. Ma’lumotlarga ishonsangiz, Salary.com hisoblashlari asosida qaysi yo’nalishdagi dasturchilar ko’proq, yoki kamroq pul ishlashlari haqida umumiy tasavvurni olishingiz mumkin.

Shaxsiy fikrimcha, har qaysi yo’nalishdagi dasturchining qancha miqdorda pul ishlashi dasturchining tajribasiga, bilimiga va albatta faoliyat yuritayotgan hududiga bog’liq. Tajriba, bilim va hudud me’zoni bo’yicha aynan bir yo’nalishdagi ikkita dasturchi turli hududlarda yashagan holda bir xil bilim va tajribaga ega bo’lsa ham bir-biridan katta farq qiladigan daromadga ega bo’lishlari mumkin.

Qaysini o’rganay?

Kelajagingizni dasturchilik kasbi bilan bog’lagan bo’lsangiz, o’zingizga mos va eng muhimi – o’zingizga yoqadigan yo’nalishni talab olishingiz kerak. Mobil hamda web dasturchilik yo’nalishlari Sizning asosiy tanlovlaringiz bo’lsa va bu ikki yo’nalishdan birini tanlash ustida bosh qotirayotgan bo’lsangiz, quyidagi uch jihatni hisobga olgan holda qaror qabul qilishingizni maslahat beraman: qiziqishingiz, imkoniyatingiz va vaqtingiz.

Qiziqishsiz hech narsaga erishib bo’lmaydi. Qaysi sohaga ko’proq qiziqsangiz, shu sohani tanlang! Sizdagi kuchli qiziqish, shu soha sirlarini bilib olishga bo’lgan intilish sohada tajribali kadr sifatida shakllanishingizga yordam beradi.

Imkoniyatlaringizni to’g’ri baholang. Qaysi yo’nalishda ko’proq imkoniyat ko’rayotganingizga ahamiyat bering. Atrofingizga e’tibor bering – qaysi sohada Sizga yordam beruvchilar, o’rgatuvchilar ko’proq? Resurslaringizni o’rganib chiqing. Siz yaxshiroq biladigan chet tilida qaysi soha ko’proq, chuqurroq yoritilgan? O’rganishdagi imkoniyatingizning kengligi mukammal dasturchi bo’lib yetishishingiz ehtimolligini oshiradi.

Vaqtingiz yangi sohani o’rganish uchun qay darajada taqsimlanganligiga e’tibor qarating. Dasturlashni o’rganish uchun bir necha oy yoki yil mobaynida vaqtingizning bir qismini doimiy ajratib borishingizga to’g’ri kelishi mumkin. O’rganishingiz qiyinroq kechadigan texnologiyaga kirishsangiz, tabiiy ravishda ko’proq vaqt sarflashingizga to’g’ri keladi.

Yuqorida keltirilgan tavsiyalar asosida o’zingiz istagan yo’nalishdagi dasturchi bo’lish uchun harakatni boshlab olishingizga ishonaman. Orzu qilishda davom eting va har bir orzuingiz samarali mehnat bilan ushalishi mumkinligini unutmang. Web yoki mobil sohaning qay birini tanlashingizdan qat’iy nazar, dasturchilik deb ataladigan ajoyib kasb egasi bo’lish orzuingiz amalga oshishini tilayman!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*