Bosh sahifa / TOEFL va IELTS / IELTS imtihonini kimlar topshirishi kerak?

IELTS imtihonini kimlar topshirishi kerak?

IELTS imtihonining eng asosiy ikki turi mavjud: Umumiy va Akademik. Umumiy IELTS test moduli asosan ingliz tilida gaplashiladigan mamlakatlarga ish yoki doimiy yashash uchun ketuvchi kishilar tomonidan topshiriladi va bu turdagi testlarning baholash me’zonlari, qonun-qoidalari Akademik modul testlaridan bir oz farq qiladi. Yana shuni ham aytib o’tish kerak-ki, Umumiy test moduli Akademik test sinovlaridagi savollardan osonroq emas. Testlarning qiyinlik darajasi bir xil. Shunchaki, baholash me’zonlari maqsadga ko’ra farq qiladi.

Akademik IELTS test modulidagi imtihonlar xorijga o’qish uchun, oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish maqsadida ketishni niyat qilganlar tomonidan topshiriladi. Ular IELTS tizimidan o’zlarining darajalariga mos bahoni olishadi va bu baho talab qilingan o’quv dargohiga topshiriladi.

Bugungi kunga qadar saytimning Savol-Javob tizimi, Odnoklassniki sayti va Facebook orqali menga berilayotgan IELTS sertifikati, bahosi va umuman imtihoni haqidagi savollardan kelib chiqib xulosa qilganda, ko’pchilik yoshlar IELTS imtihonining asl mohiyatini to’liq anglab yetishmagan. Hozirgacha ham ba’zilar uchun IELTS – bu xorijda o’qish uchun chipta. Aslida esa hammasi butunlay boshqacha.

Xorjida o’qishni xohlovchilar eng avvalo IELTS va unda oladigan baholariga emas, balki o’zlari o’qishni xohlaydigan oliygoh yoki boshqa o’quv yurtining talabalarni qabul qilishga bo’lgan IELTSdan boshqa talablarni qoniqtira olishliklariga qaratishlari kerak. Barcha xorijiy o’quv yurtlarining o’ziga xos talablari va shartlari bor. To’g’ri, ularning deyarli barchasi Sizdan IELTS bahosini talab qiladi, ammo IELTSning o’zi xorijda o’qish uchun yetarli bo’la olmaydi.

Oddiy misol bilan tushuntiraman. O’zbekiston oliy o’quv yurtlariga xujjat topshirib, o’qishga kirish uchun, deyarli barcha oliygohlarda Sizdan 086-U shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma talab qilinadi. Oliygohga topshirayotgan xujjatlaringiz ichida bo’lishi kerak bo’lgan bu ma’lumotnoma Sizning tibbiy jihatdan sog’lom ekanligingizni anglatadi. Oliy o’quv yurti Sizni o’qishga qabul qilishi uchun o’z shart va talablarini qo’yadi (testdan o’tish, suhbatdan o’tish, ma’lum sinovlardan o’ta olish, yuqori ball olish va h.k.), ammo xujjatlar tarkibida tibbiy ma’lumotnoma ham bo’lishi kerak. 086-U ma’lumotnomasi o’qishga kirishingizga asos bo’lmaydi, ammo u bo’lmasa, xujjatlaringiz ham qabul qilinmaydi. Bu ma’lumotnoma o’qishga kirganingizdan keyin boshqa sog’lom talabalar bilan bir xonada, bir muhitda sog’lom kishi sifatida ta’lim olishingiz mumkinligiga kafolatdir.

Endi IELTS sertifikatini ham huddi shu 086-U tibbiy ma’lumotnomasi qatorida ko’raylik-da, uni oddiy, tilni bilish darajasini shahodatlovchi xujjat, deb qabul qilaylik. IELTS imtihonida olgan bahongiz yozilgan sertifikat xorijiy oliygohlarga kirishingizda xujjat sifatida talab etiladi va u Sizning ingliz tilini kerakli darajada bilishingizni anglatadi. Bundan tashqari, IELTS sertifikati o’qishga qabul qilinganingizdan so’ng, boshqa xorijiy talabalar bilan bir sinfda o’tirib, to’liq ingliz tilida o’tiladigan tarix, biologiya, matematika, kimyo, jamiyatshunoslik, iqtisod kabi fanlarni o’rgana olishingiz, ta’lim jarayonida ishlatiladigan ingliz tilini tushunishingizni kafolatlaydigan xujjat hisoblanadi.

IELTS sertifikatini olishning yana bir yoqimli jihati – bu bitta bahoning dunyodagi barcha o’quv yurtlarida bir hil qabul qilinishidir. Yuqorida aytib o’tilganidek, xorijiy o’quv yurtlari xujjat topshiruvchi abituriyentlardan ma’lum darajadagi IETLS bahosini talab qilishadi. Bundan tashqari bu talab turli davlatlar oliygohlarida turlicha bo’lishi mumkin. Misol uchun, IELTS imtihonida bir marta qatnashib, baho sertifikatini olasiz. Bu Sizning ingliz tilini bilishingizni 2 yil davomida kafolatlovchi xujjat hisoblanadi. Sertifikatingizda yozilgan bahoni turli xorijiy davlatlar oliygohlari talablari bilan solishtirasiz. Siz olgan baho bilan qaysidir davlat oliygohiga yaqinlashishning ham iloji bo’lmasligi mumkin, ammo aynan shu bahoning o’zi bilan qaysidir boshqa bir davlat oliygohiga imtiyozli sharoitda o’qishga qabul qilinishingiz mumkin. O’zingiz o’ylab ko’ring: Angliyaning nufuzli universitetlari bilan Indoneziyaning oddiy universiteti saviya jihatidan teng bo’la oladimi? Huddi shuningdek, ularning qabul shartlari, baholarga bo’lgan talablari ham bir-biridan farq qiladi.

Shunday qilib, IELTS imtihonini kimlar topshirishi kerak? Agar Siz IELTS imtihonini xorijga o’qish uchun ketish maqsadida topshirishni niyat qilgan bo’lsangiz, birinchi o’rinda asosiy e’tiborni xorijda o’qish imkoniyatini beruvchi yagona omil sifatida IELTS bahosiga emas, balki oliygohning boshqa talablari, to’lov shartlari va boshqa jihatlariga qarating. Agar o’zingizga mos bo’lgan o’quv yurtini topgan bo’lsangiz, uning barcha qabul shartlarini qanoatlantira olishingizga ishonsangiz, shu o’quv dargohi qabul shartlarida ko’rsatilgan IELTS bahosini olish uchun harakatni boshlang. Avval IELTS bahosini olib, keyin xorijda o’qish uchun oliygoh qidirishni nihat qilgan bo’lsangiz ham hech narsa yo’qotmaysiz. Har qanday sharoitda IELTS bahosi ko’rsatilgan sertifikatni olib, shu bahoga mos keladigan, shu bahoni qabul qila oladigan oliygoh qidirishingiz mumkin. Har qanday holatda ham IELTS testiga xorijda o’qish uchun yagona vosita sifatida qaramaslik kerak. IELTS sertifikati – bu xorijda o’qish uchun taqdim etiladigan bir nechta zaruriy xujjatlardan biri, xolos.

Abituriyentlar uchun test formulalari

22 ta fikr

  1. AQSh oliygihiga kirish uchun IELTSdan necha ball olish kerak. Javob uchun oldindan rahmat

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*