Bosh sahifa / WordPress / Ma'lumot / HTML to WP: Forma yuborilganda 404 xatolik

HTML to WP: Forma yuborilganda 404 xatolik

Bu muammo bir kunlik vaqtimni olgan. HTML asosida WordPress sayt tayyorlanayotganda oddiy standart formani ishlatish kerak bo’lib qoldi. Bir qarashda hamma ish to’g’ri bajarilgandek tuyulsa ham forma ma’lumotlari to’ldirilib, yuborilganda WordPress 404 xatolik ko’rsatadi. Kutilgan natija esa forma orqali yuborilayotgan ma’lumotlarning qayta ishlanishi edi.

Nega forma 404 xatolik bergan?

Birinchi navbatda bu muammo ustida ko’p vaqt sarflashimning birinchi sababi qidiruvdan yaxshi foydalanmaganim bo’lgan. Shuning uchun yodingizda bo’lsin: har qanday muammoga duch keldingizmi, eng avval Google orqali yaxshilab qidiring! Men Googledan qidirmaganligimning boisi, balki, muammo menga juda sodda bo’lib ko’ringanligidadir. Axir o’zingiz o’ylab ko’ring: htmlda xatolik yo’q, mantiqiy jihatdan forma ishlashi kerak bo’lgan barcha sharoit yaratilgan. Forma 404 xatolik qaytarishiga (bir qarashda) hech qanday sabab yo’q!

Ikkinchi o’rinda ko’p vaqtimni bilimsizligim olib qo’ygan ekan. Men WordPressning standarti bo’yicha ishlashni kechiktirib yurgan vaqtlarim bo’lgan ekan. Shu o’rinda WordPress dasturchilariga yana bitta oltin qoidani eslatib qo’ymoqchiman: har doim WordPress standarti asosida kod yozing! Sizgacha minglab dasturchilar WordPress standartini har tomonlama optimallashtirib bo’lishgan. Standartdan A deb yozish kerakmi, demak A deb yozish har tomonlama yaxshi va to’g’ri. Siz B yoki C deb yozishga urinmasligingiz kerak (buning foydasi ham yo’q).

Xullas, HTML forma ichidagi inputlardan birining (foydalanuvchi o’z ismini yozadigan joyi) nomi «name» bo’lib qolgan ekan. O’sha vaqtgacha input nomlarini formaga kiritiladigan ma’lumotning ingliz tilidagi nomi bilan atashga ko’nikib qolganman. Tabiiy ravishda bu formada ham input nomlanishi shu tarzda kechgan. WordPress standarti bo’yicha esa, ba’zi so’zlar input nomlari sifatida ishlatilmasligi kerak ekan. Agar ular ishlatilsa, forma yuborilganda albatta 404 xatolik kelib chiqadi.

Qanday qilib tuzatish mumkin?

Muammoni hal qilish uchun WordPress ta’qiqlagan nomlarni forma input nomlari sifatida ishlatmang. Qidiruvdan ushbu ajoyib javobni topdim. Unda aytilishicha, quyidagi so’zlar WordPress asosida ishlaydigan formaning input nomlari bo’lishi mumkin emas:

  • Custom post type nomi
  • taxonomy nomlari
  • «name»
  • «day»
  • «month»
  • «year»
  • «category»
  • «title»

Agar formangiz inputlarida yuqorida sanab o’tilgan so’zlar nom sifatida ishlatilgan bo’lsa, 404 xatolikni forma yuborilgandan keyingi natija sifatida ko’rayotganingiz tabiiy hol. Forma inputlaringizga boshqa nom tanlashga urinib ko’ring va 404 xatolik muammosini shu zahoti bartaraf etasiz!

Sayt yaratish jarayonida yuqoridagi kabi kichik, ammo katta e’tibor talab etadigan, qoida asosida yozilishi shart bo’lgan jihatlarga duch kelamiz. Agar tizim qoidasi asosida ishlasak, biz yozgan kod har tomonlama o’z ishini bajaradi va yaratilgan sayt ham kelajakda hech qanday muammolarsiz ishlaydi.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*