Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Hosting provayderlar maslahatchisi sayt g’oyasi

Hosting provayderlar maslahatchisi sayt g’oyasi

Fikrimga qo’shilasizmi, yo’qmi – har qanday mavzudagi sayt bilan internetda yaxshigina daromad ko’rish mumkin. Buning birgina sharti – sayt o’z yo’nalishida eng yuqori cho’qqiga chiqa olishi, har tomonlama mukammal bo’lishi kerak. Yo’nalishi bo’yicha mukammallikka ega bo’lgan, boshqalarga imkoniyat qoldirmaslik darajasidagi cho’qqiga chiqa olgan saytlar juda ko’p. Ammo shunga qaramasdan, O’zbekistonda hali ham eng foydali ko’plab yo’nalishlardagi saytlardan o’zib keta oladigan sayt tashkil qilish imkoniyati bor. Ushbu maqola aynan shunday saytlardan biri – hosting provayderlar maslahatchisi saytini tashkil qilish g’oyasi haqida.

O’z nomidan ma’lumki, hosting provayderlar maslahatchisi sayti hosting provayderlar haqida har qanday ma’lumotni o’z ichiga oladi. Bunday saytga asosan «Qaysi hostingda saytimni joylashtirsam ekan?«, «O’zbekistonda eng arzon/sifatli/ishonchli/tez ishlaydigan hosting provayder qaysi ekan?«, savollariga javob izlovchilar tashrif buyurishadi. Sayt ma’lumot jihatidan qancha boy bo’lsa, shuncha yaxshi. Saytda hosting harid qilish, to’lovni amalga oshirish, olingan hostingda qanday qilib ishni boshlash, saytni yuritish davomida hosting bilan qanday munosabatda bo’lish va boshqa ko’plab masalalarga oid qiziqarli ma’lumotlar joylanadi.

Foydalanuvchilar uchun kichik forum tashkil qilinadi. Unda tajribali foydalanuvchilar endigina boshlayotgan administratorlarga hostingdan foydalanish bo’yicha yordam ko’rsatishadi. Sayt imkon boricha faol bo’lishi, jonli tarzda boyishi kerak. Unda ko’proq jonli muloqot tashkil qilinishi shart.

Saytning eng qaynoq nuqtasi O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan hosting provayderlarni baholash va ularni reyting ko’rsatkichiga ko’ra guruhlarga ajratish qismi bo’lishi kerak. Foydalanuvchilar hosting provayderlarga baho berib, holislik bilan ularning eng yaxshilarini ajratib ko’rsatishlari mumkin bo’lishi kerak.

Bunday sayt o’z olimpiga chiqa olsa yurtimizdagi barcha hosting provayderlar bu saytdagi o’z reyting o’rniga, «tashqi ko’rinishiga» e’tibor bera boshlashadi. O’zbekistondagi barcha hosting xizmatiga ehtiyoji borlar aynan shu saytdan ma’lumot olib, keyin hosting qarorini qiladigan darajaga erishilsa, hamma hosting provayderlar aynan shu sayt orqali o’zlarining potensial mijozlari bilan muloqotda bo’lishga harakat qilishadi.

Yetarlicha daraja va e’tiborni yig’ib olganingizdan so’ng haqiqiy hosting xizmati maslahatchisi bo’la olgan saytingiz orqali daromad ko’rishni boshlaysiz. Bunday sayt orqali foyda olishning yo’llari juda ko’p. Ularning ba’zilarini aytib o’taman:

  1. Referal sifatida hosting provayderlarga mijoz topib berganingiz uchun komissiya to’lovini olish;
  2. Provayderlarni sayt foydalanuvchilari bilan jonli muloqotda bog’lash xizmatini ko’rsatish;
  3. Hosting provayderlar reklamalari va PR maqolalarini saytda chop etish;
  4. Buyurtmaga ko’ra alohida provayderlar xizmatlari yo’riqnomasini saytda yoritish;
  5. Foydalanuvchilarga hostingdan foydalanishga oid video darslar taklif qilish;
  6. Hosting bo’yicha elektron kitoblar savdosini yuritish;
  7. Hostingga joylanadigan saytni o’rganib chiqib, uning talabiga ko’ra hosting taklif qilish xizmati;
  8. Hostingdagi nosozliklarni buyurtma asosida bartaraf etish;
  9. Saytlar tayyorlash va saytlarni yuritish bo’yicha xizmatlar taklif qilish…

Hozirgacha bu yo’nalishda yaxshi faoliyat yuritayotgan hosting-obzor.uz saytini bilaman. Ammo, menimcha, bu sayt o’zining to’liq imkoniyatlarini ishga sola olmagan. Saytni bundan ham yaxshiroq tartibda tayyorlash/yuritish/foydaga yo’naltirish mumkin edi. Siz bu saytning tajribasidan kelib chiqib o’zingizning yo’nalishingizni namoyish etishingiz mumkin. Hosting Obzor saytidan o’zib ketish uchun yaxshiroq dizayn, ko’proq imkoniyat, ko’proq ma’lumot va o’zbek tiliga ega bo’lgan sayt tayyorlashingiz kifoya.

Xorijiy saytlar ichida aynan shu yo’nalishda faoliyat ko’rsatayotgan Hosting Advice (hosting maslahat) saytini boshqalariga nisbatan ancha mukammalroq, deb baholadim. Undagi imkoniyatlarni o’rganib chiqishingiz mumkin. Shu saytni to’liqligicha o’zbekchalashtirib, milliy hosting xizmatlar bozorimizga moslab olishingiz ham mumkin.

Har qanday saytga asos solsangiz ham, uni o’z yo’nalishida eng yuqori bosqichga olib chiqa olsangiz, saytingiz orqali albatta katta daromad ko’rishingiz mumkin!

Hosting provayderlar maslahatchisi sayt g’oyasi” maqolasida 4 fikr

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan