Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Hech bir talaba universitetda aytmasligi kerak bo’lgan 11 ta gap

Hech bir talaba universitetda aytmasligi kerak bo’lgan 11 ta gap

Yangi o’quv yilining boshlanganiga ham bir hafta bo’ldi. Universitetlar va boshqa oliy o’quv yurtlarida xonalarni yaxshi o’zlashtirib olgan, ammo hali ham binoda bir oz adashib qolayotgan birinchi kurs talaba hayotlarining eng yaxshi damlarini boshlaridan kechirishmoqda. Talabalar o’z oltin davrining har bir daqiqasini ilm o’rganish, kelajakda kerak bo’ladigan ko’nikmalarni o’zlashtirishga sarflash kerakligi bilan bir qatorda universitetda o’qish jarayonida hech bir talaba ba’zi bir ma’lum gaplarni umuman ishlatmasligi kerakligini ham yaxshi bilib olishlari kerak. Quyida, o’z tajribalarimdan kelib chiqqan holda, universitet talabalari oliygohda hech qachon ishlatmasliklari kerak bo’lgan 11 ta gapni jamladim. Ularni ishlatmaslik talabalarni shaxsiy rivojlanish borasida yuksakroq bosqichga olib chiqsa, bilmay ishlatib qo’yish ba’zan noqulay vaziyatlar keltirib chiqarishi mumkinligini doim yodingizda tutishingiz kerak.

1. «Bu adolatdan emas!»

Universitetda o’qish jarayonida u yoki bu masalada adolat qilinmayotganligi, ba’zi ishlarda adolatsizlikka yo’l qo’yilayotganligi haqida shikoyat qiluvchi talabalar har bir guruhda topiladi. Shaxsan o’zim universitetda o’tkazgan yillarim davomida ba’zi kursdoshlarimning bu masalada juda «adolatparvar» bo’lganliklarini eslay olaman.

Ba’zan ustoz guruh yetakchiligini Sizga emas, boshqa bir kursdoshingizga topshirishi mumkin. Yoki qandaydir mas’uliyatli, Siz bajarishni juda xohlagan o’quv loyihasi yoki tadbir boshqaruvi kimgadir nasib qilishi, Siz esa bu o’ringa munosib ko’rilishga hatto yaqin ham kelmaganligingizdan achinishingiz mumkin. Bunday holatda, xohishingiz har qancha kuchli bo’lishiga qaramasdan, hech qachon ustozni yoki muhitni adolatsizlikda ayblamang. Sizning qobiliyatlaringizga hech qanday shubhamiz yo’q, ammo ular haqida peshonangizda yozib qo’yilmagan. Agar rostdan ham qaysidir ishga, yoki darajaga boshqalardan ko’ra Siz ko’proq munosib bo’lganligingizga ishonchingiz komil bo’lsa, «Bu adolatdan emas!» deyishdan avval o’z qobiliyatlaringizni qayta sarhisob qilib chiqing. Hamma ham xato qiladi – balki ustozingiz rostdan ham Sizning qobiliyatlaringizni past baholagandir. Shunday holatda u kishining qabuliga kirib «Bu loyihaga kursdoshimni emas, meni mas’ul qilib tayinlasangiz, o’z qobiliyatlarimini yanada ko’proq ishga solib, ishonchingizni to’liq oqlash uchun uni muvaffaqiyatli yakunlashga va’da beraman», ma’nosidagi fikringizni bildirishingiz mumkin. Bu gap, albatta, «Bu adolatdan emas!» deyishdan ancha yaxshiroq.

Yodingizda bo’lsin, har qanday masalani ijobiy hal qilish uchun Sizning faol ishtirokingiz kerak bo’ladi. Siz duch kelib turgan har qanday muammoda «Bu adolatdan emas», deb chetdan fikr bildiraversangiz, hech qachon maqsadlaringizga erisha olmaysiz. Harakat qiling, fikr bildiring, kerakli kishilar bilan gaplashing va o’zingizning boshqalarga nisbatan yaxshiroq nomzod ekanligingizni isbotlang!

2. «Doim shunaqa bo’lgan, bundan keyin ham shunday bo’laveradi»

Siz universitetga nafaqat ilm olish, balki kelajagingiz, butun hayotingizni yaxshi tomonga o’zgartirish uchun kirgansiz. Siz talabasiz – kechagi abituriyentdan esa asar ham qolmagan. Shunday ekan, hayotga yangicha nigoh bilan qarang. Kimlarningdir gaplari, qachonlardir boshqalardan eshitgan «hikoyalaringiz» Sizning universitetdagi yangi hayotingizni qurishingizda asos bo’lmasin. Universitetda «hamma nima bo’lsa, men ham shunday bo’laman» degan fikrdan voz keching! Siz hamma emassiz. Siz boshqalardan bir emas, ko’plab yaxshi jihatlar bilan ajralib turishingiz kerakligini unutmang. Axir universitetga aynan shuning uchun – o’z bilim va qobiliyatlaringizni namoyish etish va mavjud salohiyatlaringizni rivojlantirish uchun kirgansiz!

O’qishingiz davomida kimlardir Sizga «hammasini unday emas, bunday qilish kerak»ligi haqida o’z tavsiyalarini berishlari mumkin. Eng to’g’ri yo’l – ilm olish va universitet talabasi nomiga munosib tarzda bo’lish, ekanligini unutmang. Universitet qonun-qoidalari, talabalik qoidalari va ilm olish maqsadi Siz uchun har doim birinchi darajada bo’lishi kerak. Siz o’qishga kirgan muhit avval yomon bo’lgan bo’lsa, uni yaxshilashga o’z hissangizni qo’shing. Avval qoloq bo’lgan jarayonlarni ko’rsangiz, ularga shijoat bag’ishlang. Universitetda o’zingiz ko’rishni istagan yaxshi o’zgarishlarni amalga oshiruvchi kuch bo’ling. «Har doim shunaqa bo’lgan, bundan keyin ham shunday bo’laveradi», degan fikrni unuting. Har bir kunimiz yangi imkoniyat, yangi maqsad va muvaffaqiyatlar bilan to’lishi kerakligini unutmang!

3. «Ufffff!»

Sizga berilgan topshiriqqa hech qachon erinchoqlik bilan munosabat bildirmang. Universitet fanlari bo’yicha beriladigan har bir qiyin vazifa, har bir murakkab topshiriq kelajakda ushbu yo’nalishni mustahkam egallashingizda kuchli asos bo’lishi mumkin. Darslaringiz ko’pligi, yetarli dam olishga vaqt topa olmayotganligingizdan shikoyat qilsangiz, vaqtingizni to’g’ri taqsimlashga, topshiriqlarni bajarishga o’zgacha yondoshishga urinib ko’ring. Ammo hech qachon ularga nisbatan sustkashlik bilan munosabatda bo’lmang.

Sizning universitet topshiriqlarida sustkashligingiz kelajakda kasbiy faoliyatingizda ham sust bo’lishingizga o’z ta’sirini ko’rsatishi mumkin. Hozirdan irodangiz va matonatingizni tarbiyalay olmasangiz, diplomni olgandan so’ng kasbiy hayotingiz davomida juda ko’p marta tanqidlarga uchrashingiz mumkin. Buning oldini olish uchun universitetda o’tayotgan kunlaringizni o’ziga xos tayyorgarlik davri, deb qabul qiling va kelajakda Sizni kutib turgan kasbiy faoliyatning barcha qiyinchiliklarini osonlik bilan yengish ko’nikmasini hosil qiling.

4. «Men o’ylaymanki… / Balki fikrim xatodir… / Fikrim axmoqona tuyulishi mumkin…»

Bu iboralarning barchasi Sizda o’z bildirayotgan fikringizga nisbatan ancha ko’p ishonchsizlik borligini anglatadi. Birinchidan, agar o’z fikringizga to’liq ishonmas ekansiz, uni obdon tahlil qilib, u haqida ko’proq o’rganmaguningizga qadar fikringizni hammaga oshkor etishga shoshilmang. Ikkinchidan, agar bu fikrni oydinlashtirish zaruratidan uni hammaga aytishga qaror qilsangiz, o’zingizga nisbatan shaxsiy ishonchsizligingizni ifodalovchi «O’ylaymanki… / Balki fikrim xatodir… / Fikrim axmoqona tuyulishi mumkin…» kabi iboralardan umuman foydalanmang. Bildirilayotgan fikr to’g’risida har qancha ma’lumotga ega bo’lsangiz, ularga tayanib fikr bildiring. Juda bo’lmasa, ushbu ma’lumot haqida qaysi manbalarga murojaat qilishni reja qilganligingiz to’g’risida ayting. Ammo hech qachon o’zingizga nisbatan ishonchsiz tarzda gapirmang. Bu nafaqat talabalik davringizda yoki universitet darslari davomida, balki kelajakdagi professional hayotingizda ham amal qilishini juda muhim bo’lgan qoidalardan biri ekanligini unutmang.

5. «Hozir, 5 minut!»

Agar bajarishga shaylanayotgan ishingiz rostdan ham 5 daqiqa vaqt olsa, albatta bu iboradan foydalanishingiz mumkin. Ammo har qanday yumush uchun, har qanday kishini kutib turishga majbur qiluvchi holatda bu iborani odatiy tarzda ishlatmang. Oddiy nazar bilan qaraganda juda arzimasdek tuyulgan bu va’da aslida kishining o’ziga nisbatan oshiqcha ishonch bildirishi va deyarli har doim bu va’daning bajarilmasligini anglatadi. Kimnidir kutib turishga undash maqsadida «Bu ishni bajarib bo’lishimgacha kutib turing», yoki «Ishim qachon tugasa, shunda…» deyishingiz o’rinli, ammo bajarayotgan ishingizning yakunigacha yana qancha vaqt o’tishini aniq bilmasdan 5 daqiqalik muhlat belgilashingiz ba’zi kishilarda Sizga nisbatan ishonchsizlik paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin. Ijtimoiy munosabatlarda o’z darajangizni «va’da berilgan vaqtda bajaradigan» holatda saqlab turishingiz o’zingiz uchun foydali.

6. «Harakat qilaman»

Harbiy xizmat davomida bizga «armiyada ‘harakat qilaman‘ degan gapga o’rin yo’q, buyruq bajarilishi kerak!», deb o’rgatilgan edi. Menimcha, o’z ko’nikmalarini shakllantirib, kelajagini yaxshi tomonga o’zgartirmoqchi bo’lgan har bir talaba uchun universitetda ham huddi shunday qoida joriy etilishi kerak. Talaba harakat qilishi emas, balki imkonsiz bo’lib tuyulgan eng og’ir topshiriqni ham sabr, mehnat va izlanish bilan to’liq bajarishi kerak. Balki buning uchun bir emas bir nechta kutubxonalarga borish talab etilar, balki internetda soatlab ma’lumot qidirish taqazo etilar, balki yarim tunga qadar dars qilish kerak bo’lar – har qanday holatda ham talaba kelajagi uchun zarur bo’lgan ilmni o’zlashtirish uchun shunchaki harakat qilishi emas, mehnat qilib maqsadiga erishishi kerak.

7. «U dangasa / ikkichi / axmoq»

Hech qachon kursdoshingizni, universitetdagi boshqa talabani yoki ustozni quyi baholamang. Ularning kamchiligini oshkor qilishga Sizning haqqingiz yo’qligini unutmang! Siz doim o’z xato-kamchiliklaringizni nazorat qilib, ularni tuzatishga harakat qilishingiz zarur. Boshqalarning kamchiliklari esa Sizni hech ham tashvishlantirmasin.

Tarix juda ko’p ajoyib burulishlar, o’zgarishlar va yangilanishlarga guvoh bo’lgan. Vaqti kelib, Siz universitetda haqoratlayotgan yoki kamsitayotgan talaba kelajakda Siz ishlaydigan kompaniyaga direktor bo’lishi mumkin. Balki bir kun kelib Siz uning hodimiga aylanarsiz, balki u bilan hamkasb bo’larsiz. Kelajakni ko’ra olmas ekansiz, hech qachon kimningdir imkoniyatlariga past nazar bilan qaramang. Dangasalar mehnatkash bo’lib ketishi, ovsarlar o’ta uquvli bo’lishi, ikkichilar esa kelajakda katta akademiklar darajasiga erishishi mumkin. Hamma gap kishining harakati va mehnatida. Shunday ekan, o’z ustingizda ko’proq ishlang va o’zgalar kamchiligi bilan o’ralashib qolmang.

8. «Bu fan kelajakda menga kerak bo’lmaydi»

Kelajakda Siz qanday kasbda ishlashingizni to’liq bilmaysiz. Balki hozirgi o’qiyotgan sohangiz kelajakdagi butun umringiz davomida ishlaydigan sohangizdan tubdan farq qilar? Hozir keraksiz, deb topayotgan fanlaringizda o’rgatilayotgan tushunchalar kelajakda kasbiy mahoratingizni belgilovchi asosiy omil darajasiga chiqishi mumkinligini unutmang.

Ilm o’rganishda har bir fanning o’rni bor. Bitta yo’nalishni mukammal egallashingiz uchun bir necha fanlar bo’yicha chuqur bilimga ega bo’lishingiz talab etiladi. Universitetda o’qishingiz Siz uchun juda katta imkoniyat – vaqtdan unumli foydalanib, o’rgatilayotgan har bir fanni imkon qadar chuqur o’rganishga harakat qiling.

9. «Mening aybim yo’q»

Har qanday holatda ham o’zingizni oqlamang. Balki haqiqatdan ham qaysidir bo’lib o’tgan xatolikda Sizning aybingiz bo’lmagandir. Ammo o’zingizni oqlashga urinishingiz Sizga nisbatan qarshi keltiriladigan dalillarning tobora ko’payishiga sabab bo’ladi. Bundan tashqari har bir xatolikda o’zingizni oz bo’lsada aybdor, deb his qila olishingiz kamtarlik deb nomlangan oliy insoniy fazilatning shakllanishida va har bir hatti-harakatingizga nisbatan yanada sinchkovroq nazar bilan qarashingizda muhim o’rin tutishi mumkin.

Hamma ham xato qiladi. Har bir kichik ishda ham katta xatolar bo’lib turishi mumkin. Xatolaringizni rad etmang. Ularni tan oling va o’rganing. Har bir xatongizdan chiqarayotgan xulosalaringiz Sizga tengsiz ko’nikma, ilm hadya etadi.

10. «Bajara olmayman»

Hech qachon taslim bo’lmang. Har qanday ishni bajarish mumkin, har qanday masalani hal qilish mumkin va har qanday qiyinchilikni yengib o’tish mumkin. Muhimi harakat qiling va hech qachon to’xtab qolmang. Shu o’rinda bir siyosatshunosning «Men sekin yuramang, ammo hech qachon ortga yurmayman. Shuning uchun ham barcha poygalarda g’olib chiqaman«, degan gaplaridan xulosa chiqarishingiz mumkin. Poygada Sizdan ham tezroq harakat qiluvchilar bo’lishi mumkin, ammo har qancha sekin yursangiz ham, hech qachon ortga yurmasangiz, chekinmasangiz, har doim g’olib bo’lasiz.

Baxonalarga o’rin yo’q. Siz bajara olasiz!

11. «Talabalikni yomon ko’raman»

Ilm olish har doim ham oson bo’lavermaydi. Hatto ba’zan ilm o’rganishdan ko’ra bodring va pomidor yetishtirib, bozorda sotishingiz osonroq, foydaliroq bo’lib tuyulishi ham mumkin. Ishoning, hozir har qancha qiyin bo’lmasin, ilm o’rganishingiz kelajakda Sizni ko’p bor ofatlardan saqlab qoladi, muvaffaqiyatlar sari yetaklaydi va hayotingizga baxt ulashadi. Bugungi qiyinchiliklar tufayli talabaligingizdan voz kechmang. Vaqtincha og’rib turgan boshingiz Sizni ilm o’rganish yo’lidan butunlay chiqarib yubormasin.

Talabalikda Sizni qiynab turgan holatlar bo’lsa, o’zingizdan tajribaliroq kishilardan maslahat, yordam so’rang. Balki ilm olishingizga to’sqinlik qilayotgan jarayonlarni bartaraf etishingiz vaziyatni yaxshilar. Balki hayotingizga butunlay boshqacha nigoh bilan nazar solishingizning vaqti kelgandir. Hozirgi imkoniyatlaringizni qo’ldan boy bermang.

Yuqorida sanab o’tilgan gaplarni universitetda ta’lim olish davrida ishlatmagan talaba albatta ilm olishning eng samarali darajasiga osonlik bilan erisha oladi. Bulardan tashqari ilm olishga to’g’anoq bo’luvchi, kishini rivojlanishdan to’sib turuvchi barcha bahona va asossiz harakatsizlikni keltirib chiqaruvchi gaplardan tiyilish har bir talaba uchun juda muhim ko’nikma hisoblanadi. Yuqoridagilardan o’zingizga xulosa chiqaring va kelajakda yetuk, kuchli, ilmli mutaxassis bo’lish sari olg’a intiling.

Abituriyentlar uchun test formulalari

5 ta fikr

  1. Bu maqoladagi maslahatlar nafaqat oliygohda balki butun hayot davomida kerakli . Oliygohda Ilm olish bilan bog’liq qiyinchiliklar, kelajakdagi hayotiy va kasbiy faoliyat davomidagi qiyinchiliklardan yengilroq. Ammo uni qanday bartaraf qila olsangiz, O’z faoliyatingizdagi qiyinchiliklarni yenga olish imkoni shunday oshib boradi. Bilsangiz ilmni qancha ko’p ishlatganingiz bilan umuman sira tugab qolmaydi, balki ko’payadi. O’z sohangizni yetuk mutaxassisi bo’lish uchun esa hozirdanoq ilmga chanqoq izlanuvchan talaba bo’lish ingliz kerak. Hayot yangiliklarga to’la u hech qachon bir joyda to’xtab qolmaydi.
    Yuqoridagi fikrlar hayotiy tajribadan o’tgan xulosalardir.

  2. bu gaplarni har kuni eshitaman D

  3. Aslida «dangasa / ikkichi / axmoq» insonlar universitetga kirmasligi kerak. Lekin bir amallab kirib olgandan keyin albatta shunday deyish kerak. Ular hatto abituriyentlar o’zlashtiradigan 3 ta fanni birinchisini ham bilishmaydi.

  4. SAYTINGIZ MENGA JUDA YOQADI MASLAXATLAR UCHUN RAHMAT.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*