Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Startap Shaxsiy rivojlanish SEO Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Hayot sizga betakror sovg’a bergan

Hayot sizga betakror sovg’a bergan

Ba’zan atrofimizdagi negativ muhitga juda kirishib ketamiz. Unga to’laligicha moslashib qolgandek tuyulishimiz ham mumkin. Salbiy energiya bilan o’ralgan holda yashash, har kuni bu energiyani ichimizga qabul qilishimiz sog’lom turmush tarziga to’g’ri kelmaydi. Atrofdagilarning siz haqingizdagi yoqimsiz fikri, yoki o’zingizning tashqi muhitga nisbatan dushmanlik xarakteridagi munosabatingiz tushkunlik holatini keltirib chiqarishi mumkin. Bu, ayniqsa, hozirgi karantin davrida ko’proq namoyon bo’lishi tabiiy. Chunki odatiy bizni chalg’itgan faol hayot cheklandi, ba’zilarimiz uchun esa muammolardan qochishga arzirli biror joy qolmadi ham. O’zini hayotda arzirli o’rniga ega emasdek hisoblab, tushkunlikka tushayotganlar uchun hayot ularga bergan betakror sovg’a haqida eslatib o’tmoqchiman.

“Yumaloq teshikdagi to’rtburchak to’nka”

Jamiyat o’ziga o’xshamaganlarni “g’alatiroq” deb hisoblashga o’rgangan. Ko’pchilikning fikriga ko’ra ommaga o’xshamagan, to’daning yo’lidan yurmagan har qanday kishi zudlik bilan reabilitatsiya qilinishi kerak. Qanday bo’lmasin uni o’z fikridan qaytarib, “boshqalarga o’xshamagan” qirralarini olib tashlab, hamma qatori xususiyatlarni singdirib qo’yishga urinishadi. Ammo hech kim bu g’alati insondagi qobiliyat ham balki biz bilmagan qaysidir sohada katta muvaffaqiyatga erishtirishi mumkindir, deb o’ylab ko’rmaydi. Men jamiyat muxandisligidan yiroq odamman, bunaqa narsalarning ilmiy asoslarini tushunmayman. Lekin inson o’zini yumaloq teshikdagi to’rtburchak to’nkadek his qilsa, atrofidagi muhitning o’ziga mos emasligi sababli o’zini yomon ko’rsa, unga berilgan hayotning betakror sovg’asidan xabarsiz o’tib ketishi hech gap emasligini bilaman.

Sizning hayotda o’z o’rningiz bor

Siz juda qobiliyatlisiz. Siz hayotga bekorga kelmagansiz va sizning bu dunyoda bajaradigan o’ta muhim ishingiz bor. Bu ishni bajarish va balki insoniyat hayotini butunlay o’zgartirib yuborish, dunyoni o’zgartirish sizga yuklatilgan bo’lishi ham mumkin. Shunchaki buni hozircha siz va atrofingizdagilar bilmaydi. O’z qobiliyatlaringizni anglash, imkoniyatlaringizni yuzaga chiqarish esa faqat o’zingizning harakatingizga bog’liq. Atrofingizdagi har qanday salbiy muhit sizga to’sqinlik qilishiga yo’l qo’ymasligingiz kerak.

Yaqinda BBC tomonidan tayyorlangan “Insoniyat Marsda. Qizil sayyoraga ekspeditsiya” nomli filmni ko’rib qoldim. Unda aytib o’tilgan bir jihat insonlarning bir-biriga o’tkazadigan salbiy ta’siri qanchalik kuchli ekanligini ko’rsatdi. Filmda tasvirlanishicha, oyga uchish uchun tayyorlangan jamoaga kuchli, baquvvat, fojiali vaziyatlarda o’zini yo’qotib qo’ymaydigan chidamli harbiylardan uchuvchilarni tanlab olishgan ekan. Oyga uyushtirilgan ekspeditsiya xususiyatlariga ko’ra faqat jismoniy kuch kishini yaxshi astronavt qila oladi, degan xulosani keltirib chiqargan.

Marsga uyushtirilgan ekspeditsiyada esa ko’p narsa insonning psixologik tayyorgarligiga bog’liq bo’lib qolibdi. Bir yarim yildan ko’proq vaqt yolg’izlik va bo’shliqda o’zini tuta olish talab etiladigan bu ekspeditsiyaga endi mushaklaridagi kuchga qarab emas, aksincha, yolg’izlikda zerikmay kitob o’qib o’tira oladigan, minglab filmlarni tomosha qilib vaqt o’tkaza oladigan, oylab bitta xonada yashashdan zerikmaydigan va portlab ketmaydiganlarni tanlab olishayotgan ekan. Marsga sayohat tanlovi odamlarning astronavtlar xususiyatlari haqidagi qarashlarini o’zgartirdi, deyishdi. Demak, jamiyat me’zonlari o’zgarib turadi.

Shu o’rinda, hozir aktual bo’lgan yana bir hazil yodimga tushdi. Qachonlardir dunyoni qutqarish uchun ota-bobolarimiz qo’lda qurol bilan jang qilgan bo’lsa, pandemiya davrida dunyoni qutqarish uchun biz uyda qolib, divanda yotib olib TV ko’rishimiz kifoya qilayapti.

Zamon va sharoitga qarab har kimning hayotdagi o’rni namoyon bo’ladi. Bir xor bo’lgan kasb vaqti kelib bir ulug’ bo’lishi bor narsa. Huddi shuningdek, agar siz atrofdagilarning ta’sirida, yoki o’zingizdagi tushkunlik holati natijasida hayotda o’rningiz yo’qdek, hech narsaga arzimaydigandek his qilayotgan bo’lsangiz, qayta o’ylab ko’rishingizni tavsiya qilaman. Siz juda ko’p narsaga qodirsiz. Hayot sizga betakror sovg’a bergan. Shunchaki, hozircha sizning davringiz kelmagan va qobiliyatlaringizni namoyon qilish uchun qulay muhit yaratilmagan. Sabr bilan harakat qiling va albatta hayotdagi o’z o’rningizni bilib olasiz.

Aqldan ozmaslik uchun tavsiya

Hali shunday vaqt keladi-ki, hamma sizga havas qiladi va sizning har bir ishingiz to’g’ri hisoblanadi. Ammo hozircha siz yolg’izsiz, hamma sizga qarshidek tuyulayapti. Bunday vaziyatda eng muhimi – aqldan ozmaslik va ertangi kun uchun harakat qilish. Vaqtingiz va harakatlaringizni to’g’ri yo’naltirigan holda quyidagi usullarda o’zingizni rivojlantiring:

  • Boshqalarning dunyoqarashini chetlab o’tib, mustaqil fikrlashingizni rivojlantiring;
  • O’zingizdagi har bir qobiliyat ustida ishlashga vaqt ajrating;
  • Har kuni yoqtirgan ishingiz bilan shug’ullanib, o’zingizni ruhlantirishga harakat qiling;
  • Ba’zan boshqalardan farqli bo’lish juda zo’r ekanligini his qiling;
  • Kelajak uchun hatto o’zingiz ham ishonmaydigan darajada katta rejalar tuzing;
  • Ruhlantiruvchi media mahsulotlardan foydalaning;
  • Har qancha kichik bo’lmasin, qo’lingizdan kelgancha insoniyatga yaxshilik qiling.

Sizga berilgan betakror sovg’a haqida har kuni eslang. Qachondir aynan sizdagi qobiliyat insoniyatga kerak bo’lishini unutmang. Siz insoniyatga keraksiz!

Hayot sizga betakror sovg’a bergan” maqolasiga bitta fikr bildirilgan

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan