Yii2 WordPress Web dasturlash Video dars Shaxsiy rivojlanish Sayt tayyorlash Qanday qilib Laravel Internetda pul ishlash Ingliz tili grammatikasi Ingliz tili IELTS

Hayot bergan limonlar

Hayot bergan limonlar

Yuriy Gagarin fazoga uchish jarayonida, fazodagi safari davomida bo’lgan voqeani eslab keyinchalik jurnalistlarga intervyu berayotganida uning bu hikoyasi juda ko’pchilikka hayot qiyinchliklarini yengishda yangicha o’rnak bo’ldi. Uning hikoyasi quyidagi mazmunda edi:

«…Fazo kemasi fazoga uchish oldidan so’nggi tekshiruvdan o’tkazilgandan so’ng men unga joylashdim. Fazo kemasining barcha xavfsizlik qismlari men kemaga chiqqanimdan keyin ham qayta tekshirildi. Men hayajonda edim. Bir necha daqiqadan keyin kema havoga ko’tarilardi. Bir necha daqiqlar ichida u yer sayyorasining tortishish kuchi ta’siri doirasidan butunlay chiqib ketadi. Koinot bo’shlig’ida bo’lganimda meni yer bilan faqat ba’zi aloqa vositalarigina bog’lab turadi. Koinotda bo’lganimda men butunlay yolg’iz qolaman, menga yoki men ichida bo’lgan fazo kemasiga biror narsa bo’lsa menga hech kim yordam bera olmaydi. Bu hayollar meni qo’rquvga solardi. Men parvozim yaxshi o’tishini tilardim.

Hayajonli daqiqalar ham yetib keldi. Millionlab yer aholisi ko’z o’ngida fazo kemasi havoga ko’tarildi. Bir necha daqiqalardan so’ng men yer sayyorasidan butkul uzuldim va yer sharining tortishish kuchi endi menga ta’sirini o’tkaza olmasdi. Men kichik kabinada hayajon va bir oz qo’rquvga to’lgan holda fazo kemasining cheksiz fazo sari uchib borishini kuzatib turardim.

Fazo kemasi yerdan uzoqlashgandan so’ng kabinaning orqa tomonidan, kemaning eng muhim ehtiyot qismlari joylashtirilgan joydan «taq… taq… taq…» etgan ovoz eshitila boshladi. Men qo’rqib ketdim chunki bu oddiygina taqillash ovozi kemadagi katta nosozlikni anglatishi mumkin edi. Eng yomoni men bu taqillash ovozining qayerdan kelayotganini aniq bilmasdim, borib tekshirib ko’ra olmasdim va hatto muammo nimada ekanligini bilganimda ham uni tuzata olmasdim…

Fazo kemasi safarining ikkinchi soati oxirida bu «taq… taq… taq…» etish tovushi mening chidab bo’lmas darajada asabimga tega boshladi. Bir tomondan «Bu tovush nima ekan? Kemaning qaysi qismida nosozlik bor ekan? Tirik qolarmikanman? Yerga qo’nishgacha yetib bora olarmikanman?» degan savollar meni qiynasa ikkinchi tomondan bir xildagi tinimsiz taqillash qulog’imni qomatga keltirib, har bir «taq» etgan tovush boshimga kuchli zarb bilan urilayotgandek tuyulardi. Hali parvozning katta qismi oldinda. Fazoda bo’lishim rejalashtirilgan vaqt juda uzoq. Agar shuncha vaqtgacha men bu taqillash tovushini eshitishga majbur bo’lsam, fazo kemasining yerga yetib borgunicha aqldan ozishim aniq, deb o’ylardim.

Parvozning uch yarim soati o’tdi. Quloqni qomatga keltirib kishi ko’ngliga faqat vahima solayotgan taqillash tovushidan butkul bezigan edim. Ammo bu tovushni eshitib, sabr qilishdan o’zga choram yo’q edi. Bu chorasizlik ichida ojiz qolgan vaqtimda menga bitta fikr keldi: agar hozirgi holatimga sabr va ko’nikishdan o’zga chora yo’q ekan, nega endi hozirgi holatimga ko’nikishga harakat qilmasligim kerak? Bu fikrdan keyin tushundimki, men agar bu taqillash tovushiga qarshilik qilib asabimni buzsam ham, yoki uni yo’q deb hisoblab taqdirga tan bersam ham baribir bu taqillash tovushi tinmaydi. Bu yoqimsiz taqillash tovushini asabiylashib, xohlamay eshitsam faqat o’zimga zarar bo’ladi; parvoz oxirigacha asabim meni aqldan ozdirish darajasida charchaydi. Ammo bu taqillash tovushini eshitishga qarshilik qilmasam, uni yo’q deb hisoblasam, bu tovushdan asabiylashmasam bartaraf etish chorasiz bo’lgan imkonsiz narsani deb o’z asabim, sog’ligim va kuchimni bekorga sarflamagan bo’lardim. Nihoyat men vaziyatni izga solib olishni uddaladim.

Endi kabina ortidan kelayotgan «taq… taq… taq…» etgan tovush mening asabimga tegmasdi. Endi men bu taqillash tovushida o’ziga hos musiqani eshitardim. Bir maromdagi taqillash… Bu taqillash go’yo yoqimli, bir hil maromda ijro etilayotgan chiroyli musiqaga o’xshab tuyulardi menga. Taqillash ovozini musiqa deb qabul qilganimdan yarim soat o’tgandan so’ng men hayol sura boshladim. Bir ozdan keyin esa bu taqillash musiqasi og’ushida shunchalik hayolga berilib ketibmanki, taqillash tovushini eshitayotganimni ham unutib qo’ydim…

Shu tariqa butun parvoz davomida men asabimni saqlab qolishga erishdim. Bu tajriba esa menga faqat o’sha parvoz davrida emas, balki butun umrga yetarli katta saboqni berdi. Shundan buyon men hayotimdagi bartaraf etib bo’lmas holatlar uchun o’zimni yeb, asabimni qiynab, bajarilishi imkonsiz bo’lgan ishlar uchun o’zimni behuda charchatmayman.»

Ishonchim komilki, yuqoridagi hikoyani o’qib Sizning hayotingizda ham huddi shunday bartaraf etib bo’lmas «taq… taq… taq…» etib turgan yoqimsiz tovush borligini esladingiz. Siz bu tovushni yomon ko’rasiz. Undan nafratlanasiz. Qani edi vaqtni ortga qaytarish imkoni bo’lsa-yu, Siz bu taqillash sababini hayotingizga kiritmasangiz. Ammo buning imkoni yo’q, bo’lar ish bo’ldi. Endi hamma gap Sizning qaroringizda: bu taqillash tovushini bir umr eshitib, asabingizni qiynab, o’zingizni aqldan ozdirasizmi, yoki bu taqillash tovushini o’ziga hos musiqa deb qabul qilib baxtli hayotingizda xursand yashashni davom ettirasizmi? Qaror qilish Sizning qo’lingizda va bu qaroringizga kelajakda qanday yashashingiz bog’liqdir.

Siz hayotdan shirinlik kutdingiz. Siz shirin hayotni orzu qilardingiz. Ammo hayot Sizga nordon limon berdi. Shirin ta’mni orzu qilgan hayotingizda nordan limonning Sizga yoqmaydigan ta’mini tatib yashashga majbur bo’lib qoldingiz. Bunday holatda kimdir taqdiridan nolib, bir umr hasratda o’zini yeb yashaydi. Kimlardir esa taqdiriga tan berib, hayot uning qo’liga tutqazgan limonlarga bir oz shakar solib limonlardan shirin limonad tayyorlaydi. Hayot bergan nordon, yoqimsiz ta’mli limonlardan shirin, yoqimli limonad tayyorlab, o’z hayotlarini yaxshi tomonga o’zgartirishadi.

Yig’lash oson. Men tamom bo’ldim endi, deb yig’lashni har qanday qo’rqoq ham eplaydi. Ammo o’z kelajagi uchun taqdirga tik boqib, uning bergan limonlarini shirin limonadga aylantirishni esa faqatgina kuchli odam eplay olishi mumkin. Kelajakda omad faqat kuchlilarga kulib boqadi. Bugun o’z kelajagi uchun yaxshi harakat qilgan kishigina ertangi kunda yaxshi yashashga haqli!

Agar bu maqola orqali Sizning ichki kechinmalaringizni tushunganday tuyulgan bo’lsam bilingki, men ham hayotning o’sha nordon limonlarini juda ko’p marta olganman. Mening ham hayotimda men kutmagan, men taqdirdan hech qachon so’ramagan ishlar bo’lgan: menga nisbatan nohaqliklar, xiyonatlar, mag’lubiyatlar, alamli ko’z yoshlar, butun umr kimgadir majburan qaramlik hissi, men nafratlangan kishilarning mening ustimdan hukmronligi… Hayotimdagi bu alamli voqealar, butun umrimga tatigulik darajadagi zulmlar menga hayot bergan limonlardan limonad tayyorlash qanchalar muhim ekanligini o’rgatdi. Mening bunday alamli kunlarimda, yordamga muhtoj holatda yiqilib yotganimda meni suyaydigan hech kim yo’q edi. Men kutgan kishilar aksincha mening nochor holatimni ko’rib meni tepishdi. Mana shunday qiyin damlarda men bu katta saboqni o’zim uchun o’rgandim. Hozir esa agar kimdir mening bu gaplarimda asl ma’noni tushungan bo’lsa, hayot bergan limonlar qanaqa bo’lishini tushuna olsa, men ularga o’z tajribamdan kelib chiqqan holda baxt uchun kurashishlarini, hech qachon taslim bo’lmasliklarini maslahat beraman. Bu maqolaning asosiy maqsadi ham shu.

Hayot davom etadi. Qo’lingizdagi limonlardan limonad tayyorlang va Siz ham hayotda baxtli yashashingiz mukin ekanligini atrofdagilarga ko’rsating! Muhit qanday bo’lishidan qat’iy nazar, o’tmishingizda nimalar bo’lganidan qat’iy nazar, endi tuzatib bo’lmaydigan eng katta yomon xatolardan nechtasini qilganingdan qat’iy nazar o’rningizdan turing! Siz baxtli bo’lasiz. Siz baxtlisiz. Faqat buni o’zingiz xohlasangiz bas. Baxtli kunlar kelishi uchun kurashing!

Hayot bergan limonlar” maqolasida 5 fikr

  1. Salohiddin

    Juda ibratli hikoya ekan, fikrlarizga 100% qo’shilaman. buyuklardan biri shunday degandi: «Yo asling kabi ko’rin yo ko’ringaning kabi bo’l». Bir o’ylab ko’ringga, inson hayotda qaysi yo’sinda kun kechirmasin atrofdagilariga asli kabi ko’ringani qanday go’zal. O’zgalani baxtidan quvondan inson haqiqiy insondir, haqiqiy baxt sohibidir……!

    Javob berish

  2. Ahmadjon

    Avvalom bor bu saytni yaratgan va kelajak yoshlarni mukammal til bilishlari uchun o’z mehnatlarini ayamay kelayotgan sayt egalariga Minnatdorchilik bildiraman. Sizning saytingiz men uchun juda katta ta’surot qoldirdi. Videokurs, gramatik mavzular, har hil hayot sinovlari haqidagi voqealar bizni yanada rivojlanishimiz uchun katta yo’l ochdi. sizga katta raxmat deb To’lqinov Ahmadjon Iqtisodiyot kolledji 3- kurs tolibi.

    Javob berish

  3. Odiljon Xamidov

    fikringizga qo’shilaman, ammo Yuriy Gagarin oyga parvoz qilmagan. Bunda kosmos tushunchasi ishlatiladi. 1961 yil 12 aprel/ oyga parvoz qilgan shaxs Nel Armstrong adashmasam 1967 yoki 1969 yil edi/

    Javob berish

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan