Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Har ishda omading kelishini xohlaysanmi?

Har ishda omading kelishini xohlaysanmi?

Men uzoq vaqtlar, bir necha yillar davomida bir hildagi xatoni qayta-qayta takrorlayverib hayotning oddiy haqiqatini juda katta qiynalish va yo’qotishlar evaziga o’rgandim. Men tushunib yetgan haqiqatni rad etish orqali yaqin do’stlarimdan birining o’zi xohlagan narsalariga ortiqcha qiynalish orqali erishayotganligini ko’rib, unga o’z tajribam haqida aytib berdim.

Yaqin o’tgan vaqt oralig’ida hayotimda sodir bo’layotgan o’zgarishlar asosida bir haqiqatni tushunib yetdim – ota-ona roziligisiz hech bir farzand hayotida baraka topmas ekan. Har qancha muvaffaqiyatli bo’lishga urining, har qancha kuchli yoki boy bo’ling, Siz ko’zlayotgan manzil har qancha yaqin va oson bo’lib tuyulmasin, agar ota-onangiz Sizning qilayotgan ishlaringizdan norozi bo’lishsa, bir kun kelib barcha maqsadlaringiz sarobga aylanishi tayin ekan. Bu oddiy tushunchani men bir necha yillik qiynalishlar asosida tushunib yetgan bo’lsam, yaqin do’stim bu haqiqatni vaqtida, katta yo’qotishlarsiz anglab yetdi. Bu haqida yozishimdan maqsad esa – maqolamni o’qiyotganlarga o’z ota-onalarini doim rozi qilishliklari kerakligini eslatib qo’yish.

Men ota-onamning noroziligi evaziga oilaviy baxt topishga erishaman, deb o’ylab xato qilganman. Men uylanmoqchi bo’lgan qiz bizning xonadonimizga kelib bo’lib kelishini ota-onam har qancha istamasa ham, ularning rozi emasliklarini bilgan holda aynan ota-onam qarshilik qilayotgan qizga uylanishga harakat qildim. Ularning nasihatlari menga kor qilmas, menga berayotgan to’g’ri maslahatlariga yoshligim va ilmimning yetarli darajada bo’lmaganligi sabab amal qilgim kelmasdi. «Sevgi uchun kurashish!», «Sevgi yo’lida to’siqlarni yengib o’tish!» kabi sohta, balandparvoz tushunchalar fikrimni to’liq band qilgan edi-yu, ammo ota-ona roziligi farzand uchun birinchi o’rinda turishi kerakligi haqidagi haqiqatni tor dunyoqarashim hech qabul qila omasdi.

Yillar o’tishda davom etdi. Aslida bu yillar hech qachon to’xtab qolmaydi, ular har doim o’tib ketaveradi. Vaqt o’tadi. Muhit o’zgaradi. Odamlar o’zgaradi. Ammo, ota-onaning farzandiga bo’lgan mehri hech qachon o’zgarmas ekan. Farzand ota-onaga nisbatan har qancha oqibatsizlik qilsa ham, yomon bo’lsa ham, itoatsizlik qilsa ham ota-ona o’sha «yomon» farzandini baribir yaxshi ko’raverar ekan. Vaqt o’tishi bilan men usiz hayotimni tasavvur qila olmaydigan, men ishongan, hatto, ming afsuslar bo’lsinki, men ota-onamdan ham ustun ko’rgan qiz arzimagan sababga ko’ra menga xiyonat qildi. Bizning ajralishimizga arzimagan mol-dunyo, mening oddiy oila farzandi bo’lganim-u, uning topgan yangi yigitida mashina borligi bo’ldi. Biz sal kam 8 yil davomida ko’z qorachig’imizdek asragan sevgimiz sariq chaqalik mansab va pulga sotilib ketdi. Shunda men juda qiynaldim. O’sha vaqtgacha men ishonib kelgan sevgi bu kunga kelib sotilganidan emas, men ishongan kishi menga xiyonat qilganidan emas, balki shu arzimas narsalarni deb qachonlardir ota-onamning ko’nglini og’ritganimdan, ularni norozi qilganimdan qiynalardim. Bu qiynalishlarim esa menga ota-onamni qadrlashni, ularning roziliklari dunyodagi har qanday munosabat, har qanday kishi va har qanday boylikdan ustun ekanligini o’rgatdi. Kech bo’lsa-da, qiyinchiliklar va afsuslanishlar asosida men ota-ona roziligining qadrini bildim.

Men akademik litseyda birga o’qigan yaqin do’stim ham ota-onasining roziligi dunyodagi har narsadan ustun ekanligini bir oz qiyinchilik bilan tushunib yetdi. U xujjat topshirmoqchi bo’lgan oliygohda uning o’qishiga ota-onasi qarshi edi. Do’stim har qancha bilimli bo’lmasin, ota-onasi qarshilik qilayotgan oliygohga xujjat topshirardi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchrab, talabalar safiga qabul qilinmasdi. Do’stimdagi o’sha oliy o’quv dargohida o’qishga bo’lgan shijoat 6 yillik ketma-ket muvaffaqiyatsiz xujjat topshirishlardan keyin ham so’nmadi. Avgust oyining bir kunida, navbatdagi muvaffaqiyatsizligidan hafa holda mendan maslahat so’ragan do’stimga o’zimning o’tmishdagi xatolarim evaziga o’rgangan saboqimga suyangan holda «Ota-onangni rozi qil. Ularning duosini ol. Ota-onang sen qilayotgan ishdan rozi bo’lishsagina hayotda haqiqiy muvaffaqiyatga erisha olasan», deb maslahat berdim. Mening ko’rsatmamga amal qilgan holda do’stim ota-onasiga o’zi tanlagan oliy o’quv yurtida o’qishni xohlash sabablarini tushuntirdi, ularning roziligi oldi va ota-onasining duo qilishlari sababli ketma-ket muvaffaqiyatsizliklarning 7-yilida o’zi havas qilgan oliy o’quv yurtiga o’qishga qabul qilindi!

Bu gaplarga ishonmasligingiz mumkin, ammo yuqorida yozilganlar shunchaki balandparvoz gaplar emas. Ularni o’z tajribamdan kelib chiqib yozdim. Ota-onangiz yoningizda ekan, ularni hech qachon norozi qilmang. Hech qachon ularning ko’nglini og’ritib muvaffaqiyat qozona olmaysiz. Faqat ularning oq fotihalari, duolari va roziliklari bilan dunyodagi barcha yaxshi narsalarga erishish mumkinligini unutmang!

Har ishda omadingiz kelishini xohlaysizmi? Ota-onangizni rozi qiling va ularning duolarini oling!

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*