Bosh sahifa / Abituriyentga / Grammatikada takrorlash

Grammatikada takrorlash

Har qanday o’rganishda takrorlash bilimlar onasi hisoblanadi. Ilm o’rganishingizda takrorlashingiz o’zlashtirgan bilimlaringizni mustahkamlashga, yangi bilimlarni olishga yordam beruvchi omil hisoblanadi. Ingliz tili grammatikasini o’rganishdagi takrorlash mavzularning asosiy mazmuniga asoslangan bo’lishi zarur.

Ingliz tili grammatikasini o’rganuvchilar duch keladigan eng qiyin o’rganiladigan, eng murakkab jihat – bu ingliz tilidagi zamonlarni tushunib olish. Zamonlarni o’rganishingiz, ular haqidagi ma’lumotlarni o’qishingiz bilan bir qatorda har bir zamonga oid o’zlashtirgan bilimlaringizni takrorlab turishingiz bilimingizning mustahkam bo’lishini ta’minlaydi.

Ingliz tili grammatikasidagi zamonlarga tegishli mavzularni takrorlashni o’ziga hos tartibga tushirib olishingiz va zamonlarni muayyan tizim asosida, o’xshash jihatlarini hisobga olgan holda takrorlashingiz yaxshi samara beraid. Misol uchun, bilasiz-ki, barcha ingliz tili zamonlarini o’rganishda (1) zamonlarning ishlatilishi, (2) zamonlardagi gaplarda qatnashadigan so’zlar ketma-ketligi hamda (3) zamonga oid gaplarning so’roq va inkor shakllarining yasalishini o’rganamiz. Bu asosiy uchta tizimga rioya qilgan holda ingliz tilidagi barcha zamonlarni takrorlashingiz mumkin. Quyidagicha savollarga javob berish bu tizimga asoslangan savol-javobning asosi bo’lishi mumkin:

  • hozirgi davomli zamon qaysi holatdagi ish-harakatlar uchun ishlatiladi?
  • hozirgi davomli zamonning yasalish formulasi?
  • hozirgi davomli zamonda so’roq gaplar qanday yasaladi?
  • hozirgi davomli zamonda inkor gaplar qanday yasaladi?

Shunday qilib boshqa zamonlarga ham huddi shu turdagi savollarni berish orqali takrorlashni amalga oshirish mumkin. Ingliz tili grammatikasidagi zamonlarni bu usulda takrorlash zamonlarning ishlatilishidagi farqlar, ular asosidagi gaplarning yasalish tartiblarini o’rganish va eslab qolishda katta yordam beradi.

Zamonlardan tashqari boshqa grammatik mavzularni ham shunday tartibdagi tizimga solgan holda takrorlash mumkin. Modal fe’llar, o’zidan keyin TO infinitiv oladigan fe’llar, o’zidan keyin ING gerund oladigan fe’llar, bog’lovchilar, sifatlar, fe’llar va hokazo o’rganishimiz muhim bo’lgan mavzularni tizimli asosda takrorlasak, ularni bir-biriga bog’liq holda o’rgansak, ularga oid bilimlarimiz yanada mustahkamlanadi.

Artikllar, ayniqsa ingliz tilida THE aniq artiklning ishlatilishini turli usullarda savol-javob qilib takrorlash mumkin. Bunda asosan aniq artiklning ishlatilish, yoki ishlatilmasligiga asoslangan savol-javoblar ular haqidagi bilimlarni mustahkamlashga katta yordam beradi. Masalan:

  • ingliz tilida ko’cha va yo’l nomlari oldidan aniq artikl ishlatiladimi?
  • restoran nomlari oldidan qaysi holatda THE ishlatiladi, qaysi holatda ishlatilmaydi?
  • qachon THE FLOWERS va qachon FLOWERS deb aytamiz?
  • ovqatlanishlar nomlari oldidan aniq artikl ishlatiladimi?
  • atoqli otlar oldidan qaysi holatlarda aniq artikl ishlatiladi?

Bu kabi savollarni minglab tuzish mumkin. Ularga javob beraverish, ketma-ket tezkor savol-javoblarda qatnashish ingliz tili grammatikasiga oid bilimlaringizni oshiradi. Ingliz tilini samarali o’rganish va takrorlash uchun quyidagilarga amal qiling.

GURUH BO’LIB O’RGANING. Til o’rganish va grammatikani takrorlash ko’pchilik bo’lib o’rganilganda qiziqarliroq bo’ladi! Bir kishi savol berib tursin, guruhdagi boshqalar esa bu savollarga tezkorlik bilan javob berishga harakat qilishsin!

SAVOL BERUVCHI TAYINLANG. Agar guruh bo’lib ishlashga imkon bo’lmasa, ingliz tilini yolg’iz o’rganayotgan bo’lsangiz, grammatikaga oid savol-javoblar ro’yxatini tuzib chiqing va ro’yxatni uyingizdagi kimgadir – akangiz, singlingiz, ona-onangiz yoki do’stingizga bering va Sizni savol-javob qilishini iltimos qiling.

FLASH KARTALARDAN FOYDALANING. Takrorlash uchun yoningizda umuman hech kim bo’lmasa, butkul yolg’iz o’rganayotgan bo’lsangiz, flash kartalardan foydalanish Siz uchun juda foydali! Gugurt quti hajmida kichik qog’oz parchalari – kartochkalar tayyorlang. Ularning bir tomoniga grammatik savol, ikkinchi tomoniga shu savolning javobini yozing. 30-50 ta karta tayyorlaganingizdan so’ng ularni aralashtirib, savol qismini o’qiyverasiz va o’zingizga o’zingiz javob beraverasiz. Har safar savolga javob berganingizda karta orqasiga qarab javobingizni tekshiring. Agar to’g’ri javob bergan bo’lsangiz kartani «o’rganilgan» bo’limga tashlang, agar javobingiz xato bo’lsa «hali o’rganilmagan» bo’limga tashlaysiz. Keyinchalik, barcha kartalarni takrorlab olganingizdan so’ng «hali o’rganilmagan» bo’limdagi kartalarni olib ularni yana qayta takrorlang. Bu jarayon «hali o’rganilmagan» bo’limida kartalar qolmaguniga qadar davom etadi.

XONANGIZ DEVORIGA SAVOLLAR YOZILGAN ESLATMALARNI YOPISHTIRIB CHIQING. Kun davomida ko’p martalab ko’zga tashlanadigan xona qismiga ingliz tili grammatikasiga oid savollarni yozib chiqing. Ularni har kun, har soatda ko’rganingizda kamida 3-5 tasiga javob berishga harakat qiling. Bunday qilish mavzularni yodda saqlab qolishingizda yordam beradi.

KIMGADIR O’RGATING. Ingliz tilini o’rganishni xohlovchi do’stingiz, qo’shningiz yoki ammangizning farzandini yoningizga chaqirib, unga ingliz tili grammatikasini tushuntiring. Kimgadir o’rgatsangiz, shu o’rgatilgan mavzu Sizning yodingizda tez qoladi. O’rgatish orqali o’rganishni sinab ko’ring!

QO’SHIMCHA DARSLARGA BORING. Agar mustaqil o’rganishga ahd qilgan bo’lsangiz, imkon qadar bu fikringizdan qaytishga va qo’shimcha darslarga qatnashishga harakat qiling. Hamma gap mavzuni o’qib tushunishda emas, balki guruh bo’lib takrorlash va savol-javoblarning ham katta ahamiyatga ega ekanligidadir!

Yuqoridagi tavsiyalar asosida grammatik mavzularga oid bilimlaringizni tez-tez takrorlab tursangiz, ingliz tilidagi ilmingiz juda tez rivojlanadi. Mavjud bilimlarni takrorlash orqali mustahkamlagan holda yangi bilimlar olishga mustahkam asos yaratasiz.

Abituriyentlar uchun test formulalari

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*