Bosh sahifa / Shaxsiy rivojlanish / Google qidiruvidagi chaqmoq belgisi nimani anglatadi?

Google qidiruvidagi chaqmoq belgisi nimani anglatadi?

Google orqali qidirganingizda qidiruv natijalari orasida ba’zilari chaqmoq belgisi bilan ajratilganligiga guvoh bo’lgandirsiz. Bu natija boshqalaridan farq qiladi. Uni nafaqat Googleda, balki Facebook, Twitter va hatto Instagramdagi ba’zi maqolalarda ham uchratishingiz mumkin. Ba’zan e’tiboringizni jalb qilmaydigan bu kichik belgi maqola (yoki sahifa)ning o’ziga xos xususiyati borligini anglatadi. Ushbu maqolada qidiruv natijalarida bizga ko’rsatiladigan chaqmoq belgisining asl ma’nosi haqida umumiy ma’lumot olishingiz mumkin.

Chaqmoq belgisi nimani bildiradi?

Chaqmoq belgisi bor natijaga o’tsangiz, uning sahifa manzili quyidagicha bir ko’rinishda bo’lishiga guvoh bo’lishingiz mumkin:

https://www.google.com/amp/azamat.uz/google-qidiruvidagi-chaqmoq-belgisi-nimani-anglatadi

Maqola Azamat.uz saytiga tegishli bo’lishiga qaramasdan, ma’lumotning asosiy domeni Google.com ekanligini ko’rayapmiz. Buning sababi shundaki, Azamat.uz sayti o’z sahifa va maqolalarini foydalanuvchilarda juda tez (yashin tezligida) ochilishi uchun Google serverlari tomonidan taqdim etilishini xohlagan. Googlening texnik imkoniyatlari Azamat.uz sayti joylashgan server imkoniyatlaridan ancha katta bo’lganligi sababli, ma’lumotni sayt serveri emas Google taqdim etsa, u foydalanuvchilarda tezroq yuklanadi. Qidiruv natijalarida Siz ko’rishingiz mumkin bo’lgan chaqmoq belgili barcha natijalar aynan Google serverlari orqali ko’rsatishga mo’ljallangan.

Chaqmoq belgisi tezlikni anglatadi. Bilamizki, hozir hamma shoshadi, hech kimning kutishga vaqti yo’q. Sekin yuklanadigan sayt ma’lumotiga nisbatan tez yuklanadigan sayt ma’lumotlarini ko’rish ko’pchilik uchun juda qulay. Yashin tezligida ochilishni ta’minlovchi bu texnologiya deyarli barcha katta saytlar, xizmatlar tomonidan o’zlashtirilayapti. Telegram ham o’zining Instant View xizmati orqali foydalanuvchilarga yashin tezligidagi yuklanishni taklif etmoqda.

Tezlikning narxi qancha?

Har bir narsaning bahosi bor. Agar saytingiz bo’lsa va uning sahifalari Googleda (yoki boshqa biror xizmatda) yashin tezligida ochilishini xohlasangiz, ma’lumotlaringizni Googlega 100% tekinga joylashingiz mumkin. Ammo bu xizmatning Sizga to’liq tekinga tushishini anglatmaydi.

AMP (Accelerated Mobile Pages) yordamida ochiladigan har bir sahifa Sizning saytingizda bo’lmaydi. U Google yoki boshqa bir xizmatning serverida ishlaydi. Shu sababli Siz ma’lumotni bir marta ularga yuborasiz, tasdiqlangandan so’ng ma’lumot xizmat serveriga joylanib, yashin tezligida ochilish uchun tayyor holga keladi. Maqola aslida Sizning saytingizda bo’ladi, ammo endi uni qidiruvda topgan foydalanuvchilar saytingizga kirmagan holda Google sahifasida o’qishadi. Bu esa saytingizga tashrif buyuruvchilar soni tushib ketishi, saytingizda ko’rsatiladigan reklamalar ahamiyatsiz bo’lib qolishini anglatadi. Foydalanuvchilar super tez yuklanadigan ma’lumotingizdan bahramand bo’lishadi, ammo saytingizga (foydalanuvchilarning ko’p tashrif buyurishi jihatidan) hech qanday foyda bo’lmaydi.

Bu hali hammasi emas: Facebook o’zining AMP sahifalarida maqola o’rtasida o’zining reklamasini ko’rsatishni joriy qilgan. Hozircha Google yoki boshqa xizmatlarda bunday noqulaylik yo’q, ammo kelajakda ular ham o’z reklamalarini Sizning maqolangiz orasiga kiritishni istab qolmasliklariga hech qanday kafolat yo’q. Bu esa Siz yozgan maqolalar ularning reklamalarini ommalashtirishi va ular uchun foyda keltirishini anglishi mumkin.

Yuqoridagilarni hisobga olmaganda yana bitta muammo bor: maqolangizning qaysidir qismini o’zgartirishingiz kerak bo’lib qoldi, deylik. O’z saytingiz orqali ko’rsatiladigan maqolalarda buni amalga oshirsa bo’ladi. Ammo AMP uchun yuborilgan maqolalar tasdiqlangandan so’ng uni o’zgartirish qiyin kechishi mumkin. Vaqti kelib o’zingizning maqolangizni o’zingiz o’zgartirishingizga ruxsat berishmay qo’yishsa, qanday munosabat bildirasiz? Har qanday holatda ham maqolalaringiz tarkibiy qismini boshqarish o’z saytingizdagi maqolalarni o’zgartirishdek oson kechmasligi aniq.

Qaror qiling!

Mana Sizga tarozining ikki pallasi. Bir tomonda saytingizning yashin tezlikda ishlashidan xursand bo’lgan foydalanuvchilar, boshqa tomonda esa Google serverlariga nisbatan sekinroq ishlaydigan server (yoki hosting)ingizda joylashgan saytingiz keltiradigan reklama daromadlari. Sayt yaratishdan asosiy maqsad u orqali foydal olish ekanligini hamma biladi. Agar saytingizning asosiy daromadi reklamalar orqali bo’lsa, foydalanuvchilarning saytingizga kirishlari o’ta muhim bo’lsa – AMP xizmati Siz uchun emasligi aniq. Agar aksincha, saytingizdagi reklamalar va tashrif buyuruvchilar soni ikkinchi darajali bo’lib, saytingiz maqolalaridan qulaylik va tezlik bilan foydalanishlarini istasangiz, AMP xizmati Siz kutgan qulaylik bo’lishi mumkin!

Abituriyentlar uchun test formulalari

5 ta fikr

  1. Salom Azamat aka Saytizdagi yangi maqolalar so’ngi fikrlar eng qiziq maqolalar va mashxur maqolalar mi qaysi plagin orqali qo’ygansiz? Javob uchun oldindan rahmat

  2. Saytga wordpress orqali formasini hosil qilish boyicha maslahat bering.

Javob qoldirish

Email manzilingiz hech kimga ko'rsatilmaydi.Majburiy bo'limlar belgilangan *

*